OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Emili Dikinson (1830-1886)

Emili Dikinson (1830-1886) Amerikaning mashhur lirik shoirasi, Massachusetsdagi Amherst zaminida dunyoga keladi va umrining adog‘igacha shu yerda yashab o‘tadi. Uning otasi Davlat Maslahatchisi va huquqshunos hamda Amherst Kollejining xazinaboni edi. Emili totuv oila bag‘rida hushchaqchaq va ziyrak qiz bo‘lib voyaga yetadi. 1847 yilda u ta’lim olish uchun Ayollar Kolleji (qizlar uchun ta’sis etilgan maxsus oliy maktab)ga o‘qishga kiradi. Biroq yosh shoira yigirma yoshga to‘lib-to‘lmasdanoq kollejga borishni susaytirib qo‘yadi, keyinchalik esa o‘qishni batamom tark etadi, bu holat ehtimol uning tabiatidagi shoirona ruhiyat sababli paydo bo‘lgandir.
 Emili yigirma sakkiz yoshlari atrofida o‘z she’rlarini “quti”larga joylay boshlaydi va o‘ttiz ikki yoshida asarlarining to‘liq miqdorini deyarli yaratib bo‘ladi, shoira she’rlarining aksariyat qismi aynan shu to‘rt yil davomida yoziladi.
 Biroq Emili Dikinson hayotlik davrida uning she’rlaridan atigi yetti donasigina matbuot yuzini ko‘radi, ayrimlari esa anonim ravishda qolib ketadi. Binobarin Amerika adabiyoti o‘sha davrda she’riyat uchun fido bo‘lgan shunday buyuk iste’dod sadoqatini, uning fidokorona mehnatini shoira o‘limiga qadar kashf etolmaydi. Emili Dikinson o‘limidan so‘ng uning singlisi qulflangan bir quti ichidan yetti yuzdan ortiq she’rlar dastasini topib olib, ularni nashriyotga yuboradi. Ana shundan keyingina 1890 yilda Emili Dikinson she’rlarining ilk to‘plami yorug‘ ko‘radi. Keyinchalik, 1914 -, 1929 – hamda 1937 – yillarda ham shoira she’rlarining aksari turli taxalluslar ostida chop etiladi. Lekin afsuski, o‘sha nashrlarning barchasi ham she’rlarni o‘zgartirilgan, o‘zicha to‘g‘rilangan holda bosishadi.
 Ammo 1950-yilga kelib, shoira she’rlarining aniq tahriri amalga oshiriladi va nihoyat 1955-yilda “Emili Dikinson she’rlari” nomi bilan shoiraning uch jildli she’riy to‘plami nashr etiladi.
 Amerika adabiyotining bu nodir iste’dodi butun umri mobaynida ingliz she’riyati uchun 1775 ta she’r yozib qoldiradi. Dikinson uslubining o‘ziga xosligi shundaki, shoira fikrining tug‘yoni, ko‘ngil hislarining g‘alayoni shiddatlidir, uning she’rlarida ayniqsa ko‘p qo‘llanilgan bosh harflar hamda defis esa shoira she’riyati ruhining asosiy belgisi, ya’ni bosh harflar Emili Dikinson tafakkur olamining metafizikaviy sifatiga alohida urg‘u berib o‘tadi.
 Betakror shoira, ajoyib qalb sohibasi, o‘tkir ongu shuur egasi Emili Dikinson tiriklik chog‘ida “shoira xonim” bo‘lish maqomidan ancha olisda yashab o‘tdi. Biroq uning jo‘shqin, purhikmat, barqaror, butun Insoniyat quvonchu qayg‘usini kuylab, o‘zida mujassam etgan beqiyos she’riyati ulug‘ Amerika adabiyotining eng qimmatli merosi bo‘lib qoldi. 

***

Qalb – o‘z-o‘ziga xon,
Do‘stdir – hokimdir,
Ham g‘animdan kelgan josus – zolimdir.
Qalbingga birovni kiritma oson.

Tashqi xiyonatdan qo‘rqmasin hech qalb;
Ishq sizib chiqadi qalb chegasidan –
Qalbni ich-ichidan asramoq lozim,
Qalb qo‘rqib turadi o‘z egasidan…

SABOQ SOATI

Qarib borayotir dushmanim –
Ulgurmasman olishga qasos.
Nafratimning yo‘qolar ta’mi.
O‘ch vaqtida qondirilmasa –
Dasturxonda qolgan go‘sht kabi –
Sasir.
O‘lar chanqog‘ini qondirgan g‘azab,
Ochlik semirtirar Nafratni, axir…

TAZARRU

Tazarru – hamisha xotirga hamkor,
Mangu harakatda, sarkash va qashshang,
Eshikdan haydasang – tirqishda tayyor.

