OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Jamil (1954)

Shoir, adabiyotshunos, tarjimon, falsafa fanlari doktori Jamilov Odil Savalano‘g‘li (Odil Jamil) 1954 yil 8 oktyabrda Kalbajar tumanining Qilsyali qishlog‘ida tug‘ilgan. 1977 yilda Boku Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Ommaviy axborot vositalarida rahbar lavozimlarida ishlagan. 2002 yildan buyon "Adabiyot gazetasi"da bo‘lim mudiri bo‘lib ishlab kelmoqda. 1980 yilda birinchi she’riy to‘plami nashr etilgan. She’rlari Rossiya, Turkiya, Eron va O‘rta Osiyo mamlakatlarida nashr etilgan.
"So‘zlamoq istayman", "Tushida kulgan qiz", "Qdlbim hayqirig‘i", "Tangri menga yor bo‘lganda" kabi bir nechta she’riy to‘plamlari, shuningdek monografiyalari chop etilgan. Odil Jamil o‘zbek, qirg‘iz, rus she’riyati namunalarini, jumladan, "Manas" dostonini Ozarbayjonchaga tarjima qilgan. Turli adabiy mukofotlarga loyiq ko‘rilgan. Odil Jamil Ozarbayjon Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosidir.


AVTOPORTRET

Tangrim o‘zi ruxsat berdi
Bir kuni tug‘ilmoqqa.
Pokiza yurak-la boshladim,
Boshdan katta bo‘lmoqqa.

O‘savergach, kuydi yuragim,
Otash ichra kechdi hayotim.
Har narsaga yetgan kuchim,
Yetmadi nodon bo‘lmoqqa.

Tilga kirib yurak dedi:
Shu ham yashash bo‘ldimi?
Odamlardan qochib endi
Ketaman odam bo‘lmoqqa.


BIR KUN QIYOMAT BOR

Yer yuzida yer qolmagan
O‘lganlarni ko‘mmoqqa.
Zulm qilmoqqa hozir inson
Jon koyitmas rahm qilmoqqa.

Gadolar, millionerlar...
Dunyoning sinoatiga boq.
Eski qirriq, muttahamning
Endi olgan nomiga boq.

Yerda yurishni eplamagan
Qanot qoqib ko‘qda uchar.
Ko‘p ko‘rdik bundaylarni
Oriq kelib, semiz ketar.

"Musulmonman" degan kasning
Na imoni, na dini bor.
O‘ylagan yo‘q bu dunyoning
Qachondir qiyomat kuni bor.


VATAN MENGA G‘URBAT BO‘LDI

Ko‘hna dunyo to‘lib ketgan ertakka,
Ertaklarga ishonmagan erkakdir.
Yurtim yondi, xonumonim to‘kildi.
Zahar menga sharbat bo‘ldi, ichaymi?

Ot minganlar otlaridan tushibdi.
Til hurmat, og‘iz doddan tushibdi.
San’at, so‘z degan nazardan tushibdi
Umrim bo‘ldi barbod, endi o‘laymi?

Qalloblaru, poraxo‘rning keti yo‘q,
Soxtakoru, muttahamning cheki yo‘q...
Odam ko‘rdim, odamlikdan asar yo‘q,
Vatan menga g‘urbat bo‘ldi, ko‘chaymi?

Boboxon Sharif tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.