OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Attila Ilhan Moviy (1925-2005)

http://ziyouz.com/rasmlar/poems/attila_ilhan.jpg

Shoir va yozuvchi Attila Ilhan 1925 yil 15 iyunda Izmir viloyatining Menemen qasabasida tug‘ilgan. 
"Haqiqat", "Demokrat-Izmir" gazetalarida muharrirlik qilgan va bosh maqolalar yozib turgan. 1973 yilda Anqaraga joylashgach, "Bilgi" nashriyotida maslahatchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 1980 yildan keyin Istanbulga kelib, "San’at voqeasi" jurnalida mas’ul muharrirlik qilgan.
"Jabbor o‘g‘li Muhammad" she’ri 1946 yilgi she’r musobaqasida 2-o‘rinni egallagandan so‘ng shoir nomi qo‘pchilikka ma’lum bo‘ldi. "Mahbusning kundaliga" kitobi esa 1974 yilda "Yunus Nodiy" mukofotiga loyiq deb topildi. She’r va tankidiy maqolalari "Kun", "Yosh nasl", "Kdtsam-baqadam", "Fikrlar", "Borliq", "Oila", "Yigirmanchi asr", "Tanlangan hikoyalar", "Yetti tepa", "Do‘st", "Yelkan", "Jumhuriyat", "Millat san’at voqeasi" kabi jurnal va gazetalarda e’lon qilindi.
Attila Ilhan bir necha filmlar stsenariysi muallifi hamdir: "Sakkiz ustunga shior" (1982), "Burgutlar baland uchar" (1984), "Ertaga endi bugundir" (1986), "Yulduzlar kechasi kattadir" (1992), "Teleflash" (1993).
She’r to‘plamlari: "Deyun" (1948), "Tumanlar xiyoboni" (1954), "Yomg‘ir qochqini" (1955), "Men senga majburman" (1960), "Balo chechagi" (1962), "Ta’qiqlangan sevgi" (1968), "Mahbusning kundaligi" (1973), "Shunday bir sevga" (1977), "Ko‘lda bor huzun" (1982), "Qo‘rquvning qirolligi" (1987), "Ayriliq ishqqa tegishli" (Barcha she’rlari, 2001).
Attila Ilhan bir necha romanlar muallifi ham: "Ko‘chadagi odam" (1953), "Zanjirlar bir-biriga o‘xshamas" (1957), "Bo‘rilar dasturxoni" (2 jild, 1963, 1964), "Pichoqning uchi" (1973), "Sirtlonning o‘lishi" (1974), "Yaraga tuz bosmoq", "Yomon holda Leman" (1980), "Dorussaodatda voy" (1984), "4 qorong‘ulikda biz" (1987) kabilar.

 

SAQLA

kelajagim saqla dedi
saqladim u kelmadi
o‘lim kabi bir ish edi
ammo hech kim o‘lmadi

YOMG‘IR QOCHOG‘I

qo‘limdan tut yo‘qsa yiqilajakman
yo‘qsa yulduzlar ham bir bir to‘kilajak
agar shoirligim bilsang meni tanisang
yomg‘irdan qo‘rqishimni bilarsan
agar ko‘zlarimni eslasang
qo‘limdan tut yo‘qsa yiqilajakman
yo‘qsa yomg‘ir meni olib ketajak

kechalari yurak dukullashini tuyarsan
bu men shosha shosha yomg‘irdan qochayotgan
saroyburni bo‘g‘ozidan kechayotgan
sunbula oqshomida hamma yog‘i ho‘l
meni ko‘rsang balki tanimayajaksan
hech kimga bildirmay ingrab yig‘larsan
yakkayu yolg‘izman adashib yurgan
qo‘limdan tut yo‘qsa yiqilajakman
yo‘qsa yomg‘ir meni olib ketajak

