OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mag‘jan Jumaboy (1893-1937)

Qozoq she’riyatining buyuk namoyandasi, otashnafas shoir Mag‘jan Jumaboyning nomi xalq orasida afsonaga aylanib, qalblardan o‘chmas joy olgan. U 1893 yilning may oyida dunyoga kelgan. O‘n to‘rt yoshidan she’r yoza boshlagan.
Shoir asarlari o‘sha paytlarda qozoq, tatar tillarida nashr qilinuvchi gazeta-jurnallarda chop qilingan. “Cho‘lpon” nomli ilk she’rlar to‘plami 1912 yilda Qozon shahrida bosilgan. Ulug‘ shoirning “Bayan botir" nomli dostoni 1922 yilda Toshkentda yozilgan va shu yerda nashr qilinuvchi “Sana” (“Tafakkur”) jurnalining 3-5 sonlarida e’lon qilingan.
Mag‘jan Jumaboy ijodiyoti - tutqun qalb faryodlarining, ozodlik nashidasini qo‘msab oh urgan dil dardlarining ifodasidir. Shoir butun umri bo‘yi mustamlaka kishanlarini parchalab tashlashga da’vat qiluvchi she’rlar yozdi, ozod va erkin hayotni ehtiros bilan yonib kuyladi. Isyonkor ruhdagi she’rlari uchun mustabid hukumat zindonlarida o‘tirib, oxir-oqibatda stalinchi yovuzlar qo‘lida halok bo‘ldi.
Mag‘janning olovli she’rlari uzoq yillar mobaynida xalqdan yashirib kelingan edi. Faqat mustaqillik tufayligina bu isyonkor she’rlar yana o‘z xalqining ma’naviy xazinasiga aylandi.

TURKISTON

Turkiston — ikki dunyo eshigi bu,
Turkiston — har bir turkning beshigi bu.
Turkiston — Tangri bergan muqaddas joy,
Turkiston — har bir turkka sochar yog‘du.

Moziyda Turkistonni Turon demish,
Turonda turk ulusi topgan yemish.
Turonning taqdiri o‘n dolg‘alidir,
Boshidan og‘ir kunlar kechgan emish.

Turonning tarixi bor misli yalov,
Teranroq boqsang o‘tday yonar lov-lov.
Turonning yeri bilan suvi qadim,
Dengizday g‘amiga dil bermaydi dov.

Turonning ikki cheksiz cho‘li go‘zal!
Dengizday qirg‘og‘i yo‘q ko‘li go‘zal!
Turonning to‘lib oqqan daryolari,
Yana bir to‘lib oqsa — seli go‘zal!

Turonning tog‘lari bor osmon oshgan,
Purviqor cho‘qqilarin qorlar bosgan.
Bag‘rida ko‘k buloqlar jimirlaydi,
Yaralib tog‘dan oqqan tomchi yoshdan.

Sahrolar yuzin bosmish qat-qat ajin,
Sassizdir olgan kabi manguga tin.
Ko‘rinmas jon-jonivor sarg‘ish ufqda,
Qumlarda raqs etadi pariyu jin.

Turonning suvlari bor moviy, zilol,
Chayqalib yotar yashnab ulkan Orol.
Bir tomon — yarqiragan Issiqko‘lning
Bag‘rida dunyo ko‘rgan turkiy ko‘kyol.

O‘rtada Jayhun, Sayqun oqar sarin,
Ikki nahr boqib kelgan turkning barin.
Beshak bu ikki daryo orasinda
Topgaysan ulug‘ bobong hikmatlarin.

Turonning Tiyonshonday tog‘i qalay,
Teng kelmas Tiyonshonga tog‘lar talay!
Turkning cho‘ng g‘ururin sen yodga solgin,
Viqorli Xontengriga qaray-qaray.

Yo‘qsa, u buyuk yurtga o‘xsharmidi?
Ulug‘lar bu zaminni yo‘qlarmidi?
Qazig‘urt xosiyatli tog‘ bo‘lmasa,
To‘fonda Nuh kemasi to‘xtarmidi?

Bu tuproq ezgu — garchi oddiydayin,
Uqarsan tarix ko‘rsang buni tayin.
Turonga bejiz xumor bo‘lgan emas,
Qachondir Kayxisravu Zulqarnayn.

Bu shunday xush o‘lkaki — tonglari sof,
Botirlar etdi uni shan, fayziyob.
Turonning dovrug‘ini ko‘targan ilk
Shavkatli, afsonaviy Afrosiyob.

Turonga yer yuzida yer yetganmi?
Basharda turk eliga el yetganmi?
Bemisl matonatda, zakovatda
Turonning erlariga er yetganmi?

Turonning beklari bor Tarag‘ayday,
Tug‘ilgan undan Temur o‘t bo‘p o‘ynay.
Tanilgan yer yuziga Sohibqiron,
Chaqmoqday qilichini qo‘ldan qo‘ymay.

Turonni maqtamayman manmanlikka,
Dovrug‘in bilar uning olis-chekka.
Anglamoq borasida yulduz sirin
Kim bordir — teng kelolsa Ulug‘bekka!

Asldir xosiyatli turk qoni,
Tug‘di shu qon Beruniy va Sinoni.
Keldimi bu zaminga ularday zot —
Zabt etgan aqli bilan keng dunyoni?

Kamsitgan kim qadim turk musiqasin?
Bilarmi u do‘mbira yo ud sasin?
Forobiy ilk bor yasab chalganida,
Dillardan quvmaganmi g‘am sharpasin?

Turk azal olov nomin olmaganmi?
Dunyoning bag‘riga o‘t solmaganmi?
Talay turk bo‘laklanib taralganda,
Qozoqda qora o‘tov qolmaganmi?

Arslondek elga Vatan bo‘lgan Turon,
Tiklagan qozog‘im ham unda qo‘rg‘on.
Qozoqning tanti, dono Qosimxoni,
Turonning faxri bo‘lgan qozonib shon.

Odil xon kam uchraydi Nazardayin,
Ulusga Yesimxonning yo‘li tayin.
Taukeday donishmand xon qurgan ekan
Kultepa degan joyda Qurultoyin.

Bu Turon azal-azal ezgu makon,
Dardiga yupanch topgan har bitta jon.
Turonning tuprog‘ida orom olar
Tanti er, arslon yurak Abilayxon...

G‘am chekkan o‘z yurtida topar qoim,
Tulpor ham tuqqan yerin qo‘msar doim.
Botishu so‘lga tarqab ketgan ulus,
Turondir, bilsang, sening tuqqan joying.

O‘rtada Jayhun, Sayhun oqar sarin,
Ikki nahr boqib kelgan yurtning barin.
Beshak, bu ikki daryo orasinda
Topgaysan ulug‘ bobong hikmatlarin.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.