OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tomas Sterns Eliot (1888-1965)

SUVOTI

Ushbu noma sizda e’lon qilingach, Laodikiy cherkovida ham o‘qilishiga bosh-qosh bo‘ling. (Havoriy Pavelning arboblarga maktubi, IV, 16.)


Balchiq uzra yotar suv oti —
Sag‘rini keng — qora barzangi.
Garchi uning hayvondir zoti,
Lekin o‘xshar ulkan xarsangga.

Tirik tana zaif hamda mo‘rt,
Buzar juda asablar qonni,
Cherkov esa turar mag‘rur, qurch,
Yelkasida tutib osmonni.

Ulkan maxluq axtarib yemish
Kezganida har yon tutakib,
Cherkov turar savlat to‘kib, tinch,
Unga boylik keladi oqib.

Suv otiga qilmaslar sovg‘a
Shirinlikni, bananni lutfan.
Shaftoliyu nokni Cherkovga
Keltirarlar ummon ortidan.

Iliqishgan payti chiqarar
Bu maxluq zab g‘alati nido.
Cherkov bilan yakshanba kunlar
Sassizgina qovushar Xudo.

Kunduz uxlar suv oti, tunda
O’lja uchun chiqar odatda.
Cherkovda-chi — bo‘lak tushuncha:
Yer ham uxlar ayni soatda.

Ko‘rdim o‘zim — maxluq yuksalib,
Savannani tark etib ketdi.
Farishtalar boqtsi tang qolib,
Hayratlari samoga yetdi.

Ochiq jannat darvozalari,
Begunoh qon ila purkalgan.
O’ltirar u valilar aro —
Chiltorlarni berilib chalgan.

Tani erur qordan-da oppoq —
Toza ruhlar o‘pavergandan.
Yerda Cherkov girdini bu choq
Sassiq badbo‘y o‘raydi chandon.


IST KOUKER*

I

Avvalimda erur mening intihom. Betin, paydarpay
Uylar qad ko‘tarar, nurar, kengayar,
Buzib ko‘chirilar yo ta’mirlanar,
Yo ular o‘rnida qolar yalanglik,
Yo tushar fabrika yoki dong‘il yo‘l.
Ko‘hna toshlar — yangi imorat uchun,
yangi gulxan uchun — eski g‘o‘lalar,
Eski gulxan kulga evrilajak,
kul — qatlam tuproqqa,
Tuproq o‘g‘itga evrilar,
evrilar mahluqot, inson suyagi,
makka poyasiga, yaproqlariga.
Uylar yashar, o‘ladi uylar: bor bunyod vaqti,
Yashamoq pallasi,
dunyoga zurriyod bermoq oni bor,
Bor shamol bo‘shashgan derazalarni g‘ichirlatar dam,
Yo‘laklarda yugurar payt cho‘l kalamushi,
G’oyib bo‘lar indamas saf-saf askarlar.
Avvalimda erur mening intihom. Yalang dalaga
Tushgan qiya shu’la yasar xiyobon,
Ikki yoqqa toshib chiqqan shox-shabbalardan
Chekinasan sen ko‘chaning qirg‘og‘i sari
O’tayotgan aravaga yo‘lni bo‘shatib.
Bu xiyobon eltajakdir qishloqqa tomon —
Chaqmoq oldi iliq havo bilan bo‘g‘riqqan.
Kul rang toshlar dim ma’voda tobli yolqinni
Aks ettirmas, o‘zlariga yutar aksincha.
Bo‘m-bo‘sh sukut aro mudrar kartoshkagullar.
Boyqushning ilk ovoziga qadar sabr qil
Va tun quchgan, huvillagan yaydoqdaladan
Borsang bir oz, borsang bir oz yaqinlab agar,
Yoz kechasi og‘ushidan eshitgung ayon,
Mayin mavjli nay sadosin, nogora sasin
Va ko‘rasan — gurros gulxan tevaragida
Juft-juft bo‘lib o‘yin tushar erkak-ayollar,
Har bittasi topib olgan o‘z teng-to‘shini.
Nikoh muhri mujassam bu o‘yin-raqslarda —
Jilva qilar unda teran, go‘zal sir-asror.
Ular ezgu an’anayu udumga ko‘ra
Bir-birining tutmish qo‘li yo bilagidan,
Ahd-paymon bu. Aylanarlar gulxan girdini,
O’t ustidan sakrarlar yo doira qurib
Qishloqicha sipolik-la yo g‘irt jaydari
Muqom bilan to‘pori, zil boshmoqlarini
Ko‘tararlar — tushirarlar.
Boshmoq — zamin, boshmoq — zamin,
Orom yordir mangu orom topib, dalani
Xoki bilan boqib yotgan marhum kaslarga.
Mangu ohang bordir — raqsda, qadim hayot sahnida,
Yil maromi va muzayyan samo bag‘rida,
Sut yangrog‘i, baravj hosil qo‘shiqlarida.
Er va ayol muhabbat-la qovushgan damlar,
Jonvorlarning ilhaqlik-la iliqishida.
Mangu ohang bor — boshmoqlar ham behad zavq ila
Ko‘tarilib tushmagida.
Yemak, ichmak, o‘limda —
Mangu ohang bor.
Tong yirtadi ufqni, yangi kun
Jazirani, sukunatni toblar. Kirg‘oqdan
Ko‘tarilgan yengil epkin dengiz betiga
Ajin tashlar. Men shu yerda va yo u yoqtsa,
Boshqa yoqtsa yoki butkul Avvalimdaman.

_________
* XVIII asrda Amerikaga ko‘chishdan oldin Eliot ajdodlari yashagan Somerset grafligidagi qishloq.

Mirpo'lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.