OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mario Virts (1956)

Mario Virts (Mario Wirz) 1956 yilda Marburg shahrida tug‘ilgan. Mario ko‘proq tabiat go‘zalliklarini, mitti jonivorlar hayotini she’rda aks ettiradi, bu shoirning sevimli uslubidir. M. Virtsning «Haftada yetti hayot bor» (2003),”Oyparast” (2003), «Bo‘ron arafasidagi sukunat» ( 2006) singari she’riy kitoblari adabiy jamoatchilik tarafidan iliq qarshilangan. Shuningdek, uning 10 dan ortiq nasriy kitoblari nashr etilgan.Mario Virts 2013 yil 30 may kuni vafot etgan.


UYQU

Uyqudagi kishi qayig‘i
Tushga kirgan og‘ochdan yasalgan,
Shu bois tungi bo‘ronda
Chirpirak bo‘lib cho‘kib ketdi-ku.
Dodu fig‘on ham
To‘lqin ustida
Uzoq saqlay olmadi qayiqni.
To dengiz
Shahd ila
Uyqudagi kishi yuragiga
Borib quyilmaganiga qadar.

OYPARAST

Tushimda soyalarim uzra
Tez va chaqqon sakrab o‘taman.
Javob qaytaraman mudroqlar nidosiga,
Tunnel oxirida to‘xtab,
Parolni shivirlab aytaman.
Tushimda oy nurida shalabbo bo‘lib,
Duch kelganni o‘zim bilan olib ketaman.
Dast sug‘urib olaman yuragimni,
Shunda shahardagi barcha soatlarni
Zarrin chang qoplagan bo‘ladi.

MUJDA

Unutganlarimning barchasi
Qaytib kelar yana
Yorug‘ iz solarak
Tun xotirasiga.
Ularning nomi yangrar
Ovloqdagi kulbamda.
Bedor kimsaga daxldor
Hukm kabi xotirot.
Ko‘lankalarning saslari
Qarzga olingan Vaqtning
Daqiqalarin sanab bitkarar.
Olov va otash aro,
Izsiz yo‘qolgan yoz va qish
Bularga ilova tarzida
Chinqirayotgan zim-ziyoliklar aro
Mag‘zini chaqadi mujdaning
Va berilib tinglar
Tashna yurak ovozlarini.

OILA

Barcha hayron
Bu yil qaldirg‘ochlar
Ucha solib sochlarimga in qurganiga.
Ehtiyotkorlik ila asta nafas olaman –
Chunki qo‘ltig‘im ostida to‘r to‘qimoqda
O‘rgimchaklar.
Chap yelkam uzra tin olib turar
Qanotlari sariq mitti kapalak.
Xalal bermaslik lozim bularga!
Yangi oilamdan hamma hayratda,
Baxtimdan ozuqa olmoqda, qarang:
Asalarilar
Va ularning qirolichasi.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.