OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xonbibi Yesenqorayeva (1949)

Janubiy Qozog‘iston viloyati Sariog‘och tumanida tug‘ilgan. 1972 yilda Chimkent Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan. U “Qozog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoniga ega.
Xonbibining "Ilkto‘plam”, “Yulduz”, “Muhabbatim mangu”, “Haqiqat tomon suzdim men”, “Qo‘shiqlarim - sirlarim” kabi she’riy kitoblari o‘quvchilar mehrini qozongan.

YIGITLAR

Siz — elim yuksak tog‘i,
Siz — ko‘nglimning ardog‘i.
Suluv-ku ko‘p dalamda,
Yigitsizmi, qozog‘im?!

“Elim-ov” deb kuyladik,
Ajib o‘ylar o‘yladik.
Mo‘min bo‘lib o‘sdik biz,
Qad kermadik mag‘rur, tik.

Dasht-dalada cho‘lladik.
Dasht-dalada o‘rladik.
Qay tovondan toptalib,
Kimdan xo‘rlik ko‘rmadik!

Goh murg‘ak jon so‘lganda.
Qal’a kulga to‘lganda,
Bobolar ko‘ziga yosh —
Kelgan onlar bo‘lganmi?!

Go‘dak g‘amin yeganlar,
Aylanganday emanga —
Ko‘z yumar lahzada ham,
Biz yengildik, deganmi?!

Sovut bo‘ldi kiygani,
Yovga boshin egmadi.
Qoqildi ne tulporlar,
Ne o‘tovlar kuymadi?!

Tarix changin qoqmaylik
Va nuqul ayb taqmaylik.
Mard qozoq yigitlarin
Ardoqlaylik, saqlaylik!

ULUG‘ DALAM

Yashil olam, ufqqa yetgan, dalam,
Yuragimga ilhom baxsh etgan, dalam.
Xayollaring, ismsiz so‘qmoqlaring
Mening ko‘nglim qa’riga ketgan, dalam.

Ko‘ylak qildim lojuvard ko‘klamingni,
Quyoshingdan ko‘zlarimga nurlar indi.
Kengliklarga to‘nib-to‘nib boqdim ba’zan,
Yosh jismimga bobolarim ruhi singdi.

Ne bir zotlar — mijjasida sog‘inch yoshi,
Kelar ular seni yo‘qdab, to‘lib-toshib.
Bari oshiq o‘zingga, Ulug‘ Dalam.
Nasllaring, zuryodlaring bari oshiq.

Mehrim senga baxshidadir, dilda titroq,
Mayli, uchqur orzularim uchsin yiroq.
Alvon shafaq og‘ushingga olgin, dalam,
Oftob endi yuragimning to‘rida naq.

Qayda yursam yuradirman baxting ko‘zlab,
Yiroqlarda yupanaman sendan so‘zlab.
Qaldirg‘ochday singayin-ey ufqlaringga,
Turnalarday talpinayin bo‘zlab-bo‘zlab...

UMR O‘TIB BORAYOTIR

“Oq ko‘ngil”, — deb, birovlar, “kekkaygan”, — deb.
Umr o‘tib borayotir, umr o‘tib...
Kimdir ketsa yuz ko‘rmasdek butkul mendan,
Kimdir yurar izlarimni tavof etib.

Kimlarningdir o‘z suyanchi — “tog‘i” bo‘lar,
Shundan o‘zin zo‘r sanaydi har dam ular.
O‘zgartolmas diding sening hech kimni, bas,
Odamlarning razili bor, asili bor.

Birov deydi, omad qushi qo‘nsin menga,
Taxting borki, birovlar do‘st bo‘lar senga,
Kechirardim men barchasin bexijolat,
Imonlari nur sololsa yuragimga.

Dilni toshdek ezar zavol axdu paymon,
Yuragimda orzudan ham ko‘pdir armon.
Kechirardim tog‘dek ulkan xatolikni,
Bo‘lmasaydi agar unda riyo, yolg‘on.

