OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Najib Fozil Qisasurak (1905-1983)

http://ziyouz.com/rasmlar/poems/kisesurek.jpg

1905 yil 26 mayda Istanbulda tug‘ilgan. Otasi Abdulboqi Fozilbey huquqshunos bo‘lgan. Onasining ismi Madiha xonim.
17 yoshida o‘sha davrdagi "Istanbul dorilfununi Adabiyot madrasasi, Falsafa bo‘limi"ga o‘qishga kirgan. Milliy Ta’lim Vazirligi yo‘llanmasi bilan bir yil Parijda ham o‘qigan. Qaytgach, banklarda xodim, nazoratchi, universitet va institutlarda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Tafakkur va san’at yo‘nalishidagi "Buyuk Sharq" (1943-1945) to‘plamini nashr qildira boshlagandan so‘ng rasmiy doiralarda ishlamagan. 1934 yilning bir oqshomi uning hayotida burilish yasagan: Shayx Abdulhakim Arvosiy bilan qilgan suhbatidan keyin uning etagini mahkam tutgan.
Keyingi hayotining ko‘p qismi siyosiy ayblovlar bilan o‘tgan.
1973 yil Haj ziyoratiga borgan.
She’r kitoblari: "O’rgimchak to‘ri" (1925), "Pillapoyalar" (1928), "Men va narigi tomon" (1932), "So‘ngsizlik karvoni" (1955), "She’rlarim" (1969), "Azob" (1945).
Shoir "Yunus Emro", "Ibrohim Adham" kabi dramalar muallifi hamdir. "Sabrtoshi" dramasi 1947 yilgi "Dramalar musobaqasi"da birinchi mukofotga loyiq deb topilgan. Shoir ijodi o‘z davri va keyingi nasl shoirlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, deyish mumkin.
She’rlarida chuqur tafakkurga chorlov, o‘lim va yolg‘izlik mavzulari o‘ziga xos uslub va badiiy jihatdan mukammal bir tarzda tarannum etiladi.
Sherlarida xalqona ohang bilan birgalikda Frantsuz she’riyatining ta’siri ko‘rinadi.


AZOB

I


G’oyiblardan bir sas keldi: bu odam;
Kezdirsin bo‘shliqni olib bo‘yniga.
Va uchdi tepamdan bir nafas, bir dam;
Osmon ag‘darildi, kishan o‘ynida.

Derazaga chopdim: Qizil qiyomat!
Aytganlaring keldi, qari egachi!
So‘ngsizlik, qo‘lida bir moviy namat,
O’q otdi samodan ustimga ovchi!...

Olovli zahrini totdim bu o‘qning,
Bir zumda kul qildi jon olmosimni.
Go‘yo burnim tegdi, burniga (yo‘q) ning,
Og‘zimdan tushirib qo‘ydim boshimni...

Bir finjon suv kabi chayqaldi dunyo,
So‘ndi istiqomat, yiqildi bo‘shliq.
Ol senga haqiqat, ol senga ro‘yo,
Mana aqllilik, mana sarxushlik...

Bo‘ynimga qadaldi temirday ovoz,
Bekindim yotoqqa so‘ng chora deya...
Bir qonli shafaqdan qichqirdi xo‘roz,
Yap-yangi bir dunyo etganday hadya...

Bu qanday dunyoki, bayoni qiyin.
Makoni bir qarich, zamoni vahm...
Butun bir koinot boshlaydi o‘yin...
Butun insoniyat yolg‘onga taslim.

Sen kimsan?! Haqiqat bo‘lsang ham chekin,
Kel ko‘rlik. Bu ko‘zga tutmanglar oyna...
Shu nurni qidirib ketardim, lekin...
Vatanim... sevgilim... ko‘zimni boylar!

1939

II

Oylarcha, kezindim vayronu -hayron,
Menligim yashirin, menim qidirar.
Devona qishloqdan bir qadam u yon,
Ichimda har fikr har yon yugurar.

Nechun kichrayadi ashyo uzoqda,
Ko‘zsiz ko‘rayapman ro‘eni nechun?
Zamona raqs tushar sariq yonoqda,
So‘nggi bor men uni o‘ylamoq uchun.

Bir qaynoq fikrki, qilib qo‘yar sob,
Bir fikrki, miya qobig‘idadir.
Salom, salom senga viqorli azob,
Vujudim kuyukli o‘sgan g‘o‘ladir.

Yolvoray, ko‘rsating bilmog‘imga yo‘l,
Ey yettinchi osmon, sirlaringni ayt.
Onamning duosi, kelib parda bo‘l,
Otamning duosi, mador bo‘lib qayt.

