OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eduardas Mejelaytis (1919-1997)

http://ziyouz.com/rasmlar/worldlit/eduardas.jpgLitvaning atoqli shoiri Eduardas Mejelaytis ishchi oilasida tug‘ildi. Yoshligidan unda adabiyotga katta havas uyg‘ondi. 1940 yildan boshlab o‘z she’rlari bilan gazeta va jurnallar sahifalarida ko‘rindi. 

1943 yilda shoirning «Lirika» nomli birinchi she’rlar to‘plami bosilib chiqdi. 1944 yilda «Uyqusiz tunlar» dostoni yaratildi. 1946 yilda bosilib chiqqan «Yurtim shamoli» to‘plamiga kirgan she’rlar E. Mejelaytisning katta mahorat agasi ekanligini namoyish qiladi.
E Mejelaytis bir necha yil Litva yozuvchilari soyuzining sekretari vazifasida ishladi. Uning «Inson» she’rlar turkumi ko‘p tillarga, jumladan o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.
U Javaharla’l Neru (1969), Litva xalq shoiri unvonlariga sazovor bo’lgan.


INSON

Yer shariga oyog‘imni mahkam tirab,
Quyosh sharin ushlaganman qo‘llarimda.
Men turibman ikki sharning orasida —
Men ham quyosh hamda yerning insoniman.
Miyam bag‘ri va miyamning qatlamlari
Go‘yo ma’dan konlaridek juda chuqur.
Men qaziyman uni ko‘mir qazigandek,
Eritaman uni temir eritgandek,
Dengizlarda kezayotgan kemalar ham, —
Quruqlikni o‘rab olgan poezdlar ham,
Parrandalar davomati — samolyotlar,
Hamda yashin taraqqiysi — raketalar.
Men bularning barchasini yer shariday
Yum-yumaloq o‘z boshimdan qazib oldim.
Uzida nur, baxtu iqbol taratuvchi,
Uz bag‘ridan insonlarga makon bergan,
Yer yuzida bor narsani jonlantirgan
Shu yumaloq quyosh shari — mening boshim.
Men bo‘lmasam yer nimadir? Jonsizdir u,
U yalpaygan, ajin bosgan bir shar xolos.
Poyoni yo‘q bo‘shliqlarda adasharkan,
Aksin ko‘rib oyda go‘yo ko‘zgusimon
Bildi o‘zin o‘lik, xunuk ekanligin.
Alamidan yaratgandir meni shu yer,
Xafaqonlik minutida etdi taqdim
Yer, quyoshga juda-juda o‘xshab ketgan
Shu yumaloq sharday boshni menga shu yer.
Hamda mening shu kichkina boshim shari
Juda ulkan yer sharidan bo‘ldi afzal.
Yer bo‘ysundi men — insonga, bo‘yin egdi,
Men ham unga bag‘ishladim ko‘rku husn.
Ha, yer meni yaratdi-yu, so‘ngra o‘zim
Yerni yana qayta boshdan etdim bunyod —
Yangi, yaxshi, serlatofat yer bo‘ldiki,
Oldin shunday bo‘lmagandi u hech qachon
Yer shariga oyog‘imni mahkam tirab,
Quyosh sharin ushlaganman qo‘llarimda.
Yer va quyosh orasida ko‘prikman,
Men orqali
quyosh chiqar yer yuziga.
Yer quyoshga ko‘tarildi men orqali,
Olachipor karuselni ko‘rgandirsiz,
Ular shunday aylanurlar atrofimda.
Dunyoda bor kashfiyotlar va asarlar,
Haykallar ham mening qo‘lim ijodidir:
Aylanurlar atrofimda shaharlar ham,
Koshonalar va asfaltli maydonlar ham,
Qatnovchilar gavjum bo‘lgan ko‘priklar ham,
Samolyotlar, laynerlar ham — atrofimda,
Raketalar aylanurlar atrofimda.
Shunday turdim:
juda go‘zal, oqil, qat’iy
Muskullarim bo‘rtib turar, yelkadorman.
Yerdan o‘sib quyoshgache yetar bo‘yim,
Yerdan quyosh tabassumin
tashlagan — men.


