OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fransisko de Asis Fernandes (1945)

http://ziyouz.com/images/fernandez.jpg

Shoir va madaniyat targ‘ibotchisi Fransisko De Asis Fernandez 1945 yilda Nikaraguada tug‘ilgan. “She’riyat, muhabbat va o‘lim”, “Hayot daraxti”, “San’atkor o‘ylari”,  “Tinmay oqib turar qon”  kabi o‘nga yaqin kitoblarning muallifi. Asarlari bir necha tillarga tarjima qilingan. Frantsisko ko‘plab xalqaro adabiy tashkilotlarning a’zosi va she’riyat bayramlarining faxriy ishtirokchisidir. Ayni paytda u Markaziy Amerikada joylashgan Nikaraguaning Granada shahrida yirik she’riyat anjumanini boshqaradi.


SHOIR ILA KO’ZGU

Bir inson bor mudom ko‘zgumda yashar,
menga boqqan ondan olguvchi bahra,
istarkan go‘yoki o‘z yoshi uchun
injiq va behayo xayolim asrar.
Avvalroq hammasi o‘zgacha edi,
uni o‘zgartirdi vaqt deganlari,
endi u raddiya berar har nega,
yoshlik, go‘zalligi chekindi nari.
Go‘yoki izg‘irin u yashar joyda
yomg‘ir ham boshlagan unda bemalol.
Ko‘zgudagi odam sirli va o‘ychan
so‘zimni qaytarar gung sado misol.
Afsus uning shavqi do‘nmish ajinga
yolg‘izlik va mungdan tekkanday qarg‘ish
terisi bujmayib ketibdi, e voh,
oyoqlar qiyshaygan, ko‘z – chuqur gardish.
Tanbehnamo nigoh etadi ta’qib,
shodligu yolg‘onga sherikmas aslo.
Vujudini chirmab olarkan xayol
eshitmas sozimdan chiqqanda sado.
Kundan kunga o‘xshab borar otamga
unda g‘amga botgan otam chehrasi.  
Ish va kunlarimdan qoniqmaydi ul,
istar ko‘proq bo‘lsa sadoqat sasi 
uyimda va yorqin orzularimda.
Akslardan iborat o‘z dunyosini
solishtirib ko‘rar meniki bilan:
O’lchovi yo‘q dunyom, na quvonch, na g‘am,
na haq va na yolg‘on, na nasr, na she’r,
toshloq va tikanzor aro adashgan
bug‘u bolasiga ko‘p o‘xshaysan der.
Qo‘lin taroq qilib sochin tararkan
O’xshashligimizning ildizin tortib
O’zi chekingani yolg‘iz uzlatning
Zavqini daf’atan buzmoqchi bo‘lgan 
Dunyoviy qiyofam istamas ortiq!

    
MAST DENGIZCHI

Mening ismim o‘zgartuvchi 
qo‘shiqlar va iforlar,
Oshiyonim shahar, 
sinovlaru turmush ikir-chikirlari bor.
Ular meni bo‘ronda mast bo‘lgan 
dengizchiga aylantiradi,
Kemaning burun tomoni va qilich o‘rtasida 
Dengiz nahanglarga to‘ladir
Odissey tatib ko‘rar go‘zal suv parilarin
Hech bir quvlik qilmay va o‘qimay she’r.
   
Ko‘chatxona ila yallalar. Ayollar atiri hamda chechaklar.
Samo ochilarkan bo‘linar dengiz.
Hissiyot va xayolotning shiddati bilan
Isqirtlik, aniqlik, hushyorlik hamda 
tongda uyg‘onishning badbo‘y nasrini 
ortga surgan holda
kimdir she’riyatning og‘zidan 
tuflar olovga.


KOMIL JINOYAT

Jinoyatga moyil,
Ortga tisarilib, o‘tmish qo‘msagan,
Bo‘lib yo bo‘lmagan,
Chidagan boshiga kelsa aza, to‘y,
Suygani neki bor unuta olgan – 
Shu bir yuragimga qo‘llaringni qo‘y.
Qoqilishlarim va xatolarimni
Bir muddat saqlar-u unutar dilim.
Kemirilgan qalbim 
Hayotga yo‘latmay o‘lim shivirin
Suyganim kechaning sharofati-la
Ochadi sirin.
Bir olamda chalgum musiqa,
Birida hech topolmam qo‘nim.
Atirgulim – daydi tutqunim.
Taslim bo‘lish uchun ko‘taraman musht.
Unutilgan minglab orollar
O’limimni etar ifoda,
Hatto g‘oliblikning ilhomi
Yuz o‘girib ketsa ham aslo
Sindirolmas endi irodam.
Yuragimga ishonay qandoq
Unutolsa turmush ranjini,
Yoshlikdagi musiqiy ovoz
Va she’rlarning tiniq avjini?
Ash’or berib hisoblashganim
Umrim o‘tgan qutlug‘ asrni
Qanday qilib unutolar u?
Frantsisko de Asis asli
Ma’nodor bir qush edi ozod,
Goho yursa g‘amginlik ichra,
Goh yurguvchi baxtiyor va shod.
Unutmoq -  bu komil jinoyat,
Lek qulatar umr devorin,
Ham yashirin qushsiz qoldirar
Sehrgarning ajib diyorin.
Unutmoq – bu ayanchli tordir,
Shiringina uyqumni buzgan.
Unutmoq – bu komil jinoyat,
O’zligimni sevgidan uzgan.
Lek  qolgaydir undan o‘chmas iz,
Odamkushni cho‘ktirmoq-chun tiz.

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjima qildi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.