OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Majdiddin Bag‘dodiy (1150-1217)

Musulmon olamida mashhur shayx Najmiddin Kubroning iqtidorli shogirdi hamda ulug‘ avliyo va otashnafas shoir Farididdin Attorning ustozi bo‘lgan Majdiddin Bag‘dodiy turli manbalarning xabar berishicha, Xorazmning Bag‘dodak degan qasabasida tug‘ilgan. To‘liq ismi va kuniyati — Abusaid Majdiddin Sharaf ibn Muayyad ibn Abulfath Bag‘dodiy. Mashhur tabib sifatida hukmdorlar saroyida katta mavqega ega bo‘lgan.
Majdiddinning ko‘ngliga kutilmaganda ilohiy ishq uchquni tushib, Najmiddin Kubroga murid bo‘ladi va uning qo‘l ostida 15 yil riyozat chekib, «suluklar qildi, oliy marotib hosil qilib, buyuk maqomlarga qadam qo‘ydi» (A.Navoiy ta’rifi). XIII asr tasavvufi taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan bu buyuk shayx va shoir Markaziy Osiyo va Shimoliy Fors o‘lkasida shuhrat qozongan. «Safar risolasi», «Tuhfat ul-barara» («Yaxshilar sovg‘asi») kabi tasavvufga oid asarlari va so‘fiyona ruboiylari mavjud.
Rivoyatlarga qaraganda, husnu malohatda o‘z davrining Yusufi bo‘lgan Majdiddin Xorazmda va’z aytar ekan, Muhammad Xorazmshohning onasi go‘zal Turkon xotun ham uning va’z majlislarida ishtirok etar, ba’zida shayxning ziyoratiga ham borar ekan. Bu hol odamlar orasida malika va shayxning bir-biriga muhabbati haqidagi g‘iybatlarning to‘qilishiga sabab bo‘lgan. Majdiddinning o‘zi esa sultonning mahbubalaridan birini sevib qolib, unga oshiqona ruboiylarini yuborib turgan. Bir kuni Xorazmshohning mastligidan foydalangan dushmanlar o‘z maqsadlariga erishadilar: «Onang Imomi A’zam mazhabi bilan shayxning nikohiga kirgan», — deb tuhmat qiladilar. Mahbubasiga ko‘ngil qo‘ygani uchun Majdiddinga kek saqlab yurgan shoh uni Amudaryoga cho‘ktirib o‘ldirish to‘g‘risida fatvo beradi.
O’zbek kitobxonlari Majdiddin Bag‘dodiyning hayoti haqida ham, ijodi haqida ham biror ma’lumotga ega emaslar. Adabiyotimizdagi ana shu kemtikni bir oz bo‘lsa-da to‘ldirish maqsadida biz shayx-shoirning hayoti va ijodi to‘g‘risida muxtasar ma’lumot bergan hamda uning Ye.E. Bertels turli qo‘lyozma manbalardan topib, o‘zining «Tasavvuf va tasavvuf adabiyoti» kitobida keltirgan ruboiylargaga tarjima qilib, o‘quvchilar hukmiga havola etgan edik. Eron safarida qo‘lga kiritganimiz «Ruboiynoma» to‘plamida Majdiddin Bag‘dodiyning yana 20 ta ruboiysiga duch keldik. Ulardan 8 tasi Ye.E. Bertels keltirgan ruboiylar ichida uchrasa, 12 tasi yangidir. Shunday qilib, shayx-shoirning 26 ta ruboiysiga ega bo‘ldik. Bu ruboiylar Majdiddin Bag‘dodiyning otashin shoir bo‘lganligi, ishqu ma’rifatni yuksak pardalarda tarannum etganligidan dalolat beradi.


1

Sham bo‘lsa yuzing, ko‘yida parvona o‘zim,
Dardingga qarindosh dil-u, begona o‘zim.
Bo‘yningda uzalgan o‘sha soch zanjirini
Tashla meni gardanimga — devona o‘zim!