 
MEN SENGA QARZDORMAN

men senga qarzdorman bilmaysan
isming mix kabi xotiramga urilgan
tobora kattalashib yonar ko‘zlaring
men senga qarzdorman bilmaysan
ichimni isitaman sen bilan

og‘ochlar kuz fasliga hozirlanajak
bu shahar o‘sha eski istanbulmidir
qorong‘ida bulutlar parchinlanajak
ko‘cha chiroqlari birdan yonajak
qaldiroqlarda yomg‘irning isi
men senga qarzdorman sen yo‘qsan

sevmak ba’zan uyatsizlarcha qo‘rqinchlidur
inson ba’zan noxos baridan charchar
ustara tig‘ida yashashdan charchar
bari bir bir kuni ustara qonini sochar
necha hayot ayrilajak bitta hayotdan
Qaysi bir eshikni urmasin o‘shanda
yolg‘izlik to‘ng‘izday bo‘kirar eshik ortidan

fotih*da bir eski gramofon kuylar
eski zamonlardan bir juma* kuylar
ko‘cha boshida turib uni tinglasam
senga hech kim ko‘rmagan ko‘k*ni keltirsam
haftalar qo‘llarimda uvadalanajak
ne qilsam ne tutsam ne yoqqa ketsam
men senga qarzdorman sen yo‘qsan

balki iyunda moviy xolli bir go‘dakdirsan
oh seni bilmaslar odamlar bilmaslar
bir kema suzgaydir sokin ko‘zlaringda
balki yashilko‘y*da uchoqqa minayapsan
balki ivigan soching shamollarda parishon
balki ko‘rsan tegrangda bezovta bir lomakon
telba shamol sochlaring tortqilaydi beomon

men ba’zan bu hayot haqida o‘ylayman
bo‘rilar bilan yashamoq og‘ir bilaman
yashash og‘ir qo‘llarimiz gunohdan asrab
men ba’zan bu hayot haqida o‘ylayman
jim deya ismingni tilga olaman
ichimda to‘lqinlanar pinhon dengizlar
hech qachon boshqacha bo‘lmas hayotim
men senga qarzdorman bilmaysan

__________________________
* Fotih — Istanbuldagi maydonning nomi
* Juma — bayram ma’nosida
* Ko‘k — osmon ma’nosida
* Yashilko‘y — Otaturk nomidagi xalqaro aeroport joylashgan joyning nomi

Xurshid Davron tarjimalari

SHOHONA SARSARI

Yo‘limdan chekin, bolam,
Bog‘lasalar ham tursadmam.
Temir aso, temir choriq dedim,
Naylayin,
Yo‘lchilik dedim.
Daraxtlarda tunadi yana oqshom
Qarg‘alar bilan.
Shamol o‘zini yerdan-erga urmoqda,
Siniq, to‘kilgan yulduzlar
Ko‘rinadi uzoqdan.

Ustunsiz mavjlar yugurtirar meni.
Onamdan yo‘lchi bo‘lib tug‘ilganman,
Yetti tog‘ning yo‘llari qalbimdan o‘tgan.
Salqin, salqin misralar kelar ichimdan,
Dudoqlarimda yomg‘ir tomchilari...
Yo‘llar meni olib ketadi.
Onamdan yo‘lchi bo‘lib tug‘ilganman (axir).
Daryolar-la birlikda dengizlarga qovushdim,
Bu katta dunyoni oqshom dedim,
Yig‘lagim keldi...

Yo‘lga bir tushildimi, umr bo‘yi ketilur,
Non, sharob, turnalar ortidan.
Buyuk shaharlar, buyuk ishq tark etilur.
Men bolalar kabi sevdim,
Devlar kabi iztirob chekdim.
Tomirlarimda dunyoning shamollari.
Harbiylik va achchiq yolg‘izlikka qaramayman.
Men onamdan (axir) yo‘lchi bo‘lib tug‘ildim,
Naylayin,
G’urbat dedim,
Vatan dedim,
Hurriyat dedim...


«PIA»

Qaniydi kimligini bilsam PIAning,
Qo‘llarini bir tutib o‘lsam.
Buncha uzoqlardan o‘tmasa,
Men bir shaharga kelgan vaqt
U boshqa shaharga ketmasa.
Otellarni bo‘m-bo‘sh ko‘rmasam,
Ichlarini muzli bir qadah kabi.
Bug‘lanib, bug‘lanib turmasam,
Na bo‘lg‘ay, tonggacha qirg‘oqda.

Bolalar PIAni ko‘rsalar,
Menga xabar bersalar, bilsam.
Ichimni bus-butun yulduz bosar,
Bir xanjar-la ko‘ksimni tilsam.