YURAK

Yurak nima?
Qattiq toshmi?
Nima ekan?
Po‘sti qizil bir olmaga o‘xsharmi u?
Qobirg‘alar orqasida urib turgan,
Yer shariga o‘xshaguvchi
bir sharmi u?
Har holda ham u hayotiy fazilatni —
Bor xislatni o‘z-o‘zida etibdi jam.
Shuyaing uchun men bilmayman farog‘atni,
Shuning uchun bosh qo‘shaman har ishga ham.
Tong chog‘ida Kaptarlar-la uyg‘onaman,
Yer ustida baxt qo‘shig‘i yurar uchib.
Shunda nurlar qo‘ng‘iroqni tebratarkan,
Yuragim ham oftobdan ketdi cho‘chib.
Ikkisi ham tong chog‘ida beqarordir,
Sig‘dirolmas ko‘kraklarga o‘z baxtlarin.
Qo‘ng‘iroqqa o‘z xonasi go‘yo tordir.
Tolpinadi yuragim ham erklik sari.
Tivglaysizmi urishini?
Tezroq, tezroq!—
May bo‘roni qo‘ng‘iroqni tebratadi.
Baxtdan qalbim yorilishga yetdi shu choq;
Qo‘ng‘iroq xam go‘yo shu dam darz ketadi.
O’z siynamda shodlanmoqda u qo‘ng‘iroq;
Men kuylayman, olqishlayman — o‘zim shodman.
Iliqqina shabbodamas esgan biroq,
Quturmoqda qor bo‘roni, yovuz bo‘ron.
Asrimizga yog‘ar bomba, raketalar,
Asrimizga osoyishlik bermas ular.
Shoir qalbi cho‘chib ketgan daqiqalar,—
Insonlarning qonli qalbi
tez-tez urar.
Qaerdaki qay insonga otsalar o‘q,
Shu on mening yuragimdan
joy olar o‘q.
Unda shuncha o‘q ko‘pdirki,
aytish oson,
Qalbim yerga engashibdi allaqachon.
Qaerdaki interventlar zo‘rlik bilan
Uzgalarning yerlariga
qo‘ysa qadam,
Og‘riqlardan zo‘r portlag‘ich to‘ldirilgan
Minani u — yuragimni
bosar shu dam.
Jahon bo‘ylab oqar giryon daryolari,
Yuragimga
quyiladi
uning bari.
Yuragimga gunohsizlar
qoni to‘lar.
Halok bo‘lgan qurbonlarning
qoni bular.
Shuncha oqqan
inson qoni,
uning bari
Tomirimdan oqib tushar
siynam sari.
Ko‘z yoshiga,
qo‘rg‘oshinga,
qonga to‘lgan
Yer yuzida bor azobni aylagan jam,
Tinchlik bilmas shu beqaror shoir qalbi.
Balki pishib yetilajak chinakam ham
Qip-qizarib turgan o‘sha olma kabi,
Mayli, shoxlar novdalarni sindirsa ham
Tushsin ulkan va jonajon yerga bardam.
Siynamdagi
qafasidan
bo‘lsin ozod.
Qabul etgum har o‘limni xurramu shod.
Va kelgusi baxt kuylari bo‘lmay ado,
Berib tursin istiqboldan aks sado.


KO’ZLAR

Ikki ko‘z
Boqar edi olamga yulduzlarsimon.
Ba’zi kunlar — yarador qushlarday ular.
Titraydi so‘nayotib, bir ramag‘da jon,
U ko‘z qorachig‘iga dardin yashirar...
Ikki ko‘z —
Ochlik azoblaridan non deb qaqshardi,
Kanday bejolanar, javdirar, afsus!
Ikki qizil bayroqqa xuddi o‘xshardi
Usha ikki ko‘z.
G’animlar
Poylab, pisib, g‘azabga to‘lib,
Ko‘zlarga o‘lim xavfin solsalar agar,
Ikki ko‘z —
Go‘yoki ikki o‘q bo‘lib,
Yov qalbiga muqarrar borib qadalar...
Ikki ko‘z —
Ikki ariq dalaga oqadi shu tob,
Endi unda na qon bor va na bor alob,
Bari cho‘kmish tagiga. Shu ikkala ko‘z
Qalin baroq qoshlar ostida kulib,
Oqa boshlaydi xushro‘y ariqcha bo‘lib...
Bulut bosguday bo‘lsa—o‘shanda, afsus, —
Xiralanib, qayg‘uga cho‘mar
ikki ko‘z.
Bulut yomg‘ir yog‘dirib ketadi o‘tib,
Ko‘zlar
yana quyoshdan porlar yarq etib...
Ko‘zlar —
goho g‘amgindir,
goh — quvnoq ular,
O’zgalarni ham maftun etmoqchi bo‘lar...
Ko‘zlar istaydiki, yorqin va ko‘rkam
Yo‘lida g‘ov bo‘lmasin hargiz, hech qachon
Hech qanday yovuz niyat.
Avvalgidan ham
Bo‘lsin yana ham quvnoq,
yana nurafshon,
Inson, osmon, qishloqlar tinch olsin nafas,
Va lekin suvning mavji abadiy emas,.
Allaqanday noma’lum biron soatda
Oqishin to‘xtatadi birdan albatta —
Ikki ko‘z,
ikki chashma,
mening ko‘zlarim.


