OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nikolay Rubsov (1936-1971)

http://ziyouz.com/images/poets/nikolay_rubsev.jpgNikolay Rubsov 1936 yili Arxangelsk viloyatiga qarashli Yemetsk qishlog‘ida dunyoga keldi. 1940 yili u tug‘ilgan oila Vologdaga ko‘chadi. Urush boshlangan yili otasi frontga jo‘naydi va shu yili janglarda halok bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay onasi hayotdan ko‘z yumadi. Yetim qolgan go‘dak bolalar uyida tarbiyalanadi. U yerda 7-sinfni tamomlab, O‘rmonchilik texnikumiga o‘qishga kiradi. Lekin dengizga bo‘lgan kuchli intilishi tufayli u bu o‘qishni 2-kursidan tashlab ketadi. Va bir muddatdan keyin “Arxangelsk” nomli ulkan yuk kemasiga o‘tyoqar yordamchisi bo‘lib ishga kiradi. Kichik jussali va nimjonligi tufayli unga bu ish og‘irlik qiladi va u olis Shimoldagi Krovsk shahri tog‘-kimyo texnikumida o‘qishni davom ettiradi. Texnikumda birga o‘qigan o‘rtog‘ining eslashicha: “Rubsov talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan quvnoq kechalarning hamisha faol ishtirokchisi bo‘lgan, bu kechalarda u Yesenin va Byorns she’rlarini yoddan o‘qigan... Ko‘p kunlarini ertadan-kechgacha shahar kutubxonasida o‘tkazib, Gegel, Kant, Aristotel, Platonlarning falsafiy risolalarini mutolaa qilgan...”
1954 yili yozgi ta’til davrini u Toshkentda o‘tkazadi va bu yerda bir turkum she’rlar yozadi.
1956–59 yillarda esa Shimoliy flotda harbiy xizmatni o‘taydi. U bu davrda Sergey Yesenin she’riyati bilan yaqindan tanishadi va Rossiya qalbini o‘zicha kashf etadi. 
N.Rubsov 1962 yili Leningrad Adiblar uyida yosh shoirlar mushoirasida qatnashib, she’r o‘qiydi. Bu yerda u Gleb Gorbovskiy va boshqa leningradlik ijodkorlar bilan tanishadi. Shoir shu yili 37 she’rdan iborat “To‘lqin va qoyalar” nomli ilk qo‘lyozma kitobini 6 nusxada tayyorlaydi. Bu qo‘lyozma kitobga uning sara she’rlari jamlangan edi. Lekin bu to‘plam dunyo yuzini ko‘rmaydi.
1962 yili N.Rubsov Adabiyot institutiga o‘qishga kiradi va Moskvadagi adabiy to‘garakning faol a’zosiga aylanadi Keyinchalik “sokin lirika” oqimining namoyandalari bo‘lgan S.Kunyayev, A.Peredreyev, V.Sokolov va I.Shklyarovskiy singari shoirlar shu to‘garakdan chiqqan edilar. 
N.Rubsov Adabiyot institutini tugata olmaydi. Yotoqxonadagi “jamoat tartibini buzganligi uchun” institutdan haydaladi. Guvohlarning aytishicha, u yotoqxona qavatlaridagi klassiklar –Pushkin, Lermontov, Gogol, Blok suratlarini o‘z xonasiga olib kiradi va stol atrofiga terib qo‘yadi. Kursdoshlari uning “Aleksandr Sergeyevich, sizning sog‘lig‘ingiz uchun!.. Mixail Yurevich, sizning sog‘lig‘ingiz uchun!..” deb buyuklar bilan qadah urishtirayotgani ustidan chiqishadi. Ertalab yotoqxona boshlig‘i nazoratida suratlarni joy-joyiga ilarkan: “Ajoyib davrada xayotimda bir bor o‘tirishga ham qo‘yishmadi...”, deya to‘ng‘illaydi...
Shoirning 1965 yili “Oktyabr” jurnalida katta she’riy turkumi e’lon qilinadi. Ikki yil o‘tgach chop etilgan “Dalalar yulduzi” nomli she’rlar to‘plami unga chinakam shuhrat keltiradi. 1968 yili shoir Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinadi.
1969 yili shoirning “Mudom qalbimda”, 1970 yili “Qayinzorlar qo‘shig‘i” nomli she’riy to‘plamlari nashrdan chiqadi.
Yetimlikda o‘sgan shoirga shaxsiy hayotda omad kulib boqmaydi. Shoir turmushni yangidan boshlab, ro‘shnolik topmoqqa umid qiladi. Biroq ko‘ngil bog‘lagan ayoli uning hayotiga zomin bo‘ladi.
Shoirning o‘zi “men o‘larman qahraton qishda” deb karomat qilganidek, 1971 yili 19 yanvarida hayotdan fojiali tarzda ko‘z yumadi.
Bugungi kunda N.Rubsov asarlari xalqchil she’riyat sifatida ehtirom qozongan va sevib o‘qilmoqda.

TUN

Qaqshamasa asab basma-bas,
Haydamasdim uyquni butun.
Oynadan hech narsa ko‘rinmas —
Tun, qorong‘u tun!

Kunim kechdi — to‘la g‘am, qayg‘u,
Toqatim toq bo‘ldi uzun kun.
Yupanch bo‘ldi faqat o‘zi, bu —
Tun, qorong‘i tun!

