OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulviy Yusuf o‘g‘li Bunyodzoda (1969-1990)

1969 yil 23 sentyabrda tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1987 yilda Ozarbayjon Xorijiy tillar institutining ingliz tili fakultetiga o‘qishga kirgan. U 1990 yil 20 yanvar tunida — Ozarbayjondagi milliy ozodlik harakatini bostarish uchun kirgan sobiq Sovet armiyasiga norozilik bildirib ko‘chaga chiqqan insonlar safida halok bo‘lgan.
Ulviy Bunyodzodadan 200 dan oshiq she’r, bir poema, bir qissa, bir necha hikoya, uch pesa, ko‘plab maqolalar, ingliz tilidan qilingan tarjimalar meros bo‘lib qoldi.

* * *

Men yonganim o‘tda bir kun
Sen ham tushasan, yonasan.
Aylanib bir oq kaptarga,
Kelib yelkamga qo‘nasan.

Yoshlik edi boshda tojim,
Endi oppoq bo‘ldi sochim.
Sen, ey, ko‘zlari qiyg‘ochim,
Qo‘limga qo‘ygan xinosan.

Dedim: "Gulim, ketma zinhor,
Baxtim, yotma, bo‘lgin bador,
Budunyodan ketishim bor",
Nega sen yig‘lab yonasan?

Bu savdoda jo‘shdi qonim,
Yurakda qaynar armonim.
Sen o‘zgaga emas, jonim,
Bir Ulviyga jononasan.


XOTIRALAR

Shabi hijron yetgan sari
Qochib bo‘zlar xotiralar.
Visol umri bitgan sari
Yaxlab-muzlar xotiralar.

Umrning go‘zal onidan,
Hayotning qiylu qolidan,
Yorning hajru visolidan
Nel ar so‘zlar xotiralar.

Qaytar xayol ilk yillarga,
Ilhom berar ko‘ngillarga.
Uzun-uzun bu yo‘llarga
Solur izlar xotiralar.


CHEKAR

Titragan dudog‘ing she’rlar istaydi,
Tamannongga boqib oy hasad chekar.
Ko‘zlaringdan hasad chekadi yulduz,
Qoshlaringga boqib yoy hasad chekar.

Ginali ko‘zlaring shundoq boqurkim...
Seni o‘ksitganni andoq yoqurkim...
Sochlaring yelkangda tel-tel oqurkim...
Shalolalar qurib, soy hasad chekar.

Qalbimda bir go‘zal she’rlar paydokim —
Aytay, yuraklaring gul ochsin tokim.
Sen o‘zing shundoq bir she’ri tanhokim,
Shoirlar holiga voy, hasad chekar.

Usmon Qo‘chqor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.