OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xans-Xaynts Evers. O‘rgimchak (hikoya)

O‘lim nima bilmaydigan iroda qudrati shundadir,
Uning buyuk qudrati sirini anglagan odam bormikin?
Djozef Glenvill

Tibbiyot kulliyotining talabasi Rishar Brakemon Alfredo Stevens ko‘chasi, 6-uyga joylashgan ixchamgina “Stevens” mehmonxonasining 7-xonasiga aynan shu xonada ketma-ket uch jumada uchta odam o‘zini osib qo‘ygandan so‘ng ko‘chib o‘tgandi.
Eng birinchi o‘zini osgan shveytsariyalik gumashta edi. Uning jasadini faqat shanba kuni kechki payt topishdi; shifokor, o‘lim juma kuni kechqurun besh bilan oltilar o‘rtasida sodir bo‘lgan degan xulosaga keldi. Jasad deraza panjarasining aynan kesishgan joyiga qoqilgan va chamasi, kiyim ilishga mo‘ljallangan qoziqda osilib turardi. Joniga qasd qilgan odam o‘zini parda bog‘ichiga osgan, deraza esa berk bo‘lgan. Chunki, deraza juda past bo‘lib, hatto, sho‘rpeshonaning oyog‘i tizzadan yerga tegib yotardi; bunday maqsadni amalga oshirish uchun esa aqlga sig‘mas darajada irodali bo‘lmoq kerak bo‘lardi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, orqasida oilasi va to‘rt nafar farzandi qolibdi; bundan tashqari, moddiy tomondan ham hech nimaga zoriqmagan, xushtabiat, beg‘am fe’l-atvorli inson bo‘lgan.
Bu xonadagi xudkushlikning ikkinchisi birinchisidan uncha farq qilmasdi. Yaqin oradagi “Medrano” tsirki xizmatchisi, velosipedda qiyin ekvilibristik ko‘zboyloqchilik mashqlarini bajaruvchi artist Karl Krauz ham oradan ikki kun o‘tgach, 7-xonaga joylashgandi. Kelasi jumada u tsirkka kelmadi, direktor mehmonxonaga uning orqasidan kapeldiner – teatr xodimini jo‘natdi. Xodim artistni uning qulflanmagan xonasidan birinchi istiqomat qiluvchi qanday osilgan bo‘lsa, xuddi o‘shanday holda topdi. Bu joniga qasd qilish sirlilikda birinchisidan qolishmasdi: taniqli va el sevgan artist juda katta maosh olardi, u endigina yigirma besh yoshni qarshilagan bo‘lsa-da, hayotning barcha huzur-halovatlaridan bahramand edi.
Shuningdek, u, o‘zidan so‘ng na bir enlik xat, na bunday xatti-harakatlarini oqlovchi biron-bir vaj-korson qoldirgandi. O‘zidan keyin, o‘g‘lidan har oyning birinchi kunida muttasil ikki yuz marka pul olib turadigan yolg‘iz onasigina qolgandi, xolos.
Bu ikkinchi marta sodir etilgan sirli o‘lim ham mijozlari deyarli shu yaqin-atrofda joylashgan Monmartr teatrining xizmatchilaridan iborat bo‘lgan mehmonxona bekasi Dyubonie xonim uchun ko‘ngilsiz yakun topgandi. Ba’zi istiqomatchilar mehmonxonani tark etishdi, uning doimiy mijozlari hisoblanganlar esa u yerda qo‘nmay qo‘ydilar. Beka, o‘zining yaqin do‘sti bo‘lgan 1X uchastka komissaridan maslahat so‘rab murojaat qilgandi, komissar qo‘lidan kelgan har qanday yordamni ayamasligini aytib, unga va’da berdi. U faqat ikkita doimiy yashovchining joniga qasd qilish sabablarini o‘rganish bilan shug‘ullanibgina qolmay, mehmonxonaning o‘sha sirli xonasi uchun mijoz ham topib berdi.
Politsiya boshqarmasida xizmat qilgan va o‘z ixtiyori bilan 7-xonaga joylashishga rozilik bildirgan Sharl-Mariya Shome – dengiz bo‘rilaridan bo‘lib, flotda naqd o‘n bir yil faoliyat ko‘rsatgandi. U serjant bo‘lgan chog‘lar Tonkin va Annamda kechalari soqchilik postida yolg‘iz o‘zi bir necha bor qolib ketishiga va zimistonda bildirmay, pusib keluvchi sotqin qaroqchilarga qarshi bir necha marta miltig‘ini o‘q-dori bilan siylashiga ham to‘g‘ri kelgandi. Shuning uchun ham u Alfredo Stevens ko‘chasini tillardan tushirmagan o‘sha “sharpa”ni talab darajasida kutib olishga o‘zini mas’ul deb bilardi. U xonaga yakshanba oqshom ko‘chib keldi-da, mazali va to‘kin-sochin dasturxon uchun Dyubonie xonimga xayolan minnatdorchilik bildirib, xotirjam uyquga ketdi.
Har kuni ertalab va kechqurun Shome qisqagina axborot bergani komissar huzuriga kirib chiqardi. Birinchi kunlari u hech qanday shubhali biron nima payqamagani va hamma ish joyidaligi bois bu axborotlar juda ham jo‘n bo‘lar edi. Biroq chorshanba kuni kechqurun u ba’zi bir izlarni payqab qolgani haqida gapirib qoldi. Komissar undan aniqroq aytib berishini so‘ragan edi, u, aniq bir narsa aytolmayman, deb javob berdi va keyingi voqeaning oldingisiga aloqasi bor-yo‘qligiga hali ishonchim komil emas, deb qo‘shimcha qildi. U yana aytdiki, hozir masxara bo‘lishdan qo‘rqayotibdi va qachon bunga to‘la ishonch hosil qilsagina batafsil tushuntirib beradi. Payshanba kuni u o‘zini bir oz dadil va jiddiyroq tutdi, lekin afsuski bironta yangi gap aytolmadi. Juma kuni ertalab uni qattiq hayajon bosdi; u yerda nimalar sodir bo‘lganidan qat’i nazar, deraza haqiqatan ham kishini o‘ziga tortadigan g‘alati bir kuchga ega ekan, dedi u yarim hazil-yarim jiddiy ohangda. Biroq Shome, buning o‘zini osib o‘ldirishga mutlaqo aloqasi yo‘q dedi, agar u shunga biron nima qo‘shimcha qilganida bormi, rosa kulgi bo‘lishi turgan gap edi. O‘sha oqshom u politsiyaga bormadi: uni o‘z xonasida derazaga osilgan holda topishdi.
Bu galgi hodisa ham mayda-chuyda tafsilotlarigacha avvalgi ikki hodisaning aynan o‘ziday edi: qurbonning oyoqlari polga tegib turar, arqon o‘rniga parda bog‘ichidan foydalanilgandi. Deraza ochiq, eshik esa qulflanmagandi; o‘lim kech soat oltilar atrofida sodir bo‘lgandi. Murdaning og‘zi katta ochilib qolgan, tili esa osilib yotardi.
Yettinchi xonada uchinchi marta sodir etilgan bu o‘lim oqibati shunga olib keldiki, o‘sha kuniyoq “Stevens” mehmonxonasida yashovchilarning bari qorasini o‘chirdi. Paytdan foydalanib xona uchun to‘lanadigan pulni uchdan bir hissaga kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan o‘n oltinchi xonadagi bitta nemis tili o‘qituvchisigina bundan mustasno edi. Ertasi kuni “Orega-Comidie” yulduzi Meli Gardenning dabdabali faytonda kelib, marhum o‘zini osgan qizil bog‘ichni Dyubonie xonimdan ikki yuz frankka sotib oldi, bu bir oz bo‘lsa-da, unga tasalli bo‘lgandi. Birinchidan, irimga ko‘ra bu omad keltirsa, boshqa tomondan hali bu haqda gazetalarning bong urishi turgan gap edi.
Bu barcha voqealar agar yozda, iyuldami, avgustdami sodir bo‘lganida bormi, unda Dyubonie xonim o‘z chilvirlari uchun uch hissadan ko‘proq pul ishlagan bo‘larmidi: o‘shanda gazetalar naq bir hafta o‘z ruknlarini ana shu mavzu bilan to‘ldirib, rosa jar solgan bo‘lardilar. Mavsum avjiga chiqqan paytda gazetaga beriladigan ma’lumotlar keragidan ko‘proq bo‘lardi; saylovlar, Marokko, Persie, Nyu-Yorkdagi bankning sinishi, uchtadan ziyod siyosiy jarayon – xullas, haqiqatan ham joy yetishmasdi. Alfredo Stevens ko‘chasida bo‘lib o‘tgan, diqqat-e’tiborni jalb qilishga arzigulik bu hodisa, natijada, birmuncha nazardan chetda qolib ketgandi. Hukumat bunga qisqa bayonnoma tuzib, ishni yopib qo‘ya qolgandi.
Tibbiyot kulliyotining talabasi Rishar Brakemon yettinchi xonani olmoqchi bo‘lganida faqat shu bayonnomadangina xabardor edi, xolos. U, bitta dalildan, bitta kichkina tafsilotdan butunlay bexabar edi; boz ustiga bu dalil shu darajada mayda va arzimas tuyulgandiki, hatto komissar va boshqa guvohlar ham bu haqda muxbirga aytishni lozim topmadilar. Bu to‘g‘rida, keyinroq, talaba bilan bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘nggina eslab qolishdi. Gap shundaki, politsiyachilar serjant Sharl-Mariya Shomening jasadini sirtmoqdan chiqarib olayotganlarida uning og‘zidan katta qora o‘rgimchak o‘rmalab chiqdi. Mehmonxona xodimi o‘rgimchakni bir chertdi-da, hay-qirgancha:
— Jin ursin, bu yana o‘sha jirkanch maxluq-ku, — dedi.
Kechroq, Brakemonga aloqador tergov paytida, u shveytsariyalik gumashtaning jasadini sirtmoqdan chiqarib olayotganlarida ham xuddi shunday o‘rgimchak uning yelkasidan o‘rmalab chiqqanini aytdi. Lekin, Rishar Brakemon bu haqda hech narsa bilmasdi. U har kuni o‘z xonasida boshidan kechirganlarini kundaligiga qayd etib borardi.