Olis yurtda do‘stim bor — purg‘am,
Shoshdim ko‘mak bermaklik uchun
Yordam qo‘lin cho‘zgin menga ham —
Tun, qorong‘u tun!

Qanotingning ostida bir dam
Isinayin, quvmoqda quyun.
O‘tib ketdi sovuq jonimdan —
Tun, qorong‘u tun!

* * *

Olsa bo‘lar qalamga neni?
Bizda erk yo‘q bu ishda ammo.
Bu bepoyon yorug‘ dunyoni
Kuylolmaysan bir o‘zing aslo!

Agar bo‘lsang dengizga maftun,
She’rda o‘zni otsang bag‘riga.
Dalalaru tog‘lar boshqa kun
Kirib kelar do‘sting she’riga.

Dilda darding bo‘lmasa, lekin,
Qo‘shiqlaring chiqmas jarangdor.
Ming chiranib neni yozmagin,
Yolg‘on bo‘lar, barchasi bekor!

O‘TMISH SADOSI

Xona to‘la sanoqsiz mehmon,
Yangilik, may, yegulik bisyor.
Xo‘p yeb-ichib kuldilar shodon,
“Katyusha»ni tinglashib ko‘p bor.

Kayfi oshib qolgach bir odam
Solintirib bir yonga boshin —
Eslab qoldi negadir birdan
Ko‘hna, g‘amgin yo‘qlov qo‘shig‘in:

“O‘lsam dafn qilarlar,
Yot yurtda qolar tanim.
Do‘stlar qaydan bilarlar —
Qaydadir qabrim manim?..”

— Eh, bolalar, dod solgim kelar!
O‘lar hamma — yegan-emagan.
Barcha bir kun dunyodan ketar,
Hech kim unga ustun bo‘lmagan.

Birdan cho‘kar ko‘zlarga g‘ussa,
Alam bilan diydalar boqar.
Yigitning oq yuzidan esa
Yirik ko‘z yosh tomchisi oqar.

‘Birovlarning qabrida
Yozin-qishin gul turar.
Mening g‘arib go‘rimda
Xas-cho‘p, xazon shitirlar…”

— Ironya, sen chekmagin qayg‘u,
Nima g‘aming bor, axir, sening.
Tobutkashing, yig‘iching bor-ku?
Ko‘madigan kimim bor mening?

Boshladilar ikkov diydiyo,
Go‘yo ular baxtsizdir mutloq.
Hiqillashar boladek. Go‘yo
Ko‘zlar oddiy ko‘z emas, buloq.

Qo‘shiq tinglab, yig‘lashar ho‘ng-ho‘ng,
Xayollari uchar ko‘k tomon.
Bu ko‘z yoshlar, bu qo‘shiqdan so‘ng
Birdan hamma bo‘lar shodumon.

Davra kular birdan gurillab,
—Ha, do‘-o‘st! Qani, yigitlar, o‘ynang!
“Katyusha”ni qattiqroq kuylab
Raqsga tushib ketishdi xurram!

KIMNI RANJITDIM?

Toza edi xonam chinnidek,
Derazadan kirdi shovqinlar.
Ular kirdi xuddi chivindek,
Uydan chiqmay yotdim ko‘p kunlar.

Tuni bilan esladim vaysoq
Kampirlarning qora qilmishin,
Tarqatardi ular tor so‘qmoq,
Ko‘cha bo‘ylab yovuz mish-mishin.

— Ey, odamlar, — der edi ular,
— Quvish kerak uni bu yerdan…
Gala javrar — bo‘rondek guvlar,
Men qalamni irg‘itdim birdan.

Momolar bor — yuragi xasta:
Qalbi nurdek toza, musaffo.
Ammo bular! Eshikni shartta
Qulflab tashla! Kirolmasin to!

Ko‘rdim — ular ig‘voni sekin
Kuzatmokda yana yo‘llarga.
0, Rus! Kimni ranjitibman men?
Quloq solma shum kampirlarga…

KUZ KO‘RINISHI

Uyg‘onasan chordoqda sahar,
Hushtak chalib tentirar shamol.
Daryoda sho‘x o‘ynar to‘lqinlar,
Ivigan bog‘ chayqalar behol.

Sudraladi tolzorlar aro
Tobut ortgan eski arava.
—Eltmoqdadir chuqurga momo
Bir boboni, — der qizga ona.

Sen g‘am yema! Tingla yomg‘irni,
So‘zlar zulmat va yovqur shamol.
Devor to‘sib turgan gullarni
Asra, ular topmasin zavol.

Balki bunda bo‘lmaydi takror,
Shamol, g‘uvlash va qisirlashlar.
Chohga eltar boboni momo,
Uchib ketar janubga qushlar…

KECHUVDA OQSHOM

Kuz tugadi. Shamollar uning
Izlarini o‘chirmoq istar.
Botqoqlikda muzlagan suvning
Yuzida sho‘x o‘ynar yulduzlar.

Sanar edi o‘zini jannat
Pichan o‘rim qizigan kezlar.
Endi eslab oh chekar faqat
Chiriyotgan bo‘sh saroy bo‘zlar…

Hech kimsa yo‘q, shu damda go‘yo
O‘simliklar, botqoqlik, dala —
Har bittasi to‘lqinlar aro
Cho‘kayotgan qandaydir kema.