Men bir shaharga kelgan chog‘,
U boshqa shaharga ketmasa.
Singapur yo‘lida demasalar,
Horg‘inman aytmasa, aytmasa...
Buning ustiga pulsiz, hujjatsizman.
Na bo‘lg‘ay tongga qadar qirg‘oqtsa,
Ovozini eshitsam PIAning.
Yo‘qsillik yomg‘iri ostida,
Boladay ko‘zlari sovqotgan, qo‘rqqan, so‘lg‘in...
Qo‘llarini tuta olsam PIAning (so‘ng),
O’lsam, armonsiz o‘lardim...


TUMANLAR XIYOBONI

I

Yuzini yashirsa quyosh tutilardi,
Oy ham oktyabr edi, junjikardik.
Daraxtlardan biri ko‘chada o‘lardi,
Shaharning oynalari qayg‘usiz kulardi,
Har ko‘cha boshida o‘pishar edik...

Tumanlar xiyobonida oqshom cho‘kkandi,
Yelkalarimizga undan oldinroq.
Kesilgan qo‘l kabi yolg‘iz edik,
Tog‘larda otashlar yonmasdi...
Dengiz fonuslari so‘ngandi,
Bir-birimizning ko‘zimizni qidirardik.

Tumanlar xiyobonida seni yo‘qotdim,
Ko‘cha chiroqlari nur sochar edi...
Yuqorida bulutlar yurar edi.
Tark etilgan bola kabi edim,
Teginsangiz yig‘lardim,
Yangi eshik tomonda bir poezd bor edi.

Tumanlar xiyobonida o‘lgayman,
Chap biqinimdan uradilar,
Ko‘cha bekatida yiqilaman,
Ko‘zoynagim sinadi...
Sen ro‘yo ko‘rasan, baqirib uygonasan,
Tongda eshiging uradilar,
Keltiradilar,
Meni ko‘rib tong qotasan,
Yig‘lay olmaysan, yig‘lay olmaysan...

Tumanlar xiyobonidan o‘tdim, shalabbo edi.
Ivigan ko‘chalar yaltirar,
Turib, turib ko‘zlarim tolardi,
Bir finjon sharobda yo‘qolar edim.
Tungi posbonlardan soat so‘rardim, lekin
Uyga ketishga qo‘rqardim
Tumanlar bo‘g‘zimga o‘ralgan edi...

II

Bir kema meni Afrikaga olib ketadi,
Ismini bilmayman, nima bo‘pti...
Kasablankada bir kun qolaman,
Tumanlar xiyobonini esga olaman...
Qizil malak qo‘shig‘idan bir satr,
Bo‘rondan bir, yomg‘irdan ikki,
Sening kipriklaringdan bir satr...
Qop-qora bir misrani esga olaman...
Seni eslatganning boshini yoraman,
Bandargoh kemalari uvillab turganda...

Tumanlar xiyoboni bir tun hayqirgandi,
Daraxtlari yotar edi, yo‘qsil edi.
Butun yaproqlari sarg‘aygan,
Kuz yig‘lar edi ular holiga.
Yig‘lagan balki-da Istanbul edi,
Ichimda qalampir kabi bir qahr -
Butun she’rlarimni yoqardim,
Yolg‘izlik tinimsiz hujum qilardi...

Agar tumanlar xiyoboni bo‘lmasa,
Agar bu shaharda shu xiyobon bo‘lmasa,
Tongti azon chog‘i yomg‘ir yog‘masa,
Shubhasiz bir telbalik qilardim,
Hech kimsa meni anglay olmasdi,
O’n besh yilga hukm bo‘lardim,
To‘rtinchi yiln qochardim,
Badki qochayotib otilar edim.

Tumanlar xiyobonidan o‘tmagan kunim,
U o‘ksik, men o‘ksik...
Yomg‘irlar ostida yolg‘izman,
Og‘zim, qo‘lim, yuzim iviydi.
Poezd signallari bir-bir chalinib,
Aqlimni, fikrimni bo‘ladi.
Oqsaroyda nurlar porlaydi,
Tumanlar xiyoboni oyoqqa turadi.
(Men bu xiyobonda sen va shular haqida
Barchasi haqida tushuniksiz o‘yladim)
Ortiq qalbimni ovutolmayapman.
(Uning yelkalari uchmoqda...).