Tazarru qalbingga yozilar qonda,
Yozuvi chiqadi qalqib, o‘chmaydi,
Olovda yonmas u, cho‘kmas ummonda.

Tazarru – vijdonning qiynog‘i, dardi.
Xudo ham bu dardga shifo bermas hech.
Vijdon – bu do‘zaxning yerdagi gardi…

HECH NARSA KITOBGA TENG KELA OLMAS…

Eng uchqur yelkanli kema yetolmas,
Manzildan manzilga zumda o‘tasan,
Varoqlar ag‘darib borar ekansan –
Uzoqqa – xorijga zumda yetasan.

Orzuga yetadi pulsiz, quvvatsiz –
Eng qashshoq odam ham, o‘ta nochor ham
Varoqda uchyotgan she’rning satrini –
Quvib yeta olmas asov tulpor ham.

Varoq-varoы ochib ko‘ngil daftaring,
Ruhing uchib borar samovot sari…

***

Men go‘zallik uchun. ishq uchun o‘ldim -
Ishqdan tirik edim, bu ham taqdir-da.
U esa o‘lgandi Haqiqat uchun,
To‘lg‘onib yotardi qo‘shni qabrda.
Bir kuni so‘radi: “O‘ldirishdi nechun?”
Javobin eshitib jilmaydi jo‘shqin:
Qanday soz! – dedi u, – Ishqu Haq uchun!
Qanday soz – maslakdosh bo‘lsa gar qo‘shning”.
Suhbatlashib bunda yotarmiz abad,
Ishq uchun o‘lganlar, Haq deb o‘lganlar.
Po‘kanak bosadi qabrtoshlarni,
Ismlarni ko‘mar o‘tu o‘lanlar…

***

Hayot juda qisqadir,
Bori-yo‘g‘i bir soat,
Ko‘pmi bu – Ozmi bu –
Bizga bog‘liqdir faqat…

***

Ajib bir qo‘nalg‘a – qabriston –
Hali hech bir mehmon qochib ketmagan –
Tun yerning xotirasiga yozmoqda go‘yo –
Yer ostining mehmonxonasi makkor,
Juda puxta o‘ylangan – hamma kiradi,
Hech kim qaytib chiqolmas zinhor…

TUG‘ILGAN KUNNI NISHONLASH

Tug‘ilgan kun – quvonchli emas –
Qalbingdagi eng kuchli og‘riq –
Umring o‘lchovlidir azaldan,
Har kuni bir kunga kamayar, axir,
Yaqinlashib kelar azaliy taqdir.

QANCHALAR BAXTLIDIR SHU MAYDA TOSHCHA!

Qanchalar baxtlidir shu bir mayda tosh!
Yo‘l chetida yotar maqsadsiz, yuvvosh,
Qo‘rqmaydi u sira qiyinchilikdan
G‘ami yo‘q mansabdan, tirikchilikdan.
Uning ham egniga qachondir, hayhot,
Ko‘kimtir bir libos yopmish Koinot.
Asriy chang boshida go‘yoki bir toj,
Na sherikka zordir, na do‘stga muhtoj,
Turadi qalqinib ko‘z yosh singari –
Mustaqil ko‘kdagi Quyosh singari.
Asrlar ketidan asrlar o‘tar,
Toshcha yo‘l chetida lapanglab yotar.
Na diydiyo qilar, na chiqarar un –
Shunday amal qilar Azaliy qonun…

SUZARMIZ ESHKAKSIZ, OQIMDA OQIB…

Kemamizni sudrar Zamon shiddati –
Suzarmiz eshkaksiz, oqimda oqib…
Ortimiz – noayon, yo‘limiz – mavhum,
Manzilni ko‘rmasmiz oldinga boqib.

Umr bo‘yi – to‘fonlar, bo‘ronlar, to‘zon.
Qay sorbon tashladi bizlarni yo‘lg‘a?
Dovullar, bo‘hronlar qo‘zg‘olgan zamon,
Tayin xaritasiz ketyapmiz olg‘a!?