FIKRLAR

Fikrlarim
qush singari yuksakka uchdi,
Parvozlari tezlashadi yana kunma-kun,
Yulduzlardan o‘tib ketdi, fazoni quchdi.
Yerning tortish qudratin ham yengoldi butu»,
Zulmat davri kelishini bizlar rad etdikg
Unda halok bo‘lur edi she’riyatimiz!
Kreml yulduzlari bilan yana boyitdik
Ham husndor eta oldik
samovotni biz.
Yorug‘ yulduzlarimizga tashlayman nazar,
Uzimiz-ku uchirolgan ularni bardam,
Ag‘darilib tushmas yerga hech qachon ular,
Yana ravshan charaqlaydi ko‘kda dam-badam.
Vaqt hargiz keta olmas
fikrimdan o‘zib,
Kelmagandir bu dunyoga shunday chavandoz!
Ming yillarning etagida mana men o‘zim,
Ha, men o‘zim tik turibman g‘olib, sarafroz!'
Mening fikrim
Tog‘lardan ham o‘toldi omon,
Kengliklarda, erkinlikda
Qurdi oshiyon.
Yulduzlarning orasida — yuksak osmonda
Fikrlarim uya qurdi manguga endi.
G’amga botar, ma’yuslanar ba’zan oshyonda
Sog‘ingandan qanotlari zirqirar edi.
Uzoq yerda bir-biriga hamma qarindosh,
Juda aziz, qimmatlidir kecha o‘tgan kun!
Fikrlarim tushadilar ohista, yuvosh
Paykallarda traktor-la yurmoqlik uchun.
Mana zavod qo‘rasidan uchib o‘tib jim,
Har bir uyning tepasida bir zum ko‘rinar,
Va nihoyat, fikrlarim, mening sevganim,
Ko‘p dilrabo bir ayolning qo‘liga qo‘nar.
Qalin o‘tlar orasida borurlar cho‘kib,
Tumshuqlarin ariqlarda yuvib olurlar,
Va qip-qizil mevalarni birma-bir cho‘qib,
Mevalarni yig‘ishtirib she’rga solurlar.
Kechalari novdalarda oladilar dam,
Tong otganda uchmoq uchun yulduzlar tomon,
Ona yurtda tush ko‘rurlar juda ham ko‘rkam,
Fikr — qushlar dam olurlar bexavf, begumon...
Tongda yana boshlanajak
uzoq sayohat!
Yiroqlarda qo‘shilishib ketadi birdan,
Yulduzlarning jozibasi — mislsiz qudrat
Ko‘p qadimiy yerning tortish qudrati bilan.


OLMA

Yulduzlar samosi ostidadirman, tungi osmon ustimda.
Yulduzlar olmasi jimirlashadi tillasimon ustimda.
Charaqlashar ular hamon ustimda!
Olma daraxtiga — shu koinotga hayrat-la boqdim so‘zsiz,
Nimaga o‘xsharkin planetamiz, shu ajoyib yerimiz?
Qanday tusda ko‘rinadi yerimiz?
Ko‘rsamki kattakon yer kurrasini bir oz tasavvur qilib,
Go‘yo o‘z ustimda yumaloq olma turgandaydir osilib,
Turgandaydir shoxlarida osilib.
Olmaning quyoshga boqqan tomoni ko‘pdan qip-qizil edi.
Boshqa tomoni ham asta-sekin qizara boshlar endi.
Bu yoni ham qizara boshlar endi.
Olmaning etini tajribali qurt zo‘r berib kemirmoqda,
Yemoqchi bo‘ldi-yu mag‘zin ham, biroq—olma turibdi shoxda.
Yo‘q, tushmaydi, tura beradi shoxda...
Bog‘boni oqildir va mirishkordir. Olmaning u yog‘i ham
Yetilib pishadi, pushti rang kirib, qizarib bo‘lar ko‘rkam.
U butunlay qizil bo‘ladi, ko‘rkam.
Yulduzlar samosi ostidadirman, tungi osmon ustimda,
Yulduzlar olmasi yetilmoqdadir tillasimon ustimda.
Sezsamki:
olmalar qizarmoqdadir
endi har on ustimda.

