OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Svetlana Makarovich (1939)

1939 yilda Sloveniyada tavallud topgan bo‘lajak shoira, bolalar adibasi, publitsist va musiqa shaydo — sining ilk she’ri 17 yoshida e’lon qilindi. Uning shu kunga qadar 10 dan oshiq she’riy to‘plamlari, 1000 dan oshiq bolalar uchun yozilgan ertak, pesa, dramalari  o‘z Vatani va xalqi tomonidan munosib taqdirlanib, e’zozlanib kelinmoqda. U urush, uning bitmas jarohatlarini ko‘rdi, o‘zidan o‘tkazdi. Shuning uchun ham insonning inson bo‘lib yashashiga haqqi bor, bu haq va zavqni olib qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q, deya ezgulikni chorlaydi u o‘z she’rlarida. U o‘z she’riyati haqida shunday deydi: «Senga nimaiki azob bersa, nimaiki musibat keltirsa, shuni yuragingdan o‘tkazib, yozolsang, muqarrar  yengil tortasan, tabassum qilging va va uzoq yashaging keladi». Xuddi shu mohiyatSvetlana Makarovich she’riyatining qudratidir.


QARSHILASH

Qarshimda —
Darcha ortidagi noxush manzara.
Qarshimda—
Qon bilan to‘liqqan olam.
Giyohsiz, butoqsiz yalang‘och tog‘lar
Huvillagan bag‘riga, qara.
Qarshimda —
Baxt tutgan qush qanoti —
Singan  qalam.

Loyqa suvlar, badbo‘y suvlarda
La’nat oqar, nahs oqar.
Qarshimda —
Ko‘r va soqov
Qo‘shnilar xayron boqar.

Qarshimda —
Belida belbog‘i yo‘q,
Otsiz, egarsiz erlar.
Qarshimda —
Gul juvonning
Yuzi,ko‘zi ko‘karar.

Qarshimda — 
Badbashara,
Juni kuyuk govmishlar
Terisi to‘la yara,
Qanday nasl bermishlar?
Shamol, dalalar bo‘ylab,
Keng quloch yoz, o‘t kuylab!
Qarshimda
Yurt deya atalgan qo‘shiq.
Qarshimda —
Qahatchilik,
Ortidan kelar o‘lat.
Ochlik, qirg‘in — qiyomat.
Qarshimda —
Allasiz sollanar beshik.

ALLA

 Ko‘zlaringda uyqu yo‘q, alla,
Seskandingmi shamoldan, bolam?
Shamol kuylarumrimiz bekor,
Bubor — yo‘g‘i iztirob, alam.

Shamol kuylar — cho‘lu — dasht ichra
Og‘ir, oqish so‘ngaklarni ham
Irg‘itadi, izillatadi
Urib turgan yuraklarni ham.

Shamol kuylar— bo‘zlaydi, falak
Nolasiga to‘lib ketadi.
Toqati toq, sabri sinadi —
Manziliga qachon yetadi?

Shamol kuylab, bir kun bu uyga
Bevaqt o‘lim olib kelsa ham,
Qo‘rqma, jonim, qo‘rqmagil, alla,
Shirin tushlar ko‘rgin, jon bolam.

PO‘PANAK

Oppoq non bo‘lagi, ushoqlari ham
Seni kutdi qancha oqshom, qancha tong.
Stolning tagida, qara, nimadir
Jimirlab ko‘rinar, balki kumushrang
Po‘panak, po‘panak?
Ha,ha, po‘panak!

Har bitta burchakda g‘ira-shiralik.
Bu ayol dunyodan o‘tib ketdi toq.
Nonni shu tandirdan uzganu, alhol,
Sham kabi o‘chibdiillo, o‘lim haq.
Tovlanar po‘panak,
Ha, ha, po‘panak.

Bu kulrang kulbani mayin, qalin qor
Suyibdi, siylabdi tonggacha bu tun.
Qayinlar qo‘lini uzatdi, uzun
Soyalar to‘shaldi kulbaga beun
Bamisli po‘panak,
Ha,ha, po‘panak.

Hovlida qulf urdi olcha daraxti,
Boshiga soyabon tutdi zamburug‘.
Nechun quvonmaysan, sen bilan boqqa
Surur qaytib keldi ^g‘olib va ulug‘!
Nahotki po‘panak?
Ha,ha, po‘panak.

Nelardir qo‘llarin silkidi uzoq,
Daladagi don — dun yoki o‘t — o‘lan?
Ko‘zlaring tubida charchoqlik yoxud
Ko‘z oldingni to‘sib chiqdimi tuman?
Bu ham — po‘panakmi?
Ha,ha, po‘panak.

Ko‘zingni qo‘llaring bilan berkitma,
Nima uko‘nglingga hech o‘tirmadi?
Ko‘zlaringni uyqu bosib kelmoqda,
Sukut ham bir qatim nur keltirmadi.
Yana po‘panakmi,
Ha, ha, po‘panak.
Bo‘linib — bo‘linib ketar nafasing,
Xushbo‘ylanar kulrang novdalar xushhol.
Shu hid borlig‘ingga, qalbingga singar,
Seni allalaydi, uxla, orom ol!
Albatta, po‘panak.
Ha,ha, po‘panak.

Nurlarga burkanar qadrdon tuproq,
U shundayin saxiy, shundayin azim.
Bahslar tugamaydi, bil’aks, chuqurroq
Kirib borar, go‘yo yurgizar hukm —
Po‘panak, po‘panak.
Ha,ha, po‘panak.


ODAMLAR OVCHISI

Qiyin bo‘ldi qo‘shniga. Bizni
Chetlab o‘tsin bu — taqdir, bu — o‘q.
Bu — o‘zga uy, o‘zga bolalar
Og‘ritmaydi begona og‘riq.

Tugab borar nasiba, rizq-ro‘z.
Ahvolingni hech kim bilmaydi.
Qani, ketdik. Quyuqlashar shom.
Ketgan odam qaytib kelmaydi.

Buncha g‘amgin o‘ylarga botding?
Aytib bo‘lmas olis sirlarni,
Musibatni ko‘tarmoq uchun
Kel, yoqamiz yorug‘  nurlarni.

Yaxshilab yop eshiklarni ham,
Biroz hordiq, orom ol, jonim.
Uzoqlarda shamol uvillar,
Yana kimni ovlaydi o‘lim?

Oygul Suyundiqova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.