OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yashpal. Yo‘ldagi ayol (hikoya)

Bir paytlar Kulluga ketayotib, olis tog‘lar bag‘ridan panoh topgan Mandi qishlog‘iga yo‘l-yo‘lakay qo‘nib o‘tgandim. Qishloq tomon ketayotib yo‘l chetida xayolchan o‘tirgan tog‘lik ayolga ko‘zim tushdi. Uning oldida, yerda o‘rik to‘la simto‘r savat turardi. Tog‘liqlar odatiga ko‘ra, bu ayol ham o‘z hovlisi yo tomorqasida pishgan mevalarni terib, yo‘lovchilarga pullash maqsadida o‘tirgan bo‘lishi kerak.Savatdagi o‘riklar sarxil va chiroyli edi. 
 Uning yonidan o‘tib ketarkanman, ayol mendan ko‘z uzmasdan buzilgan panjobiy lahjada so‘radi:
— Janob, siz Lahordanmisiz?
Chamasi, u mening kostyumimdan shunaqa xulosa chiqargan bo‘lsa kerak. Bo‘lmasa u meni qaerdan taniydi. Biroz taajjub bilan bosh irg‘adim.
— Unda siz Paras Ramni tanisangiz kerak? — ayolning ko‘zlarida umid va quvonch uchqunlari porladi. 
— Paras Ram? Kim u Paras Ram? — so‘radim savolni unchalik tushunmay.
— Paras Ram-chi? Haligi pudratchi Paras Ram! — shosha pisha ilova qildi ayol.
Hamon hech narsani tushunolmay turardim.
— Pudratchi Paras Ram deganingiz kim bo‘ldi ekan?
Ayol men kelgan tarafga barmog‘ini niqtab, tushuntirgan bo‘ldi:
— Anavi ikkita ko‘prikni ko‘ryapsizmi? O‘shani qurgan-da!
— Yo‘q, men siz aytgan Paras Ramni tanimayman, — javob qaytardim va daf’atan qo‘shib qo‘ydim. — Tinchlikmi, nima gap o‘zi?
— Eh. Lahorda yashab turib, Paras Ramni tanimasangiz, — hafsalasi pir bo‘ldi ayolning. — Axir uyam sizga o‘xshagan lahorlik-ku! Paras Ram-chi?
Uning nochor qiyofasidan ichim achishdi:
— Lahorning qaysi tumani, qaysi ko‘chasida turadi.
U og‘ir xo‘rsinib, biroz jim qoldi, keyin yonoqlarini kafti bilan siypalab, yerga tikildi:
— U hech qanaqa tumanda yoki ko‘chada emas, Lahor shahrida turadi. Siz esa, lahorlik bo‘la turib, uni tanimasangiz...
Nima ham derdim. Har qalay bu sodda, bechorahol ayolning bunchalik go‘lligidan kulishga qobil emasdim. Men unga Lahor juda katta shahar ekanligini, u yerda kamida ikki yuz ming kishi yashashini tushuntirishga harakat qildim. U yerda hatto bir dahada yashovchilar ham bir-birini tuzukroq tanimaydi. Masalan, men Xira Mandi tumanida turaman. Bordiyu, o‘sha Paras Ram degani Majangda yashasa, oramizda uch mildan ko‘proq masofa bo‘ladi. Qisqasi, ikkovimiz ham lahorlik bo‘lsak-da, bir-birimizni yaxshi tanimasligimiz mumkin. 
Biroq unga baribir hech narsani uqtirolmadim. Uning ko‘zlari ma’yuslandi, ulardagi quvonch uchqunlari so‘ndilar. U yana qo‘llari bilan yonoqlarini artib, arang eshitiladigan ovozda dedi:
— U Lahorda yashaydi, baland bo‘yli. Kelishgan... Qarashlari muloyim, sizdan ko‘ra yoshroq, jigarrang pidjak va ipak turban kiyib yuradi. Aytdim-ku, sizga u Lahorda turadi, deb. 
— Yo‘q, tanimas ekanman, — faqat shu gapni ayta olardim, xolos. Keyin uning yonida cho‘kkancha savatdan ro‘molchamga eng sara o‘riklarni tera boshladim. Jim qoldik. Keyin ehtiyotkorlik bilan undan so‘radim:
— Unda... nima ishingiz bor edi?
U yana bir karra xo‘rsinib javob qaytardi:
— U bu yerda ishlab, ko‘prik qurib ketganidan beri oradan besh yil o‘tdi. U ketadigan vaqt bo‘lgandi. Men undan qolishni o‘tinib so‘radim. Shunda u menga aytdiki, sen xavotirlanma, men tezda, tezda qaytib kelaman... Ammo, qaytmadi. Ayting-chi, bu yerdan Lahorgacha uzoqmi?