Uyku, qotillarning tutgan qo‘lini,
Ko‘rpa, xudosizlar uchun ham panoh.
Tasalli bulog‘i, sabr yelini,
Sizga sharbat, menga qum to‘la chanoq.

Shumi ro‘yolardan kelgan halovat,
Sirini qidirib portlagan bardosh,
Yashil osmalarda tebranar shahvat,
Qumursqa uyasi kabi gavjum bosh.

Chayon nishlarini ruhimga sanchar,
Mavsumdan mavsumga o‘tdim men qancha
Ko‘rdimki, olovning taftida yo‘qdir,
Fikr azobiday buyuk iskanja...

1939

III

Ha, har narsa menda yashirin tugun,
Ne o‘lim terlarin to‘qtsim qaylarga?!
Toqi yo‘q osmondan yetar qo‘rqqanim,
Yetadi azobim yerdan oylarga.

Ufq bir tulkidir, qochoq, lo‘ttiboz,
Yo‘llar bir kalava, uzun qorishiq...
Har kecha ro‘yomda bitta ishqiboz,
Ko‘zimga nur tutar oldimga tushib...

Sehrboz, sehrboz nima istaysan?
Bu olovli tuman nega qo‘ynimda?
Qildan inja, o‘tkir qilichning har on,
Zahru tig‘i botib turar bo‘ynimda!

Lug‘at, bir ism ber mening holimga,
O’sha ism qolar agar men o‘lsam...
Eski savoblarim, keling yonimga...
Oynalar, aytinglar kimdir bu kimsa?!

Aytinglar, aytinglar, menmanmi yo‘qsa,
Orzuni orqalab yurgan so‘laqmon?!
Balolar Me’mori tanlagan kimsa,
Hayotdan muhojir, ayrilgan Haqdan.

Men yengil qanotli bir kapalakman,
Shu ojiz vujudga og‘ir bosh taqqan.
Kichik zarramanu, fikrlar botmon,
Sanchiqtar boshimni talashib chaqqan...

Na yolg‘onlarda bor, na haqiqatda,
Ko‘zimni yumganda ko‘ringan naqsh.
Bekorga kezibman, yo‘qtabiatda,
Ichimda qo‘pyotgan tushish va chiqish!...

1939

IV

Tunda yiqilganday makr chohiga,
Birdan quchog‘iga tushdim garchakning .
Javob topgandayman topishmog‘iga,
Ham o‘tgan zamonning, ham kelajakning.

Ochil Simsim, ochil! Ochildi yoriq,
Atlas chakmonida turar qariya...
Yondi butun saroy, ilohiy yoziq;
Ming bitta qandillar, ming bir joriya...

Atomlarday jumbush, yasangan shonlik
Va xalqa-xalqa nur, xalqa-xalqa nur...
Ichimda bir me’mor-yashirin menlik,
Bildim seni yo Rab, bilinmas mashhur!

Nizom ko‘piradi, mavjlanar dengiz,
Nizom ko‘piradi, miyam chayqalar.
Suvda ham sirli yo‘l, yaltiragan iz;
Unda azal fikri, karvon tuyg‘ular...

Qochir meni, ohang, ol meni, Birlik;
Ortiq yukinmayman soya borliqqa.
Qiynoqlarga bo‘lsin soxta shoirlik,
Mening ko‘zim buyuk san’atkorlikda...

Narilar berilar - g‘oya qullari,
Masofa - ekinim, zamon - ma’danim.
Endi menikidir somon yo‘llari,
Tubsizlik ko‘lida ranjigay tanim...

Tiz cho‘k, ey olchoq nafs, oldimda tiz cho‘k!
Butun boring bilan bir xumchaga tush.
Jamiki shoxlarning ildizi buyuk-
So‘ngsizlik, maqsadim senga erishish...

1939


SO’NGSIZLIK KARVONI

So‘ngsizlik karvoni, ortingizdaman,
Uch oyoqtsa qolgan cho‘loq ko‘ppakman.
Sizlar bosgan har bir toshni o‘pyapman...
Bir ranjida yetar karamingizdan,
So‘ngsizlik karvoni, ortingizdaman.

Ketib borayotir nurli haykallar,
Ufq atrofida bayroqdor qullar.
Tilsimlarga to‘la ne oltin ko‘llar.
O’lchovdan, ohangdan tashqari yo‘llar.
Ketib borayotir nurli haykallar.

