OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Iogann Volfgang Gyote (1749-1832)

Yoxann Volfgang Gyote (1749.28.8, Frankfurtmayn — 1832.22.3, Veymar) — nemis yozuvchisi va mutafakkiri. Yangi davr nemis adabiyotining asoschisi. Ijodi 18-asrning 70—80-yillari Germaniyada mavjud bo‘lgan «Bo‘ron va hujum» adabiy harakatida ishtirok etishdan boshlangan. Shu davrda Gyote «Gets fon Berlixingen» (1773), «Prometey» (1773) kabi dramalar va lirik she’rlar yaratdi. Gyote adabiy faoliyatining ilk davriga mansub «Yosh Verterning iztiroblari» (1774) romani o‘sha davr nemis adabiyotida katta voqea bo‘ldi. Asarda ilg‘or nemis yoshlar avlodining ijtimoiy fojiasi o‘z aksini topgan. 1786—88 yillarda Gyote Italiyaga safar qiladi. Shu davrda u «Ifigeniya Tavridda» (1779— 81), «Egmont» (1788), «Torkvato Tasso» (1780—89) kabi dramalar yozadi. «She’riyat va haqiqat» avtobiografik kitobi (1811—33), «Vilxelm Maysterning o‘qish yillari» (1793—96), «Vilxelm Maysterning darbadarlik yillari» (1821—29) romanlarida inson bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabat masalasi aks etgan.
Gyote Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, adabiyotini chuqur o‘rganadi, Firdavsiy, Farididdin Attor, Rumiy, Nizomiy, Sa’diy, Hofiz, Jomiy kabi shoirlar ijodi bilan tanishadi. Bu paytda Ibn Sino, Ulug‘bek, Alisher Navoiy ijodlaridan namunalar nemis tiliga tarjima qilingan edi. Gyote «Mag‘ribu mashriq devoni»ni (1814—19) Sharq she’riyatidan ilhomlanib yozgan. Devon «Mug‘anniynoma», «Hofiznoma», «Ishqnoma», «Tafriqnoma», «Ranjnoma», «Hikmatnoma», «Zulayxonoma», «Temurnoma», «Soqiynoma», «Matalnoma», «Forsiynoma», «Xuldnoma» kabi 12 bo‘limdan iborat. Devonda «bulbul»,   «hur», «fatvo», «mug‘anniy», «mufti», «tilsim», «mirzo», «darvesh» kabi so‘zlarni asliyatda qo‘llaydi. Gyotening «Faust» fojiasi (1768—1832) jahon adabiyotidagi shoh asarlardan hisoblanadi. Bu asar Gyotening butun ijodiy faoliyati davomidagi izlanishlarining samarasi bo‘ldi.
Gyote falsafa, huquqshunoslik, botanika, geologiya, geodeziya sohalariga oid asarlar ham yaratgan.
Gyote she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish 20-asrning yigirmanchi yillaridan boshlangan (Cho‘lpon, Oybek, Shayxzoda va b.). Keyinchalik Gyotening «Faust» (Erkin Vohidov tarjimasi, 1972—75), «Mag‘ribu mashriq devoni» (S. Salim Buxoriy tarjimasi, 1985—90), «Yosh Verterning iztiroblari» (Ya. Egamova tarjimasi, 1975) kabi asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan.
Gyote ijodi haqida o‘zbek adabiyotshunos va tanqidchilari (V. Zohidov, I. G‘afurov, O. Olloberganov, Ya. Egamova, Poshali Usmon o‘g‘li va b.) adabiy-tanqidiy makrlalar yozishgan. Germaniyaning ma’rifiy-madaniy tadqiqotlar olib boruvchi nufuzli markazi Gyote nomi bilan ataladi. Gyote institutining filiallari jahonning 78 mamlakatida, shu jumladan Toshkentda ham faoliyat ko‘rsatmoqda (1998 yildan).

 

GYOTENING “G’ARBU SHARQ”IDAN

Isoning yuragi sof edi,
Bir derdi olamning ilohi.
O’zini iloh deb bilsalar
Kuyinib ketardi u gohi.

Bu zamon – Muhammad singari
Ziyoga chulg’anish zamoni.
Alloh bir, tanho! – deb, oxiri
Imon-la fath etdi dunyoni.

***

Nodon har hodisani o’zicha sharhlashga shay,
Har hodisa sababin bilgum, degan avom-da!
Allohga itoatdur islom degan so’z asli,
Islomda yashab hamma, o’lajakmiz islomda.

JAMIYAT

Katta bir majlisdan katta bir olim
Turdi-da, uyiga jo‘nab ketdi jim.
«Yoqdimi?» — dedilar, u berdi javob: 
«Ular kitob bo‘lsa o‘qimas edim».

***

Sabrsizlik qilgan xarob bo‘ladi,
Pushaymonlig‘ undan ham battar.
Biridan gunohing yanada ortar,
Biri yangisiga sabab bo‘ladi.

***

«Ne qilding, ishlaring bu qadar ulkan?
Derlarki, sen yaxshi inson ekansan!»
Avlodlar! Men oqil harakat qildim,
O‘ylamay bosmadim bironta odim.

***

Parchala, hukm sur! Qanday beorlik!
Birlashtir, yetakla! Eng go‘zal boylik!

***

O‘zi aytganiga kim qilsa amal,
Yetakchilik — unda ko‘rinar go‘zal.

***

Har kim eshik oldin supursa o‘zi,
Toza bo‘lar butun tumanning yuzi.
Har kim o‘z burchini ado etsa soz,
Hammaning ishi ham bitadi a’lo.

***

Bekorga sen izlama shifo!
Dardimizning eng og‘ir siri
Hovliqmalik, befarqlik aro
Turibdi-ku qachondan beri.

***

Eng yaxshi bir sirni berayin sizga: 
Dastavval qaranglar o‘z oynangizga!

***
Yomonlarni ayblamangiz, etmang halak,
Yaxshilardan olib yursin yaxshi o‘rnak.
Ammo kimdan asranishni yaxshilar ham
Bilishi shart, chuqur o‘ylab bossin qadam.

***

Tinch, shovqinsiz qilaver mehnat,
Mayli, ergashmagin kimgadir.
Lekin ko‘rmoq istasang hurmat,
O‘zgani ham qilgin-da qadr.

***

Xohi sevu, xohi hazar qil,
Birovlarga yetkazma ozor.
Boshqalarga tekkizmasang til,
Bilki, elda sening o‘rning bor. 

***

Mening merosim komil, naqadar keng, omondir,
Mening mol-mulkim zamon, mening dalam zamondir. 

***

O‘zgani tanigan, o‘ziga qarab,
Bu yerda ham bir yakunga kelmasa bo‘lmas.
Sharq ila G‘arb
Endi bir-biridan ayrilmas.

Ikki dunyo oralig‘ida
Kerak deyman o‘ylab qadam bosishimiz.
Ya’ni Sharqu G‘arb orasida
Yaxshi bo‘lmog‘i shart har bir ishimiz. 

***

She’r yozishni istasang
She’r yurtida yashab qol.
Shoirni bilmoq bo‘lsang
Shoirning yurtiga bor.

Miraziz A’ZAM tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.