OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jiyanboy Izboskanov

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/jiyanboy_isboskanov.jpgQoraqalpog‘iston xalq shoiri, Berdaq nomidagi Davlat mukofoti sovrindori
 

Tug‘ilgan qishlog‘im ta’rifi

Menga aziz kindik qonim tomgan yer,
Mamiy bilan Munchoqlining orasi.
Sog‘inchimsan, bolaligim qolgan yer,
Ko‘zimga to‘tiyo Oqyop yoqasi.

Elat eding menday bola tug‘ilgan,
Yer tanobin tortib, changlab yugurgan,
O‘rpong yo‘llar tuprog‘ini sug‘irgan,
Ko‘zimga to‘tiyo Oqyop yoqasi.

Qo‘l silkiydi uzoq-yaqin oraliq,
Ko‘z o‘ynatar kevrek bilan qoramiq,
Atroflaring ot choptirim dalalik,
Ko‘zimga to‘tiyo Oqyop yoqasi.

Ko‘ngil ko‘rki – eh, ovulning bog‘lari,
Dil sog‘inar yodga tushgan chog‘lari,
Quvontirar, ko‘zni tuni, tonglari,
Ko‘zimga to‘tiyo Oqyop yoqasi.

Kuz oylari... ochilishib ketarsan,
Shunda, meni battar oshiq etarsan,
Ta’rifingga so‘z topilmas, netarsan?
Shunchalar go‘zalsan, Oqyop yoqasi.
Ko‘llarda muz, qorli-bo‘ron qishda ham,
Gurlab o‘tar ma’rakayu to‘y, bayram,
Bir tomon – sen, bir tomonda – bor olam,
Ko‘zimga to‘tiyo Oqyop yoqasi.

Rost, ulg‘ayib sendan yiroq ketganim,
Har qadamda xayolda ming kutganim,
Sen tufayli bul kunlarga yetganim,
Ko‘zimga to‘tiyo Oqyop yoqasi.


     * * *

Tilimni tiymabman – dil ozorlandi,
Dilimni qiynabman – zil ozorlandi,
Dildagi nafis bir gul ozorlandi...
Avf et meni,
Avf et meni, haq tangrim!

Gumon itlari goho shoshilib,
Goho o‘ysizlikdan, goho mast qilib,
Talay marta boshdan o‘tdi osiylik...
Avf et meni,
Avf et meni, haq tangrim!


     * * *

Bu dunyoga kelib, men ham dunyolar topdim,
Fasllari olti oyda almashgan olam.
Sarhadi yo‘q quchoqlarin bul bir elatning
Yoz yomg‘iri yuvib, qishda qor bosgan olam.

Bolalik payt... armon bo‘lib qolgan yillarda,
Ne bir urgun, sellar bilan bahslashgan olam.
Mazmun-ko‘rki – kengliklarda esgan qumlarda,
Ko‘kragimga siqqanicha joylashgan olam.

Men liramda kuylar bo‘lsam – o‘sar g‘amlarim,
G‘amlar o‘sar – suvga qonmay qolganday olam.
Sevadirman unda o‘tgan umrim damlarin,
Tuproq – oltin, toshlar – olmos, xazina biram.

Ko‘nglimizning kimyosi shul – tug‘ilgan tuproq,
Toleimda umid bo‘lib joylashgan olam.
Umrim bo‘yi, oh, avaylab-asrayman mutloq,
U bor ekan, aslo, unutilmasman, men ham.


 * * *

Aql aytdi dema sen, 
Bilmaysan-da hadisin:
Yaqin degan jo‘rangning
Ikki yuzli bo‘larin.

Undaylardan qochib yur,
Ham orani ochib yur.
Yutqazsang ham, yonsang ham,
Yolg‘iz o‘zing qolsang ham...


 * * *

Ko‘zdan yiroq, olis yoqlarda,
Huv, oldinda kulgan tong bo‘lib,
Bir nozanin erta vaqtlarda
Meni o‘tda yoqdi mangulik.

Unutmoq yo‘q, unutmoq og‘ir,
O‘sha qizni yo‘qotib es-hush,
Seni qandoq unutay, axir,
Ko‘kragimdan uchib chiqqan qush?!.


 * * *

Bul umr o‘tar bo‘ldi
Biz bilan yoqalashib,
Ranglari o‘char bo‘ldi
Qayg‘ular aralashib.

O‘ylandim, aqllandim,
Sabog‘i boshga tegib,
Ba’zida, g‘ofil qoldim,
Manglayim toshga tegib.

Baxt bo‘lsin, tole bo‘lsin,
Ko‘p odam menday emas.
Men kabi qanday bo‘lsin,
Beshbarmoq tengday emas?!.

* * *

O‘tganligin qovjiragan kuz,
Kuzataman qishning tongida.
Neni qo‘msab, axtaramiz biz
Bul umrning qolgan onida?

G‘am eliga qaytib kelay, gar
Orzu-umid, tuyg‘ular o‘lmas.
Inson so‘nggi damiga qadar
Baland bo‘lsa ruhi – u so‘nmas!


 * * *

Aylanganday armon ko‘zingga,
Oh-voh solaverma sen mudom.
Umr bo‘yi tanho o‘zingga
Men ishqimni aylayin in’om.
 
Mart. Navbahor kelgan chog‘larda,
Parvoz tilab yotganda ilhom,
Kel, sen, gulim, bizlar tomonga,
Men ishqimni aylayin in’om.

Yarashiqli yoz kunlaringda
Turfa rangga to‘ldi bu olam.
So‘qmoq sol! Qol ko‘nglim to‘rinda,
Men senga ishq aylayin in’om.

Kuzgi bog‘lar to‘kib yaprog‘in,
Turnalarning har qaytgani g‘am,
Ertaga yo‘q bu oltin davron,
Qol, sen! Sog‘inch etayin in’om!