2

Ishq shabnamidan xoki bashar gil bo‘ldi,
Yuz fitnayu sho‘r* jahonda hosil bo‘ldi.
Jon tomiriga urdilar ishq nashtarini,
Tomdi-yu bir qatra, oti — dil bo‘ldi*.
_________
* Sho‘r — g‘avg‘o, to‘polon.
* Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga xam nisbat beriladi.


3

Ko‘nglimda firoq tufayli ming qayg‘u bu kun,
Umr iggiga charx soldi tugun uzra tugun.
G’am ustiga g‘am qo‘shma buzib ahdni yana,
Ko‘nglimda firoq tufayli ming qayg‘u bu kun.

4

Ul bahri muhitga kirmak istar ko‘nglim,
Yo cho‘ksam-u, yo injuga to‘lsa qo‘ynim.
Etsaydim ado — ishing xatarli garchi,
Ishq rangiga evrilsa yuzim yo bo‘ynim...

5

Dunyosi tugab, qorong‘ulik kelsa siqib,
Boshlar ko‘tarilganda mazorlarni yiqib,
Bechora shahid tanim ham o‘z qoniga g‘arq,
To‘zoni qiyomat ichra kelmasmi chiqib...

6

Yor kokilining kufridan* iymon yog‘ilar
Qam no‘shlabidan* chashmai hayvon* yog‘ilar.
Ul kakligi xushxirom kabi ra’nosan,
Yursang, qadamingning changidan jon yog‘ilar!*
___________
* Kufr — tasavvufda bu dunyo zulmati. Yana: vahdatning kasratda mahv bo‘lishi. Haqiqiy kufr abadiy fanodir xam deydilar. 
* No‘shlab — shirinlab; mahbuba.
* Chashmai hayvon — tiriklik bulog‘i, obi hayot.
* Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga xam nisbat beriladi.


7

Ey, o‘zini ishq ichra biluvchi yakto,
Ta’n etma ko‘rib tirikligimni, zero,
Mavjudligim ishq tufayli, jonni etdim —
Ul yorni mushohada qilay deb paydo.

8

Zulfi* deya ming dilda qiyomat qo‘pdi,
Bir torini kim topdi-yu, tutdi, o‘pdi:
Har kimsaki, topdi — topdi davlat buyuk,
Har kimsaki, topmadi — o‘shal dard topdi...
___________
* Zulf — ishqdagi eng yuqori imkon darajasi, erishish nihoyatda qiyin bo‘lgan ilohiy xaqiqat. Zulf yana kufr zulmatiga ishora.

9

Yor xasta ko‘ngilni begumon xohlaydi.
So‘rdim: ne uchun o‘shal chunon xohlaydi?
Ul damki, ko‘zimni yo‘liga tiksam zor,
Keltirdiki mujda: o‘sha jon xohlaydi...

10

Ishq yo‘lida kim boshni fido deb bilmas,
Mot etmasa ushshoqni — o‘shal komilmas.
Ko‘yingda aniq rutbasi* bo‘lmas kishining,
To boshdan-oyoq amallaringni qilmas.
__________
* Rutba — unvon, martaba, daraja.

11

Pok etgali tiynatimni* mashg‘ul esame,
Ko‘k kiyguchilarga* boshu bedil esame,
Mayxo‘rga bo‘libman endi bir do‘sti asir,
May sotguchilarga koshki bir qul esame!
___________
* Tiynat — xulq, fe’l.
* Bu yerda ko‘k kiyguvchilar deganda tariqatda muayyan darajaga yetishgani belgisi sifatida ko‘k xirqa kiyib yuradigan so‘fiylar ko‘zda tutilgan.


12

Bir tiyg‘i jafo qolgan emas, zebo yor,
To urmagan o‘lsa uni dilga ming bor.
Men tavba etarman ishqidan har lahza,
Ming tavbani bir noz ila aylar bekor.