***

Shonu Shuhrat asli – asalaridir –
Goh qanoting yozib ko‘kka uchadi,
Goh ohangi ila erkalar seni,
So‘ng esa bexosdan nishin suqadi…

***

Tangrim! Sendan o‘zga hech yaqinim yo‘q,
Bir Senga ocharman dilim – ishqimni!
Kechir, men o‘shaman – Seni unutgan,
Lek Sen unutmassan axir hech kimni?
Yo‘q, men o‘zim uchun qilmam munojot –
Vujudi qush kabi yengil bir kasman,
Xudoyim, tanim deb tashvish qilmasman,
Bu juda yengil yuk sen uchun, hayhot,
Lekin mening qalbim juda ham ulkan,
Yuragimni olgin, madad ber, tushun,
Bu qalb juda katta mitti jon uchun.
Bu g‘alati qalbdir – kun sayin o‘sar,
Men unga – teng emas.
Meni yuk bosar,
Men uni ko‘tarib yurolmam ortiq,
Keltirdim O‘zingga, dil senga tortiq.
Yaratgan, rahm ayla yaratganingga,
Bu dilim og‘irlik qilmasmi Senga?

***

Agar Sizga yetsa o‘lmoq fursati ¬ –
Dengizdagi kema cho‘kkanday shu tob
Boshqa turmas bo‘lib yerga yotsangiz,
Boshqa chiqmas bo‘lsa Siz uchun oftob,
Agar Siz chertsangiz Jannat eshigin,
Ochilmasa Sizga bu eshik ammo –
Tangrimdan tilarman jonim chiqquncha,
Tunu-kun tinmasdan qilarman nido,
To jannat eshigi ochilmaguncha…

***

Taqdir savaladi uni umr bo‘yi –
Zarbaning ketidan – to‘xtovsiz zarba ¬ –
Ammo u boshini solmadi quyi –

Taqdir oyog‘idan tinmasdan chaldi,
U yiqilmadi.
Taniga erta-kech nayzalar soldi,
Parvo qilmadi.

Nish urdi, ho‘lladi, quritdi, yoqdi,
Lek u oyoqda qoldi..
Oxiri bir kuni charchadi Taqdir –
Insonni tan oldi.

BILARDIK…

Bilardik –
Visolning umri mangumas –
Uchrashmoq bor – demak, ayrilmoq ham bor –
Muqarrar – hijron,
Sevganda qanchalar qattiq bog‘lansang –
Ayrilganda shuncha – azob chekar jon.

Alamlar, ginalar, taxmin, gumonlar –
Keyin – og‘riq, azob – nima qilardik.
Xatolar, mish-mishlar, rostu yolg‘onlar –
Shunday tugashini, axir, bilardik –
Bilardik –

***

Subhidam –
Ohista tirildi Chechak –
Ko‘z zo‘rg‘a ilg‘aydi – ulkan Dunyoda
Shu mitti g‘unchaga osonmas hayot,
Osonmas tebranmoq subhi saboda.

Tokim so‘lmay tursin nozik kurtaklar,
Shonalarni qurtlar g‘ajib ketmasin.
Bir tomchi shudringni ayamasin arsh,
Shudringni shimguncha yel quritmasin,

Chalg‘iday – bo‘ronlar etmasin payhon,
So‘nalar, arilar egmasin yomon.
Axir Tabiatning kutganidir shu –
Ayna shu saharda bexos ochilmoq
Buyuk bir sharafdir – Mas’uliyatdir –
Kurrai Zaminda inja Gul bo‘lmoq…

BITILMAGAN SHE’RLAR

Men hali yozmagan she’rlarim ham bor.
Endi sarlavhasin o‘ylardim shu tong –
Ilk so‘zlar tizila boshlagan edi,
Biroq qolganlarin chiqarmadi ong,
She’r yaralmadi.

O, qaniydi, axir, uni chop etsam!
O, Siz uni o‘qiy olsangiz nogoh!
Tangri uni bizga ko‘rmadi ravo,
Qo‘limni, tilimni yechmadi, evoh…

***

Ey, so‘z, – deydi bu on shoir o‘rtanib, –
Nega bunda barcha da’vogarlardan
Men seni tanladim aynan, albatta?
Sendan munosibroq nomzod yo‘qmidi
Javonimda turgan ulkan lug‘atda?

Endi sal chetlashib turganda nomzod –
Takallufsiz kelib, o‘rnashib oldi.
Aslo bu so‘z o‘rni emasdi bu she’r,
Farishtalar uni himoya qildi.

