OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saken Imanasov (1938-2012)

Toldiqo‘rg‘on viloyati Olako‘l tumanida tug‘ilgan. Xalqaro “Alash” mukofotining sovrindori.
Uning “Ona qishloq” (1966), “Oq-oydin” (1969), “Akdarig‘a" (1973), "Jaydarman” (1975), “Oshiq dunyo” (1976), “Davr qo‘shig‘i” (1978), “Oshiqman senga” (1981), “Oltin aymoq” (1982), “Qir-adirlar” (1985) singari she’riy to‘plamlari chop etilgan.

OVUL YOQQA BORSAM DERDI...

Olmaotaga sig‘may qolsa dil dardi,
oqin o‘zin doim yo‘lga qistardi —
arg‘umoqda yeldek uchib, entikib,
ovulini tezroq ko‘rmoq istardi.

Yuragida ajib sog‘inch jo‘shgan dam,
ketib shahar shovqini, qiy-chuvidan.
etib olsam aziz tuqqan yerimga,
derdi, qonib ichgum uning suvidan.

Goh chorasiz qolganda g‘am-qayg‘uda,
uzlatlarni istar edi dil juda;
Hangomalar tinglab yotsam derdi u,
yotgan ko‘yi yam-yashil qir ustida.

... Lek ovuli endi fayzsiz — tund yashar.
avvalgiday samimiymas — dillashar.
Biror kimsa ko‘rinmaydi qir uzra.
biror kas yo‘q uning bilan tillashar!

Tikilarkan tubsiz jarlik, o‘ngirga,
beixtiyor yax-muz to‘lar ko‘ngilga.
So‘zlashish yo‘q avvalgidek jaydari,
qo‘shiqlar ham emas endi u bilgan!

O‘zgardimi yoki osmon, ko‘hna yer,
qolmadimi tuyada kuch, otda bel —
ko‘rinmaydi sira chindan sog‘inib.
quchog‘ini katta ochib chiqqan el!

Hali o‘zi yoshu bir dam bo‘lsa-da,
goh siqilib, ko‘ngli g‘amga to‘lsa-da,
avvalgidek — ovul qayda, deydigan
junbush fe’lin qo‘ygan endi oqin, ha.

U doim tund, kamgap hamda kulmaydi,
sog‘inchini nazariga ilmaydi.
Bo‘z tulporin minmoq bo‘lar va lekin
qay uzlatga qochishini...
bilmaydi.

NEGA SAMARQANDGA BORMADING SEN, AYT?

Faqat seni dedim har qachon, har payt,
mudom o‘zgalarga bo‘ldim men loqayd.
Lekin va’da berib, ergasha turib,
nega Samarqandga bormading sen, ayt?

Yashnaganing ko‘rib so‘zimdan gul-gul,
va’dangga ishongan edim men butkul,
oyoqosti qilding ishonchim nega,
armon qilib yursin dedingmi nuqul?

Shashtingdan tushsang-da — gar borging kelmay,
nega talpinmading izimdan yelday?
Biz ham birga-birga yurmasmi edik,
Samarqandni tavof aylagan elday!

Dardimni kimga ham aytardim, jonim,
yuragim tubiga silqidi qonim,
va’da berib qo‘yib, ergasha turib,
aynib qolganingni payqagan onim.

Ne bir sabab seni, ayt, ma’lul etdi,
Ko‘nglingga yoki bir shum gumon yetdi?
Samarqand safariga saqlab qo‘yganim -
Ko‘p so‘zlar
ko‘kayimda
qolib ketdi!..

Faqat seni deyman har qachon, har payt,
o‘zga bo‘salarga men mudom loqayd!
Axir, va’da berib.
ergasha turib,
nega Samarqandga bormading sen, ayt?

KO‘Z OLDIMDA

Yashiruvchi sirim yo‘q eldan mening,
turmush tarzim mehnatdan, terdan mening
Ko‘rganlarim o‘langa ko‘char bir-bir —
ko‘nglim hargiz yayragay
she’rdan mening...

O‘zgalarning g‘amidan shodlanmadim,
mag‘rurlarga tik boqdim,
pastlanmadim,
ozmi-ko‘pmi qayg‘umni eldan ko‘rib,
alam yutib,
birovga qasdlanmadim.

G‘uborlangan bo‘lsa gar jindak dilim,
aytmasam-da buni men, bilgan elim.
Xo‘rlamadim kimsani.
Ko‘z oldimda:
yiroq bo‘ldi noshuddan doim yo‘lim...
Yuragi-la
yuragim birga urgan
eldan ayro bo‘lmoqlik menga o‘lim!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.