OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jozue Karduchchi (1835-1907)

Jozue Karduchchi (Giosuè Carducci; 1835-1907) — mashhur italyan shoiri, Toskana viloyatida tug‘ilgan. Florentsiyada maktabni bitirgach, Piza universitetining adabiyot fakultetida o‘qidi. 1860-1904 yillarda Boloniya universitetida dars berdi. U 1890 yilda bir umrga senator etib saylangan. O‘n yoshidan she’rlar yozgan shoirning ilk kitobi «Qofiyalar” nomi bilan 1857 yilda bosilgan. “Shaytonga madhiya” to‘plamidagi she’rlar italyan jamiyatidagi eski tushunchali kimsalar va riyokor dindorlarni fosh etgani tufayli muallifga shuhrat keltirdi. “Yamblar va epodiyalar”, “Yangi she’rlar”, “Qasidalar”, “She’riy ohanglar” kabi kitoblari bilan XX asr italyan she’riyatining eng mashhur vakiliga aylandi. 1906 yilda unga Nobel mukofoti berilgan. Asarlari dunyoning bir qator tillariga tarjima qilingan. Merkuriy yulduzidagi bir yonartog‘ uning nomi bilan ataladi.


ESKI DARD

O‘shanda u ma’sum qo‘llaring ila
Tegarkansan anor shoxiga
Birdan qip-qirmizi gullar ochildi

Yashillandi u kun har tomon yana
Tanho daraxtzor ham sururga to‘ldi
Har jon bot jonlandi yoz ne’matidan
Har yonga yoz tortiqlari sochildi

Endi sen qurigan bir daraxtimsan
Qurigan ul og‘ochimning chechagi
Ma’nosiz umrimning so‘nggi tilagi

Sovuq tuproq ichrasan endi
Yolg‘iz qora yerda qorong‘i yerda
Na quyosh sevinchi ko‘rinar senga
Na ishqning qo‘llari
Uyg‘otar seni

BO‘RONDA

Shovullab o‘kirar haybatli dengiz,
Pista po‘chog‘idek kemamiz suzar.
Qaldiroq gumburlar, olamni buzar,
Barcha holdan toygan, dengiz shafqatsiz.

Qirg‘oq qayda deya ko‘zlarim tikib,
Qancha qaramayin, to‘lqinlar to‘sar.
Kemachi umidsiz, ming‘irlab qo‘yar,
Dahshat qorong‘ida qo‘rquvga cho‘kib.

Shunda mag‘rur Dahom ko‘rinar porlab,
Dengiz o‘rtasiga yog‘ilar nurlar,
Gurlab eshitilar botir tovushi:
— Tumanli tomonga suzing! Qo‘rqmangiz!
Oqarib ko‘ringan yoqq tashlang ko‘z,
Unut bir qo‘nalg‘a undadir, shoshing!

Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimalari


SHOIR HUKMI


O Dante, kabir zot, buyuk yurtdoshim,
Mudhish o‘rmon aro xayollarga band
Yurganing mahali — xam qilib boshing,
Chiqdi ro‘parangdan osiylar tirband.

Benazir kuychisi go‘zal sevgining,
Tavallo, faryodga elovsiz mutloq,
Olov nigohlaring nayzasin sanchding,
Samoga qasida bitib beadoq —

Va tutib qo‘ling-la gardanlardan dast,
Qotilu murdorni ayamay alhol,
Uloqtirding zulmat chohlarga badar.

Osiylar gunohi mudom basma-bas
Do‘zax ravog‘idan tutundek burqsar,
Dante boqar unga jannat uzra lol.


VERGILIY

Kun bo‘yi qovrilgan adirlar uzra
Quyadi to‘lin oy muzdek nafasin.
Oqadi yo‘g‘rilib oppoq nur ila
Sarkash tog‘ daryosi, yutgandek sasin.

Farog‘at ichra lol bulbul qaydadir
Mudroq kengliklarni ko‘mar navoga;
Yo‘lovchi ham g‘amni unutib, asir —
Bo‘lar tag‘in ilk ishq — olis ro‘yoga.
Ona ham — hasratdan ko‘zlari ojiz,
Qabrdan samoga olar nigohin,
Sokin yog‘du dilga huzur bebaho;

Kuylar ummon, tog‘lar tun ichra hargiz,
Shamol tebrab o‘tar dov-daraxt shoxin...
Sening she’ring shundoq, ilohiy daho.


ARNO VODIYSIDA

Ko‘nglimga ilk ilhom, zavq-surur solgan
Toskana qirlarin ko‘rolmam endi;
Unda sho‘x irmoqlar yangrardi xurram,
Ularning jarangi men uchun tindi.

Ko‘m-ko‘k adirlarning bag‘rida mozor
Tug‘ishgan akamni quchgandan buyon —
Kechmish xotiralar sukutda giryon,
Ko‘zimdan yosh oqmas bexos shashqator.

Bizni jazb etmadi, o, ne-ne xayol!
Qalblarda yoshlikning sururi tun-qun
Yoqmadi ne-ne xush orzu — istiqlol!

Umrim sarflayman men aqlim peshlash-chun,
U esa yotibdi yerda — navnihol,
Yangi maysalarga ko‘milib butun.

Mirpo'lat Mirzo tarjimalari

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.