OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Arseniy Tarkovskiy (1907-1989)

http://ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/arseniy_tarkovskiy.jpgXX asr rus she’riyatining taniqli namoyandalaridan biri Arseniy Tarkovskiy 1907 yili Yelizavetgrad (Kirovograd)da tug‘ilgan.
A.Tarkovskiyning dastlabki she’rlari vaqtli matbuotda 1928 yili e’lon qilinadi. Bu she’rlardagi yurak haroratiga yo‘g‘rilgan satrlar she’riyat dunyosiga o‘ziga xos, betakror ovozli yangi bir shoir kirib kelganligidan darak berardi.
II Jahon urushida  bir oyog‘idan judo bo‘lgan shoir ijodga astoydil kirishib, 1946 yilda ilk she’riy kitobini nashrga tayyorlaydi. Lekin o‘sha paytda adabiyotda kuchayib ketgan yangi qatag‘on to‘lqini tufayli A.Tarkovskiyning mazkur ilk to‘plami bosmaxonadan qaytarib olinadi va yo‘q qilinadi. Bu shoir yuragini qattiq jarohatlaydi va u uzoq vaqt she’rlarini matbuot sahifalarida e’lon qildirmaydi. 
Shoir ruhiyatiga bu zarbalar yetmagandek, o‘g‘lining qismati ham boshiga katta musibat keltiradi. Suyukli farzandi – nihoyatda iste’dodli kinorejissyor Andrey Tarkovskiy o‘zining “Ivanov bolaligi” va “Ko‘zgu” filmlari uchun o‘sha davr siyosiy rahbarlari tomonidan qattiq quvg‘in ostiga olinadi, oqibatda u xorijga bosh olib ketadi va musofirlikda hayotdan ko‘z yumadi...
Adabiy jamoatchilik A.Tarkovskiyni, vaqtli matbuotda e’lon qilinib turgan she’rlarini hisobga olmaganda, asosan tarjimon sifatida bilardi. Zero, u umri davomida juda ko‘p she’riy asarlar (asosan sharq she’riyatidan) tarjima qilgan.
1962 yilda uning ilk to‘plami – «Qor oldidan» nomli jajji she’riy kitobchasi nashr etiladi. Ushbu to‘plam A.Axmatova tomonidan yuqori baholanadi.
Hayotligida shoirning sanoqli kitoblarigina e’lon qilingan. Uning 1987 yilda chop etilgan «Umrim yo‘llari» nomli so‘nggi she’riy majmuasi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Lekin shoirga mukofotni olish nasib etmaydi, chunki u bir necha oy muqaddam  hayotdan ko‘z yumgan edi.
Umri sinovlarda kechgan, o‘ziga xos, betakror ovozga ega shoir nihoyat o‘z qadri va yuksak e’zozini topdi. Uning she’riy merosi qayta-qayta chop etilmoqda. Zero, bugungi kunda XX asr rus poeziyasini Arseniy Tarkovskiy she’rlarisiz mukammal tasavvur etib bo‘lmaydi.
Shoirning she’rlari o‘zbek tilida ilk bor e’lon qilinmoqda.


* * *

Taqmishdi giyohlar shabnamdan marjon,
Kelar so‘qmoq bo‘ylab bir go‘dak shodon,
Jajji savatida yertut, maymunjon,
Oynadan boqardim ufqlarga ilhaq,
Tuydim men go‘dakda tong safosin naq.

So‘qmoqlar chiqsaydi menga ham peshvoz,
Savat o‘ynasaydi qo‘llarimda soz,
Adirdagi uyga termilmasdim boz,
Shaffof havolarga to‘yardim balki,
Uyga ham qaytmagan bo‘lardim balki...


DASHT

Ufqlar yamlar uning so‘l-sog‘in,
Hatto osmon tuyiladi choh.
Eshar tinmay  kechmish arqog‘in
Goh odam-la, yovshan bilan goh.

Maysalarni – tuyoqlar ezgan,
Mung‘ayadi yerda bosh chanoq.
So‘z bilan va faqat so‘z bilan
Fayz topar oydinda har yoq.

Mudraydi dasht – bamisli bejon,
Yog‘dularga chulg‘anar tushi.
Tepaliklar yonboshlar bu on,
Jig‘asida – oyning kumushi.

