OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Salmon Hirotiy

XX asr Eron she'riyatining yirik vakillaridan biri - Salmon Hirotiyning she'rlari dunyoning ko'pgina tillariga tarjima qilingan. Ilk marotaba o'zbek tilida taqdim etilayotgan ushbu to'plamdagi she'rlar Eron bolalarining dardli dunyosi, ularning iztirob va quvonchlari haqida hikoya qiladi.
 

BU YULDUZDAN U YULDUZGACHA 

Otam ishchidir. 
Tong osmonidagi
So`nggi yulduz ila 
Ishga ketadi. 

Otam quyoshdir. 
Tun osmonidagi 
Ilk yulduz ila 
Ishdan qaytadi. 

 
MENING RASM DAFTARIM

Mening mo`jaz rasm daftarim! 
Sening har bir betingda 
Bir to`lqinni tasvir ayladim. 
Chizaman degandim dengizni 
Attang! Bo`lmadi.

Mening mo`jaz rasm daftarim! 
Hisobingda betlar kam. 
Ammo to`lqinlar bisyor. 
Shahidlarning rasm daftari
Yer bo`lgan. 
Ular minglab daryoni
Joylashtira olgaylar 
Ushbu daftarda.


BILASANMI?

Hayot, bu - dam olish soati emas, 
Ki faqat o`ynashdan,
Taom 
Yoki bodom 
Yeyishdan 
Iborat bo`lsa.

Bilasanmi,
Yana qanday darslarimiz bor?
Birinchi qo`ng`iroq - din darsi,
Ikkinchi qo`ng`iroq - hisob. 


TONG

Siz bilanman!
O`tiring! 
Satr boshidan
Yozing: Tong 
Shahidlar mozori tomondan
Keladi. 
Qizil mixchagullarga to`la 
Sabadini ko`tarib. 
Undan so`ng 
Tong, Quyosh va shabada
Ochadilar maktab eshigin
Tabassum bilan. 


SO`NGGI IMTIHON

Va jang maydoni 
Maktabdir.
Sinfimiz ham shu yerda 
Tezroq bo`l, ketaylik
Kechikib qolmaylik.
Qurolingni ol. 
Imom kelmoqda 
So`nggi imtihon 
Boshlanmoqda. 


HAYOT

Shaharda fasllar 
Bir xil kechadi. 
Shaharda hayot 
Benzin bilan, 
Neft bilan bog`liq. 

Ammo qishloqda hayot
Oddiy, chiroyli
Ot bilan shirin. 
Qishloqda hayot
Yomg`ir,
Quyosh va daraxt 
Fasl va mehnat bilan shirin.
Qishloq 
Yer yuzining eng go`zal tasviri
Bahorning eng go`zal so`zanasidir. 


DASTUR 

Bir jumlaki, xabar beradi. 
Xabarning bayoni
Ushbu jumlaga o`xshash:
"Shahid
Mangu oqayotgan 
Qizil daryodir". 


AHMADNING JOYI 

Maktab darvozasining ustida 
Bir bayroq hilpirar shamol qo`lida. 
Bayroqda yozganlar: "Ahmad Xushnishin
Shahid bo`lmishdir vatan yo`lida".

Shamollar bu mash`um xabarni 
Uzoqlarga olib ketdilar g`amgin. 
Osmonning bag`ri qon bo`ldi o`sha kun. 
O`rmondan nariroq botardi quyosh
Kulishga holi ham qolmagan, horg`in.

Daraxtning shohiga ilingan shamol
Tarannum etardi ushbu kalomni: 
"Ahmadning o`rniga maydonga kim borar?"
O`rmonzorga aylandi qo`llar. 


KICHIK SARV 

Ketayotganda
Bir kichik sarvni
Ajin bosgan yelkamizga ekib ketdi. 

U ketdi-yu, boshqa qaytmadi.
Ammo 
Yam-yashil ushbu sarv o`sib
Boshi osmonlarga tegib ketdi. 


XABAR 

Qo`rqma, kel, men bilan!
Men bir janublikman! 
Ezgulik fikrida yurgan. 
Menga faqat eposdan so`zla
Mendan faqat qurolni so`ra. 

Zero, mening muallimim
Qo`mondonimdir. 
Sinf xonamiz - 
Jang maydonimdir. 

Biz bo`r bilan
Doimo yozganmiz: 
"G`alaba qozongaymiz!"
Qora doskamiz - 
Islom dushmanining qora yuragi.