YOMG’IR QOCHOG’I


Qo‘limdan tut, yo‘qsa yiqilaman,
Yo‘qsa bir-bir yulduzlar tushadi.
Agar shoir bo‘lsam-u, meni tanisang,
Yomg‘irdan qo‘rqishimni bilsang,
Ko‘zlarim xotiringga kelsa,
Qo‘limdan tut, yo‘qsa yiqilaman,
Yo‘qsa, yomg‘ir olib ketadi meni...

Kechalari biron shovqin eshitsang,
Bilganki yomgardan bezovta qochyapman.
Saroy burni kechuvidan o‘tayapman,
Sentyabr okgiomi bo‘lsa, ivigan bo‘lsam,
Meni ko‘rib, balki anglay olmaysan...
Ichingda yashirin, mungli yig‘laysan,
Ammo tut meni, yo‘qsa yiqilaman,
Yo‘qsa yomg‘ir olib ketadi meni,
(O’zim qo‘rqqan xotira tomon...).


UCHINCHI SHAXS SHE’RI

Ko‘zlaring ko‘zlarimga qadalsa,
Falokatim edi bu, yig‘lardim,
Meni sevmasliging bilardim.
Bir sevgiling borligini eshitgandim,
Cho‘p kabi ozg‘in birisi edi, nimjon,
Xosiyatsiz edi fikrimcha.
Qachon oldimdan chiqsa,
O’ldirishimdan qo‘rqardim,
Falokatim edi bu, yig‘lardim....

Qachonki sohildan o‘tsam,
Portda kemalar va yana bir kema bor edi
Daraxtlar qush kabi kulardi,
Bir shamol aqlimni olardi.
(Kemada) sekingina sigara yoqarding,
Mening barmoqlarimni yoqarding.
Kipriklaringni egib boqarding...
Ichim titrab ketar, muzlardi,
Falokatim edi bu, yig‘lardim...

Oqshomlar bir roman kabi tugardi,
Jazobil qon ichida yotardi.
Portdan bir kema jilar edi,
Sen unga minar eding va ...
Tongga qadar qolar eding.
Xosiyatsiz biri edi fikrimcha...
Kulishi janozaga o‘xshardi.
U seni qullariga oldimi...
Falokatim edi bu, yig‘lardim...
Yig‘lay boshlardim...


MEN SENGA MAJBURMAN

Men senga majburman, bilmaysan,
Ismingni mix kabi aqdimda tutaman...
Kattargandan kattarardi ko‘zlaring,
Men senga majburman, bilmaysan,
Ichimni sen bilan isitayapman.

Daraxtlar kuzga hozirlanmoqda,
Bu shahar u eski Istanbulmidi?
Qorong‘uda bulutlar parchalanmoqda,
Ko‘cha chiroqlari birdan yonmoqda,
Toshli ko‘chalarda yomg‘irlar isi...
Men senga majburman, sen yo‘qsan.

Sevish qay zamonda razilday qo‘rqinchli,
Inson bir oqshomda bexosdan horiydi.
Tanlasak ustara tig‘ida yashash yo‘lini,
Qachondir qo‘llarimizni kesadi tig‘i.
Bir necha hayot chiqaradi yashashdan,
Qaysi eshikni ursa qay zamon,
Ortida yolg‘izlikning mungli ulishi...

Shoh ham, gado ham bir cholg‘u chalsa,
Eski zamonlardan bir kun - Juma bo‘lsa,
Ko‘cha boshida turib tinch eshitsam,
Senga ko‘rilmagan bir ko‘k keltirsam,
Haftalar qo‘limda uvalib bormoqda,
Qaerga ketsam, ne qilsam, ne tutsam,
Men senga majburman, sen yo‘qsan.

Yoz chog‘i, qo‘llari bo‘yoqqa bo‘yalgan bola,
Oh, seni bilmaydi, kimsalar bilmaydi.
Bir zilol sizmoqda ko‘zlaringdan,
Balki yashil qishloqda samalyotga chiqyapsan
Butunlay ivigansan...
Balki ko‘rsan, bezovtalik ichidasan,
Yomon shamol esa sochlaringni o‘ynaydi...