13

So‘yla, ey ko‘ngil, anglamish asrorini kim?
So‘yla, ey quloq, tinglamish guftorini* kim?
Ko‘rsatsa-da ma’shuq kecha-kunduz husnin,
So‘yla, ey nigoh, ilg‘amish diydorini kim?*
__________
* Guftor — so‘z, so‘zlash, gapirish.
* Bu ruboiy Abu Ali ibn Sinoga ham nisbat beriladi.


14

Charx, oyu kun orzuyi visolingda sening,
Sarvu gulu lola quldir oldingda sening,
Pokiza malaklarning arvohi mudom
Abjad o‘qishar lavhi xayolingda sening*.
__________
* Misraning ma’nosi: Har lahza oshiqlik darsini o‘qishadi.

15

Ey, nusxasisan ilohiy nomani o‘zing,
Haq husnining oyinasidir nurli yuzing.
Yo‘q hech ne jahrnda sendan tashqarida,
Har ne tilasang, o‘zingdadir — ko‘rsa ko‘zing.

16

Gar yor meni o‘z itim, deya lutf etar,
Yo inidan uchgan o‘z qushim, deb atar.
Har nom ila tilga olsa-da, xushholman,
O’zimniki degan shu so‘zi menga yetar!

17

Ishq oldi mendan dilni ham, dunyoni ham,
Aqlim-ku yo‘q erdi, qo‘ymadi savdoni ham.
Dedim: dilu dunyo bo‘lmasa, din bordir,
O’lim seli oqizdi-yu-ketdi oni ham...

18

Sobit kishilarki, ostoningda yashar,
Yo‘lingda shahid bo‘lishsa, joningda yashar.
Ul obi hayot ham bu qadar tirguzmas,
Ishqingdan olib jon, do‘stlar yoningda yashar.

19

To jonim bor — bo‘lay sening posboning,
Manzilu makon menga aziz ostoning.
To bir kuni sodiq itlaring zumrasida
Olsang meni tilga, bas, bu jon qurboning!

20

Yor zulfi aro tushsa agar bitta tugun,
Yuz bitta jarohat paydo dilda shu kun.
Ul dilda-yu, dil qoni ko‘zimda qotmish,
Ul baxt guli kuksimda yuz ochmaydi nechun?!

21

Ey yor, bilasanmi, dedim, oshiqlik ila:
Bechora kuzim mening nega yoshga to‘la?
Paydo bo‘ladi ikki ko‘zimning qa’ridan
Shirin labing orzusida daryo bir yo‘la.

22

Har kimsaki, bo‘lsa bandalikdan ozod,
Bo‘lmas g‘amdan g‘amgin-u, shodlikdan shod.
Ko‘ngilni nazargoh, aylagan Ollohdan —
Ayri tushib, u umrini etgan barbod.

23

Kim bo‘lsa agar yaxshi-yomondan ogoh,
Har yaxshi-yomondan qo‘lini tortar, oh.
Dil bor edi-yu ilgari, ming andisha,
Endi barisi «lo iloha illalloh».

24

Lutfingdan emasdir noumid hech inson,
Kim topsa seni mangu hayotdir ehson.
Qay zarraga bir lahza lutf etgan esang,
Yuksaldi u zarra ming quyoshdan chandon*.
____________
* Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.

25

Zar xavfi yiroqdir bu jahon darveshidan,
Tig‘ dahshati lozim emas oshiq kishidan.
Ey, bosh olishimdan cho‘chiysan muncha —
Qaq oshig‘i xolimasmi bosh tashvishidan?!

26

Jon ichra men ishqingni nihon qilganman,
Dardingni sevib, mahrami jon qilganman.
Dunyo g‘amndan kechmasa, bu dil birlan
Sen haqda musohiba qachon qilganman?!

Ergash Ochilov tarjimalari 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.