INSHO 

Insho yozardik. 
Shunday dedi bizga muallim:
"Bolalar,
Quloq solinglar:
Nazarimda, shahidlar
Quyoshdirlar". 
Murtazo dedi: 
"Shahid
Lola kabi qizildir". 
Yana bir o`quvchi dedi:
"U - uyimizda yorug`lik taratyotgan
Chiroqqa o`xshaydi". 
Yana kimdir shivirladi: 
"U – bog`larda o`sadigan daraxtdir".
Yana kimdir fikrini aytdi: 
"Shahid - 
Hodisayu go`zallikka boy 
Ajib bir dostondir". 
Mustafo dedi: 
"Shahid -
Yuragimiz daftarida qoladigan 
"A`lo" bahodir". 


XOTIRA

Esimga keldi 
O`sha sovuq kun botar mahal. 
Issiq quyosh
Apelsin kabi 
O`rmon kaftlari orasida
Ko`zdan yo`qoldi.
O`shanda quyosh 
Shahidlar ko`zidek 
Yashil 
Va qizil
Ranglarda tovlandi.
Esingdami? 


QIZIL XONA

U ketgan kun 
Gullar g`uncha edi.
U ketdi-yu boshqa kelmadi.
U ketdi-yu bizning ko`chamizda
Bugun 
Faryodu g`avg`odir.
Uzoqdan 
Odamlar qo`lida
Ketayotgan 
Shahidning tobuti ko`rinar. 
Endi u yo`q
Ammo 
Ko`chamizda
Lolaga burkangan bir bog` bor. 
Ko`chamizda 
Nur bilan bezangan 
Qizil bir xona 
Muhayodir. 


KELASAN 

Bilaman 
Yomg`ir bilan osmondan
Gullar bilan shabnamdan
Maysa bilan o`rmondan 
To`fon bilan daryodan 
U yerdan 
Maydondan 
Bayroq bilan 
Janggohdan 
Kelasan
Kelasan! 
Lekin, sen qachon
Ey, qalbi daryo
Daryosan? 


KO`CHAMIZDAN 

Ko`chaning ko`zi yuqoriga boqar 
Ko`chamizdan bir buloqcha ham oqar.

Unga "Yo`l bo`lsin?" dedim, dedi kulib: 
"O`sha yoqqakim oqar daryo to`lib". 


BIRODARLIK 

Bir qora kabutar
Bir oq kabutar
Yonma-yon turib 
Haroratli qalb 
Mehrli qo`l ila 
Loy suvoq uyimiz tarnovi ustida 
Shox-shabba, loyu toshchadan 
Bir in qurganlar. 
Hovlimizning nurli sahnida 
Don terib yurgaylar. 
Gohida bulutlar ortida 
Bir go`zal nuqtaga aylanib 
Ko`zdan g`oyib bo`lgaylar. 
Kechga kelib uyimizning tarnovi 
Bu ikki mehribon yorning 
Bu ikki oq-qora kabutarning 
Chug`ur-chug`uriga to`lib ketadi.
Ey, mening oppoqina kaftarim!
Koshkiydi
Odamlarning ham 
Sen kabi oq, toza qalbi bo`lsaydi! 
Ey, qora va soda bolalar! 
Sizlarga ichim achiydi.


OQ LAYLAK

Quyosh yoritgach 
Olamni beshak. 
Daraxtga qo`ndi 
Oppoq bir laylak. 

Xursand va xandon
Urdi ajib bong.
U go`zal laylak:
"Ey qirmizi tong!

Yashil tog`lardan
Olis kunlardan,
Daryolar uzra 
Nur daralardan. 

Kelayotganda
Maysazor oshib.
Ko`rmay qoldingmi
Bahorni shoshib?


ERTANGI KUN

Tomchilab tushadi tarnovdan 
Dengizdan vujudga kelguvchi yomg`ir. 
Bog`imiz yomg`irning saxovatidan 
Sahroyi gullarga ko`milar axir. 

O`rningdan turgin-u men bilan kuyla
Qaragin, dalalar naqadar uyg`oq! 
Saharning baquvvat elkasidagi
Ertangi kun tabassumlariga boq. 

Ertangi kun kelar bugun izidan 
Dengizning moviyrang kengliklaridan. 
Zafarning yam-yashil bahori anqir
Sahroning muattar go`shalaridan. 

Ertangi kun kelar – yam-yashil bahor
Bir quchoq muattar lolazor bilan. 
Tabassum gullari ochialr uyda
Binafsha misoli ariq bo`yida. 

Ertaga qaytadi yana qaldirg`och
Dilimni yayratar chug`urlashlari.
Tamoshaga chiqmoq, qaramoq – kerak 
Qaldirg`och, qushlarning uchishlarini. 

Kaftaru chumchuqlar bilan parvoz et,
Gul kabi qanot yoz bo`stonlarida. 
Erkinlik cho`qqisin tomosha qilgin
Moviyrang parvozning osmonlarida.