Qachonki yashamoqni o‘ylasam,
Bu bo‘rilar ichida qiyindir balki
Aybsiz, gunohga suqmay qo‘llarimizni,
Shunday yashamoqni o‘ylasam...
Jim deya isming bilan boshlayman,
Ichimda to‘lqinlanar yashirin dengizing,
Yo‘q, boshqacha bo‘lmaydi (chunki)
Men senga majburman, sen esa,
Bilmaysan, bila olmaysan...


AYSEL, KET BOSHIMDAN

Aysel, ket boshimdan, men senga emasman,
O’limim oniydir, sezyapman buni.
Ham yomonman, chirkinligim ham bor,
Aysel, ket boshimdan, istamayman seni...

Mening yomg‘irimda keza olmaysan, sovuq yeysan,
Tarqatar kechalarim sarxushligingni.
Uyqularimni uxlasang, qattiq qo‘rqasan,
Hech bir daqiqamni yashay olmaysan...
Aysel, ket boshimdan, men senga emasman.

Men uchun kirlatma oydinligingni,
Ham yomonman, chirkinligim ham bor...

Hushtagimni chalsam, darhol yiqilasan,
Ko‘zlarim tezlashtirar tanholigingni.
Begona shaharga olib ketadi poezdlar,
Yo (sen ham) o‘lish yo‘lini topasan,
Yo qo‘rquv senga birikib ketadi...
Qismatim senga bol bo‘lib ham qolar...
Sevinchim sevinchingni tutolmay ham qolar...
Aysel, ket boshimdan, men senga emasman.

(Umidsizligimni bo‘lsa ham anglasang edi)
Ham yomonman, chirkinligim ham bor...

Sevgan damlarimdan (balki) xafa ham bo‘larsan,
Kuz qo‘shig‘ining uvillashini eshitmading-ku...
Ichidan bir kema qalqib ketmagan,
Uzoqqa, yolg‘izlik sohillariga...
Dunyoga teskari bir yo‘lovchiman...
(Ichimdagi quloq qizib boradi)

Qorishiqli yo‘lovchiligim qat’iylashadi,
(Sen boshqa narsani o‘ylama, ammo...)
Aysel, ket boshimdan, men senga emasman,
O’limim oniydir, sezyapman buni,
Ham yomonman, chirkinligim ham bor...

Aysel, ket boshimdan, men senga emasman,
Axir men seni...
Aysel!!!...


SHUNDAY BIR SEVGI


Qancha ayollar sevdim, zotan yo‘q edilar,
Yomg‘ir kiyar edi, kuz bilan birga...
Ozgina erkalab qo‘ysam, go‘yo bolalar,
Tashlab qo‘ysam, qo‘rquvga belandilar.
Qancha ayollar sevdim, zotan yo‘q edilar,
Shunday bir sevgini ko‘rmagandilar.

Yo‘q, o‘ylamangki, meni unutadi deb,
Hali hanuz men tomon maktublar kelardi.
Haqiqat emasdi ular, bir umid edi...
Eski qo‘shiq yoki she’rday so‘ylandilar,
Qancha ayollar sevdim, zotan yo‘q edilar,
Shunday bir sevgini ko‘rmagandilar.

Yolg‘iz onlarimda qo‘llarimdan tutdilar,
Uzoq pichirlari ichimga o‘t yoqqandi.
Go‘yo ko‘k yuzida bir bulut edilar,
So‘ng qayga ketdilar, buni kim bilar,
Qancha ayollar sevdim, zotan yo‘q edilar,
Shunday bir sevgini Siz ko‘rganmisiz?


OYOQ USTI O’ZINI O’LDIRISH

Qo‘rquvni tark etgan qiz bola,
O’limin taniydi shu lahza.
Bu qasdning sababi bir fojea,
Holbuki u yosh edi, bundaylar oz edi...
Vujudi bokira,
Qo‘lin ushlamagan hali bir kimsa...

Ko‘rquvni tark etgan qiz bola,
Ta’qiqlar to‘ridan o‘tolmadimi?
Va yoki evrilmoq istadi
O’zga bir qizga.
Va yo o‘z-o‘ziga yetolmadimi,
Yo‘qsa yo‘qmidi yurakdan sevgani?...

Qo‘rquvni tark etgan qiz bola,
Shu lahza zulmatga sho‘ng‘iydi.
Hurlikka erishar vujudi...
O’rtada qon isi anqiydi...
Bu qanday kelmog‘-u,
Bu qanday ketmoq?...

Abdulatif Abdullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.