So‘z jon berar sukunat ichra,
Osmon sochar qahrini achchiq, –
Sho‘x jilg‘alar teshmagunicha
Zamin bag‘rin – metindek qattiq.

Kipriklarin to‘kar chakamug‘,
Chigirtkalar qamchilar otin,
Darak berib tonglardan qutlug‘,
Dasht lochini yoyar qanotin.

Moviy sutga cho‘milib butkul
Odam Ato chiqar jannatdan
Va qaytadan ato etar til
Qushlargayu hatto toshga ham;

Muhabbatning shavqi bilmas chek,
Yeru ko‘kdan o‘qir ajib sir;
Tushlarida zikr etgandek
Giyohlarni nomlaydi bir-bir.


* * *

Otlar kishnar Sulo ortida...
“Igor jangnomasi”

O, Rossiyam mening, mushfiq onajon,
Farzandlaringga sen – qanot har qachon!

Go‘dakka – beshiksan, yoshlarga – surur,
Yurtkezarga – aso, tengsiz zavq-huzur,

Qo‘shchiga – dalasan, ovchiga – dengiz,
Do‘st uchun umidsan, yovga – g‘am-angiz,

Darg‘aga – yelkansan, mergan uchun – ko‘z,
Ziyoliga – kitob, payg‘ambarga – so‘z,

Bosqonchiga – bolg‘a, oqilga – sabr,
Tirikka – ota yurt, o‘likka – qabr,

Mardlar yuragida – so‘nmas uchqun sen,
Barchasidan a’lo – ular uchun sen.

Qahringning otashi bilmas aslo chek,
Bosqinchi tovonin kuydirgay cho‘g‘dek!

Igor sening uchun jonga berib jon,
Qilmadimi yengging qon bilan alvon!

Rublev kiftidagi qirmiz to‘n bari
Yana tovlanmasmi shafaq singari!

Men to so‘nggi nafas sen deb yashayman,
Sen uchun har lahza o‘lmoqqa shayman!


* * *

O, moviy nastarinlar,
Qo‘msayman gohi sizni.
G‘ujg‘on asalarilar
Egdimi shoxingizni?

Tuyganman farah bir kez
Aritib dildan g‘amlar  –
Ko‘pirgan gullaringiz
Soyasida bir damlar.

Arilar to‘zir nogoh,
Chaqmoq tilar ko‘k yuzin;
Yorishib yaqin-yiroq
Qamashib ketar ko‘zim.

Epkinlar esgan qirda
Giyohlar turolmas tek;
Tomchilar o‘ynar yerda
Simob donalaridek.

Oqshom oldi rosmana
Billurlanar havolar;
Quchar borliqni yana
Iforlar, xush sadolar...


RO‘PARADAGI UY

Eski yog‘och uyni buzdilar bir kun.
Ketdi egalari qoldirib mulkin.

Qoldi idish-tovoq, gulu guldonlar,
Tosh oyna, kitoblar hamda javonlar.

Mo‘ysafid ketar chog‘ ortiga boqdi,
Haydovchi shoshirib, battar tutaqdi.

Hammasi avvalgi ko‘yicha qoldi,
Biroq uy mung‘ayib g‘amgin tus oldi.

O‘prilgan deraza o‘rni boqdi zor,
Bo‘m-bo‘sh xonalarga qo‘ndi chang-g‘ubor.

Qoldi uyda biroq tushlar, xotira
Va tashvish-armonlar, o‘ylar bokira.

Og‘ochu taxtani olib ketdilar,
Qaygadir saranjom holda eltdilar.

Biroq qoldi bunda kechmish sharpasi,
Davrada kuylangan qo‘shiqlar sasi;

To‘ylarda sharobga to‘yishardi xo‘b,
Ishdan so‘ng kinoga borishlar to‘p-to‘p...

Tobutni qo‘lma-qo‘l ko‘tarishardi,
Bamisli o‘z darding – o‘zganing dardi;

Ikkovlon uxlardi bitta to‘shakda,
To‘ng‘ich farzand mudom qo‘lda – yuksakda...

Cho‘michin tuproqqa botirib nuqul
Olmaguni qadar sidirib butkul,

Siljimagunicha bu yerdan kran,
Sharpalar jimgina soldilar suron.