Tibbiyot kulliyoti talabasi,
Rishar Brakemonning kundaligi

28 fevral, dushanba
Kecha men shu xonaga kelib joylashdim. Ikki savat to‘la narsalarimni ochdim-da, joy-joyiga taxlab chiqdim va yotib uxladim.
Miriqib uxlabman; eshik taqillashidan uyg‘onib ketganimda, soat roppa-rosa to‘qqiz bo‘lgandi. Bu, nonushta olib kelgan beka edi. Uning haddan ziyod g‘amxo‘rligi menga uzatgan tuxumiyu, dudlangan cho‘chqa go‘shti va ajoyib qahvasidan bilinib turardi. Men yuvinib, kiyindim-da, so‘ng xonamni yig‘ishtirayotgan xizmatkorning ishini kuzata boshladim. Bu paytda men trubka chekib turardim.
Shunday qilib, bu yerga joylashib oldim. Men xavfli o‘yinga bosh suqqanimni yaxshi bilaman, lekin, shuni ham yaxshi tushunamanki, basharti omadim chopib, ko‘zlangan izni topolsam, unda oshig‘im olchi bo‘ladi. Agar Parij deganlari bir vaqtlar ibodat bahosida bo‘lgan bo‘lsa, men qosh bilan qovoq o‘rtasichalik oz hayotimni shafe keltirib aytamanki, uni hozir bunday arzon bahoga o‘lsang ham topolmaysan. Lekin, imkoniyat yo‘q emas; juda soz, omadimni bir sinab ko‘ray-chi.
 Aytmoqchi, boshqalar ham xuddi shunday o‘z omadlarini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgandilar. Xona dardida yigirma yettitadan ko‘proq odamning biri politsiyaga, boshqasi to‘g‘ri bekaning huzuriga iltimos bilan bordi, bu talabgorlar ichida uchta xonim ham bor edi. Shunday qilib, raqobat borasida hech bir kelishmovchilik bo‘lmadi; aftidan, ularning bari ham mendek qashshoq odamlar edilar.
Xullas, men “joy olishga muvaffaq bo‘ldim”. Qanday qilib? Chamasi, politsiyani bir “reja” yordamida qopqonga tushirgan yolg‘iz men bo‘lsam kerak. Bu, shubhasiz, unaqa-bunaqa yolg‘on-yashiqlardan emasdi.
Bu ma’lumotlar aynan politsiyaga juda qo‘l kelardi, shuning uchun endi bu janoblarni chuv tushirganimni betlariga tik qarab, bemalol ayta olishim mumkinligi menga nash’a qilmoqda edi. Agar komissar aqli raso odam bo‘lsa: “Shuning uchun ham u hammadan muno-sibroq,”degan bo‘lardi.
Keyinchalik uning nima deyishi meni mutlaqo qiziqtirmaydi: men o‘z joyimni egallab bo‘ldim. Shuning o‘ziyoq bu janoblarni boplab laqillatish mumkinligidan darak berardi.
Men ishni Dyubonie xonimning oldiga borishdan boshladim, lekin, u meni politsiya mahkamasiga yubordi. Men u yerga har kuni roppa-rosa bir hafta qatnadim, har safar borganimda ertaga xabar olishimni aytishardi-da, “ma’lumot uchun qabul qilindi”, deb bir xil javobni berishgani-berishgandi. Raqobatchilarimning ko‘pi politsiya mahkamasida soatlab dimiqib kun o‘tkazgandan ko‘ra, biron-bir mashg‘ulot bilan shug‘ullanishni ma’qul ko‘rishdi. Menga kelsak, o‘jarligim hatto komissarning ham sabr kosasini to‘ldirib yubordi. Va, nihoyat u, bu yerga boshqa kelmasligimni, bundan hech bir ish chiqmasligini uzil-kesil ma’lum qildi. U boshqalar kabi yaxshi tilaklarim uchun mendan minnatdor ekanini va “havaskorlar kuchi”ga mutlaqo muhtoj emasligini aytdi. Ustiga-ustak, menda ishlab chiqilgan tayyor harakat rejasi ham yo‘q edi-da...
Men esa unga aniq harakat rejam bor, deb aytdim. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, menda hech qanday reja bo‘lmagan, lekin o‘z rejam xususida unga bir og‘iz ham gapirolmadim. Agar u menga uni bajarishni o‘z zimmamga olaman deb chin so‘zini bersa, unda men juda ma’qul va shu bilan birga xavfli bo‘lgan, professional politsiyachilar erisholgan ko‘rsatkichlardan qolishmaydigan o‘z rejam-ni taqdim etishimni aytdim. Buning uchun u o‘z minnatdorchiligini izhor etdi-da, shunga o‘xshash masalalarga mutlaqo vaqti yo‘qligini bildirdi. Boz ustiga, u, chalakam-chatti qilib bo‘lsa-da, rejamni oshkor etishimni so‘raganida, meni qo‘llab-quvvatlovchi odam topilgani ayon bo‘ldi..
Men buning uddasidan chiqdim. Bir oz avval o‘zim hali zig‘ircha tasavvurga ega bo‘lmagan, aqlga sig‘mas safsatani to‘qib-bichib tashlagandim. Daf’atan miyamga kelgan bunday fikrdan o‘zim ham lol edim. Haftada boshqa vaqtlardan farqli o‘laroq, shunday bir payt borki, u odamlarga g‘ayrioddiy va sirli ta’sir ko‘rsatish quvvatiga ega. Bu – yahudiylar haftasi oxirgi kunining kechki soat oltilarida Iso Masihning do‘zaxga tushish uchun o‘z qabridan yo‘qolgan payt.
Men unga uch marotaba sodir etilgan joniga qasd qilish hodisasi juma kuni aynan shu vaqtda, soat besh bilan oltilar o‘rtasida bo‘lganini yodiga soldim. Men bundan ortiq hech nima deya olmasligimni ham qistirib o‘tdim-da, Avliyo Ioanning dil izhoriga quloq solishini so‘radim.
Komissar aftini go‘yo biror narsani tushungandek qiyofaga soldi-da, menga minnatdorchilik bildirib, kechqurun yana kelishimni iltimos qildi. Men beburd emasdim, byuroga ham o‘z vaqtida yetib keldim; stolda yotgan “Injil”ga ko‘zim tushdi. Shuningdek, bu vaqt ichida men, Dil izhorini boshidan oxirigacha o‘qib chiqdim, lekin bir so‘zini ham tushunmadim. Komissar ehtimol mendan aqlliroqdir, har holda, mujmal ishoramdan qat’i nazar, u qanday rejam borligini fahmlaganini o‘ta iltifot bilan menga ma’lum qildi. Keyin u, orzularimni amalga oshirishim uchun menga yordam berishga va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ham bildirdi.
Tan olib aytishim kerakki, u haqiqatan ham menga jonkuyarlik qilardi. U, meni endi butunlay mehmonxona qaramog‘ida bo‘lishimni bekaga tayinladi-da, unga shart qo‘ydi. Shuningdek u, meni qoyilmaqom to‘pponcha va politsiyachilar hushtagi bilan ham ta’minla-di; navbatchi politsiyachilarga kichkina Alfred Stevens ko‘chasidan tez-tez o‘tib turish va men ishora qilishim bilan huzurimda paydo bo‘lishlari buyurilgandi. Hammasidan muhimi, politsiya mahkamasi bilan doimiy bog‘lanib turishim uchun mening xonamga stol telefoni o‘rnatilgani bo‘ldi. Mahkama bu yerdan to‘rt daqiqalik yo‘l bo‘lib, basharti, menga yordam zarur bo‘lib qolsa, tezda hojatimni chiqarish ham oson bo‘lardi. Barini e’tiborga oladigan bo‘lsam, o‘zi nimadan qo‘rqishim kerakligini ham tasavvur qilolmasdim.

