OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lengston Xyuz (1902-1967)

ORZULAR POSBONI

Orzumandlar,
Barcha orzuingizni menga ishoning.
Menga ishoning,
Ko‘nglingizning hamma musiqalarin,
Toki men ularni yashira olay
Bulutlarning moviy qa’riga
Bu dunyoning behad qo‘pol
Barmoqlaridan.

MUQADDIMA

Men — zanjiman.
Tun kabi qora.
Qoraman Afrika o‘rmonlariday.
Men doimo qul bo‘ldim:
Saroy zinalarin tozaladim Qadimiy Rimda.
Vashingtonda botinka tozalayman.
Men doimo ijodkor bo‘ldim:
Bu men — Misr piramidalarin o‘rnatgan,
Osmono‘par binolarga loy qorib bergan.
Men doimo kuychi bo‘ldim:
Qo‘shiqlarimni Afrikadan Missurigacha eltdim,
Har yerda jaranglar gumburlagan sadosi
Va g‘amgin ohangi.
Men doimo fidoyi qurbon bo‘ldim:
Meni savadilar Kongo dalalarida,
Toshbo‘ron qildilar Texasda.
Men — zanjiman,
Tun kabi qora,
Qoraman Afrika o‘rmonlariday.

MEN QANDAY ULG‘AYDIM

Bu voqea bo‘lib o‘tgan juda kadimda
Va mening orzuyim deyarli unutilgan.
Lekin u
Keyin ham meni chorladi,
Quyosh kabi porloq
Bu orzu.
Uzoq o‘sdi devor,
O‘sdi sekin,
Sekin,
Orzum bilan mening oramda.
Sekin, sekin o‘sdi,
Orzum nurlarini
Yashirib,
Yashirib,
Osmongacha o‘sdi
Bu devor.
Soya.
Men qoraman.
Uloqtirildim soyaga.
Endi yo‘q orzumning nurlari qarshimda,
Boshimda.
Faqat kalin devor bor,
Soya bor faqat.
Qo‘llarim!
Mening qora qo‘llarim!
Devorni qo‘poring!
Orzuni toping!
Yordam bering menga, zulmatni parchalashga,
Bu tunni yo‘qotishga,
Bu soyani yo‘qotishga,
Tokim minglab quyoshlar aylansin,
Tokim minglab quyoshlar
Porlasin!

XAYOLIY QO‘SHIQ

Hey! Hey!
Shunday kuylar
Doim bir xil qo‘shiqlar.
Ohangi g‘ussali,
Lablari kular.
Hey! Hey!
Azizim tashlab ketdi,
Qochishga shoshdi behad.
Sevgilim tashlab ketdi,
Qochishga shoshdi behad.
Kunbo‘yi kulfatimdan
Kular qo‘shiqlar faqat.
Hey! Hey!
Azob berar,
Qiynaydi,
Titratar ogriq.
Ammo yana
Qaydadir
Quyosh porlaydi g‘olib.
Poezdga bilet oldim,
Lash-lushlarni yig‘ib jo‘nayman.
Ular uchun kuyla, singlim, kuyla!
Poezdga bilet oldim,
«Kuch»ni yig‘ib jo‘nayman,
Poezd jilsa, bu kuylarni
Izlariga to‘kay man.
Qah-qah urib kulaman.
Hey! Hey!..
Sen ham qah-qah urib kul,
Hey! Hey!

HORG‘IN QO‘SHIQ

Uyimiz aytarli emasdir —
Boylik go‘yo osmonda oftob.
Uyimiz aytarli emasdir —
Boylik go‘yo osmonda oftob.
Shimoldagi hayot hayotmi:
Yo‘tal teshar ko‘krakni, axir.

Qo‘shiq bilan ishlab, yashadim.
Menda johillikni ko‘rmadi hech kim.
Qo‘shiq aytib ishlab, yashadim,
Menda johillikni ko‘rmadi hech kim,
Lekin loy kechmoqqa qolmadi kuchim,
Dunyo ham charchagan bo‘lishi lozim.

Bir qiz meni sevardi,
Men ham uni sevardim.
Bir qiz meni sevardi,
Men ham uni sevardim.
Ish bo‘lsa hamon yo‘qdir,
Ish ishkni kemiradi.

Charchadim men, charchadim,
Ertalabdan juda charchadim.
Charchadim, hech kuchim yo‘q,
Ertalabdan juda charchadim.
Shodlik kamdir hayotda,
Eh, dunyoga kelmasam edim.

SHODLIK

Hamma joydan Shodlik izladim.
Jilmaygan Shodlik.
O‘ynab kuluvchi Shodlik,
Qartaymagan Shodlik.
Va topdim. Bolakayga qarayman.
Qo‘yko‘z. Miqti.
Go‘sht ortilgan aravani tortib yuribdi.
Mana, u qanday Shodlik.
Yosh va ilohiy. Uni asra, bolakay.

Yo‘ldosh Eshbek tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.