— Juda uzoq.
Uning ko‘zlari yoshlandi. Boshini siynalari ustiga egib, pichirladi:
— U nima uchun qaytmadiykin? Qachondir qaytarmikin o‘zi? Men o‘shandan beri... mana... mana shu yerda o‘tirib, uning yo‘liga ko‘z tutaman. Butun ish-kuchim shundan iborat. Shu paytgacha ikkita lahorlik kelib ketdi. Ammo, u kelmadi. Mana, besh yildirki...
Shu payt yonimizga to‘rt-besh yoshlardagi kichkina qizcha yugurib keldi. Onasining yonidagi begona erkakdan biroz xavfsiradimi, yuzini onasining yelkasiga bosdi.
— Qizingizmi? — so‘radim. 
U bosh irg‘adi. Keyin qizchaning boshini silab, aytdi:
— Uyam menga o‘xshab, besh yildirki, otasini kutadi. Ko‘rsa tanimasa ham kerak. Qaerdan ham tanisin?
— Ona-bolaga tikilgancha o‘yga toldim. “Shoirlar ayriliq muhabbatga quvvat beradi, muntazam uchrashuvlar esa uni o‘ldiradi, deyishadi. Nahotki, bu ayol muhabbatini tamomila yo‘qotishni istasa?... Darvoqe, sevgi hech qanday sarhadni tan olmaydi. Ammo bu qadar soddadillik! Axir bu o‘z-o‘zini qurbon qilishning bir ko‘rinishi emasmikin?”
— Bularingiz qanchadan? — savatdagi o‘rikka imo qildim.
— Olavering, sizdan pul olmayman. Axir siz Lahorliksiz-ku!
U o‘zi savatidan eng sarxil mevalardan terib, ro‘molchamni to‘lg‘azdi. Mendan pul olmasligini tushundim... Uning g‘amgin chehrasi xotiramda shu qadar mustahkam muhrlanib qolganki, mana, hozir uni yaqqol ko‘rib o‘tiribman. Og‘ir hislar qurshovida o‘rnimdan turdim. Yo‘limda davom etishim kerak edi. Mening hamma yuklarim ortilgan xachir ancha ilgarilab ketgandi. Xayrlashayotib, qizaloqning qo‘lchasiga yarim rupiyalik tanga tutqazdim. Ayol avvaliga bosh chayqadi, keyin mening hislarimni tushundimi, indamay qolaverdi. 
Ular bilan xayrlashib, men borishim kerak bo‘lgan qishloqqa yetib keldim. Shu yerda, chog‘roqqina bir hovlida tunab qoldim. Tuni bilan ko‘zlar yo‘lga termilib o‘tirgan ojizaning qiyofasi ko‘z oldimdan ketmadi. Nazarimda uning butun hayoti ana shu kutish bilan kechadigandek edi. 
Ertalab tong otishi bilan men sayrga otlandim. Oyoqlarim meni o‘sha tomonga, kecha ayolni uchratib qolgan joyga sudradi. Katta yo‘lga burilishim bilan kechagi joydan sal narida, dalada haligi ayol ekinlarni o‘tab yurardi. Qadam tovushlaridan sergaklanib, qaddini rostladi, kaftini peshonasiga tirab, men tomonga tikildi. Sezdimki, ayolning qalbidagi sevimli kishisining qaytishiga bo‘lgan zaifgina umid shu’lasi yana yolqinlana boshlagandi. 
Meni tanidimi, yuzlariga siniq tabassum yoyildi. Belkurakni bir chetga itqitib, menga qarab xitob etdi:
— Nima, siz Lahorga jo‘nab ketyapsizmi?
— Yo‘q, shunchaki sayrga chiquvdim, — dedim uning tomorqasi tomon burilarkan, unga yaqinlashib. — Bu yerda Paras Ram qancha payt turgandi?
— Sakkiz oy... Ketayotib, menga albatta qaytib kelishini aytuvdi. Lekin daragi bo‘lmadi. Qachon kelishini faqat Xudo biladi. Qizchasi ham katta bo‘lib qoldi...
— Nega siz u bilan Lahorga ketmadingiz? — so‘radim men.