1 mart, seshanba
Kecha ham, bugun ham hech nima sodir bo‘lmadi. Dyubonie xonim qo‘shni xonadan pardaga yangi chilvir olib keldi – axir uning huvillab yotgan xonalari ko‘p edi-da. To‘g‘risini aytsam, mening oldimga kirish uchun u har bir qulay fursatdan foydalanardi va har safar nimadir ko‘tarib kelardi. Xonamda sodir etilgan voqeani yana bir marta, barcha tafsilotlarigacha so‘zlab berishini undan iltimos qildim, lekin bironta tayinli yangi gap eshitmadim. O‘zini o‘ldirish sabablari xususida uning fikri boshqalarnikidan o‘zgacharoq edi. Artistga kelsak, u bunga omadsiz sevgini ro‘kach qilardi: bundan bir yil avval u shu mehmonxonaga qo‘nganida, uning yoniga bir yosh ayol tez-tez kelib turarkan, lekin bu safar ayol nimagadir ko‘rinmabdi. Gumashtaga kelsak, u, gumashtaning bunday mash’um qarorga kelishiga uni nima majbur qilganini beka aniq bilmasdi, — mol olasi ichida, odam olasi sirtida bo‘ladi deb shuni aytsalar kerak-da. Serjant esa shak-shubhasiz ayolni tavbasiga tayantirmoqchi bo‘lib o‘z joniga qasd qilgandi.
Aytishim kerakki, Dyubonie xonimning so‘zlari asossiz ekani bilan farq qilsa-da, ko‘ngli tusagancha gapirib, ichini bo‘shatib olsin deb o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘ydim: nima bo‘lganda ham u meni ovutishning uddasidan chiqardi.
3 mart, payshanba
Bari o‘sha-o‘sha, yangilik yo‘q. Komissar menga kuniga ikki mahal telefon qiladi; men unga ahvolim juda yaxshiligini aytaman; aftidan, bu ma’lumot uni qoniqtirmasdi. Tibbiyotga oid kitoblarimni oldim-da, mutolaaga tushib ketdim; shunday qilib, men bergan ko‘ngilli xulosaning zora-mora foydasi tegib qolsa.

4 mart, tushdan keyingi soat ikki, juma
Men ishtaha bilan tushlik qildim; beka tushlikka yarim shisha shampan vinosi keltirdi. Bu o‘lim oldidan yozilgan haqiqiy dasturxon edi. U menga xuddi chala murdaga qaragandek qarardi. Oldimdan keta turib, ko‘ziga yosh oldi-da, u bilan birga borishimni so‘radi; aftidan “uni ranjitib” o‘zimni xuddi o‘shanday osib qo‘yishimdan qo‘rqardi.
Men yangi parda ipini sinchiklab ko‘zdan kechirdim. Demak, men hozir shu ipga o‘zimni osishim kerakmi? Hm, bunga mening unchalik hushim yo‘q. Ustiga-ustak, ip dag‘al va g‘adir-budir bo‘lsa, uni sirtmoq qilib tugish ham oson bo‘lmaydi; anavilarga ergashish uchun esa yurak ham otning kallasidek bo‘lishi kerak. Endi, chap tomonimda telefon, o‘ng tomonimda to‘pponcha bilan o‘z stolimda o‘tiribman. Hozircha menda qo‘rquvdan asar ham yo‘q, lekin sinchkovligim bor.

Kechki soat 6
Hech nima sodir bo‘lmadi, “Afsus!” deb yuborishimga sal qoldi.
Mash’um dam boshlandi, o‘tib ham ketdi – u ham xuddi avvalgilaridek. Derazaning oldiga borishga o‘zimda yengib bo‘lmas istakni his etgan onlarim bo‘lgani rost, — lekin, mening niyatim, shubhasiz, butunlay boshqacha edi. Komissar besh bilan oltilar o‘rtasida rosa o‘n marotaba qo‘ng‘iroq qilib, mendek besabr ekanini bildirib qo‘ydi. Dyubonie xonimga kelsak, u mamnun: yettinchi xonadagi mehmon roppa-rosa bir haftadan beri yashayotgan bo‘lsa-da, o‘zini osgani yo‘q. Ishonish qiyin!

7 mart, dushanba
Biron nimani aniqlashga ojiz ekanimga ishona boshlayapman, shu bois mendan avval bu yerda yashab, o‘z joniga qasd qilgan uchta o‘tmishdoshimning o‘limini oddiy tasodifdan o‘zga narsa emas degan qarorga kelishdan boshqa ilojim yo‘q. Men yana bir karra komissardan uch marotaba sodir etilgan bu hodisaning ikir-chikirigacha so‘zlab berishini so‘radim, agar barcha jihatlar yana bir bor astoydil, sinchiklab o‘rganib chiqilsa, jumboqning haqiqiy sababi nimada ekani ma’lum bo‘lishiga ishonardim. O‘zimga kelsak, bu yerda qolishga qancha imkon bo‘lsa, shuncha turaveraman. Parij bilan albatta yaxshi tanish emasman, ammo bu yerda suvtekinga yashab, maza qilib yeb-ichib yuribman. Shuni ham aytib qo‘yishim kerakki, men ter to‘kib ishlamoqda ham edim, ishga ishtaham tobora ochilib borayotganini sezib turardim. Qolaversa, meni bu yerda ushlab turadigan yana bir jo‘yali sabab ham yo‘q emasdi.

 9 mart, seshanba
Shunday qilib, Klarimonda sari yana bir qadam yaqinlashdim...
Ha, aytgancha, Klarimonda to‘g‘risida hali hech narsa aytganim yo‘q. Shunday qilib, Klarimonda bu yerda qolishimga turtki bo‘lgan “uchinchi sababchi” edi, va yana u sababli haligi “mash’um” soatda deraza tomonga talpinganman, lekin, zinhor-bazinhor o‘zimni osish uchun emas. Klarimonda — nega men uni shunday atadim? Uni qanday atashlari haqida zarracha tasavvurim yo‘q, lekin, nimagadir uni Klarimonda deb atagim kelaverdi. Agar, qachonlardir undan ismini so‘rab, bilib olishimga ko‘zim yetganida, uning ismi aynan shunday bo‘lganiga bas boylashgan bo‘lardim.
Men Klarimondani birinchi kuniyoq payqaganman. U men turgan mehmonxonaning narigi tomonidagi tor ko‘chada yashardi; derazalarimiz ro‘parama-ro‘para edi. U deraza oldida o‘tirib, parda ortidan ko‘chaga qarab o‘tirardi. Ha, aytgancha, men uni payqashimdan avvalroq u meni kuzata boshlagandi, — uning menga qiziqib qolgani shundoq bilinib turardi. Buning hech bir hayron qolarli yeri yo‘q, mening bu yerda turishimni butun ko‘cha bilardi, — aynan Dyubonie xonimning harakati bilan bo‘lgandi bu narsa.
Men bo‘lar-bo‘lmasga sevib qolaveradigan odamlar toifasidan emasligimga ishonaman, ayollarga bo‘lgan munosabatda ham doim og‘ir, bosiq bo‘lganman. Tibbiyotni o‘rganaman deb shuncha yo‘l bosib Parijga kelsang-u, aqalli uch kunda bir marotaba bo‘lsa-da, to‘yib ovqatlanishga pul topolmay turgan bir paytingda yana birovga oshiq bo‘lib qolishingga balo bormi? Shunday qilib, bu safar ham noshudligimga sababchi tajribasizligim deb o‘ylayman. Ro‘paramdagi qo‘shnim bilan biron-bir munosabat o‘rnataman deb boshda xayol ham qilmagandim. Bu yerda yashashimdan maqsad kuzatib turishmi, demak, chalg‘imasligim kerak deb o‘zimga so‘z ham bergandim; lekin, va’damga vafo qilishga har qancha urinmay, boshqa kuzatadigan odam topilmagandan keyin qo‘shnimni kuzatishga tushdim. Uzzu-kun kitobdan bosh ko‘tarmay o‘tirolmayman-ku. Klarimondani choqqina uyda ijarada yashashini osongina bilib oldim. Uyining uchta derazasi bo‘lsa ham, u, aynan mening ro‘paramdagi oyna tagida o‘tirardi; u, o‘tirib olib, eski charxda ip yigirardi. Xuddi shunga o‘xshash charxni qachonlardir men buvimda ko‘rgandim, biroq, buvim uni hech qachon ishlatmagandi, qandaydir uzoq qarindoshidan yodgorlik deb saqlab yurardi, xolos; bu charxning hozir ham asqotishidan bexabar ekanman. Klarimondaning charxi ixcham va bejirim, aftidan, fil suyagidan yasalgan bo‘lsa kerak, rangi ham oppoqqina edi; bu charxda dunyodagi eng ingichka ip yigirilsa kerak. U uzzu-kun parda ortida o‘tirib olib, to qosh qorayguncha tinim bilmay ishlardi. Bunday tumanli kunlarda bizning tor ko‘chaga tez qorong‘i tushadi – soat besh deganda qosh qorayib bo‘ladi. Lekin, Klarimondaning xonasida biron marta chiroq yonganini ko‘rmasdim.
Ayolning tashqi ko‘rinishi qanaqa ekan – buni ham tuzukroq bilmayman. To‘lqinsimon jingalak sochlari tim qora, yuzi esa o‘ta rangpar edi. Kataklari pir-pir qilib turuvchi burni ensiz va bejirim, lablari ham o‘shanday qonsiz; uning sadafdek mayda tishchalari yirtqich hayvonning qayralgan tishlarini eslatardi. Qovoqlari to‘q rangga bo‘yalgan bo‘lib, ko‘tarilganda charosdek, tim-qora ko‘zlari porlab ketardi. Negadir, bularning bari menga tanishdek tuyulyapti — nahotki uni tanisam? Parda ortidagilarni tuzukroq ko‘rib ham bo‘lmayapti.
Yana kichik tafsilot: u hamisha baland yoqasi binafsharang xol-xol qora ko‘ylakda yurardi. Qo‘lida doim uzun qo‘lqop bo‘lardi – qo‘llarini avaylasa kerak. Ipni chaqqon-chaqqon saralab, uni cho‘zayotgan qop-qora nozik barmoqchalari qaysidir hasharotning uzun panjalariga o‘xshab ketardi.
U bilan munosabatimiz qandayligini bilmoqchimisiz? Hozircha uning yuzakiligini tan olsam-da, aslida, ular juda chuqur ildiz otgandek edi, nazarimda. Barchasi, uning men tomonga va mening u tomonga qaragan kunimizdan boshlangandi. U meni, men esa uni ko‘rib qolgandim. Chamasi, men unga yoqib qolgandim, chunki bir kuni yana unga ko‘z tashlagandim, u menga jilmayib qo‘ydi. Javoban men ham jilmaydim. Shu alpozda ikki kun bir-birimizga tez-tez tabassum ulashdik. Keyinchalik sal bo‘lmasa har soatda unga borib arzi hol qilsammikan degan o‘yga borardim, yaxshiyamki, qandaydir g‘ayrishuuriy tuyg‘u har safar meni bunday qilishdan tiyib qolardi.
Oxiri, bugun tushdan keyin shunday qilishga jazm etdim. Klarimonda salomimga alik oldi. U boshini bilinar-bilinmas irg‘ab qo‘ydi — buni baribir sezdim.