So‘ngra yolg‘iz bir qayiq chiqar,
Bandargohda kezar qorovul.
G‘ira-shira atrof. Tuyular
Eng oxirgi odamzoddek ul…

ISTAK

Bu hayot oqimi shuncha tezdirki —
Ko‘rsatib dunyoning chiroyin bir-bir,
Meni shamol bo‘ylab kezdirdi,
Chorsu bozoriga keltirdi oxir.

Qoshgacha bostirib kiyib qalpoqni,
Teatr, idora… bariga bordim.
Tomirimda jo‘shib yigitlik qoni,
Qay yerni xohlasam, shu joyda yurdim!

Bir safda chizildi yo‘qotmishlarim,
Telba kuch izmida yurgan mahalim.
Tubsiz xayollarga toldim ba’zan jim:
Ne kamdir — oldinda turibdi hali.

Tiysam ham bo‘lardi hasratdan tilni,
Qalbimda bir olov gurlar, yonadi.
Tentirab yuraman — tinch qo‘ymas meni —
Lim to‘la bir jomni sipqorgan kabi.

Kemaga tushganning joni bir axir,
Hech kimsa bir chetda ketmasin qochib.
Hayot majbur qilar — harbiy kemadek —
Bor deb to‘lqin sari tikka yo‘l solib!

YUZ MARTA “YO‘Q”

Derazadan yog‘ilur
G‘alati va loyrang nur.

Yo‘q, o‘zimni osmayman,
Yo‘q, aqldan ozmayman.

Yuz yil umr ko‘rarman,
Yuz yil sensiz yurarman.

Yurak, dardi yo‘qdayman,
Yo‘q, yuz marta “yo‘q” deyman!

XAZONREZ

To‘kilmoqda daraxtdan yaproq,
Har doim shu — ko‘nar qismatga.
Bargga kuyma. Darkor achinmoq
O‘tib ketgan pok muhabbatga!

Shir-yalang‘och qolsin daraxtzor,
Sen bo‘ronni so‘kma hech qachon.
Nahot kimdir bo‘lsa gunohkor
To‘kilsa ham daraxtdan xazon?

QAYTISH

Yaqin kelar o‘lim damba-dam,
Mana, mana, u kelib yetdi —
Kampir cholga yopishdi mahkam,
Birdan qalbi yorishib ketdi.

Hayot bahor nafasi yanglig‘,
Yengilgina uchdi sezdirmay.
Soy sharqirab to‘lib oqar liq,
Xuddi qutlug‘ ko‘klam kirganday.

O‘tgan qaytmas — yaxshi, yomonmi,
Yaxshi derlar doim o‘tganni,
Zavqli o‘tgan har lahza, onin,
Nim qoplagan bahor tumani.

—Bari yaxshi. Xudoga shukur.
Chol nenidir asta g‘o‘ldirar:
Ozroq yashab tursinmish kampir,
So‘ngra birga o‘larmish ular.

— Yo‘q, — der kampir, — tortyapti tuproq,
Endi cho‘zib bo‘lmaydi aslo.
Xudoyiga vino ol ozroq,
Ko‘p ichmagin sen o‘zing ammo.

Tovush pastlab, so‘ngra oqibat,
Hayot sham’in pufladi o‘lim.
Tom ustida zorlanib faqat
Alam bilan dirillaydi sim.

A’zam O‘ktam tarjimalari

***

Jo‘nagayman men bu qishloqdan...
qolar muzga aylanib daryo.
Fijirlaydi eshik tun bilan,
Hovlilarda balchiqlar paydo.

Jilmaymasdan uxlaydi onam...
Unutilgan bu kulrang o‘lka.
Hiyonatim to‘larsan oqshom
Belanchakning qoshida, erkam...

Botqoqliklar, to‘nkalar tilsiz
To‘yg‘azganday kaftda oq qushni,
Mevasi — la o‘rmonning u kez
Meni boqdingyo‘qotding hushni?!...

Saroy bo‘ylab shamol shovqini,
Eshit, qizcha tushda jilmaydi?
Farishtalar o‘ynatar uni
Qizcha yerga qaytib kelmaydi.

Anduh chekma! qaynoq qirg‘oqda
Kemalarni bahorda kutma!
Kel, ichaylik vidoli chog‘da,
Ma’yusgina mehrim unutma.

Bir qirg‘oqda kutamiz neni,
Bizlarturfa qushlar, ishongin,
qaytarolmas hech narsa meni,
Balkim qaytib kelarman bir kun...

***

Barcha bir lahzada tushunib yetgan
So‘zlarni termoqlik emas aqidam.
Kolya Belyakovni unutolmayman.
Va uning ajoyib sozi haqida.

Zarbalari kuchli, shafqatsiz hayot.
Sevaman, nogohon eshitsam uzoq,
Gitara kuylarimoviyrang hayrat,
Ma’nodor, jarangdor har ohang, titroq.

qora dub ostida o‘zimga — o‘zim,
Derdim bu g‘amlarning bordir oxiri.
qo‘pollik qilmayman, qizlar, chin so‘zim!
Va... mayxo‘r bo‘lmayman otam singari...

