OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Guljamila Shokirova

BETANISHIM, BEGONAM

Betanishim, begonam,
Yarq etib qaraganing...
Charx urgan qaldirg‘ochday,
Yurakni yaralading.

Betanishim, begonam,
Qayrilib qaraganing...
Xayolim chil-chil sinib,
Dilimni yaralading.

Betanishim, begonam,
Suydirib qaraganing...
Ko‘zlaring qarog‘ida
Men gulzor oraladim.

Betanishim, begonam,
Yarq etib qaraganing...
O‘q yegan maroldayin,
Hajringda chala jonim...

BULUT EDIM

Bulut edim ko‘k yuzida qalqigan,
Chaqmoq bo‘lding Sen to‘satdan chalqigan.
Qarshi turdim bor kuchimni nayzalab,
Qanot berding, sabot berding, azizim,
O‘sha onda balqigan.

Yomg‘ir bo‘lib to‘kildim men shovullab,
Bas kelolmas edi hatto dovullar.
Keyin esa yarqiratib olamni,
Nurga cho‘mgan chimildiqday tovlanib,
Turfa gullar lovullar.

Yorim bo‘lding yashil ro‘mol solingan,
Yolg‘izsirab chiqar bo‘lsang sog‘ingan.
Birga bo‘lsin bir umrga yo‘limiz,
Yanog‘ingga xo‘p yarashgan xolingdan,
Chaqmoq misol joningdan!

QARIYALAR

Ovulimning faxri, fayzi qariyalar,
Bizlar uchun ibrat bo‘lib qolasizlar.
Sizlarni izzat qilib, duo olsa,
Balki farzand ko‘rarmidi bolasizlar...

Kuylarning avjga chiqqan pardasiday,
Mo‘ljalni to‘g‘ri olib ketasizlar.
Hayotning achchiq-tiziq tuzin totgach,
Muammoni maromida yechasizlar.

Farishtali, piri komil qariyalar,
Farosatda avliyoga yaqinsizlar.
Sizlar bilan yurakdan suhbat qursa,
Aqlli bo‘larmidi aqlsizlar.

Qirg‘izchadan Tursunboy Adashboyev tarjimalari.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.