10 mart, payshanba
Kecha uzoq o‘tirib kitob o‘qidim. Lekin Klarimondaning ishqida xom xayollarga berilib, tuzukroq shug‘ullana olmadim. Kechasi uyqum bezovta bo‘lib, ertalab uxlab qolibman.
Deraza oldiga borishim bilan ko‘zim Klarimondaga tushdi. U bilan so‘rashdim, javoban u ham bosh irg‘ab qo‘ydi. U kulib qo‘ydi-da, anchagacha ko‘zini mendan uzmadi.
O‘tirib ishlagim kelardi-yu, lekin tinchim buzilgandi. Deraza oldiga o‘tirib olib, ayoldan ko‘zimni uzmadim. Shunda u ham qo‘lini tizzasiga qo‘yib, o‘tirib olganini ko‘rdim.
Ipni tortib, pardani ko‘proq surib qo‘ydim. Ittifoqo Klarimonda ham shunday qildi. Shu alpozda ikkalamiz bir-birimizga kulib qarab turaverdik.
Chamasi, bir soatcha shu taxlitda o‘tirdik.
Keyin u yana ip yigirishga tushib ketdi.

12 mart, shanba
Vaqt juda tez o‘tib borardi. Yeb-ichib bo‘lib, ish stolimga o‘tiraman. Chekaman-da, yana kitobga muk tushaman. Lekin bir qator ham o‘qimayman. Diqqatimni to‘plashga qancha urinmay, bari befoyda ekanini oldindan bilib turaman. So‘ng yana deraza yoniga boraman. Bosh irg‘ayman. Klarimonda ham javob qaytaradi. Bir-birimizga qarab jilmayamiz-da, soatlab bir-birimizdan ko‘z uzmay o‘tiraveramiz.
Kecha tushdan keyin soat oltilarda yuragim taka-puka bo‘la boshladi. Nazarimda erta qosh qorayib, meni vahima bosib kelardi. Yozuv stoliga o‘tirdim-da, kuta boshladim. Yengib bo‘lmas kuch meni oyna tomonga sudrayverdi – men o‘zimni osmoqchi emasdim, shunchaki, Klarimon-dani bir ko‘rmoqchi edim, xolos. Qorong‘i bo‘lishiga qaramay, hali uni bunchalik aniq-tiniq ko‘rmagandim. U ip yigirayotgan bo‘lsa-da, ko‘zlarini mendan olmayotgandi. Bir vaqtning o‘zida vujudimni ham baxtiyorlik, ham qo‘rqoqlik hissi chulg‘ab oldi.
Telefon jiringladi. O‘zining telba-teskari savollari bilan meni shirin xayollar og‘ushidan chalg‘itgan bu badfe’l komissar shunday g‘azabimni qo‘zg‘adiki. U mendan juda mamnun edi, chunki yettinchi xonada ikki hafta yashab qo‘yganimning o‘zi uning uchun katta gap edi. Shunga qaramay, komissar bundan boshqa yana allaqanday natijalarni kutardi. Oxiri juda g‘alati bir izning ketidan tushganimni sirli ishoralar bilan takror-takror tushuntirdim. Bu eshakmiya ishonib qo‘ya qoldi. Nima bo‘lganda ham mening birdan-bir orzum yana uzoq muddat shu yerlarda qolib ketish edi. Dyubonie xonimning oshxonasi yoki uning yerto‘lasi uchun emas, — har kuni burningdan chiqquncha yeyaversang, xudo haqqi, oxiri me’dangga tegar ekan, — u yomon ko‘radigan va qo‘rqadigan, lekin men yaxshi ko‘radigan yolg‘iz o‘sha oyna uchun, chunki unda Klarimondani ko‘rish baxtiga muyassar bo‘laman-da.
Chiroqni yoqsam, u ko‘rinmay qolardi. Uydan chiqarmikan deb rosa ko‘z tikaman, lekin aqalli bir marta ham ko‘chaga chiqqanini ko‘rmasdim. Mening katta, qulay oromkursim va yashil qalpoqchali chirog‘im bor, mana shu chiroq o‘z iliqligi va shinamliligidan meni bahramand etadi. Komissar katta qog‘ozxaltada menga tamaki olib keldi; bunday yaxshi tamakini hali uchratmagandim... baribir, qo‘lim ishga bormasdi. Ikki, uch bet o‘zimni majburlab o‘qiyman-da, hushimni yig‘ib, bunday qarasam, miyamga hech nima kirmagan bo‘ldi. Nigohlarim harflar bilan to‘qnashardi, xolos, miyam esa fikrlamay qo‘ygandi. Juda qiziq! Xuddi manglayimga: “Kirish man etiladi!” degan yozuvli lavhacha osib qo‘yilgandek. Yolg‘iz Klarimonda haqidagi fikrlargagina ruxsat bordek.

