OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Naapet Kuchak (XV-XVI asrlar)

Bu shoirning hayoti va faoliyati haqida biron bir ishonchli ma’lumot saqlanib qolmagan.Rivoyatlarga ko’ra,u XVI asrda Xarakonis degan qishloqda tug’ilgan.
Naapet Kuchak asosan o’sha davrda turkiy xalqlar adabiyoti,yanada aniqroq aytsak,turkiy xalqlar folklori ta’sirida arman she’riyatida an’anaga kira boshlagan ayrtn - to’rtliklardan iborat she’rlar yozgan.

1

Borib ayting o’sha suluvga,
Bugun zangor qabosin kiysin.
Zangor qabo - uqubatimdir,
Qaraganlar men kabi kuysin/

Men ketarman,ko’rmayin deya,
O,xudoyim,madad ber menga -
Sen zangorni oq rangga bo’ya,
Borliqni ko’m zangori rangga.

2

Sen - olov,sen - yoqut-marjonsan,
Enangga ayt,bermasin erga.
O’zim kelib seni yoqarman,
Enang zarni sitmasin ko’rga.

Koshki yorim bo’lsang…O, hatto
Bir-biriga ko’zimiz o’xshar.
Ammo,netay,netayki,xudo
Juda yuksak-yuksakda yashar.

3

Gilam uzra to’shak yozarman,
Seni esa o’rayman zarga
Va dasturxon senga tuzarman –
Bazmi jamshid qilgaymiz birga.

Keltirurman may to’la ko’za,
Kaklik go’shti o’rtada taom.
Yostig’imiz dasturxon bo’lsa,
Qo’llarimiz bo’lat kumush jom.

4

Men yovvoyi qushchaman,begim,
Keldim faqat men bir nafasga.
Karvon chorlar,kutar osmonim,
Meni qama tilla qafasga.

Zarbof qabo,uzuk sotib ol,
Sovchi jo’nat - tillari boldan.
Sen ayyor bo’l,sen meni alda,
Chiqargin sen meni qo’ldan.

Xurshid Davron tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.