Orzu... Orzu... Butkul o‘zgadir hayot,
Go‘yo mayxonasiz yashab bo‘lmaydi.
«Bu ne?»  — so‘rsam, Kolya berar maslahat,
Boshqasidan sira ko‘ngil to‘lmaydi.

Biroq boshqa mahal topilar albat, —
So‘zlarni termoqchi emasman hozir.
So‘zlab bermoq uchun ajoyib fursat
Kolya Belyakov va soziga doir.

NOMA’LUM ODAM

Zulmatlarda, qor quchog‘ida
Ketar edi och, uysiz, nochor.
Keng o‘rmonning chet qishlog‘ida
Bir eshikka yetdi hokisor.
Chorlashmadi. Bir befarosat
Kampir unga sochganday qahrin:
Yaqinlashdi qora sukunat:
— Darbadardir, ehtimol, o‘g‘ri...

Ketar edi g‘amgin va mudhish,
qorga to‘lib borar quchog‘i.
Kutib oldi hayoti so‘lg‘in,
Sovuq boqqan daryo qirg‘og‘i.
Seskandi — yu, bosildi titroq,
Hushdan ketdi tebranib oldga...
Uzildi jon, beso‘z yo‘ldayoq
Olgan kabi o‘limni yodga...

U jon berdi. qorlar kuylaydi,
Boshlanadi shov — shuvlar sayri.
Eh, odamlar, hamon o‘ylaydi:
— Darbadardir, ehtimol, o‘g‘ri...

POEZD

Poezd yelib borar g‘uldirab, uvlab,
Poezd yelib borar jaranglab, g‘uvlab.
qarshisidan chiqar to‘zonli kenglik,
Sarg‘ish olovlarning galalari tik.

Poezd yelib borar, bu shijoatkim,
Aql bovar qilmas qudrat bebaho.
Buyaqin halokat qoshidir balkim,
Mustahkam — mustahkam olamlar aro...

Poezd yelib borar, shiddatli tuyg‘u,
qaylardadir changal, to‘qay dunyosi.
Yaqin halokatning boshi balkim shu,
Nomsiz hodisotlar, ranglar vidosi...

Mana, u, olovrang ko‘zlari chaqnab,
Uchib ketayotir... Yo‘l ber, piyoda!
qaysidir saroyning yonibekatda
Meni olib ketdi ko‘tarib devday!

To‘zonli kenglikda u bilan bu dam
Oromni hayolga keltira olmam.
Yelamanqaygadir jaranglab, g‘uvlab,
Yelamanqaygadir g‘uldirab, uvlab.

Yelamanqaygadir zo‘r shiddat bilan,
Jumboqli koinot hamon menday sir.
Balkim halokatning naq boshidaman.
Hayqiraman so‘ng bor kimgadir: “Xayr!”

Bas, yetar! Yildan yil jahonda kuch — la
Ulg‘ayib borarkan bu tez harakat.
Shuncha odamlarga to‘la poezdda
qanday ro‘y berishi mumkin halokat!

***

Bo‘ychan eman. Tubi yo‘q suvlik,
Soya qoplar atrofni faqat.
Shu qadar tinch, sokin shunchalik,
Iztirob nebilmas tabiat!

Sukunatga suyumli quchoq, —
Hovuz bo‘yi seskanmas shamol.
Kim eshitgan bunday qaldiroq!
Shildiramas hovlida poxol...

O‘rmon qushi kuylar ahyonda...
Men — ku qaytdim, o‘tmishim qaytmas.
Neki o‘tgan bo‘lsa, qay onda
Shunday qolsin. Uzaysin biroz

Qalbning g‘amdan ozod lahzasi,
Sharpa beun silkingan mahal
Shu qadar tinch, hatto g‘am sasi
Xayolga ham kelmaydi malol.

Qalb achinmay voz kechdi nedan
Cho‘miladi sir, malohatga
Oy nuriga chulg‘angan maskan,
Yurak esa tiniq hasratga.

KEMA BILAN VIDOLASHDING...


Yuzda tabassum — la, ko‘zda yosh bilan
Dengiz qirg‘og‘ida yolg‘iz sen qolding,
Yana dovullar — la o‘ynashar yelkan,
Sevgim, hasratimni o‘yinga soldi!

Betinim tashvishning ijodiman—men,
Dengiz qushi yanglig‘ yorgum bo‘ronni.
Shu abadiy tug‘yon, nolalar uchun
Sevib qoldim qahri qattiq ummonni.

Sevib qoldim o‘zga qutb shahrini,
Safardan qaytaman yana bag‘riga.
U tota biladi sovuq qahrini,
U huzur totadi azob qa’rida.

Yana uning qo‘yni ovozga to‘la,
Unda g‘am bilan baxt to‘qnash mahalda,
Yuzda tabassum — la, ko‘zda yosh ila
Vidolashding kema bilan shamolda...

***

U haliyam go‘dakdir, go‘dak,
Tiniq nigoh, mayingina sas.
Yashaydi unozikdir yurak,
Sho‘xliklarga, o‘yinga havas.

— Aylanaylik qalin o‘rmonda!
— Uyg‘otaylik bulbullarni ham!
Menga esa yo‘lka tomonda
Tikiladi yolg‘iz kursicham.