Keng dalalar... uchi-keti yo‘q,
Atrof oppoq qishning qoridan.
Kel, xabar ol, ko‘ksim to‘la cho‘g‘,
So‘nmaydigan ishqim bor, inon!


 Kuz fasli

Kuz fasli . . . Sarg‘aydi tollarning osti,
Bir pas o‘tirasan bosib mungli g‘am.
Olisda qolganday Sog‘inchning fasli,
O‘z gashti bo‘ladi Ayriliqning ham.

Turnalar qatorin tuzatdimikan?
Turnalar sasiga to‘libdi olam.
Bizga bo‘ysunmas kuz tez o‘tdimikan,
O‘z gashti bo‘ladi Ayriliqning ham.

Sensiz – ruhsiz, jo‘shsiz, sevgisiz qoldim,
Xanjarlar joylandi qinga kam-kam, kam.
O‘sha tol men edim, o‘ylari tolg‘in,
O‘z gashti bo‘ladi Ayriliqning ham.


Romans

Qadri yo‘q bul chog‘larning,
Ko‘kda – atlas kiygan oy!
Baland-baland tog‘larning
Boshi bulutga tekkan, hoy!

Toshdi ko‘nglim ko‘llari,
Ko‘kda – atlas kiygan Oy!
Kechir mani, telbani,
Seni chindan sevgan, hoy!...

* * *

Bahosin bilmabmiz yoshlik chog‘larda,
Yillarni yilt etgan jayron etibmiz.
Qoldirib ketdi u bizni dog‘larda,
Umrni otchopar maydon etibmiz.

Bolalik chopqillab qumlar ustinda,
Yoshlik ham bir buloq – tog‘lar ustinda,
Bir umr oqar deb iqbol ustinda,
Necha jilg‘a, necha soydan o‘tibmiz.

Rahmi yo‘q vaqtni uchqur ot etib,
O‘tganlar ruhini shunday yod etib,
Kimningdir ko‘nglini butun shod etib,
Kimningdir ko‘nglini vayron etibmiz.

Balki Iskandarday bo‘lsa shoximiz, —
Bir-birovga tegarmidi nafimiz?
Tizilgan marjonday uchqur gapimiz,
Gohi ko‘p davrani hayron etibmiz...

Be’mani bazmlar, ichgan sharobing,
Kim bilibdi ko‘rgan tushday bo‘larin.
Tuganmasday ko‘rib umr javharin,
Uzib-uzib olib, bayram etibmiz.

Kim bizga, biz kimga cho‘zmay qo‘l uchin,
O‘tkazdik umrni – oz-kam, ko‘pisin,
Ingichka tortilib endi o‘rishim,
Rabbim, necha jumboq joydan o‘tibmiz.

Taqdirim, adashdik qaysi bekatda?
Ba’zan bizni ipsiz bog‘lading shartta,
Har kim o‘z qadriga yig‘lar, albatta,
Afsus, seni cheksiz maydon etibmiz.

Bugun – kuz faslining tumani aro,
Zorlab yig‘lar turna-g‘ozlar bechora,
O‘tgan umr zarbi tegib oshkora,
Ko‘ngil mulkin vayron ayvon etibmiz!


* * *

Yaxshi tilak tilang, yoru birodar,
Mudom totli armon, umid bor bo‘lsin.
Seviklim, mehringdan mehrim nur olar,
Bularga Tangrimning o‘zi yor bo‘lsin!

Lablaring — gul edi, ko‘zing — qoramiq,
Undan beri kechdi qancha oraliq,
Sog‘inch epkinidan ko‘krak oqarib,
Atrofi ham qavat-qavat qor bo‘lsin!

Umring yaproq yozib, bog‘li-soyali,
U ham armon bilan bargin yoyadi,
Yillar o‘tgan bilan ko‘nglim boyagi,
Har bir qadamingga og‘ang zor bo‘lsin!

Hozir, mayli, butdir umr guzarim,
Kim bilsin uning ham qachon to‘zarin,
Baland tutib Mangulikning nizomin,
Bizlar o‘tgan bilan, dunyo bor bo‘lsin!


 * * *

Hind ummonidami, biroz ellarni,
O‘tgan yilning so‘ngi ... navbatma-navbat,
Kutmaganda qora yerga to‘nkardi
Sunami, tornado – tabiiy ofat!

Nomlari ko‘p, inson – yolg‘iz, u – banda,
“Xavfu xatarlardan saqlayver omon, —
O‘zing!” – deb, kunlarning kuni kelganda,
Qudratli egamga yolvorinaman!


 * * *

Ko‘zda yoshim ko‘l bo‘lib,
Unutmadim men uni.
Ro‘molcham ham ho‘l bo‘lib,
Quritmadim men uni.

Otib talay tong, mana,
Ketibdi u manguga.
Nima uchun qalbima
Qulfladim men uni?!


 Ikki dunyo orasi

Umid, umid bilganim,
Bormi o‘zga chorasi?!
Tug‘ilish va bor o‘lim –
Ikki dunyo orasi.

Tongda nur bo‘p otarsan,
Taqdir ta’min totarsan,
Otarsan-da, botarsan,
Ikki dunyo orasi.

Goh yig‘latib, kuldirar,
Kimlarga ot mindirar,
Bilmaganing bildirar —
Ikki dunyo orasi.

Bir-da esa quvlatar,
Ne polvonni qulatar,
Ayriliqda yig‘latar,
Ikki dunyo orasi.

Shum tulkiday aldamchi,
Bu bevafo yolg‘onchi,
Omanatin olguncha,
Ikki dunyo orasi.

Qoraqalpoqchadan Muzaffar Ahmad tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.