OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Voqif Samad o‘g‘li (1939)

http://ziyouz.com/images/poets/voqif_samad.jpgOzarbayjon xalq shoiri Voqif Samad o‘g‘li 1939 yilda Boku shahrida tug‘ilgan. Taniqli Ozarbayjon shoiri Samad Vurg‘unning o‘g‘li. Moskva konservatoriyasida tahsil olgan. 1961— 1971 yillarda Ozarbayjon davlat konservatoriyasida fortapiano fanidan dars bergan, so‘ng Ozarbayjon Entsiklopediyasida bo‘lim mudiri, "Ozarbayjonfilm" kinostudiyasida mudir, 1992 yildan "O‘g‘iz eli" Bosh muharriri. U taniqli shoir, dramaturg, publitsist. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1970).

* * *

Mozorimga
na qabr toshi qo’ying,
na haykal.
Bir juft poyafzal qo’ying
oyoqyalang
kiyib ketsin…

MAMONT

Yirik,
Moviy mamont edim
Yer yuzining Muz davrida.
U vaqt
Na Go’ro’g’li bor edi,
Na Meri Pikford,
Na Lombaranskiy,
Na Hehrix Ford.
U vaqt o’ng yo’q edi,
So’l yo’q edi.
Svetaforli yo’l yo’q edi.
Muz…
Dengiz…
Yana muz…
Sovuq edi.
Yirik,
Moviy Mamont edim.
Endi…Fortepiano muallimiman.

* * *

Men o’lgan kun
Bir shamol esajak
Ko’chalarda
Va hilpirar
Ipda osilib qurigan
bir sariq chechakli go’dak ko’ylagi,
Motam bayrog’idek hilpirar
Go’dak ko’ylagi
men o’lgan kun.

* * *

Nelar qilmadi Inson
Bir xotin uchun:
Xalqlar,tillar,
Qabilalar,o’lkalar,
Sarhadlar oshib
Muxoribani qo’ydi
Ularning mudofaasiga.
Bu bir xotin uchun
Ketgan urushda yutganimiz –
She’r
Va yana
Musiqa bo’ldi.

* * *

Maktub yozsang,
na bu yerga yoz,na boqqa.
Do’ldan so’ngra tog’ o’tlarining
atriga to’lmish
bir uyquning ichidaman,
uyqumga yoz
maktub yozsang.

* * *

Yer yuzida agar bir xotin bor bo’lsa
muhabbar bor yer yuzida.
Yer yuzida bir go’dak bor bo’lsa –
avlod bor yer yuzida.
Yer yuzida
bir daraxt bor bo’lsa –
ko’lka bor yer yuzida.
Yer yuzida
agar bir parcha yer bo’lsa -
Vatan bor yer yuzida.

* * *

Bir go’zal ayolning
Yonidan o’tdim.
To’xtamadim.
Bir go’zal nag’ma aytardi,
To’xtamadim.
Bir go’zal dunyoning
Ichidan ketardim.
To’xtamadim…

* * *

Qushlar soat-la emas,
Soat-la emas, nur-la boshlashar sayrashni.
Yozda tez, qishda kech.
Shoirlar soat-la emas,
Dard-la boshlashar sayrashni
Yozda ham, qishda ham.
Yurak soat-la ham,
Nur-la ham, dard-la ham sayrar.
Sayrar nurda ham
Qorong‘ulikda ham.
Yozda, qishda.
Yozda qish bo‘lganda ham ,
Qishda yoz bo‘lganda ham.

Rauf Parfi tarjimalari

* * *

Endi arzdan,endi doddan
Bosh olib qochmoq vaqtidir.
Ochilmagan eshiklarin
Keng qilib ochmoq vaqtidir.

Endi har sas,har bir kuydan
Sukutga ketmoq vaqtidir,
Millat,davlat zirvasidan
Insonga yetmoq vaqtidir.

Na duo-yu,na-da qargiish,
Na nazir demak vaqtidir.
Bu dunyo sukut ichra,
Ollohga ko'mak vaqtidir.
____________
Zirva - cho'qqi

* * *

Salom,ota,salom.
Bilaman,sen
orqamdasan.

Mozoringdan bor-yo’g’I ellik-oltmish
qadam masofada turib
trolleybusni kutaman,ota.
Trolleybusga minib,
sening yoningga
kelishga qadar
yashamoqqa ketaman,ota.
Umr,shu ekanmi,ota?

Keldi…
Salom, trolleybus,
alvudo, ota…

* * *

Sen manim
asl onamsan,Ozodlik,
man sening
eshiging oldida turgan yot bolang.

Sen eng so’nggi umidim qoldirgan
oq bayroqsan,Ozodlik,
men seni
silkigan shamol.

* * *

Tug’uldim 1939-da,
1937-da tutildim.
48-da buvim o’ldi,
umrimda ilk daf’a
murda uzra yig’ladim.

Baliqlar saqladim
akvariumda.

Ochiq qoldi derazam
bir qish kechasi.
O’ldi baliqlar…

Endi 1965-ning
yanvar kechasidir.
Sezyapsanmi,yashamoq istayman.

* * *

Qo’limni uzatdim
sevinchlar tomon,
ko’rdimki, yo’q,
o’rtamizda to’g’lar turardi.

Otamni chaqirdim,
ko’makka kelsin,
ko’rdimki, yo’q,
o’rtamizda qabr turardi.

Yuzimni burdim so’ng
Alloh tarafga,
ko’rdimki, yo’q,
o’rtamizda hayot turardi.

* * *

Men o’lgan kun
bir shamol esajak ko’chalarda.
Va silkitajak
chaqaloqning
arqonga osig’li,qurigan,
sariq gulli  ko’ylaklarini.

Motam bayrog’idek silkinajak
go'dak ko’ylaklari
men o’lgan kun…

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Hamma derazalar yumilgan ko‘zdir,
Bu uylar,
Ko‘chalar barisi so‘zdir...
Ko‘ksi qon bulutdan yoqqan yog‘ishlar,
Begunoh umrini senga bag‘ishlar.
Balki bizdan nari bo‘lar shu bugun,
Xayolda suyishlar, tug‘ma qarg‘ishlar.
Va qushlar
Qoladi qafasda uyg‘oq,
Ilohim, sog‘ bo‘l!
O, yana charchadim, o, yana titroq...

* * *

Bu yo‘lning so‘nggi,
Yo o‘limdir, yo ozodlik.
Balki ilk ozodlik,
Ilk o‘limdir ehtimol,
Bu yo‘lning so‘nggi.
Ozodlikda o‘lim yo‘lidir,
So‘ngsiz bir yo‘l.
O‘limsiz ozodlikdir.

Xosiyat Rustamova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.