— Yuguraylik dalalar tomon!
— Kel, boqaylik, bu tong — ku, axir!
Istamasdan bo‘yin egaman,
Nimalardir deyman negadir.

Tuyg‘ularim tug‘yon solganda
Keragidan ortig‘in bildim.
Bizlar tez — tez yolg‘iz qolganda
Meni ezgan yolg‘izlik bo‘ldi.

Yaqinlashdi eng so‘nggi visol —
Famgin boqar qarshimdagi gul.
Eh, so‘zlarim naqadar chigal!
U o‘zini yo‘qotar butkul.

Nima uchun kezdik o‘rmonda?
Bulbullarni nechun uyg‘otdik?
Nima uchun yo‘lka tomonda
Hamon yolg‘iz turar o‘rindiq!...

Oygul Suyundiqova tarjimalari

ESIMDA...

Uchgin, uchavergin, umr yelkanim,
Hayot ummonida tinma bir nafas.
Faqat yillar o‘tib – qarilik manim
Bukilmas vujudim dol qilmasa, bas!

Lekin xotiralar chulg‘ab damo-dam,
Ko‘nglim tublaridan ketmaslar nari;
Go‘yo suzib chiqar tuman ichidan
Olis bolalikning manzaralari...

Esimda – chenada sirpangan qirlar,
Qirov oynalarga chizgan naqshlar...
Esimda – chorpahil, alpqomat erlar
Kuylagan qo‘shiqlar, jaydari raqslar.

Esimda – bug‘doyzor adir bag‘rida
Sergak yumronqoziq – boqar men sari;
Esimda – kech kuzning saharlarida
Junjikkan qushlarning g‘amgin saslari.

U payt sirli edi ufqlar – yiroqlar,
Mo‘‘jiza uchrardi qadamda – har on.
Endi ular barin yodida saqlar
Quyuq qayinzor va archazor o‘rmon!...


QAYOQQA UCHAMIZ?

–Hur, erkin bo‘lamiz qushlardek, – deya
Shivirlaysan, ko‘ngling orzuda yoqib;
Bo‘ron shiddatini tuyasan go‘yo,
Ummon uzra uchgan qushlarga boqib.

Biroq orzung qalbim yondirmas taqir,
Garchi to‘la unda eng ezgu hislar.
Sen qushsan – parvozi o‘zgacha, axir,
Aytgin, qayoqlarga uchamiz bizlar? 
 

UYDAN CHIQIB KETGANDA


Shamolni sevaman baridan ko‘proq!
Bo‘zlashi yurakka solgaydir titroq!
Axir, kim uningdek tinmay oh tortar!
Oh tortgani sayin hasrati ortar!
 
O, shamol! Qulog‘im ostida zuvlar!
Tegramda tirik jon misoli uvlar!
Betaskin dard ila qalbing tilar u,
Senga dunyo g‘amin so‘ylay bilar u.
 
Rahmat, shamol! Ayon angladim barin - 
Ham azob, ham taskin menga dardlaring! 
Tanishdir sendagi har nola, har un! 
Men ham tashlab ketdim uyimni butun...

G‘ussaga limmo-lim mening ham qalbim,
Biroq sendek bo‘zlay olgaymi dardin?
Yo‘lim hech unmaydi – ufqlar xira. 
Biroq shamol uvlar. Tin olmas sira..
 

NON

Xaltamga joylandi yemishlar butun...
Shirinlik ham soldim – kerak, bilaman.
Nonni olganim yo‘q – 
Uzoq yo‘l uchun
O‘zimga yuk qilib nima qilaman!
Biroq oqsoch buvim to‘xtatdi meni,
Ertamni oldindan ko‘rgandek ayon,
Dedi:
– Bolajonim, tingla gapimni,
Og‘irin solmagan hech kimsaga non..


AYIQ

Noxush sado o‘rmon tinchini buzdi,
Ovchi ayiq ko‘ksin ko‘zlab o‘q uzdi.
Qadaldi badanga qaynoq qo‘rg‘oshin,
O‘ldirmoq bo‘ldilar ne uchun, axir.
Ulkan ayiq nochor to‘kdi ko‘z yoshin:
Yo‘q edi-ku uning gunohi taqir!
Ayiq uyi tomon ketdi bag‘ri xun,
O‘z uyiga borib o‘kramoq uchun...
 

QARG‘A

Eski shox uzra bir qarg‘a o‘ltirar,
Ko‘zlari atrofga qarab mo‘ltirar.
Ko‘rinmas ko‘chada ulov sharpasi,
Chunki boshlanmishdir ayoz pallasi.

U yoqdan-bu yoqqa sakraydi sho‘rlik,
Bormi, axir, bundan battarroq xo‘rlik!
Tevarak-atrofda ushog‘u don yo‘q,
Qishdan panalayin desa imkon yo‘q...     


QALDIRG‘OCH

Chuvvos solar ko‘kda qaldirg‘och,
Tushib ketdi yerga polapon.
Qiyqirishib bolalar qiyg‘os,
To‘planishdi qoshiga shu on.

Topib kelib bir parcha temir,
Men qabrcha qazdim yer uzra.
Uchar edi qaldirg‘och gir-gir,
Ishonmayin bu holga sira.

Faryod chekdi ko‘kda noiloj,
Qoldi balki uyi beega...
O, qaldirg‘och! Sho‘rlik qaldirg‘och,
Qaramading bolangga nega?