TUNGI MEHNAT

Chiroqni yoqaman turib bemalol,
Yorishib ketadi xonaning ichi.
Mayli, kuylayversin chirildoq misol
Burchakda elektr hisoblagichi.

Stolga o‘tirgum – qalamim qo‘lda,
Yugurib qoladi sichqonlar shu zum;
Ushbu payt ko‘pchilik uyquda bo‘lgay,
Men esa tonggacha yummayman ko‘zim.

Satrlar bitaman chekib riyozat,
Biroq ushbu palla – chiqquncha quyosh
Vaqtin ishratlarga sarf etgay faqat,
Sharoblar no‘sh etar, kimki mendan yosh.

Meni jazb etmas bu! Boqmasman zinhor,
Qalbimni to‘kkayman qog‘oz uzra sof...
Balki, kimdir bundan bo‘lar minnatdor,
Balki, kimdir buni aylar e’tirof.


* * *

Har tomchi suv uchun, rizqu ro‘z uchun
Aytgum shukrona.
Mehnat-la kechmoqda mening har kunim,
Aytgum shukrona.

Menga so‘z baxtini berdi, berdi g‘am,
Yasharman yona...
Kulfatlar qoshida ojiz bandaman,
Aytgum shukrona.

Men ham yer bag‘riga kirgayman bir kun
Hayotga qona,
Ruhim yulduz qadar yuksaltgani-chun
Aytgum shukrona.
 

* * *

Tushimga kiradi yiroq bir ummon,
Allaqanday kema suzadi unda;
Bir g‘ussa ruhimni aylaydi uryon,
Ko‘ksimga chirmashar bir hasrat tunlar.

Kelar yiroqlardan bo‘g‘iq bir nido,
Muqarrar qismatdan mash’um xabardek.
Halokat hidini tuygandek go‘yo
Suvlar sahrosida kema qotar tek.

Faryodga yo‘g‘rilar yiroq nidolar,
Keyin faryoddan ham qolmaydi nishon.
Ummon tortsa sirli komiga agar,
Chiqib ketolmaydi undan tirik jon.

Men – bir sayyoh boqib ufqqa masrur,
Talpinib boraman ul kemaga naq.
Bilaman, bu o‘sha “Titanik” erur,
Meni kutib turar intiq va ilhaq.

G‘alati tuyular menga juda bu –
Ufqlar bag‘riga singmoqlik shoyon;
Sovuq to‘lqinlarning ortida mangu
Mung‘ayib qoladi shahrim jonajon.


SO‘Z

So‘z faqat qobiq xolos,
Pardadir u, quruq sas.
Biroq bir nuqta ro‘y-rost
Yonar unda har nafas.

Urar yurak, oqar qon,
Sening bilan ishi yo‘q.
Ayon berar bir zamon,
Bundan ko‘ngling bo‘lsin to‘q.

So‘z hukmi buyuk azal,
Shoir, sen ogoh bo‘lgin,
So‘zing kuchin ko‘rsatar,
Qolmasa boshqa yo‘ling.

Sevging bo‘lsin doim chin,
Sen chekkadan solma ko‘z,
Bashoratlardan qo‘rqqin,
O‘limdan hech ochma so‘z.

So‘z faqat qobiq xolos,
Qismatlarga bir parda.
Lekin so‘z senga ro‘y-rost
Tig‘ qayrar misralarda.


* * *

Yonib turar edi qorda bir chiroq,
Forig‘ bo‘lgandi u yodimdan biroq.

Balki yaproqdir u – to‘kilmay qolgan,
Balki u dokadir – qon shimib olgan.

Balki bu – qorlarning bag‘rin ko‘rib xush,
Sayr etmoqqa chiqqan qirmiz patli qush.

Balki, meni aldab gangitdi chog‘i,
Hasratga yo‘g‘rilgan kunning shafag‘i...


* * *

Bunda uy bor edi. Unda keksa chol
Hamda yosh bir bola. Uy topdi zavol.

Ulkan bomba tushib, qildi tap-taqir –
Turgan uy yo‘q bo‘ldi. Urush bu, axir!

Ashqol-dashqol, latta-luttalar har yon,
Qorishar tuproqqa sovumagan qon.