13 mart, yakshanba
Bugun ertalab kichik bir tomoshaga guvoh bo‘ldim. Xizmatkor xonamni tozalaguncha mehmonxona yo‘lagida u yoqdan-bu yoqqa yurib, aylanib turgandim. Hovliga qaragan chog‘roq derazada o‘rgimchak uyasi osilib turardi, uning qoq o‘rtasiga qappaygan o‘rgimchak joylashib olgandi. O‘rgimchakni olib tashlashga Dyubonie xonim ruxsat bermasdi: axir o‘rgimchaklar omad keltirardi-da, bu uyning shusiz ham baxtsizlikdan boshi chiqmay yotibdi. To‘satdan, yana boshqa bir, bundan kichikroq o‘rgimchakka ko‘zim tushib qoldi; u ehtiyotlik bilan to‘r atrofida o‘rmalardi – bu o‘rgimchakning erkagi edi. Erkak o‘rgimchak tebranib turgan salqi to‘rning o‘rtasiga qarab o‘rmalay boshladi, agar urg‘ochisi sal qimirlasa, u shu zahoti qo‘rqqanidan o‘zini orqaga otgan bo‘lardi. Erkak o‘rgimchak boshqa tomondan yaqinlashmoqchi bo‘ldi-da, o‘sha tomonga qarab o‘rmalay ketdi. O‘rtaga joylashib olgan urg‘ochi o‘rgimchak axiyri uning iltijolariga iydimi, harholda boshqa qimir etmadi. Erkak o‘rgimchak ehtiyotlik bilan avval ipning bittasini siltab ko‘rdi, uya qimirlab ketdi; biroq ma’shuqa joyidan qo‘zg‘almadi. Shunda u tez, lekin juda ehtiyotlik bilan unga yaqinlasha boshladi. Urg‘ochi o‘rgimchak uni xotirjam qabul qildi-da, o‘zini uning muloyim quchog‘iga topshirib qo‘ya qoldi; bir necha daqiqa ikki o‘rgimchak qimir etmay, katta o‘rgimchak uyasining qoq o‘rtasida shu zaylda osilib turdi.
So‘ng erkak o‘rgimchakning bir oyog‘ini boshqasidan ohista bo‘shatganini ko‘rib qoldim; balki, u ma’shuqasini o‘z orzulari bilan yolg‘iz qoldirib, sekin juftakni rostlashni istab qolgandir? U o‘zini chetga oldi-da, o‘rgimchak uyasidan tezroq daf bo‘lish uchun shataloq otib qochib qoldi. Urg‘ochi o‘rgimchak ham o‘sha zahoti kuchini ko‘rsatmoqchi bo‘lib, izma-iz uning ketidan quva ketdi. Nimjon erkak o‘rgimchak bitta ipga osilib tusha boshlagandi, ma’shuqasi ham unga ergashdi. Ikkala o‘rgimchak deraza rafiga yiqilib tushdi; erkak o‘rgimchak esa jon-jahdi bilan uning ta’qibidan qutulishga intilardi. Lekin endi kech bo‘lib bo‘lgandi, ma’shuqa o‘zining kuchli panjalari bilan uni changallab oldi-da, yana to‘r o‘rtasiga sudrab ketdi. Hozirgina oshiq-ma’shuqlarga yumshoqqina to‘shak bo‘lgan, endi esa qatl maydoniga aylangan o‘sha joyga. Avvaliga oshiq ma’shuqaning dahshatli changalidan qutulib ketish uchun jon talvasasida kurashmoqchi bo‘ldi. Biroq ma’shuqa uni boshqa qo‘yib yubormadi. Ko‘z ochib-yumguncha to‘r bilan o‘rab-chirmab tashladi va erkak o‘rgimchak qimir etolmay qoldi. So‘ng urg‘ochi o‘rgimchak uni o‘zining o‘tkir changali bilan mahkam qisdi-da, erkak o‘rgimchak tanasidagi yangi qonni yutoqib so‘ra boshladi. Qonni so‘rib bo‘lgach, urg‘ochi o‘rgimchak endi nimaligini ham bilib bo‘lmaydigan darajada abjag‘i chiqqan, to‘rlar orasida chirmalib yotgan quruq teriyu oyoqchalarni jirkanib, o‘z uyasidan uloqtirib tashlaganini ko‘rdim.
Mana, bu o‘rgimchaklarning sevgisi qanaqa ekan? Beixtiyor men ham o‘rgimchak bo‘lmaganimga Xudoga shukurlar qildim, boshqa nima ham qilardim?

14 mart, dushanba
Kitoblarimga mutlaqo qaramay ham qo‘ydim. Vaqtimni kun bo‘yi oyna yonida o‘tirib o‘tkazaman. Qosh qoraysa ham o‘tiraveraman. Mutlaqo hech nima ko‘rinmay qolgandagina ko‘zlarimni yumaman va o‘sha zahoti yana uning qiyofasi ko‘z o‘ngimda paydo bo‘ladi.
Hm, men o‘z kundaligimda Dyubonie xonim va komissar haqida, o‘rgimchaklar va Klarimonda haqida hikoya qilyapman-u, lekin o‘zim yashab turgan xonamga taalluqli kashfiyotlarim to‘g‘risida churq etmayapman. Bunda aybdormanmi, yo‘qmi?

15 mart, seshanba
Men va Klarimonda, ikkalamiz g‘alati bir ermakni o‘ylab topdik-da; biz kun bo‘yi shu o‘yin bilan andarmonmiz. Men unga bosh irg‘iyman, shu zahoti u ham boshini silkib qo‘yadi. Men oynani taqillataman; u buni arang sezadi, lekin sezgan zahoti u ham shuni takrorlaydi. Qo‘lim bilan ishora qilaman, u ham xuddi shu taxlit javob qaytaradi; unga so‘zlayotgandek labimni qimirlataman, u ham shunday qiladi. Men sochimni orqaga tashlasam, shu zahoti u ham qo‘lini peshonasiga olib boradi. Keyin bu bachkana qiliqlarimizdan ikkimiz rosa kulamiz. Aytmoqchi, aslida, u kulmaydi, ohista va mayin jilmayib qo‘yadi, xolos, nazarimda, men ham xuddi o‘shanday jilmayaman. Har holda shunday tuyulgani bilan bularning barini unchalik ahmoqlikka yo‘yib ham bo‘lmaydi va buni shunchaki bir-birimizga ergashish deb ham bo‘lmaydi – unda bari allaqachonoq barham topgan bo‘lardi, — yo‘q, bu yerda hamma balo bizning hamfikr ekanimiz-da. Gap shundaki, Klarimonda salgina harakatimga darhol ergashardi: nima qilayotganimni aslida arang fahmlasa-da, shu zahoti bajargan taqlidlari, harakatlarining bari ba’zan meniki bilan mos tushayotgandek tuyulardi menga. Endi mana bunisiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q; men hamisha nogahoniy, yangi biron nima qilsam, buni shu zahoti ilg‘ab olishi meni hayratga solardi. Ba’zan men to‘g‘ri ustiga bostirib borsammikan deb qolaman. Ketma-ket bir talay harakatlarni bajaraman va o‘shalarni yana va yana takrorlayman. Oxiri, to‘rtinchi marta ham men avvalgilarni takror-layman, lekin boshqacharoq tartibda yoki bironta harakatni tushirib qoldiraman, yo yana yangisini bajaraman. Bu xuddi yosh bolalarning “Qushlar uchayapti” o‘yinini yodga soladi. Klarimondaning biron marta xatoga yo‘l qo‘ymasligiga chindan aql bovar qilmasdi, chunki men bularning barini shu qadar tez bajarardimki, harakatlarimni hatto anglab olishning imkoni yo‘qdek tuyulardi.
Kunlarim shu taxlitda o‘taverdi. Lekin vaqtim behuda o‘tayapti degan fikrdan yiroqman; aksincha, umrimda bundan muhimroq ish bilan hech qachon band bo‘lmagandekman.
16 marta, chorshanba
Oramizdagi mana shu o‘yinlar bilan kifoyalanib, munosabatlarimizni bundan jiddiyroq rishtalar bilan bog‘lab ko‘rish haqida o‘ylab ko‘rmaganim g‘alati emasmikan? O‘tgan tunda shu to‘g‘rida ko‘p o‘ylaydim. Shunday palto bilan shlyapamni olaman-da, ikkinchi qavatdan pastga tushaman, so‘ng yana besh qadam yurib, ko‘chaning narigi tomoniga o‘taman va zinadan ikkinchi qavatga ko‘tarilsam bo‘ldi. Eshigiga albatta: “Klarimonda” deb yozilgan taxtacha osilgan bo‘ladi. Klarimonda, u yog‘i-chi? U yog‘i nima, bilmadim-u, biroq Klarimondaning ismi taxtachaga yozilganini bilardim. So‘ng eshikni taqillataman va ...
Bajarmoqchi bo‘lgan xatti-harakatlarimning barini aniq-ravshan ko‘z oldimga keltirolaman. Lekin keyin nima bo‘ladi, bu yog‘i endi menga mutlaqo qorong‘u. Hatto eshikning qanday ochilishini tasavvur eta olaman. Eshik oldida taqqa to‘xtayman-da, hech nimani va hech narsaning farqiga borib bo‘lmaydigan qorong‘ilikka diqqat bilan sinchiklab qarayman. U chiqmayapti, menga ham hech balo ko‘rinmayapti, umuman, u yerda tirik jonning o‘zi yo‘q. Menga faqat qop-qorong‘u zulmatdan boshqa hech narsa ko‘rinmayapti.
Ba’zan menga, o‘sha, men oyna yonida ko‘rgan va men bilan bekin-machoq o‘ynayotgan Klarimondagina mavjuddek tuyuladi. Bu ayolni o‘zining o‘sha qora, binafsharang xol-xol ko‘ylagidan boshqa, shlyapada yoki biron-bir ko‘ylakda qanday ko‘rinarkin, sira ko‘z oldimga keltirolmayman; qora qo‘lqopisiz ham tasavvur qilolmayman. Agar men uni ko‘chada yo biron-bir restoranda yeb-ichib, gaplashib o‘tirganida ko‘rib qolganimda, — yo‘q, bu to‘g‘rida o‘ylash qanchalik kulgili bo‘lsa, bu manzarani ro‘yobga chiqishining imkoni shunchalik yo‘qdek tuyuladi menga.
Men o‘zi uni yaxshi ko‘ramanmi deb ba’zan o‘zimdan so‘rayman.
Hali bunday savdolar boshimga tushmaganidan bunga men javob topa olmasdim. Agar Klarimondaga nisbatan his etayotganim chindan ham sevgi bo‘lsa, demak, men, o‘sha, do‘stlarimda ko‘rganim va kitoblarda o‘qiganlarimdan bu tamoman o‘zgacha tuyg‘u edi.
His etayotganlarimni tushuntirib berish menga azob. Men uchun azob. Umuman olganda, Klarimondadan, to‘g‘rirog‘i, bizning bekinmachoq o‘yinimizdan boshqa, yana biron nima haqida o‘ylashga tobi-toqatim yo‘q. Negaki, boshqa biron narsa emas, mohiyatan yolg‘iz shu o‘yingina fikru xayolimni band etganini tan olmay ilojim yo‘q. Nima bo‘lganda ham men buni tushunaman.
Klarimonda... ha, rostdan ham u meni mehrigiyodek o‘ziga tortardi. Bu tuyg‘u yana bir boshqasi bilan qorishib ketmayaptimikan o‘zi, biror nimadan qo‘rqayotgan bo‘lmayin tag‘in. Qo‘rqayotgan bo‘lsam-chi? Yo‘q, bu qo‘rquv emas, bu ko‘proq tortinchoqlik, men uchun noma’lum bo‘lgan nimadandir allaqanday hadik. Aynan mana shu hadik, meni unga yaqinlashtirishga yo‘l qo‘ymaydigan qandaydir o‘ziga bo‘ysindiruvchi va yana allaqanday yoqimli bir tuyg‘uni keltirib chiqarayotgandi. Men o‘zimni go‘yo uning atrofida keng doira bo‘ylab yugurayotgandek his etaman, vaqti-vaqti bilan unga yaqin boraman-da, so‘ng yugurishni bas qilib, boshqa tomonga intilaman va yana yaqinlashaman-da, yana qochib qolaman.
Nihoyat, hozircha – bunga mening ishonchim komil, — nima bo‘lganda ham endi unga daf’atan yaqinlashmayman.
Klarimonda deraza yonida o‘tirib, ip yigirayapti. U uzun, nozik, o‘zgacha bir nozik ip yigirayapti. Bu ipdan nima chiqarsa bo‘ladi, bilmadim-u, lekin u mana shu iplardan mato to‘qirdi. Bunday nafis, ingichka ipni chigil qilib, uzib yubormay, undan qanday qilib mato to‘qishiga hech aqlim yetmasdi. U to‘qigan matolar hayratomuz naqshlaru afsonaviy jonivorlar va ishonish amri mahol qiyofalarga to‘la bo‘lardi.
Nimalar deb aljirayapman o‘zi? Baribir, uning nima yigirayotga-nini ko‘rolmayman-ku; uning iplari haddan ziyod nozik. Ko‘zimni yumganimda uni qanday tasavvur qilsam, uning ham aynan shunday ekanini yuragim aytib turardi. Ha, xuddi shunday. Turli-tuman qiyofalarga to‘la ulkan to‘r – ertakdagi g‘alati basharali maxluqlar.