CHUMCHUQ

Chirqillashga holi yo‘q hatto,
Dildiraydi chumchuq bechora.
Qor tagini titkilar goho, 
Topsam deya bir ushoq, zora.

Don topar u – demak salomat,
Shukur qilar omonligidan.
Hech kimsaga qilmas malomat,
Ahvolining yomonligidan... 


QUYON HAQIDA

Quyonga duch keldim o‘rmonda,
Qaytar edim uyimga yolg‘iz.
Qo‘rqib ketgan jonvor shu onda
Ro‘paramda tosh qotdi, holsiz!

Bir lahza u turdi karaxt, lol – 
Tor ko‘rindi dunyo ko‘ziga.
 ,,Hayt!’’ deya men sas berdim alhol,
Sho‘rlik shunda keldi o‘ziga.

 So‘ng ortiga sakradi shu on,
Chakalakzor edi yaqinda.
Balki yotib o‘yladi quyon,
O‘zi haqda va men haqimda.

Oh tortdi u ovloqda betin,
Yuragida g‘ussasi orta.
Chunki Mazay bobodan keyin,
Qolmagandi do‘sti birorta.


XOTIROT

Tinmas bunda bo‘ronlar hargiz,
Qish qahridan tushmaydi sira.
Ko‘rinar bir yog‘och uy yolg‘iz,
Uchqunlagan qor ichra xira.

Esimdadir yulduzlar bunda,
Nurin sochar edi ravshan, xo‘b.
Esimdadir, bo‘rilar tunda
Izg‘ir edi hadiksiz, to‘p-to‘p.

Bari singdi yo‘qlikka ro‘y-rost!
Og‘riq tuyar dillarim mening! 
Buncha shoshqin, buncha jaranggos – 
Solib uchdi yillarim mening!

O, men hamon ko‘zimni yumsam,
Ko‘raman u kulbani tag‘in.
Izg‘irinlar junjiktirsa ham,
Jimirlaydi yulduzlar yorqin.

Tinmas unda bo‘ronlar hargiz,
Qish qahridan tushmaydi sira.
Ko‘rinar bir yog‘och uy yolg‘iz,
Uchqunlagan qor ichra xira...


 QARAG‘AYZOR

Yana ruhim chirmar xayollar,
O, bu go‘sha – tengsiz ochunda!
Kumush yellar, oqto‘sh shamollar
Bahslar qurib tinmaydi bunda.

O‘ris qavmin tuqqan qishloqlar!
Shovullagan, o qarag‘ayzor!...
Qorayarkan ufq, o‘tloqlar,
Qalbim mening nurlanar takror.

Ovloq tuman mehmonxonasi.
O‘ltiribman o‘qib, yoqib pech.
Tun uyqusiz kechar, chamasi,
Bunday paytlar uxlab bo‘lmas hech!
 
Qandoq uxlay, zulmat komidan
Kelar moziy saslari shoyon
Va ro‘baro‘ derazalardan
Qorga tushar shu’lalar hamon.

Mayli, bo‘lsin rejalar bekor,
Tongda pushmon olsin qasdiga,
Quloq tutib yotgum men bedor
Qarag‘ayzor shovullashiga...


TUNGI TASHRIF
 
Itlar ovoz berdi bevaqt, daf’atan,
Tag‘in – yarim tunda, bu qandayin hol! –
Kimningdir sharpasi ko‘rindi shu dam,
Kelardi dalani kesib bemalol...

Mehmonlar yo‘q edi – kelishdi mana,
Qancha gurung kerak – tinglagin, yayra!
Qirmiz barg tollarning ostiga yana
Shinam joy to‘shaldi – boshlanar bayram!...

Kechirgin sen bizni, horigan dala,
Singil yo og‘adek kechirgin bizni:
Balki biz so‘nggi bor qilib hafsala,
Lovullatdik yurak gulxanimizni.

Balki oxirgi bor tashrifimiz bu,
Balki bizdan keyin kelmaslar istab...
Xazonrez bog‘ ichra – ma’yus bir yog‘du,
Barglar shivirlaydi g‘amgin, ohista.

Jo‘shdi dilda bir zum hislar taloshi –
Yurtim, farzandingman, bo‘l mendan rozi...
Biz yana otlandik yo‘llarga shoshib,
Ortda qolib ketdi itlar ovozi.


QISH KECHASI
 
Kimdir qabristonda ingrar, oh tortar,
Kimdir taqillatar eshikni bot-bot:
Ichkari kirolmay xunobi ortar
Va boqar darchadan bir qiyofa – yot.

Bo‘ron uvillagan tunda bemahal
Kim ekan kulbamga yo‘lini burgan?
Kim ekan ko‘rmoqqa buncha zor, mahtal,
Lekin burchaklarda berkinib turgan?

Biroq oqsoch quyun yo‘ldan narida
Faryod solib qolar boladayin naq.
Dahshatli bir sir bor bular barida,
Tungi oh-nolalar bejizmas mutlaq.

G‘ichirlay boshlaydi eski tom tinmay,
Chiroqni ko‘tarib va hovuchlab jon – 
Haydash uchun in qurgan ajina-jinni,
Chiqaman zinadan men cherdak tomon.

