OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sultonmahmud To‘rayg‘irov (1886-1920)

Qozoq romanchiligining asoschilaridan biri, demokrat shoir Sultonmahmud To‘rayg‘irov Pavlodar viloyatining Bayanovul tumanida tug‘ilgan. Madrasada ta’lim olgan. 1913 yildan boshlab birinchi qozoq jurnali “Ayqop”da mas’ul kotib bo‘lib ishlagan.
Ilk she’rlari, publitsistik maqolalari va ocherklari ana shu jurnalda e’lon qilingan.
Shoir xalq turmushi manzaralarini, ovul hayotini haqqoniy ko‘rsatishga intildi. Shuning uchun ham she’rlarida grajdanlik ruhi kuchli. “Adashgan umr", “Gadoy” dostonlari falsafiy umumlashmalarga boy, ularda ijtimoiy adolatsizlik va tengsizliklar qattiq qoralanadi. Adib qalamiga mansub “Qamar suluv” romani qozoq realistik nasrining ilk go‘zal namunalaridan biridir.

QIMIZ

Azaldan har yon dong‘i ketgan, qimiz,
Seni totgan murodga yetgan, qimiz.
Tabarruksan, hattoki bir tomching ham
Har qanday dardga shifo etgan, qimiz.

Chiqqanda adir uzra oy charaqlab,
Qo‘yasan atrofingga ipsiz bog‘lab.
Tomoqqa “qult-qult” etib quyilasan,
Tashnalar taskin topar ko‘nglin chog‘lab.

Kuvining ovozlari biram yoqar,
Ko‘zini uzmas undan bola-chaqa.
Dunyoda turli-turli ne’matlar ko‘p,
Ne’matsan — ta’rifi yo‘q sen shunaqa.

Ko‘pirsang — jannat bo‘yi anqib ketar,
Mavjlaring har vujudni sarmast etar.
Ayqirib oqqan daryo sadosidek
Yetti qirdan nariga ising yetar!

Sehring bor — seni totgan tirishmaydi,
Yoviga do‘st tutinar, urishmaydi.
Labimga bir-ikki kun tegmay qolsang,
Ko‘ngil qurg‘ur burishib, quruqshaydi.

Kuvining sasi chollar esin olib,
Chiqib kelar ular uydan “hay-hay” solib.
Mayli, so‘k, mayli, hayqir, mayli, jekir,
Kek saqlamas hech kim senga, ko‘ngli qolib.

Mehmon ising olisdan bilaverar,
Bir salom-chun qoshingga yelaverar.
Boyu gadoy, yaxshi-yomon, to‘ra, faqir
Sen tomon yopirilib kelaverar.

Ayniqsa, hoji, so‘fi, xo‘ja-mulla
Tasbehlarin oshig‘ich olib qo‘lga,
Oq fotiha berarlar kelgandanoq:
“O xudoyim, arvohlar, har vaqt qo‘lla!”

Ziyorat qilar shu tarz yurtning bari,
Ko‘ngillar biram chog‘, dil g‘amdan nari.
“Yopiray!..” deya senga bosh irg‘ashsa,
Ehtirom bildirarlar ichgan sari.

Shopirsang cho‘mich bilan quloch kerib,
Yig‘ilgan mehmoningga quyib berib.
Uyini, o‘tovini tashlab butkul
Har gapida ketmasmi senga erib.

Har yon ko‘zi javdiragan sho‘rlik gadoy
Qo‘yarmi ising andib, tentiramay.
Boyaqish obro‘yingni yoyar yurtga,
Bir qultum bersang agar “ket, chiq” demay.

Kishi yo‘q — qimiz bilan kechgan onni —
Hush demas, mayli, kezgin keng jahonni.
Qimizsiz, menga desa, Aflotun bo‘l,
Ko‘rmassan so‘zing tinglar hech bir jonni.

Oldingdan qimiz ketsa, qiziq ketar,
Qitmir gap savlatingni buzib ketar.
Kechagina biyik bo‘p o‘tirgan yurt
Bugun sendan umidin uzib ketar.

Sen ortiq tutaqmagin har yon chopib,
Bos avval tashnaliging qimiz topib.
Qimizga yetishgach, so‘ng hovliq, hayqir,
O‘zingni sultondek sez, gapning lofi.

Ay, qimiz, izza qilding qo‘lga tushmay,
Yurayin tokaygacha kuvi pishmay.
Yurakning g‘amlarini aritgung sen,
Topsam gar elga beray, o‘zim ichmay.

KO‘CHISH

Laylakqorlar rozin aytar yengil yelga,
Dasht to‘yinar soydek jo‘shib oqqan selga.
Soat sayin kun gurkirab, ko‘k guldirab,
“Ko‘ch”, — deb suron solar qishlab yotgan elga.

Taraddudga tushib qolar barcha darrov,
“Kerak, — deya, — yangi yilda yangi yaylov”.
To‘zgan ashqol-dashqolini yig‘sa kimdir,
Munkib yotgan aravasin sozlar birov.

Nochorlar qam tadorigin ko‘rib qo‘ygan,
Kamaytirib yo‘l haqini bir-bir qo‘ydan.
Yurtning bari bo‘ldi birdan alg‘ov-dalg‘ov,
Chunki qishda ko‘chish chiqqan edi o‘ydan.

Kimdir eski lash-lushlarin go‘ng-la yopdi,
Yukin yengil qilmoqlikning evin topdi.
Uzangiyu yugan, egar eskirgan xo‘b,
Aravada esa quruq savlat qopti.

Qiy va tezak bo‘y taraydi bad, achqimtil,
To‘zgan yerda to‘zg‘igancha qoldi sabil.
“Ko‘ch degani rostlar o‘zin yo‘lda”, deya
Qo‘rasidan ko‘chdi qozoq apil-tapil.

Aravaga ot o‘rniga sigir kirar,
Buzoqchalar hayron bo‘lib ortda yurar.
Dam turtinib ketar hamma bir-biriga,
So‘na chaqib sigirni zir yugurtirar.

Dim havoda bo‘ka qo‘nib so‘rganda qon,
Mol o‘qaloq otar, unda qolarmi jon!

Bola-baqra “ona” deb uv solib borar,
Naq talato‘p girdobida qolib borar.
Tutib ketar ayollarning shang‘illashi,
Har bittasi noshud erdan nolib borar.

Siljir karvon vaqt-soati, joyi bilan,
Bo‘z yigitlar yelar har yon toyi bilan.
Aravada borar kimdir, kimdir — yayov,
Kambag‘al kas ovoradir boyi bilan.

Qo‘zg‘alganda katta yo‘lda ko‘chu ko‘ron,
Ko‘tarilar o‘ram-o‘ram changu to‘zon.
Itlar ulib, sigir ma’rab, bo‘ta bo‘zlar,
Aravalar suroniga to‘lar har yon.

TUQQAN ELIMGA

Umid-la menga qaraysan,
O‘zingga hamdard sanaysan.
Men dastyorlikka yarasam,
Sen rohbonlikka yaraysan.

Har ishga, elim, men shayman,
Jonimni sendan qiymayman.
Koringga bakor kelmasam,
Ezilgum, o‘zni qiynayman.
Olti qir oshib ketsam-da,
So‘zlaring sening siylayman.

Sendan, elim, bor o‘tinchim,
Izn et dilimni ochay men.
To‘plagan ilmu bilimim —
Qoshingga keltirib sochay men.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.