TANGRINING DARGOHIDA

Ular erib ketdi qorday nogohon,
Ular yulduz kabi so‘ndilar bexos,
Ular to‘kildilar, go‘yoki xazon,
Garchand iyun edi, garchand edi yoz,
Urushning panjasi tirnog‘in urib –
Yigitlarni yelday ketdi supurib…

Ularning ustini yopar o‘t, tuproq,
Yillar yuzlarin ham yoddan yopadir–
Faqat Yaratganning dargohida pok
Har birin chehrasi turar abadiy…

MENGA TOAT UCHUN CHERKOV KERAKMAS

Ibodatga ketar bu xalq kech chog‘i.
Toat uchun cherkov kerakmas hech ham.
Bosh ustimda gumbaz – yam-yashil bog‘im,
Qiroat qiladi menga – musicha.

Kimxob kiyar toat onida kimdir–
Men so‘zdan qanotim bog‘lasam – yetar…
Xayolim falakda sayr etib ketar.
Mitti bir qo‘ng‘iz ham – birodarimdir.

Toatga chaqirar meni – chigirtka.
Nasihat qiladi Tangrim ushbu on –
Yolg‘iz u menga eng Oliy ruhoniy –
Uning mujdalarin anglamoq oson.

Ko‘kka intilmayman – yerda taxtliman,
Qalbning ehromida sarxush, baxtliman.

***

O‘lim – juda uzoq mashmasha,
Tana bilan Ruhning suhbati.
“Hamma chirir!” – vahm solar O‘lim.
Ruh aytadi: “Yotdir dahshating”.

O‘lim tortar tuproqqa atay,
Ruh tugatay, deya barini –
Yechib tashlar – muhim dalilday –
Loydan bo‘lgan ko‘ylaklarini…

***

Torf botqog‘in aslo ko‘rgan emasman,
lek bilaman – unda o‘sar archagul,
dengiz tomon sira yurgan emasman,
lek bilaman – unda to‘lqinli dovul.

Tangri bilan suhbat qurgan emasman,
narvon ham qo‘yilmas, axir, arsh tomon,
lekin huzuriga yo‘lga chiqqanman,
pattani olganman tug‘ilganim on…

IF YOU WERE COMING IN THE FALL

Chehrang tuman ichra g‘imirlar…
Kuzda kelaman de, shivirlab –
Yozni haydab, quvib jo‘natay,
G‘o‘ng‘irlari jonni qaqshatgan,
Oynaga yopishgan kanaday.

Agar kutish kerak bo‘lsa yil –
Hisoblarni tezlatib chiqay –
Oylarimni kalava qilib,
O‘rab, eski sandiqqa tiqay.
Magar kutish shartdir – asrlar,
Men kutarman – netarman kutmay –
O‘tsin asr, ummon ortiga
Ketib borayotgan bulutday –
Agar diydor aylasa nasib,
Bunda emas – o‘zga dunyoda,
Men hayotni yechgum – po‘choqday –
Otlanarman sayri fanoga –
Ammo – afsus – kelishing gumon –
Kelar yo‘ling qoplamish tumon –
Bu ayriliq – shimar jonimni,
Och so‘naday – so‘rar qonimni…

THE GOING FROM A WORLD WE KNOW

Bu fanodan baqoga ko‘chmoq –
Bolalarning o‘yini kabi –
Cho‘qqilarga tinmay osilmoq –
Tog‘ ortida – nima bor, qani?

Tog‘ ortida – o‘zga bir Olam,
U shodlikmi yoki dardmidi –
Nega kerak edi shuncha G‘am –
Toqqa tinmay chopish shartmidi?

THE GRAVE MY LITTLE COTTAGE IS

Qabrim mening – uvoqdek kulbam,
Men bu joyni shinam tutarman –
Sadoqatli ayollar kabi
Yorim, seni bunda kutarman.

Axir, mangu emas ayriliq,
Charxi davron bitta aylanar,
Ruh – ko‘kka, tan yerga joylanar,
Ikkimizni qo‘shar mangulik…

***

Bizni mukofotday oladi qabr,
Qaysar, lekin juda uzoq qilar ov.
Boshimizga taqar albat gulchambar —
Yetishar bir umr poylagan kuyov.

