OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Voqif Bayotli O‘dar (1949)

Jabroilzoda Voqif Isib o‘g‘li (Voqif Bayotli O‘dar) 1949 yilda Jabroyil tumanining Buyuk Marjonli qishlog‘ida tug‘ilgan. Ozarbayjon Inshoot muhandislari institutida tahsil olgan. 1980 yilgacha Bokuda o‘z ixtisosi bo‘yicha, ya’ni muhandis bo‘lib ishladi. Keyin matbuot sohasiga ishga o‘tdi.
"Yulduz" jurnalida bo‘lim mudiri (1981 — 1990), "Hazar" almanaxining Bosh muharriri bo‘ldi (1989— 1992). Ozarbayjon teleradiokompaniyasining chet ellarga eshitgirishlar studiyasining direktori vazifasida ishladi (1992). Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining boshqaruv hay’atiga saylanib, yoshlar bilan ishlash sohasiga rahbarlik qildi (1991).
Uning she’riy asarlari Kutaisida she’riyat festivalida Vladimir Mayakovskiy mukofotiga, Ozarbayjon Matbuot fondining Mirza Jalil mukofotiga loyiq ko‘rilgan (1993). "Tanho yulduz ostida" (1982), "Unutilajak butun savdolar" (1986) "Seni savmak ozdir" (1990), "Eng kulgili o‘lik", "Yum-yumaloq bir ishq ila" kabi kitoblarning muallifidir.


BU JONIM YER YUZIDA

Bu jonim yer yuzida,
Ajin-ajin yuzlari-la,
To‘rli-to‘rli ko‘zlari-la,
Oq-oq tolalari-la
Mashina yo‘llarida
Buvilar yetim.

Bu jonim yer yuzida,
Oh, yana kimlar yetim?
Asrdan bosh olib ketgan,
Bir tiklanib, birda botgan
O‘tmishidan ham uzilgan
Bokusiz Tabriz yetim.

Bu jonim yer yuzida,
Eh, yana kimlar yetim?
Oriq siynalari-la,
Qiyshiq oyoqlari-la,
Paxmoq
Betaroq sochlari-la
Shahar-shahar qishloq qizlari yetim.

Bu jonim yer yuzida,
Voh, yana kimlar yetim?
Qora tuflisi bilan,
Oppoq libosi bilan,
Porloq bo‘yinbog‘i-la,
Binafsha tarog‘i-la
Sevgan qizin qaytargan
Jabroilning o‘g‘li yetim.

Onam ham yer yuzida,
Jonim ham yer yuzida,
Voh, yana kimlar yetim?


HAR KIM SEVGANIGA YETMAS DUNYODA

Har ishqning ham so‘ngi baxt bo‘la olmas,
Har kim sevganiga yetmas dunyoda,
Soylar axtargani dengizga oqmas,
Bulutlar suzgani tuproqqa yog‘mas,
Shamollar kezgani yaproqqa esmas.
Har kimga bir xil baxt kelavermaydi
G‘aribning kimsasi bo‘lmas yonida.
Karamni visolga bir tugma qo‘ymas.
Har kas sevganiga yetmas dunyoda.

O‘limlar ham adashar sevgilar kabi,
Har kas o‘z ahdiga yetmas dunyoda.
Har narsaning so‘ngi yarimcha qolur,
Daraxt o‘limi-la o‘lar insonlar,
Inson o‘limi-la o‘lar daraxtlar.
Faqat, faqatgina...
Yulduz o‘limi-la o‘lmas insonlar,
Har kasning yulduzi aldaydi uni.

Hamma qaraydigan bir qora tom bor,
Har sahar yangitdan so‘nib qarama.
Oldin yulduz bor edi,
Yulduz bo‘lar so‘ng ham.
Har kas sevganiga yetmas dunyoda,
Har sevgining so‘ngi baxt bo‘lavermas.


SAS

Meni bir go‘zal sas aldaydi faqat,
Menga bir sarxush sas anglatar faqat,
Bu dunyoda anglashilmas har nimaki bor.
Qani bir qo‘shiq ayt, kuyla, go‘zalim,
To‘xtasin daryolar, ochilsin devor.

Alda, anglat menga yoniq sasing-la,
Bu dunyoda anglashilmas har nimaki bor.
Talaba kabiman yana, go‘zalim,
Cho‘ntagimda faqat tanga, chaqam bor.

G‘am chekma, har holda bu qorli kunda
Senga bir dasta gul olmoqqa yetar.
Menday bir odamni tiz cho‘ktirishga
Na Go‘ro‘g‘li kerak, na-da payg‘ambar.

Ey sevikli go‘zal, g‘amgin bir qo‘shiq
Bir og‘iz jumlangning o‘zi kifoya:
"Voqif Jabroilzoda, qo‘lingni ko‘tar!"

Miraziz A’zam tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.