17 mart, payshanba
Ahvolim yaxshi emas. Deyarli hech kim bilan gaplashmayapman; Dyubonie xonim va mehmonxona xodimi bilan zo‘rg‘a so‘rashyapman. Hatto o‘zim uchun ovqatlanishga ham vaqtimni qizg‘anaman; deraza oldida o‘tirib, faqat u bilan o‘ynashdan boshqa dardu fikrim qolmagan. Bu o‘yin menga rohat bag‘ishlardi, ha, chindan, undan huzur qilardim.
Go‘yo ertaga nimadir sodir bo‘ladigandek, yuragim hamisha taka-puka bo‘lib turardi.

18 mart, juma
Ha, albatta, shu bugun nimadir yuz berishi kerak. O‘zimning ovozimni o‘zim eshitishim uchun baland ovozda – o‘zim uchun takrorlayapman, — men faqat shu sababdan bu yerdaligimni o‘zimga uqtirayapman. Hammasidan yomoni, borgan sari meni vahima bosib borayotganida. Xonada mendan avval yashagan o‘tmishdoshlarimning boshiga tushgan savdolar endi mening boshimga tushishini o‘ylab, his etayotgan qo‘rquvim Klarimonda oldidagi qo‘rquv bilan qorishib ketgandi. Men bularning biridan ikkinchisini ajratolmay qolgandim.
Dahshatdan yuragim yorilay derdi.

Oqshom soat 6
Tez gapir va palto bilan shlyapangni ol-da, jo‘nab qol.
Roppa-rosa oltida sabr kosam lim to‘ldi. O‘, men haftaning so‘nggi kunidan bir kun avvalgi kunning soat oltilarida qandaydir bir gap borligini endi yaxshi bilaman. Komissar bilan bo‘lgan o‘sha hazilga boshqa kulmayman. Oromkursida o‘tirib, bor kuchim bilan undan qo‘zg‘almaslikka tirishardim. Oyna meni o‘ziga tortgani-tortgan edi, otilib o‘sha yerga borgim kelaverardi. Nima ro‘y berishi bilan ishim yo‘q edi, Klarimonda bilan o‘sha o‘yinimizni o‘ynasak bo‘ldi edi, lekin bu qo‘rquv oyna oldidagi qo‘rquv bilan qorishib ketgandi. Unda katta va yo‘g‘on bo‘yinli, soqollari oqargan gumashta osilib turganini ko‘rdim. Shuningdek, xushbichim artistni va girdig‘um, baquvvat serjantga ham ko‘zim tushdi. Men birin-sirin ularning uchchalasini, so‘ngra o‘sha qoziqda og‘izlari ochilgan va tillari osilgan holda uchchalasini birvarakayiga ko‘rdim. Keyin men o‘zimni ham ularning orasida ko‘rdim.
O, bu qo‘rquvning dahshati. Deraza to‘siniyu o‘sha jirkanch qoziqni, shuningdek, Klarimondani ko‘rganimda ham qanday vahima bossa, xuddi o‘shanday qo‘rquv hozir ham chulg‘ab olganini his etardim. U kechirolsa, kechirsin-u, lekin bu aslida shunday, men o‘zimning jirkanch qo‘rquvim ta’sirida hamisha, o‘sha oyoqlari yerga tegib, osilib yotganlarning uchchalasi bilan uning qiyofasini qorishtirib yuborayotgandim.
To‘g‘risi, menda bir lahza bo‘lsa-da, o‘zimni osish istagi bo‘lmagan; bunday qilishdan qo‘rqmasdim ham. Yo‘q, meni faqat sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qandaydir qo‘rqinchli va noma’lum nimadir vahimaga solardi. Men bariga qo‘l siltab, shartta o‘rnimdan turib, oyna yoniga borishga kuchli va yengib bo‘lmas ehtiyoj sezardim. Endi shunday qilmoqchi bo‘lib turgandim...
Telefon jiringlab qoldi. Go‘shakni ko‘tardim-da, gapni ham eshitmay: “Oyog‘ingizni qo‘lingizga olib, tezroq yetib kelinglar!” deya baqira ketdim.
Bu qattiq dod-faryod bir nafasning o‘zida barcha vahimali sharpa-parpani batamom daf qilib yuborgandek tuyulardi. Men darhol tinchlandim-qoldim. Peshonamdagi terni artdim-da, bir kosacha to‘la suvni simirib yubordim; so‘ng komissar kelib qolsa, nima deyish haqida o‘ylay ketdim. Nihoyat, deraza yoniga borib, boshimni qimirlatdim-da, jilmayib qo‘ydim.
Javoban Klarimonda ham bosh irg‘adi-da, tabassum qildi.
Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas komissar yetib keldi. Men unga nihoyat haqiqiy izning ketidan tushganimni, lekin buguncha menga rahm qilib, bu haqda hech narsani so‘rab-surishtirmasligini, yaqin orada o‘zim unga barini batafsil tushuntirib berishimni aytdim. Eng kulgilisi shundaki, men bularni barini to‘qib-bichib aytar ekanman, aslida haqiqatni gapirayotganimga qattiq ishonardim. Garchand vijdonimga zid bo‘lsa-da, hozir ham bu menga shunday tuyulayotgandek...
 Komissar mening tayinsiz ruhiy ahvolimni, ayniqsa, telefon-dagi baqir-chaqirlarimni tushuntirolmay qiynalayotganimni va bu o‘ng‘aysizlikdan qutulib ketishga behuda urinayotganimni sezgan bo‘lsa kerak. Komissar juda mehribonlik bilan mening ixtiyorimda bo‘lish uning burchi ekanini, undan tortinib o‘tirmasligimni aytdi. U, qachon zarur bo‘lib qolar ekanman deb kutib o‘tirishdan ko‘ra, garchand ovora bo‘lsa-da, yaxshisi, o‘n ikki marotaba kelib-ketishni ma’qul ko‘rardi. Bunchalik uzoq vaqt yolg‘iz qolish yaxshi emasligini aytdi-da, bir oz dilning chigilini yozib kelish uchun meni kechaga taklif etdi; garchi yoqmayotgan bo‘lsa-da, taklifiga rozi bo‘ldim: xonam bilan istamaygina xayr-ma’zur qilishimga to‘g‘ri keldi.