Qochadi sharpalar burchak-burchakka...
– Kim u? – sas beraman titroq va bo‘g‘iq.
Boshlar zina uzra kimdir yurmakka,
Tushar-ko‘tarilar... Sira najot yo‘q!

Kimdir qabristonda ingrar tun bo‘yi,
Kimdir qolib ketar bo‘ronda butkul...
Menga tuyuladi berkingan ko‘yi
Kimdir derazamga termilar nuqul...
 

NOMA’LUM KIMSA

Yog‘ayotgan qorda dildirab
Borardi u uysiz, och, xasta.
Taqillatdi qishloq chetida
Turgan uyning eshigin asta.

Qo‘yishmadi uni ichkari.
Bir qo‘rs kampir tirg‘aldi shu on
Va ko‘ksidan uni itarib,
Dedi: – Daydi. Yo‘q, o‘g‘ri, ayon...

U ketdi. Qor, urib turgan qor
Yo‘llarini bosdi qalinroq!
Bir payt boqsa oldinga abgor, 
Qarshisida – muz qotgan qirg‘oq!

Cho‘chib tushdi, o‘ziga keldi.
Ketdi, ayoz – o‘ngdayu so‘lda...
U faryodsiz, ovozsiz o‘ldi,
Bilar edi o‘lishin yo‘lda.

Ko‘mdi yellar uni qor bilan,
So‘ng mish-mishlar tarqadi har yon.
U haqida bilgan-eshitgan
Dedi: – Daydi. Yo‘q, o‘g‘ri, ayon...


XOTIRAM LAVHALARI

Yo‘qlikka mahkumdir hamma-hammasi,
Biroq men ortimga boqib so‘nggi dam –
Tuyarkan yurakda vido sharpasin,
Eslarman yurtimni, ko‘zlarimda nam.

Hamon esimdadir – qirg‘oq chetida
Hovur purkab turgan qora mo‘rchalar;
Chana izi kumush qorlar betida – 
Oydin kechalarda ajib kuy chalar.

O‘rilgan bug‘doyzor jimjit, mung‘aygan,
So‘nar yashil o‘rmon g‘alayonlari;
Ufqqa talpingan qushlar sasidan
Ma’yus, g‘amgin titrar kuzak tonglari.

Sarg‘aygan qirlarga galalar pastlab,
Yemish ilinjida qo‘narlar so‘ng bor.
Garchi toparlar don, garchi topmaslar,
Yo‘l olis – hayallab bo‘lmaydi zinhor.

Esimda, dengizchi – bir ketgan ko‘yi
Xizmatini o‘tab qaytgan u, beshak.
Esimda, hammomda g‘amlardan kuyib
O‘zin osib qo‘ygan abgor bir erkak.

Xushxon kezgan yoshlar – tin bilmayin hech,
Toshar qalblaridan zavqi-quvonchi;
Eski qalpog‘iga g‘alat to‘g‘nog‘ich
Taqib olgan edi keksa garmonchi...

O, umr safosi – ajib armonlar,
Orzular, shodliklar, g‘amgin nigohlar...
Hamma-hammasini quyuq o‘rmon va
Yashil archazorlar yodida saqlar! 


TONG

Yuksak qarag‘ayzor uchlarin zarga
Chulg‘arkan quyoshning nuri ilk sahar,
Dov-daraxt soyasi tushib suvlarga,
Qishloq ko‘chasida o‘ynar shu’lalar.

Qarshilarkan moviy tongni hamma teng – 
To‘larkan hovlilar xandon-jarangga,
Baland tepalikka chiqaman-da men,
Dunyoni ko‘raman eng yorqin rangda.

Ko‘rkam ot, past tomlar jazb etar meni,
To mudom ularga yuragim ilhaq.
Yo‘qotib qo‘ysam gar bu go‘zallikni,
Topa olmagayman o‘zgasin mutlaq...


* * *
 
Enkaygan yog‘och uy qarorgohida – 
Oqtan qayinlarni oralab xushhol
Kezaman, mevalar terib gohida – 
Kech kuzak shafag‘i tovlanganda ol.

Ko‘m-ko‘k, moviy osmon bag‘rida bu dam
Uchadi turnalar solib arg‘imchoq;
Qayiq iz qoldirib suvda kumush rang
Jilar jimjit o‘rmon ichiga shu choq.

Havo junjiktirar va sof – naq billur,
Qirg‘oqni qiyoqlar hidi etmas tark.
Daraxtda – bir lahza titrar-da masrur,
Yerga uchib tushar namxush xazon-barg.

Oddiy tuyg‘ulardan vujud osuda,
Qalb esa qalqiydi ufqdan nari, – 
Ko‘m-ko‘k , moviy gumbaz osmon ostida
Uchayotgan bir to‘p qushlar singari...


QOR YOG‘MOQDA...
 
Qor yog‘moqda tinsiz gupillab,
Borliq oqqa belanar obdon!
Yurak urar ajib dukillab,
Mast bo‘lgandek xuddi sharobdan.

Oqargan tor yo‘llar chetidan
Kumush yellar esarlar uzun,
Qishning zarrin ziynati bilan
Fusunlanar shaharcha butun.

Go‘daklarga zavq ulashar zab,
Yashnab ketar hatto dov-daraxt; 
Go‘yo butun Rossiya bo‘ylab
Yog‘ar qormas – yog‘ar bir farah.