T. Fattoh tarjimalari
 
QO‘NG‘IROQ

Qarag‘aylar arfa toriday go‘yo,
Ular uzra ulkan bir qo‘ng‘iroqday,
Bahoriy osmon ham bermoqda sado.
Dengiz uzra mitti kemalar.
 Tinmay –
Bir chag‘alay suvga to‘sh urar chaqqon.
Ortidan to‘lqinlar quvlashar, kular,
Quyosh shu’lasidan borliq nurafshon...
Olam markazida – tutashgan qo‘llar.
Ko‘z oldimda qasr.
 Xayoliy,
 yiroq,
O‘ylarim uchadi
 samoni tilib.
Yurak talpinadi negadir chanqoq,
Qushlar parvoziga
intilib...
O, tasavvur!
 Senda kenglik va parvoz,
Ayni tush...
 Baliqlar suzar bemalol.
Oltinrang qirg‘oqlar...
 Qahrabo dengiz...
To‘rlar qismat kabi
 sirli va chigal...
Moviyrang bahoriy osmonda bu dam
Shafaq yoqayotir qip-qizil gulxan.
Jaranglaydi samo
 bir qo‘ng‘iroqday:
Mehnat bilan,
 mehnat bilan,
 mehnat bilan!
Olamga jar solar qo‘ng‘iroq shosha,
Jarangida bordir ajib bir hikmat:
Bu “ulkan qo‘shiq”da
 “odamlar nota”,
Ular birlashadi
mehnat-la faqat!
Zamin uzra sado berar qo‘ng‘iroq,
Navodan tinglaymiz sadosini biz.
Uyg‘otar u ijod, ishga ehtiyoj
Qo‘shiqqa aylanar
 bor vujudimiz.

 Rus tilidan Nosir Muhammad tarjimasi
 
INSON

Yer shariga oyog‘imni tirab mag‘rur,
Ushlaganman qo‘llarimda quyosh sharin.
Yuksalganmen ikki sharning o‘rtasida —
Yer va quyosh menikidir.

Miyam bag‘ri, miyamning qatlamlari
Tubsiz, ma’dan konlariday.
Men ulardan qazib olgum ko‘mir kabi,
Men ularni toblagayman temir kabi,
Dengizlarda egat ochgan kemalarni,
Poezdlarni — yer beliga kamar bo‘lgan,
Samolyotlar — uchqur qushlar zurriyotin,
Raketalar — chaqmoqlarning yo‘ldoshlarin.
Ha, men ular hammasini qildim bunyod,
Yer shariga g‘oyat o‘xshash shu boshimda.

Mening boshim quyoshga ham juda monand,
Bu olamga baxt ulashgay — nur taratgay,
Zamin uzra neki mavjud — bag‘ishlar ruh,
Yer yuziga odamlarni joylagan u.

Yer nimadir men bo‘lmasam! Jonsiz tana,
Yassi yalpoq, o‘ydim-chuqur oddiy bir shar...
Asli men yer alamidan yaralganman.
Bu yer o‘sha-o‘sha g‘amnok damlarida
Kuyosh va yer sharlaridek quyib qo‘ygan
Shardek boshni hadya etdi mana menga.
Mening o‘sha shar singari kichik boshim
Bu kattakon yer sharidan bo‘ldi ustun.

Buysundi yer menga, men ham
Ko‘rku chiroy baxsh etdim unga.
Jonim bunyod qilgan bu yerni,
Men ham qildim qaytadan bunyod.
Toza bo‘y ufurgan, suyumli — bunday
Bo‘lmagandi zamin hech qachon!

Oyog‘imni yer shariga tirab mag‘rur,
Ko‘targanman qo‘llarimda quyosh sharin.
Ko‘prikdirman quyosh va yer orasida.
Men orqali quyosh chiqar zamin uzra,
Zamin esa ko‘tarilar quyosh sari
Aylanadi atrofimda shaharlaru
Ulkan-ulkan inshootlar,
Asfaltli, keng maydonlar,
Mashina va odamlarga
To‘lib oqqan ko‘priklar.
Sayyoralar, kemalar — aylanadi...

Men turibman:
Oqil, qat’iy,
Alpqomat,
Yuksalganman yerdan quyoshga qadar,
Yerga quyosh tabassumin
Sochadirman mo‘l.
Mag‘rib, mashriq,
Shimol, janub — bahramand birdek.
Men turibman:
Men — Insonman!

Azim Suyun tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.