OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mengestu Lemma (1924-1988)

Mengestu Lemma — habashistonlik shoir va dramaturg. Amhar tilida ijod qilgan.

NOMARD QARINDOSH

Bu qarindosh tushda ham hatto
Kulbam sari kelmasdi aslo,
Mana, o‘ldim — qarang g‘addorni?
Marosimga keldi qappayib qorni.

Dahshat g‘azab qo‘zg‘oldi menda,
Uning yolg‘on azasin ko‘rib,
Jonim qayta kirganday tanda,
Ketdim bexos tobutdan turib.

«Men ochlikdan o‘layotganda,
Qayda eding, nomard qarindosh!
Xudoyimga keldingmi endi?
Kiprigingda ikki tomchi yosh?

Senga qanday chidamoq mumkin!
Marosimdan ket ey, nohalol!»
Shu so‘zlarni aytdimu sekin,
Tobutimda yotdim bemalol.


JONGA TEGDI

Bu g‘irt chuchmal xor efioplar,
Yevropalik sang‘i janoblar —
Hammalari kalondimog‘lar.
Do‘stin sotib ko‘nglini chog‘lar,
Jonga tegdi bahs, tuhmatlari,
Kerilishi va g‘iybatlari.
Yolg‘on-yashiq so‘zni deydilar,
Bir- birlarin tinmay yeydilar.
Bu davradan o‘rmonga qochsak,
Daraxtlarga quchoqni ochsak.
Simiramiz yaproq havosin,
Tinglab kuychi qushlar navosin.
Ketdik yashil maysalar tomon,
Men va itim yugurib shodon.
Charchab maysa uzra tolamiz,
Tong otguncha orom olamiz…

Karim Bahriyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.