Endi tikonlarga to‘lar bu xilqat,
Izg‘ir endi bunda arvohlar faqat.

Boshqa kim ham uvlab kezardi bunda,
Sovuq pechlar uzra raqs etib tunda.


* * *

Kechgan shu tepalik ortida janglar,
Xayolda sadosi hali ham yangrar.

Hali ham qorlarda murdalar yotar,
Uzilgan qo‘llari havoda qotar.

Garchi kechmish erur bu qonli ro‘yo,
Hozir tirilar-da o‘liklar go‘yo,

Hech zavol ko‘rmagan kabi yayrashib,
Mast bo‘lib tinglarlar qushlar sayrashin...


GOSPITAL BOG‘IDAGI KAPALAK

Turmas bir zum bir joyda
Uchib-qo‘nar betoqat.
Tug‘ilgan o‘zi qayda,
U bir xilqat alomat.
Suygani uning yog‘du,
Chin-Mochindan balki u?
Yo‘qdek unda vujud, tan,
Kelgan balki moziydan;
Qanoti ajib moviy,
Injadir va samoviy.

Ont ichar-da: bo‘ldi, bas! –
Lekin so‘zida turmas,
Koshki savod chiqarsa,
Sanoqda – nari borsa,
Bilar u bir, ikkini
Harflardan – O
                     va
                          I* ni –
Tanir, ismi yo‘q hatto,
Balki u – rasmda jo*.
Oromni tan olmas u,
Bamisli – yalt-yult ko‘zgu.
O, malak, so‘z ber menga,
Ketmam deb Chin-Mochinga!
Evrilsin ro‘yo chinga,
Ko‘rgin, qalbim titroqda,
Yolg‘iz o‘tinchim senga,
Tashlab ketma firoqda!

________________
* Kapalakning uchishi ushbu harflar va Xitoy iyerogliflariga qiyoslanmoqda. (tarj.)


SHOIR

Yashab o‘tdi xoksor bir jo‘mard...

Menga bu kitobni qaysi bir zamon
Tutqazgan edi bir shoir xush-xandon,
Bahor quyoshidek iltifotli, sho‘x.
Biroq kitob hozir uringan chandon,
Shoir ham olamdan o‘tgan, endi yo‘q.

Derdilar, u shoir qiyofasida
Bulbulniki yanglig‘ quvnoq sasida
Bor edi qandaydir sirli mung, ozor.
Bitsa ham hayotga gohi qasida,
Biroq edi ruhan g‘arib va xoksor.

O‘rgilib sadaqa – ordonasidan,
O‘tar nashriyotlar ostonasidan,
Ketadigan kabi go‘yo qoqinib.
Biroq bir yovvoyi istig‘no bilan
Olar edi doim qalam haqini.

Keksa masxaraboz uning monand zab:
Mastlardek eshilib, yurib va to‘xtab,
Ekrandan ko‘rinib yashnar-u so‘lar
Va ayni chog‘ hushyor odamga o‘xshab,
Ko‘ksin yarasin ham yashirmoq bo‘lar.

Qofiyalar bir payt bergandi qanot,
Endi ilhom hatto bo‘lolmas najot,
G‘amlar, salom endi, alvido surur!
Qalam haqini ham ko‘p ko‘rdi nahot,
Qora nonga qo‘yib bu taqdir qurg‘ur!

So‘zlar jilvasidan edi u ogoh,
Qush tumshuq yuzi-la jilmayardi goh,
Shubhali boqardi nuqul hayotga.
Yolg‘izlikdan qo‘rqib chekar edi oh,
She’rlarin o‘qirdi begona, yotga.

O‘sha shoir chiqib mudom yo‘limga,
Dardlarini tashlar o‘ksuk ko‘nglimga,
Yolg‘izlikdan qo‘rqib yashayman men ham.
Ehtimol yuzinchi marta qo‘limga
U kitobni olgum yolg‘iz qolgan dam.

Uning she’rlarida tashbehlar kamdir,
Bezovta odamlar ko‘zlari namdir,
Hamon nido qilar satrlar yona.
Hammani gung qilgan cheksiz alamdir,
Bozorlar, navbatlar va qamoqxona.

Yashardi odamdek u shoir ham bir,
Afsus, xarob qildi razil zamona.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.