Umr oqar, demang menga maqtov, yorliq,
Menga gohi oydin, gohi jumboq borliq.
Ko‘p narsani xush ko‘rmaydi ko‘nglim, do‘stlar,
Ki shulardan — makkorligu fitnakorlik.

Shundanmikin noshudlikdan qo‘rqaman men,
Ammo gumon qoyasini yiqaman men.
Ming o‘ylarga ko‘ksimni men ming bor urib,
Ming o‘ylardan ming bor omon chiqaman men.

CHAQMOQLI TUN

Dirillatib, gumburlatib har yonni,
Navro‘z keldi boshlab selu suronni.
Ufq osmoni ko‘klay boshlar oshig‘ich —
Oltin ip-la to‘zgan, juldur chakmonni.

Qora bulut — xuddi chakmon ming quroq,
To‘zgan barin ildi toqqa u shu choq.
Onda-sonda tun zulmatin bag‘rida
Yarqillaydi soyga chopgan oq so‘qmoq.

Tun chaqmog‘in tog‘ bag‘riga sermadi —
Olmos tig‘dan dashtu dara yashnadi.
Shunda dir-dir titrab qirda oq biya.
Saman ayg‘ir yer tepinib kishnadi.

Tun dalalar maysalarga chulg‘andi
Va adirlar yashil-yashil to‘lg‘andi.
O, qancha gul bosh ko‘tardi qoq yerdan.
Qancha umid chechaklardek uyg‘ondi!

QAYGA KETDING?..

Ko‘pdan beri bir azobda, oh, dilim,
Dardlarimning izhoriga gung tilim,
Derdim, o‘tli yuragimni ot, mayli.
Yonmasa u seni deya, sevgilim!

Dala — tuman, dilda — g‘ashlik, tun — og‘u,
Intilaman, axtaraman men yog‘du.
Azob berar, azob berar, netayin —
Hech kimsaga yorolmagan dardim bu.

Mudom mening yuragimda o‘shal dard,
Olis yoshlik qo‘shiqlari — go‘zal dard.
Qayga ketding, muhabbatim siymosi,
Yo‘qlab kelgin huzurimga, bo‘lsang mard.

Qani endi u lahzalar — gul sayli,
Neki bordir yitar, mangu turmaydi.
Ammo, netay, sog‘inch otlig‘ bir hasrat
Och bo‘riday yurak-bag‘rim tirnaydi.

Ko‘klam kezar tevarakda — sen yo‘qsan,
Xazon to‘zar bog‘chalarda — sen yo‘qsan.
Qo‘msaysanmi meni bir bor, bilmadim,
Sen nolasan, ko‘nglim aro anduhsan.

Mahzun-mahzun o‘ylab holim xarobdir,
Armon degan og‘uli may, sharobdir.
Ichdim uni, qonib ichdim — o‘lmadim.
Ichgan sayin, ichgan sayin — cho‘lladim.

* * *

Olchalar g‘arq pishgan bog‘,
Indamay turding, begim.
Uvol ketar bari, oh,
Nahotki kelmas yeging?!

O‘riklar-chi — oltin-ol,
Shoxlarin tutar arang.
Tursami tentak shamol,
Quchar barin to‘zon-chang.

Qara, kuzgi olma bu,
Sevgimizdek bizning g‘o‘r.
Uni hech kim uzmasa,
Qor yoqqanda bo‘lar xo‘r.

Maysa edi — ko‘kalam,
Ajib sirlar qalbingda.
Chit ko‘ylak kiyib bu dam
Qiz turardi oldingda.

Suluvlik — billur tomchi,
Tashlamading bir nigoh.
O‘zi o‘tingan on bu,
Keyin qilma attang, oh.

Bu on qaytib kelmaydi,
Uchib ketar izi ham.
Kunlar go‘zal — ertangi,
Kechagi — solar alam...

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.