Qor yog‘moqda – yuragim, alqa!
Zarrasida go‘zallik naqshi,
Hayot goho shifodir qalbga...
Ba’zan shundoq bo‘lgani yaxshi!


TUQQAN YURTDA BIR KECHA


Yuksak o‘sgan eman va zangori ko‘l,
Har yonda soyalar to‘kis, xotirjam.
Bunda jimlik hokim va halovat mo‘l,
Tabiat ko‘rmagan hech bir zaha-g‘am.

Bu zamin osmoni sokin shu qadar,
Tomni titratmagan tunlar qaldiroq!
Eshitilar bir barg qilt etsa agar,
Bundan epkinlarning junbushi yiroq.

Ukki sayrab qolar ahyon va ahyon...
Men-ku qaytib keldim – kechmish hech qaytmas.
Nima ham qilardik! Ushbu ajib on,
Bir necha lahzaga uzaysa gar, bas.

Toki yurak g‘amni unutsin mutlaq – 
Borliqda farog‘at bo‘lsin mujassam;
Go‘yo sen baxtga hech emassan ilhaq,
Go‘yoki ko‘zlaring bo‘lmagay hech nam.

Butun borlig‘ingni ajib bir g‘ussa
Komiga so‘roqsiz tortar shu oni, 
Bamisli sokin shom oydin bir shu’la
Chulg‘ay boshlagani yanglig‘ dunyoni...


* * *

Tabiatning ajib koshonasida –
Gavjum qayinlarning soyasi aro
Jildirar naysoniy suvlar osuda,
Taralar g‘ildirak saslari goho.

Daryo yoqasida keksaygan uylar
Chulg‘anadi harir tumanlar ila...
Ruhingni chulg‘aydi adoqsiz o‘ylar
Va bir ajib g‘ussa ozurda qilar !

Farahlan bir nafas, munavvar shuur!
Biroq vujud nega titraydi shu on?
Qovjirab to‘kilar chechaklar bir-bir –
Zulmatda oqarib ko‘ringan ayon.

Va bir xilvatdagi ismsiz qabr
Fikring olib uchar yiroq-yiroqqa.
Yarim tun – samoni ma’sum etgan nur
Soladi qalbingni xazin titroqqa...


ELEGIYA

Qoqdim bir cho‘ntakni – unda yel o‘ynar,
Qoqdim ikkinchisin – eh, bo‘m-bo‘sh u ham.
Chiroyli fakrlar, o, zo‘r fikrlar – 
Ketdilar qaygadir olmoq uchun dam.

Biroq unutgum men turmush zahrini,
Shamolga chiqaman boshyalang, yupun – 
Kechgan yillarimning hasratlarini
Qolgan sochlarim-la yupatmoq uchun.

To‘kilar o‘ylarim qo‘limdan qumdek,
Oyog‘im ostidan sirg‘alar yoshlik.
Botuvchi har bir kun umrgadir chek,
Surursiz damlardan – ko‘ngilda g‘ashlik.

Qoqdim bir cho‘ntakni – unda yel o‘ynar,
Qoqdim ikkinchisin – o‘ylarim mahzun...
Bir kun mashhur bo‘lib ketsam men agar,
Boraman Yaltaga dam dam olmoq uchun...


OQ QAYIN


Sevaman qayinlar shovullashini,
Boqaman ulardan uchgan xazonga.
Sezdirmay artaman ko‘zim yoshini – 
Va teran titroqlar tushadi jonga.

Xotiram beizn uyg‘onar shu on,
Mudroq shuurimga talotum tashlar.
Kimdir ushbu damlar dardli va shoyon
Go‘yoki sevgidan shivirlay boshlar.

Bildim, inson rizqi hasratdir tayin,
Qalbni junjiktirar alamnok kunlar.
Qayin shovullaydi zotan shundayin – 
Onam qabrida ham taratib munglar.

Yov o‘qi mahv etdi otamni jangda.
Yodimda qayinzor, chetanli qo‘rg‘on – 
Sovuq kuz yomg‘iri xonish qilganda
Uchar sariq barglar aridek g‘ujg‘on...

O, Rus, qayinlaring sevaman biram!
Sen-la birga o‘sdim – yoshlikdan g‘amdosh.
Shu bois quruqshab qolgan ko‘zimdan
Yonoqlarim uzra oqar bexos yosh...


BARGLAR TO‘KILDILAR...

Barglar to‘kildilar
 terakdan duv-duv,
Qahrabo epkinlar esdilar takror.
Sen u xazonlar deb chekmagin qayg‘u,
Mening muhabbatim asragin, dildor!
Daraxtlar yalang‘och qolsinlar, mayli,
Qarg‘ama yellarni xazon chog‘ida!
Axir,
 kim ham aybdor epkin tufayli
Daraxtdan barglarning uzilmog‘ida?


* * *

Men ko‘nglimga axtarib taskin,
Bas, ketgayman ushbu dunyodan.
Mayli, meni uzoq izlashsin
Ustimdagi g‘amgin daryodan.

Mayli, jannat etsinlar va’da
Va farog‘at – qo‘llardan kelmas.
Menga kerak na uy, na kulba,
Endi gul ham men-chun shart emas...

Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.