OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Xazri (1924-2007)

Ozarbayjon xalq shoiri Boboev Nabi Aliakbar o‘g‘li (Nabi Xazri) Boku yaqinidagi Xirdalan qishlog‘ida 1924 yil 10 dekabrda tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirgach, Ozarbayjon Davlat universitetiga qabul qilingan.
Ozarbayjon radio qo‘mitasida diktor, "Vatan yo‘lida", "Adabiyot va inja san’at" gazetalarida adabiy xodim, Yozuvchilar uyushmasi kotibi, Ozarbayjon Davlat teleradio qo‘mitasi raisi, Madaniyat vaziri o‘rinbosari, Chet mamlakatlar bilan do‘stlik jamiyatining raisi, "Ozarbayjon dunyosi" baynalmilal aloqalar markazining prezidenti bo‘lib ishlagan.
Asarlari ko‘pgina xorijiy tillarga tarjima etilib, chop qilingan. 34 dan ortiq kitobi nashr etilgan.


O‘ZGA SOHILLARNING AYNI TO‘LQINI

Umrning har yili
Bir ummon dedim.
Nega ayurdilar bu yillar bizni?
Sen shoshilsang,
Men ham kechikmasaydim,
Balki ayirmasdilar sohillar bizni.
Yaqin bir sevgining bu olis uni
Yurakka chaqmoqdek o‘t qo‘yib o‘tar.
O‘zga sohillarning ayni to‘lqini
Qalbimizni ezib va o‘yib o‘tar.

Kecha shirin-shirin
Sayr etar oy seni, kahkashon seni.
Men sahar yeliga: "Jim!" deganimda,
Kimdir uyg‘otadi begumon seni.

Qo‘shaloq o‘tasiz...
Yaqin kelmayman.
Men yo‘qman...Yoningda u tayyor har dam,
Ko‘zimni ko‘garib qaray olmayman,
U esa, istasa ko‘tarar qo‘l ham.

O‘tasan, qush bo‘lib — qanot bog‘layman,
Ammo, yuksalmoqqa
Ufq tor, yetmas.
Seni malaklarga malak chog‘layman,
U bo‘lsa,
Qonuniy xotin sanar, bas!
Ko‘z solarman hayron har ko‘rgan uzoq,
Yo tinar yer bilan samoda birga?
Birga tepishmagan yuraklar, qandoq,
Ko‘raylik, yo‘l yurar dunyoda birga?

Kechikmish orzular oshib-toshganda,
Qarayman,
Ko‘nglimdan ol qonlar oqar...
Qonunsiz bir nikoh qonunlashganda,
Qonuniy muhabbat
Chekkadan boqar...

Mirtemir tarjimasi


SOKIN SATRLAR

Insonlar sevilar,
Sevar dunyoda,
Umidlar umr-chun
mag‘rur qanotdir.
Sevgi garchi kichik
qalbga sig‘sa-da,
Cheksizligi uning
Bir koinotdir.
Uning ufqlari
Bilmagay poyon,
Uning orzulari
ko‘ngil boridir.
Dilbar, nurga to‘la
ko‘zlaring, inon
Ushbu koinotning
Yulduzlaridir.
Yurak-la bog‘langan
So‘qmoqda, izda,
Xayollar girdobga
oladi yolg‘iz,
Har toza tuyg‘uni
O‘z qalbimizda
Yangi sayyoraday kashf
eturmiz biz.
Intilib umid-la
Yo‘l ocha-ocha,
Ko‘zlaymiz eng nurli
Sabohimizni.
Dunyoning muhabbat saroyida to,
Tole o‘zi o‘qir nikohimizni...
Olar og‘ushiga
Bahor-yoz meni,
Sening ishqing qalbni
qanotlantirar.
Tropik issiq ham yondirmas meni,
Sovuq loqaydliging
Goho yondirar.
Orzumiz tug‘ilar
Oydin saharda,
Tug‘yonlari uning daryocha
bo‘lar.
Bizning visolimiz
daqiqalaru
Hijronimiz esa
Dunyocha bo‘lar.
Sen quyosh,
Men esa boshi qorli tog‘.
Sensiz aylanurman jonsiz bir muzga.
Garchi biz bir-birdan
Bo‘lsak ham yiroq,
Begona emasmiz biz bir-birimizga.
Ko‘rishdik,
to‘lqinlar qo‘zg‘oldi birdan...
Tinglading,
Mehr-la men ham boqdim jim.
Dedimki, baxtliman,
Chunki sen bilan,
Yagona ko‘chadan tashlayman
odim.
Yil o‘tdi,
To‘lqinlar qo‘zg‘oldi
tag‘in...
Sensiz o‘tgan har kun
Yildir men uchun.
Deymanki baxtliman,
Chunki sen bilan
Bitta shahar ichra
yashayman bugun.
Yil o‘tar,
To‘lqinlar qo‘zg‘olar
sho‘x-sha’n...
Ishqing meni etar manguga asir.
Deymanki baxtliman,
Chunki sen bilan
Yagona zaminda tug‘ildim axir.

Nosir Muhammad tarjimasi


QOYA USTIDA EMAN

Tog‘ boshida viqor-la turibdi eman,
Yorib chiqibdi-ya, qoya toshini.
Poyidan arimas erta-kech tuman,
Ko‘kda bulutlarga urar boshini.

Uning urug‘ini qaysidir bir kun
Burgut olib kelib bu yerga "ekkan".
U hayot oshig‘i, hayotga maftun,
Toshlar ichra qancha yotibdi ekan?

Faqat tabiatga yoz kelganda, u
Uyg‘ongan uyqudan tog‘lar-la birga.
Jarlikdan yuksalgan tosh makonda u
O‘sibdi qoyada bahor-la birga.

Mayli borib uni yaqindan ko‘ray,
Guvohi necha yoz va necha qishdir.
Hikmatdir: shu mitti bir urug‘ hay-hay,
Buyuk bir qoyani parchalamishdir!

O‘sgan muhabbat-la, quyoshga qarab,
Boshidan hech qachon arimagan nur.
Qutirsa-da, shamol, bo‘ron yovsirab,
Qoyada ulg‘ayib qilmokda huzur.

Bugun gullab turar tip-tik qoyada
Uning tog‘ yuragi, uning tog‘ ishqi.
Ne bilan mezonni topgan dunyoda,
Hayotga muhabbat — yashamoq ishqi?!


GUVOH

Ular uchrashdilar... Oydin tun edi,
Yigit shivirladi: "Sevaman", dedi.
— Ahdidan qaytganning ko‘zi o‘yilsin!
— Mayli, sevgimizga oy guvoh bo‘lsin...

Ular ajrashdilar... Oydin tun edi.
Yigit boshqasiga: "sevaman”, dedi.
Oy bulut ortiga asta berkindi,
Qo‘rqdi yana guvoh bo‘lishdan endi.


VATAN VA G‘URBAT

Ko‘ngil ayrilmaydi o‘z bahoridan,
Ilhom bahoridan, so‘z bahoridan.
Shubhasiz vatanning bitta qish kuni
Yaxshidir g‘urbatning yuz bahoridan.

Fayzi Shohismoil tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.