So‘ngsizlik karvoni, qilmangiz ozod,
Qulingiz bo‘lmoqlik buyuk hurriyat.
O’limga yetaklar boshqa har niyat,
Bosgan qadamingiz abadiy hasad...
So‘ngsizlik karvoni, qilmangiz ozod.

Ortingizdadirman, buyuk karvonim!...

1957


HIKMATLI BAYTLAR

Me’mor


Hilqat qanday qurilgan, yashirin bu iqlimlar?
Qanday payvand qilingan, ovoz, ranglar, hajmlar?

O’yinchoq

Sindi-ku o‘yinchog‘im, endi hecham kulmayman,
Changib tuproq bo‘lsam-da, ammo hecham o‘lmayman.

Chiqish va tushish

Chiqdim, chiqdim tusholmay, tog‘lar qo‘limdan tutdi,
Tushdim, tushdim chiqolmay, chohlar qa’riga yutdi.

Mantiq

Tog‘ni tanigan kishi, chohni nega bilmasin,
Madomiki, chiqish bor, tushish nega bo‘lmasin.

Haqiqat

Allohga haqiqatdan, yo‘lga chiqmoq mashaqqat,
Allohdan yo‘lga chiqib, borilgan yer haqiqat.

Bor-Yo‘q

"Bor"ning ostida yo‘qlik, yo‘kdik ostida borlik,
Boshingni ko‘tarib boq, hatto bo‘shliq mozorlik.

Iymon

Yum ko‘zingni, qalbingga har on yo‘qlikni ufur,
O’zingdan ketmoq iymon, o‘zingga kelmoq kufur.

Chopish

Haqiqat almashadi, so‘ngiga yetmay jumla,
Yuguraman yetishga, Vujudda bor kuchim-la.

Qolmadi

Buzilgan saroyimdan, biror naqsh qolmadi,
Sirtga mixlandi ko‘zlar, ichga boqish qolmadi.
Zanglagan boshim mening, miyam to‘la jarohat,
Unga yostiqda emas, sajda joyida rohat.

O’ylayman har odamning, har aybida men borman,
Gunoh uzun bir karvon, boshdin-oyoq men borman.

Ko‘lankalar

Ko‘nglimni chorlashadi, samodagi o‘lkalar,
Oyog‘imdan tutadi, yerdagi ko‘lankalar.

Hasrat go‘yo bir shamol, eshik oralab o‘tar,
Ko‘rganim go‘zalliklar, qalbim yaralab o‘tar.

Suv haqida

Bu dunyo insonlarga, ma’naviy hammom bo‘lsa,
Har rangi bilan inson, bir rangda tamom bo‘lsa.

Suv bir shakl, asli ruh, yurakday panohlangan,
Yerda kirlarga botib, bulutlarda poklangan.

Koinotda ne bo‘lsa, suvda yashagan oldin,
Ustimizdan oqar-u, sen tug‘ilding to o‘lding.


OYNADAGI XAYOLIMGA

Oqmagan yoshlardan qizargan yuzing,
Bolam, butun seni ko‘p so‘lg‘in ko‘rdim.
Ko‘zingda kichkina bir nuqta huzun,
Quvonchni na kunduz va na tun ko‘rdim.

Egilgan shoxlarday holsiz, horg‘insan,
Suv kelmas ko‘lmakday hanuz turg‘unsan,
Ichi tilingansan, ichi qirg‘insan,
Seni o‘z yurtingda ham surgun ko‘rdim.

O’tdi bir janoza ortidan umring,
Bilmayman manziling qaylarda bugun,
Har kun yugurding-a, har kun yugurding,
Ortingdan o‘zimning o‘limim ko‘rdim.

1926


NUR


Sen bo‘l deysan va bo‘lur!

Yaltirab turgan billur,
Faryod sukutga do‘nur ,
Bir rang bizga, yolg‘iz rang
Va bir ovoz, bir ohang;
Nur bergin Allohim, nur!

Buyuk devon va huzur...
Kutmoqda mozorni Sur.
So‘ngsizlik, o‘limsizlik,
Ko‘rinmas ko‘rimsizlik;
Nur bergin Allohim, nur!

Loylarda quyosh qolur,
Olmos kamtar, tun mag‘rur.
Yaqin, yorug‘lik yaqin;
Sarob emas nur tag‘in-
Nur bergin Allohim, nur!

Sen bo‘l deysan va bo‘lur!

1947


KUTGAN

Sen tog‘dagi qochoq jayronsan,
Men izingga tushgan ishqiboz.
Dunyoni yordamga chaqirib sarson-
Bo‘zlama, olamda bor ikki ovoz...