19 mart, shanba
Biz “Gaite Rochechouart”da, so‘ng “Cigale”da va “Lune Rousse”da bo‘ldik. Komissar to‘g‘ri aytgan ekan: tashqariga chiqib, bir oz toza havodan nafas olganim menga foyda bo‘ldi. Boshda, o‘zimni xuddi qochoqdek noxush his etayotgandim. Keyin o‘tib ketdi; biz rosa yeb-ichib, xursandchilik qildik. Bugun ertalab oyna oldiga bordim va Klarimondani ko‘rdim, u nigohlari bilan menga ta’na toshlarini otayotgandek tuyuldi. Balki mening tasavvurimda shundaydir: kecha kechqurun uydan chiqqanimni qaerdan bildi ekan? Biroq, bir lahzagina menga shunday tuyuldi, xolos, keyin u yana o‘z tabassumini hadya etdi-yu, barini unutdim.
Biz yana kun bo‘yi ko‘z urishtirish o‘yinimizdan bo‘shamadik.

20 mart, yakshanba
Faqat bugun yoza olaman, xolos. Kecha kun bo‘yi ko‘z urishtirish o‘ynaganmiz.

21 mart, dushanba
Bugun ham o‘yindan bo‘shamadik..
22 mart, seshanba
Bugun ham yana o‘sha har doimgi bekinmachoq o‘yinimiz bilan mashg‘ul bo‘ldik. Boshqa hech nima qilmadik. Ba’zan: bularning bari o‘zi menga nega kerak, deya o‘zimdan so‘rayman. Yoki: oqibati nima bo‘ladi va bu bilan nimaga erishmoqchiman o‘zi? Bu savollarga men javob topolmasdim, chunki bundan boshqa narsaga hushim yo‘qligi o‘zimga ayon edi.. Ro‘y berishi kutilayotgani ham, aynan o‘sha, men intilayotganim ham.
Shu kunlarda bir-birimiz bilan hatto bitta so‘zni ham ovozimizni chiqarib gaplashmadik. Onda-sonda labimizni qimirlatib qo‘yardik, xolos, ko‘proq bir-birimizga tikilib o‘tirdik. Shu o‘tirishimizda ham bir-birimizni yaxshi tushunardik.
Men haq bo‘lib chiqdim: Klarimonda o‘tgan jumada qochib ketganim uchun mendan o‘pkaladi. Unga nisbatan noma’qul ish qilganimni aytib, undan uzr so‘radim. U meni kechirdi, kelasi juma ketib qolmaslikka va’da berdim. Biz lablarimizni oynaga suykab, uzoq vaqt o‘pishdik.

23 mart, chorshanba
Uni sevishimga endi butunlay amin bo‘ldim. Xuddi mana shunday, men unga so‘nggi tomirimgacha singib ketganimdek sevish kerak. Mayli, boshqalar uchun sevgi o‘zgacha bir narsadan iborat bo‘la qolsin. Bu dunyoda boshi yo qulog‘i, yoki bo‘lmasa qo‘li bir xilda ikkita odamni topib bo‘larmikan? Odamlar bir-birlaridan farq qilganlaridek, sevgi ham turli-tuman. To‘g‘ri, mening sevgim o‘zgacha, buni bilaman. Nima, shunday bo‘lgan bilan undagi joziba kamayib qolarmidi? Men o‘z sevgimdan baxtiyor ekanimni baralla aytishim mumkin.
Qani endi shu qo‘rquvdan forig‘ bo‘lganimda edi! Ba’zan bu qo‘rquv uyquga ketadi, o‘shanda uni unutaman. Bu faqat bir necha daqiqagina davom etadi, xolos, keyin, qo‘rquv ulkan va go‘zal ilonning baquvvat quchog‘idan qutulishga urinayotgan ojiz sichqonchadek yana jonlanadi-qoladi. Hali shoshmay tur, sen arzimas, to‘pori qo‘rquv, hademay buyuk sevgi seni komiga tortib ketadi.

24 mart, payshanba
Men topdim: Klarimonda bilan men emas, aksincha, u men bilan bekinmachoq o‘ynayotgan ekan.
Bu uyidagidek sodir bo‘lgandi.
Kecha kechqurun har doimgidek bekinmachog‘imiz haqida o‘yladim. Uni hayron qoldirmoqchi bo‘lib, ertasi kuni har bir harakat ma’lum qiliq ta’siri ostida bo‘lgan yangi qismni yozib oldim. Keyin ularni tezroq bajarish uchun avval bitta tartibda bajardim, so‘ng shuni takrorlab mashq qildim. Bu qanchalik mushkul bo‘lmasin, menga behad huzur bag‘ishlardi, hatto uni ko‘rmagan paytlarimda ham qandaydir meni unga yaqinlashtirardi. Men soatlab shug‘ullandim, nihoyat, bari yog‘dek silliq keta boshladi.
Bugun ertalab oyna yoniga bordim. Biz bir-birimiz bilan so‘rash-dik, so‘ng bekinmachoq boshlandi. U aql bovar qilmas darajada meni tez tushunardi va o‘sha zahoti menga ergashardi.
Shu payt eshikni kimdir taqillatdi; bu etiklarimni olib kelgan xizmatkor ekan. Etigimni oldim-da, yana oyna yoniga qaytayotib, ko‘zim harakatlarim qayd etilgan qog‘ozga tushdi. Shunda men, hozirgina oyna yonida turib, qog‘ozdagi harakatlarning birontasini bajarmaganimni ko‘rdim.
Gandiraklab ketib, oromkursi suyanchig‘ini mahkam ushladim-da, unga cho‘kdim. Bunga ishonolmay, qog‘ozda yozilganlarga qayta-qayta ko‘z yugurtirdim. Afsus, bu shunday bo‘lib chiqdi: men hozirgina oyna yonida turib bir qancha harakatlarni bajargandim, lekin, bularning birontasi meniki emasdi.
O‘zimda shunday bir tuyg‘uni tuydim: uning eshigi lang ochilgandi. Men ochilgan eshik oldida turardim-u, lekin quyuq zimistondan o‘zga hech vaqoni ko‘rmasdim. O‘shanda: agar hozirning o‘zida chiqib ketolsam, unda qutulib qolishimga amin bo‘ldim. Shundagina endi ketishim zarurligini his etdim. Shunga qaramay, ketmadim, chunki, qo‘llarimda o‘sha sirni changallab turganimni sezardim. Mahkam, ikkala qo‘lim bilan ham. Parij — hali sen Parijni zabt etasan!
Parij bir ongagina Klarimondadan kuchli chiqdi.
Endi bu haqda boshqa o‘ylamayman. Men hozir, faqat o‘z muhabbatimni va u bilan birga muloyim, baxtiyor qo‘rquvnigina his etayapman.
O‘sha lahzalarda men qo‘rquvdan kuch olardim.
Men harakatlarimning birinchi qismini yana bir karra takror o‘qib chiqdim-da, ularni hafsala bilan yodda saqlab qoldim. So‘ng oyna oldiga bordim.
Men barini aniq sezib turardim: men o‘zim istagan bironta harakatni bajarmagandim.
Shunda men ko‘rsatkich barmog‘im bilan burnimni ishqalamoqchi bo‘ldim-u, lekin buning o‘rniga oynani o‘pib qo‘ydim. Men oynani taqillatmoqchi edim-u, biroq buning o‘rniga sochimni silab qo‘ydim. Shunday qilib, mening harakatlarimga Klarimonda emas, aksincha, ko‘proq men unga taqlid qilayotganim ayon bo‘ldi. Buni shunday yashin tezligida bajarardimki, go‘yo tashabbus o‘zimdan chiqqandek taassurot uyg‘onardi menda.
Men esa unga ta’sir ko‘rsataman deb o‘zim uning ta’siriga tushib qolganimdan faxrlanardim. Qolaversa, bu ta’sir shunday yoqimli, shunday muloyim ediki, nazarimda, bu yorug‘ olamda bundan-da muruvvatli hech nima yo‘qdek.
Men yana bir necha tajriba o‘tkazdim. Men ikkala qo‘limni cho‘ntagimga tiqib, qimir etmay turishga qaror qildim; joyimdan jilmay unga tikilib qarab turaverdim. Men u qanday qo‘lini ko‘targanini, qanday kulib yuborganini va sekingina ko‘rsatkich barmog‘i bilan po‘pisa qilganini ko‘rdim. Men qimir etmay turardim. O‘ng qo‘lim pitirlab cho‘ntagimdan chiqib olishga intilayotganini sezdim-u, darhol ikkala qo‘lim bilan cho‘ntagim astarini changalladim. So‘ng sekin, bir necha daqiqa o‘tgach, barmoqlarim ochila boshladi va men qo‘limni cho‘ntagimdan chiqardim-da, yuqoriga ko‘tardim. Men ham jilmayib barmog‘imni ko‘rsatib unga po‘pisa qildim. Nazarimda, buni men emas, boshqa, men kimni kuzatayotgan bo‘lsam, o‘sha qilayotgandek edi. Yo‘q, yo‘q, bu bunday bo‘lmagan. Buni men, men bajardim, u boshqasi, anavi kuchli, buyuk kashfiyot qilmoqchi bo‘lgani edi, lekin bu men emasdim.
Men – yoqimli qo‘rquv aralash sevgilim Klarimondaning istaklarini bajo keltirish uchun bu yerdaman, kashfiyoti bilan nima ishim bor, qanaqa kashfiyot qilsa qilavermaydimi.