***

Muhabbat — hayotdan ko‘ra qadimroq —
O‘limdan qariroq — undan Davosiz.
Muhabbat — Dunyoga kelish Sababi,
Dunyodan ketishning Mag‘zi, Ma’nosi.

***

Olovdan yodgorlik erur — Kul —
Yonib-yonib tugaydi butkul —
Tamom sassiz tugaydi, hayhot,
Miltir-miltir yashalgan Hayot.
Olov nurda bo‘ladi sodir —
Ammo bir kun cho‘g‘lari o‘char.
Oksidlanar — yuz berar nedir —
Buni bilar faqat Kimyogar.

***

O‘lim, yetar, endi darvozangni och —
Ichkariga olgin yuvosh jonlarni!
Keldik, ko‘rdik, yurdik — bo‘ldik jontalosh—
So‘nggi manzili shu — Sargardonlarning.

Sokin qabulxonang — qop-qora Oqshom,
Tanimizda titroq — Sukunat —Chaqin —
O‘lim —
Aql bovar qilmas tarzda — Mushfiqsan —
Chidab bo‘lmas tarzda — judayam Yaqin…

***

Juda odmi erur shamolning ishi —
Hovuzdagi suvni qalqitmoq ravon,
Yelkanni silkitmoq,
Martni chaqirmoq
Hamda Ozodlikni qilmoqlik e’lon!

***

Nimaga arziydi bandaning siri,
Mayda asrorlari — bemajol diyda —
Tangrining trillion yillardan beri
Asrab kelayotgan siri oldida —
Sodda dovdirlarni qoldirib hayron,
Og‘izni ochgandan tinmay betoqat —
Yaxshidir — o‘lguncha — sassiz yashamoq,
Tangri jimligiga qilib sadoqat —

Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimalari
 
241

Ishqning ko‘zlarini sevadurman men,
Zero, bilamanki, bitta haqiqat.
Erkaklar Uyatdan ko‘pam qochishmas,
Balki bildirishmas, ammo Oqibat –

Ko‘zlar chaqnagaydir – bu O‘limdan zo‘r –
Ortiq berkitishning yo‘qdir uddasi.
Peshona uzra bu ter Tomchilari –
Oppoq ishq Dardining erur mujdasi.

258

Deraza ortida qiya tushgan nur,
Qishning kunlarida o‘chgan ranglari –
Qalbni kuchli qo‘lday changalga olar –
Hu-uv Ibodatxona Ohanglari.

Ruhdagi samoviy Og‘riq-la bizlar
O‘zimizcha topa olmadik gunoh.
Valek ichki bir sas tinimsiz bo‘zlar –
Haqni aytmoq uchun izlar bir panoh –

Hech kim o‘rgatolmas – Hech qaysi inson –
Umidsiz Qalbimiz to‘lib nidoga –
Iztirobi oshar, dard bo‘lar ummon –
So‘ng uchib ketamiz Arshi A’loga.

Qachonki qaytadan tirilsa Zamin –
Yana anduhlari yangrar ohida –
Har bir nafasida Tavba yashirin –
bo‘lib yashagaydir Ajal nigohida –

303

Ko‘ngil o‘z Mulkini jamlab oldi-yu –
Keyin qulflab oldi Eshiklarini –
Ayol qalbi g‘oyat nozik Hilqat-da –
Hammavaqt bilmaysan istaklarini –

Mana, ayol Hissiz o‘tib bormoqda –
Bosgan Qadamiga zor necha nigoh –
Ayol Beparvo-yu, biroq Shohlar ham
Tayyordir tiz cho‘kib, urmoqlikka oh –
    
Aynan shu ayolni tanib qoldim men –
Ha, bu lobar ayol, ko‘p nozik ta’bi.
Ammo Yuragiga yaqin tikilsang –
Qalbi muzlab yotar xuddi Tosh kabi –

449

Men Go‘zallik uchun Jonimni berdim –
Ammo Qabrimda ham bo‘lmadim beayb
Qo‘shni qabrda-da yotar edi jim
Adolat-chun qurbon bo‘lgan bir g‘arib.

U asta so‘radi: “Men nechun o‘ldim?”
“Go‘zallik sababdir”, - javob berdim men –
“Biroq men Haq bilan tug‘ilgan edim –
Nahot Haq-chun shuncha jafo ko‘rdim men – ”

Shunda bir to‘p Zo‘rlar Tunda kelishib –
Qayta o‘ldirdilar qabrda bizni –
Haqni Kalom qilgan og‘zimiz yopib –
O‘chirib tashlashdi pok nomimizni –

130

Qushlar qaytadigan kunlar kelmoqda –
Bechora qushchalar – bir yoki bir juft –
Nigohlari ortda qolib ketmoqda.