U yuzini yelkasiga ishqab, qashigan bo‘ldi:
— Men o‘zim bormadim. U meni birga olib ketmoqchi edi. Lekin qarang o‘zingiz ko‘rib turibsiz, bu yerda shuncha yer, o‘rikzor, anavi yerda qancha olma, nashvati, yong‘oqlar o‘sib yotibdi. Ularni tashlab ketib bo‘lmasa! Ancha ilgari kichkinaligimda xolam meni huv anavi, pastdagi qishlog‘iga opketgandi. Bu yerda judayam olisda, o‘ziyam qirq chaqirim chiqar. U yerda hech narsa, baland tog‘lar, zilol buloqlar ham, daryo ham, daraxtlar ham yo‘q, tap-taqir sahroning o‘zi. Men u yerda bezgakka chalindim. Keyin amakim borib, olib keldi. Ishonasizmi uyga qaytayotib, tuzalayotginimni sezdim. Uyga kirib kelgan paytimda esa, soppa-sog‘ edim. O‘shandan keyin hech qayoqqa chiqqanim yo‘q. Lahor esa, birinchidan juda uzoqda. Ikkinchidan eshitishimcha, u yerda odamlar tez-tez og‘rib turisharkan. Men Paras Ramdan xavotirdaman. U yoqlarda qanday yashayaptiykin? To‘g‘ri bizda ham issiq jon, kasal bo‘p turishadi. Lekin tez tuzalishadi. — Biroz jim qolib, so‘radi. — Lahorda ham yaxshi tabib bormi?
— Nega bo‘lmas ekan, bor!
— Yaxshi, — ayol horg‘in tin oldi. 
— Qiziq, — tilim uchida turgan savolni berishga jur’at topdim. — Paras Ram kelmasidan avval turmushga chiqmaganmisiz?
— Chiqqanman, — deya javob qaytarishga tushdi. — Ancha yil ilgari. Erim o‘zi bilan Taxu qishlog‘iga olib ketgandi. U yer menga yoqmadi. Keyin erimning ikkinchi xotini kun bermasdi. Axiyri bu xo‘rliklarga chidolmay yana uyimga qaytdim. Erim avvaliga mendan xabar olib turdi. Uch yil o‘tib, qazo qildi. Keyin onam bilan shu yerda yashab qoldim.... Men Paras Ramga hamisha aytardim: «Ketmang, sizga nima kerak bo‘lsa, bu yerda hammasi bor, yer-suv, hovli-joy, oila..» U esa «men albatta kelaman» degancha qaytmadi. Besh yil o‘tdi, besh yil-a? Kutaverib, ko‘zlarim teshilayozdi. Ikki yil ilgari onam dunyodan o‘tdi. 
Oradan yana ikki kun o‘tib, yana ayolning yoniga bordim. U hamon dalasini o‘toq qilishdan bo‘shamasdi. Qanaqadir qo‘shiqni xirgoyi qilayotganini eshitib qoldim. Men ancha payt uzoqdan uni kuzatib turdim. Ehtimol, u o‘zining baxtli damlarini xotirlab, ayriliq haqida kuylayotgandir? Nima bo‘lsa ham, men unga xalal berishni istamay ortimga qaytdim. 
Men bir hafta Mandida qolib ketdim. Kulluga jo‘nab ketishdan avval oxirgi marta tanishimni borib ko‘rgim keldi. U hamon o‘sha g‘amgin qiyofada dalasida mehnat qilardi. Qizcha esa, onasi yulgan o‘tlarni oftobda yoyib quritish uchun uvat boshiga opchiqib tashlardi. 
Unga yaqin borib, aytdim:
— Bugun jo‘nab ketyapman.
— Lahorgami? — ayol tuyqusdan jonlandi, tim-qora ko‘zlari umid bilan chaqnadi. 
— Ha, dedim men. — Avval Kuluga boraman, u yerdan Lahorga jo‘nayman. 
Uning boshi egildi, ovozi xiyol uyatchanlik tusini oldi. 
— Mendan Paras Ramga salom yetkazib qo‘ying, ertayu kech yo‘ldan kuz uzmasligimni, to tirik ekanman, uni kutib yashashimni ayting. Besh yildan beri umid uzmaganimni va uzmasligimni ayting. Aytingki, qizchasi ham uning yo‘liga intizor. Iltimos, shu gaplarimni borib yetkazishga va’da bering. 
— Albatta yetkazaman, — dedim men. 
U qizchasini erkalab, meni ko‘rsatdi:
— Qara, mana bu amaking dadangni oldiga ketyapti. Qani bir ta’zim qil-chi, u albatta salomimizni dadangga yetkazadi. 
— Bo‘pti, bo‘pti, — deya ulardan tezroq uzoqlashishga urindim. 
Ketib borarkanman, ortimga o‘girilishga kuch topolmasdim. Nazarimda ayol to meni ko‘zdan yo‘qotguncha so‘nggi umidlari bilan izimdan termilib qoladigandek edi. Negadir yuragimda bir og‘riq uyg‘ondi. O‘sha paytda nima haqda o‘ylaganimni bilmayman. Ichimda Paras Ramni so‘kdimmi, sho‘rlik ayolga achindimmi, yo uni sevgilisidan qizg‘andimmi... bilolmadim. 

Rustam Jabborov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.