25 mart, juma
Men telefon simini qirqib tashladim. Bu tentak komissar meni har daqiqada bezovta qilishini istamayman, kelib-kelib, ayni, o‘zgacha lahzalar boshlanayotgan bir paytda. Bularni nega yozyapman o‘zi, Xudoyim?
Bu so‘zlarning birontasida haqiqatdan asar bo‘lmasa. Mening o‘rnimga qalamimni ham kimdir yurgizayotganga o‘xshardi, nazarimda.
Lekin, baribir, ko‘rayotganim yuz berayotgan voqealarning barini yozib qo‘yishni xohlayman, xohlayman, xohlayman. Buning uchun bor kuchimni ishga solishimga to‘g‘ri keladi. Men buning uddasidan chiqaman. Yana faqat bir martagina o‘sha... men istaganim.
Men telefon simini qirqib tashladim... Eh!
Men buni qilishim lozim edi. Mana! Va nihoyat! Chunki, bu mendan lozim edi, lozim edi.
Bugun ikkimiz deraza yonida turib o‘yinimizni o‘ynadik. Kechadan e’tiboran bu bekinmachoqning tabiati o‘zgardi. U biron-bir harakat qilsa, men kuchim boricha qarshilik ko‘rsataman. Nihoyat, hozircha, men, uning injiqliklariga bo‘sh kelayotganim yo‘q va irodasizligim evaziga itoat ham etmayapman. Mag‘lubligingni anglash, uning orzu-istaklariga o‘zingni fido qilish qanchalik huzur bag‘ishlashini men ifodalab berolmayman.
Biz o‘ynayotgandik. Keyin u nogoh o‘rnidan turdi-da, xonaning eng ichkarisiga kirib ketdi. Shunday qop-qorong‘i ediki, men uni boshqa ko‘rolmadim; u zulmat ichiga singib, g‘oyib bo‘lgandi. Keyin u yana qo‘lida xuddi menikidek stol telefoni bilan oyna oldida paydo bo‘ldi. U qo‘lidagini tabassum bilan deraza tokchasiga qo‘ydi-da, pichoqni olib, simni kesdi va telefonni yana olib borib qo‘ydi.
Men roppa-rosa chorak soat bardosh berdim. Mendagi qo‘rquv avvalgisidan kuchliroq bo‘lsa-da, lekin, shunga qaramay, asta-sekin bo‘ysunib borayotganimni his etayotganim undan-da yoqimli edi. Nihoyat men ham o‘z telefonimni oyna yoniga olib kelib, simini qirqdim va yana qaytarib stolga olib borib qo‘ydim.
Bu shunday bo‘lgandi.
Men yozuv stolimda o‘tirardim: miriqib choy ichdim, xizmatkor idish-tovoqlarni olib ketdi. Mening soatim noto‘g‘ri, hozir soat necha bo‘ldi, o‘zi, deb so‘radim undan. Chorakkam olti, chorakkam olti.
Bilaman, boshimni ko‘tarishim bilan Klarimonda nimadir qiladi. U shunday bir narsa o‘ylab topadiki, men ham unga ergashishga majbur bo‘laman.
Men baribir boshimni ko‘tardim. U oynada turib olib kulardi. Endi undan teskari o‘girilmoqchi bo‘lsam, u parda yoniga kelib olardi. Klarimonda mening derazam rangidagi qizil chilvirni yechib olayotgandi. Undan sirtmoq yasardi. Chilvirni esa to‘sindagi qoziqqa bog‘lardi.
Keyin kuldi-da, o‘tirib oldi.
Yo‘q, bu men his etayotganim mutlaqo qo‘rquv emasdi. Shunday bo‘lsa ham, men bu sovuq, dahshatli fojiani dunyodagi hech bir narsaga almashmagan bo‘lardim. Qandaydir aql bovar qilmas tobelik va ayni zamonda bartaraf etib bo‘lmas bu qo‘rquvda allaqanday o‘ziga xos huzur-halovatni tuyardim.
Men yugurib oyna yoniga borishga va uning amrini bajarishga tayyor edim-u, lekin tahammul qilayotgandim, men kurashayotgandim, kurashib, qarshilik ko‘rsatish bilan ovora bo‘layotgan edim. O‘sha kuch borgan sari yengib bo‘lmas kuchga aylanib borayotganini his etib turardim.
......................................................................................................................

Mana, yana stol oldida o‘tiribman. Men yugurib oyna yoniga bordim-da, u mendan nimani kutgan bo‘lsa, o‘shani bajardim: chilvirni olib, uni sirtmoq qilib bog‘ladim va qoziqqa ildim.
Endi qaytib boshqa turmay, faqat qog‘ozga qarab o‘tiraveraman. Agar men haftaning oxirgi kunlari soat oltilar atrofida undan ko‘zimni uzmasam, tamom, uning nima karomat ko‘rsatishi ayon. Agar unga qaraydigan bo‘lsam, unda uning istagini bajarishga majburman, majbur bo‘laman...
Unga boshqa qaramayman...
Men qattiq kula boshladim. Yo‘q, bu men emasdim, mendagi nimadir meni kuldirardi. Nimaning ustidan, men bilaman: mening “istamayman...”imning ustidan.
Istamayman, lekin, harholda buni bajarishim shartligini bilaman. Unga ko‘z tashlashim kerak, buni bajarmasam bo‘lmaydi... bari keyin.
Men bundan nafasim bo‘g‘ilib qolgudek va shu bilan birga cheksiz huzur-halovat bag‘ishlovchi azobning – bu jafoning uzayishini kutardim. Bir baxtimga o‘n baxt qo‘shuvchi bu uqubatli soniyalarni iloji boricha uzaytirish uchun o‘rnimdan turmay yozaverardim, yozaverardim.
Tag‘in ozgina, tag‘in...
Yana o‘sha qo‘rquv, yana! Agar unga qaraydigan bo‘lsam, bilamanki, turib o‘zimni osishim kerak; m ye n b u n d a n q o‘ r q a yo t g a n i m y o‘ q. O‘, yo‘q, yo‘q – bu juda zo‘r, juda g‘alati-ku.
K ye y i n s o d i r b o‘ l a d i g a n... baribir boshqa bir nimadir bor. Bu nima ekanini bilmayman-u, aftidan, ro‘y berishi turgan gap, negaki, azoblarimning cheki sira ko‘rinmayapti. O, buning orqasidan dahshatli nimadir sodir bo‘lishini yuragim sezayapti, sezayapti.
Ishqilib o‘ylamasam bo‘lgani... Nima to‘g‘ri kelsa ham yozaverish kerak, nima bo‘lsa ham baribir. Faqat tezroq, o‘ylab o‘tirmay...
Ismim – Rishar Brakemon, Rishar Brakemon, Rishar... O‘, boshqa chidolmayman... Rishar Brakemon... Rishar Brakemon... endi... endi... men unga qarashim kerak... Rishar Brakemon... kerak... yo‘q yana... Rishar... Rishar Brake...
......................................................................................................................

To‘qqizinchi mahkama komissari o‘z telefon qo‘ng‘iroqlariga javob ololmagach, oltidan besh daqiqa o‘tganda, “Stevens” mehmonxonasiga kirib keldi. U, talaba Rishar Brakemonni yettinchi xonadan uning avvalgi uch nafar o‘tmishdoshlari qanday osilgan bo‘lsalar, uni ham xuddi shu alfozda oyna to‘siniga osilgan holda topdi.
Faqat uning yuzida aks etgan holat boshqacharoq edi: qo‘rquv uni o‘zgartirib yuborgandi, ko‘zlari katta-katta ochilib, deyarli kosasidan chiqib ketgandi. Lablari kerilib, tishlari mahkam qisilib qolgandi.
Ularning orasida esa majaqlab tishlab tashlangan g‘alati, binafsharang xol-xol katta qora o‘rgimchak bor edi.
Stolda talabaning kundaligi yotardi. Komissar uni o‘qidi-da, o‘sha zahoti ro‘paradagi uyga qarab yugurdi. Uyning butun boshli ikkinchi qavati mana, necha oydirki, yashovchilarsiz bo‘m-bo‘sh huvillab qolganini komissar o‘sha yerga chiqqandagina bildi.

Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 7-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.