Oftob yonadigan kunlar kelmoqda
Lek iyunning qadim-qadim ifori –
Zangor va za’faron xato qilmoqda.

O, ayyor yel aldolmas Asalarini –
Asalari halol, asalari pok
Azaldan qozongan ishqu mehrimni.

Mana, ildizida sobit daraxtlar –
Hamon mute yashar daydi shamolga
Shamol ojiz bargni chirpirak o‘ynar.

Eh, bu saratonning diniy urflari,
Quruq safsataga chorlab hammani –
Hatto yosh bolani bulg‘ab ko‘radi.

Biz ham Xudo uchun, odamday shoyad –
Bir tishlam halol non yemoqlik uchun
Umrbod sharobdan kechmog‘imiz shart!

435

Qip-qizil Telbalik xo‘p ajoyib his –
Odamzod Ko‘zlari xira tortmoqda.
Telbalik bu asli Hislar To‘foni –
Ongimiz botqoqli loyga botmoqda.

Lek men jinniman, deb yutib chiqasiz –
Rozisiz – oqillik telbalikka teng –
Qarshiman – siz butkul xavfli odamsiz –
Qulsiz bamisoli Zanjirband etilgan –

 547

Ajal Nigohini ko‘rib qoldim men
Sokin Xonam ichra kezib u gir-gir –
Nenidir qidirdi – notinch ko‘rindi –
Shu vaqt Bulut kelib, ayladi asir –
Keyin Ajal tez-tez Tumanda qolib –
Sarosar izg‘idi, ketmadi ammo
Mayli, maqsadiga yetsa yetsin, deb,
Uni duo qildim xolisanillo –

    986    

O‘lib yotibman jim – sovuq sukunat –
Xonada g‘o‘ng‘illar bebosh bir Chivin
Go‘yo Dovul oldi Jimlikka monand –
G‘alati sukunat cho‘kmoqda hazin –

Lek go‘yo Ko‘zlarim atrofda – mushtoq –
Nafasim bo‘g‘ilar, sig‘mas o‘ziga
Axir poshsholar-da tutadi quloq
Gunohkorning So‘nggi tilak – so‘ziga –

Men ham tiladimki – jonim bo‘g‘zimda
Rozi etgan bo‘lay jami Tirikni.
Endi bari tamom – faqat birgina
Bebosh Chivin buzar mangu jimlikni.

Shu Fazo – beqaror shu gumroh Chivin –
Nur va ruhim aro daydir betinim –
Shunda bor Deraza yopildi-yu, so‘ng
Men ortiq hech narsa ko‘ra olmadim –

341

Kuchli azobdan so‘ng tinchib qolamiz,
Asablar qabrda yotganday jonsiz –
Sovuq qalb so‘roqlar: “Qaerda ruhim,
Kecha qayda edim, avval bormidim?”

Oyoqlar tipirlar, aylanar shu on –
Yer uzra, Ko‘k qadar va huv Arsh tomon
Ajabki, kulsa ham yuzimiz mahzun –
Va toshday uvushgan bo‘g‘zimizda un –

Shudir Insonning eng Yengilgan oni –
Demak, kerakmas hech umrning shoni,
Muzlagan Qalblarmiz, hissiz kulamiz,
Avval sovqotib, so‘ng muzlab o‘lamiz –

1176

Toki yuragimiz jo‘sh urmaguncha
Sira bilmaymiz hech balandligimiz
Yig‘layveramiz yosh qurimaguncha
Jar solamiz faqat bebaxtligimiz –

Asli-ku yashash ham Qahramonlikdir,
Yashayapmiz, demak, haqmiz, halolmiz.
Bizga butun Yeru Osmon sherikdir,
Dunyo qasr bo‘lsa, bizlar Qirolmiz.

1732

Umrim poyoniga yetmay tugadi;
Lek meni yashagim hali bor edi,
Qaniydi Abadiyat bersaydi menga,
Ikkinchi umrin ham, qaniydi!

Shu qadar umidsiz, shu qadar pora
Shu tirik borliqqa so‘ng vido dedim.
Uchib ketarkanman Arshi A’loga
Jahannam o‘tidan yomon cho‘chidim.
 
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.