Maysa-yu gullarning nozik qo`lida 
Biz umidning qizil g`unchalarimiz.
Ertangi kun kabi poku musaffo
Biz quyosh shahrining bolalarimiz. 

Ertaga o`lik suv osudaligi
Daryo to`lqiniga berolmagay dosh. 
U yerda gul aksi yonida albat
Masjid devorini yoritgay quyosh. 


* * *

Kel, daryo to`lqini bilan kuylaylik
Kel, sahar yellari bilan so`ylaylik. 
Shahidlar ruhini shod etmoq uchun
Gul yozgan vasiyatlarni bilaylik. 

* * *

Yomg`irdek, anhorning oqar suvidek
Ye qizil gul, qayga olib ketding bosh?
Sen ketding, endi men bilan o`ynaydi
Yomg`irli kunlarda bu go`zal quyosh! 

* * *
Men bilan parvona – shahid farzandi 
Tong otgach, sahroga qanot ochgaymiz. 
Bog`ning o`rtasida bir quyoshni biz 
Sarv bilan yonma-yon, yaqin ko`rganmiz.


OTANING QAYTISHI

Shahid Azizulloh Gilin Muqaddamning farzandlari – Yosuman, Yosir va Qudsiya  Gilin Muqaddamga 

Xo`rozlarning qattiq qichqirishidan 
Yorishdi saharning bedor ko`zlari.
Ochildi yana moviyrang osmonning 
Uyqudagi shahid kabi yuzlari. 

Safarga chiqdilar osmon bag`rida
Ko`kargan bulutlar yomg`irsiz suzib. 
Bir-biriga qanot ochib kaftarlar
Oqlik baxsh etdilar osmonga, uchib. 

Bir nasim esmoqda janub tomondan 
Muattar hidingni har yon taratib. 
Qizilrang qaytishing qissasin o`qir
Daraxtning qulog`i tagiga borib. 

Yuragim tubida gar bilsang bugun 
Sog`inching dastidan boshlanar g`avg`o 
Ko`zlarim ko`chaga nigoron boqar 
Ko`cha ham go`yoki bugun bir daryo.

Qayerdan kelmoqda bu ko`z yoshlar, oh, 
Singlimning gul kabi yuzlarin namlab?
Onamga ne bo`ldi, nega u bugun 
Qora ro`mol bog`lab olibdi, ne gap?

Mehribon qishloqdoshlar qo`llarida 
Otani ko`tarib kelayotirlar.
Go`yoki namoz bog`iga yam-yashil
Sanavbarni qo`lda eltayotirlar. 

Ko`zlaringni ochgin, ko`zlaringni och
Bu bahor ochilgan bahorim mening.
Bu bog`da ochilgan o`sha qizil gul
Yam-yashil g`uncham, intizorim mening. 

Ko`zlaringni ochgin, tomosha qilgin
Bahorning ochilgan g`unchalarini. 
Yaproqlar ustiga durdek to`kilgan
Yomg`irning billurdek tomchilarini. 

Hu, anor daraxti to`nida turib
Guldo`zlik qilmoqda bir g`aroyib qush. 
Sal narida chumchuqlarning ovozi
G`alabadan darak bermoqdadir xush… 


MAYDON SEN BILAN

Ey xudo! 
Bir qatra suv!
Bulutlarga amr et:
Bu bog`dagi daraxtlarga 
Muruvvat ko`rsatib
Yomg`ir yuborsin.
Toki bu sahroda
Kelajak yo`lidan kelayotgan
Bahorning nafasi ila
Arg`uvon lolalar eksin. 
Oh, ey qudratli qo`l!
Maydon sen bilan 
Zafarga yordir.
Agar sen bo`lmasang 
Gullarga burkangan sahrolari-la
Maydon ham bema`ni, bekordir. 


KUZ 

Har kuni 
Erta tong 
Maktabga 
Ketayotgan chog`imda
Izg`irin bir shamol esadi. 
Daraxtlarning shoxidan
Yaproqlar uzilib yerga tushadi. 
Shunda men
Ey ota 
Ey ketgan quyosh
Sizni eslayman. 
Kuz faqat mening ishlarimnimas,
Sizning,
Daraxtlarning ishini ham 
Mushkullashtirdi. 


EY ANHOR! 

Daraxt va toshdek 
Shamol bilan yuzma-yuz 
Yo`lingda intizor turibman. 
Sen ertaga
Qishloq yo`lidan 
Quyosh tomondan
Nur shahriga yetib kelgaysan. 
Sen 
Dushmanlar uchun 
Toshqin bir daryosan. 
Ammo biz uchun 
Muloyim,
Mehribon anhor. 

Fors tilidan Ja`far Muhammad tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.