OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoja Abdulloh Ansoriy (1006-1088)

Buyuk so‘fiy, "Piri Hirot", "Shayxul mashoyix", "Shayxul Islom" nomlari bilan mashhur bo‘lgan alloma Abu Ismoil Abdulloh Ansoriy 1006 yilda Hirotda dunyoga kelgan.
U mashhur so‘fiy Abul Hasan Haraqoniyning shogirdidir.
Abdulloh Ansoriy arab va fors tillarida tasavvufga oid bir qancha kitoblar yozdi. Uning "Munojotnoma"si juda mashhurdir. Shoir vafotidan so‘ng shogirdlari uning tafsirini jamlab, "Kashful Asror" nomi bilan tartib berganlar.
Fors tilidagi asarlari: "Munojotnoma", "Nasoyah", "Zodul orifiyn", "Kanzul solikiyn", "Haft Hisor", "Ilohiynoma", "Muhabbatnoma", "Qalandarnoma", "Risolai dilu jon", "Risolai varodat", "Sad maydon", "Risola manoqibi Imom Ahmad ibn Hanbal".
Arab tilidagi asarlari: "Anvar ul-tahqiq", "Zimul kalom", "Manozilas soiriyn", "Kitol furuq", "Kitobul Arba’iyn".
Xoja Abdulloh Ansoriy 1088 yili Hirotda vafot etadi.


RUBOIYLAR

1

Haq yo‘lida ikki Ka’ba bo‘lmish hosil,
Bir — Ka’bayi suvrat esa, bir — Ka’bayi dil.
Sen sayla va dillarni ziyorat ayla.
Ming Ka’badin ortiqroq emishdir bir dil.

2

Maqsudi diling, murodi joning ishqdir,
Sarmoyayi umri zindagoning ishqdir.
Yod aylaki, ishqdin baqo topdi Xizr,
Ya’niki, hayoti jovidoniig ishqdir.

3

Mastingman o‘zim, jur’avu jom bilmasmen,
Saydingman o‘zim, donavu dom bilmasmen.
Ul Ka’bayu butxonada maqsad — sensan,
Sensiz nadir ul ikki jahon, bilmasmen...

4

Sendin na hayoti jovidon istarmen,
Na ayshi tarab, gashti jahon istarmen.
Na komi dilu rohati jon istarmen,
Har neki ravo ayla — hamon istarmen...

5

Har kimsa seni bilsa, bu jonni na qilar?
Farzandu ayolu xonumonni na qilar?
Devona qilib, ikki jahon bergaysen,
Devona quling ikki jahonni na qilar?

6

Payvasta dilim mudom rizoying aytsin,
Jonim nafas olganda duoying aytsin.
Qabrim boshida agar o‘tar bo‘lsa giyoh,
Yaprog‘i atir sochib, vafoying aytsin.

7

Keldim kecha, qon kildi yurishmay korim,
Bul kun qizimay, kasod erur bozorim.
Erta ketadurman, bilmayin asrorim,
Ne afzal emish bo‘yla yo‘qimdin borim?..

8

Diydamda o‘zing ayon ekansen, bildim,
Siynamda o‘zing nihon ekansen, bildim.
Izlab seni shu jumla jahondin so‘radim,
Shu jumlayu shu jahon ekansen, bildim...

9

Ko‘nglim, malagim dardini da’vo etma,
Jonim, g‘amipi o‘zingga oshno etma.
Dardu g‘ami ne uning, sira aytmasmen,
Ko‘ksim kuyigi, sen meni rasvo etma...

10

Yo Rab, yo‘lingda rost nishon istarmen,
Tuproq ila tanimga jon istarmen.
Yetdim bori ne’matingga, evoh, endi
Shukrimni deyishga bir zabon istarmen...

11

Yo Rab, dilimga himmatingdan jon ber,
Shu dardi dilimga sabr ila darmon ber.
Bu banda na bilsinki — ne aytmoq lozim?
Har neki bilarsan, ber uni, chandon ber...

12

Mahshar kuni oshiqqa bo‘lak kor bo‘lmas,
Yor yuziga boqmas ersa ul, bor bo‘lmas.
Vasling ko‘yidin bihisht sari boshlasalar,
Bormasmen, agar va’dayi diydor bo‘lmas...

13

Har yerda inoyati xudolik bo‘lgay,
Fisq oxiri poku porsolik bo‘lgay.
Har yerdaki qahru kibriyolik bo‘lgay,
Sajjodani qo‘y, kalisiyolik bo‘lgay...

14

Jonim chu ajal yo‘lingda hosil bo‘lmish,
Aybsiz bo‘libon ko‘zingga doxil bo‘lmish.
Siz ilmsizu men hamon aybsizmen,
Ters boqma, bu joy o‘zingga ma’qul bo‘lmish...

15

Yo Rab, shu holimga boqib, rahmat qil,
Hajring o‘ti bag‘rimni yoqib, rahmat qil.
Rahmat so‘ramasmen notavon ko‘ksim uchun,
O’rtar meni ko‘z yoshim oqib, rahmat qil...

16

Kibrim ipidin o‘zing xalos et, yo Rab,
Nafsim itidin o‘zing judo et, yo Rab.
Begona erurmen, oshnolik ko‘rgiz,
Kel, endi o‘zingga oshno et, yo Rab...

17

Ey lutfi kabir, lutfu karam ehson qil,
Gar lutfi karam aylar esang, chandon qil.
Bandangni gunohlar yukidin ozod et...
Charchoq shu faqirlar ishini oson qil...

18

Ishq keldiyu oshufta bo‘lib jonu ko‘ngil,
Do‘st mehriyu do‘st yodiga to‘ldim butkul.
A’zoyi vujudimni tamom do‘st oldi,
Nom qoldi faqat mengayu qolgan bari ul...

19

Yuz yil yonamen olovda, yonmoq ne emish,
Yonmoq menga o‘yla rohati kavsar emish.
Suhbat qila ko‘rma noahllar bila hech,
O’lmoq o‘shalar suhbatidin afzal emish...

20

Shart ulki, mudom sohibi dard bo‘lgaysen,
Tuproq ila chang bo‘lishda gard bo‘lgaysen.
Har kimsa murodin kam etar, mard bo‘lgay,
Ko‘p orzu-havas aylama, mard bo‘lgaysen.

21

Har go‘shada bo‘yla hoziru borsan o‘zing,
Yo‘l ko‘rsat o‘zing, yo‘lovchiga yorsan o‘zing.
Ilkimni cho‘zib, ne madad etgaymen?
Zeroki, ularga chin madadkorsan o‘zing...

22

Yo Rab, o‘zimni bir gado istarmen,
Shu telba ko‘ngilni podsho istarmen.
Har kimsa kelib, ayricha hojat so‘rgay,
Men ersam o‘zingni, ey Xudo, istarmen...

23

Yo Rab, menga shu omonatim bergaysen,
Loyiq sharafim — ibodatim bergaysen.
Hissamga tushibdir u jahonu bu jahon,
Har ikkisida farog‘atim bergaysen...

24

Ul subhi visoldin yiroq erdi adam,
Ishqing bila bir go‘shada erdik hamdam.
Kunduzlari, oh, qoshimda hamdam yo‘qdir,
Tunlarda g‘aming hamdan erur menga, ne g‘am...

25

Mendin necha yuz jurmu gunoh ko‘rmishsen,
Lek lutfu karam birla ayab turmishsen,
Sen menga suyuksen, ahli olamga suyuk,
Chin lutfu karam sohibi sen ermishsen...

Jamol Kamol tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.