Senga vahm solar bu ovloq yo‘llar,
Ortingdan yetadi oyog‘im sasi.
Kuchib vujudingni noma’lum qo‘llar,
Ko‘ksingni yondirar otash nafasi...

Kimsasiz xonangda qish kechalari,
Vahima qurshasa meni eslagin.
Bilki, qurshayotgan mening qo‘llarim,
Bilki, shamol emas hujum boshlagan...

Ko‘ksimdan havoga ufurdim zahar...
So‘ndiradi bir gul kabi umringni.
Qochib yursangda sen shaharma-shahar,
Menga topshirasan so‘nggi kuningni.

O’lasan...qoladi yo‘llar be ega;
Men mozor-la sirdosh bo‘lib kutaman.
Kelasan...bir kuni sen uchrashuvga...
Tuprog‘ingda bir tosh bo‘lib kutaman!...

1930


KUTILGAN


Na xasta kutar sabohni ,
Na toza o‘likni mozor...
Na-da shayton bir gunohni,
Men seni kutganim qadar.

Bo‘ldi, istamayman kelmog‘ing,
Yo‘kligingga chopib kelyapman...
Balki kerak shuni bilmog‘ing;
Men seni qidirib o‘lyapman...

1937


VIDO

Qo‘limda, sukutning zorini tingla,
Tingla-da, ko‘nglimni qo‘yaver yitsin ,
Sochlarimdan tutib, ko‘r ko‘zlaring-la, 
Yoshli ko‘zlarimni o‘yaver, yitsin...

Boraver, kuzatib borar qaroqlar,
Ko‘lankang kichrayar, sekin yiroklar.
Ortingdan poylagan qaroqqa boq-da,
Bir lahza tikilib turaver, yitsin.

Sochingning taqimi belingga tushdi,
Umidim sen ketgan yo‘lingga tushdi,
Qurigan yaproqday qo‘lingga tushdi,
Istasang...Shamolga beraver, yitsin...

1923


OYDINLIK

Uyg‘on yorim, uyg‘on, so‘ndi yulduzlar,
Kun qarshi tepadan tug‘moq uzradir.
Har tongda quyoshni ko‘rgan yulduzlar,
Maxmur ko‘zlarini yummoq uzradir.

Uyg‘on yorim! Saslar keldi g‘oyibdan...
Qorong‘u qo‘zg‘aldi, ko‘chdi joyidan.
Nurlarning avvali eshik poyidan,
Qora ko‘lankani quvmoq uzradir.

Sevgilim, eshikni chaldi oydinlik,
Ko‘zlarim qamashdi, keldi oydinlik,
Ichimda butunlay qoldi oydinlik;
Shu oydinlik meni bo‘g‘moq uzradir!...


TOSHYO’LLAR


Ko‘chadaman! Kimsasiz ko‘chaning o‘rtasida;
Ketayapman, ortimga boqmasdan yuryapman.
Yo‘limning zulmatlarga tutashgan nuqtasida,
Yo‘limni poylagan xayolni-da ko‘ryapman.

Qora osmon kulrang bulutlar bilan qoplangan;
Uylarning mo‘risiga dalda berar yashinlar...
Jinlar, inslar uyquda, ikki yo‘ldosh otlangan;
Biri menman birisi... biri esa tosh yo‘llar...

Tomchi-tomchi ichimda, bir qo‘rquv yig‘ilmoqda;
O’ylayman har ko‘chaning, boshini kesgan devlar.
Menga qop-qora oyna ko‘zlar-la tikilmoqda;
Ko‘zlariga mil tortgan g‘animi kabi uylar...

Toshyo‘lkalar, azob chekkan yolg‘izlarning onasi;
Toshyo‘lkalar, ichimda yashayotgan u kimdir...
Toshyo‘lkalar, ovoz tinsa eshitiladi sasi;
Toshyo‘lkalar, og‘zimda burishayotgan tildir...

Menga emas jon berish, yumshoqqina go‘shada;
Men shu tosh yo‘lkalarning emizgan bolasiman!
Qaniydi tong bo‘lmasa, bu qorong‘u ko‘chada;
Yo‘limda davom etsam, to‘yib tun havosidan.

Men ketayin, yo‘l ketsin, men ketayin yo‘l ketsin;
Ikki yonimdan oqsin, bir sel kabi fonuslar.
"Taq-taq" oyoq sasimni, och ko‘ppaklar eshitsin;
Yo‘llar yashkrib ketar, ular behuda izlar...

Men na tongni ko‘rayin, na unga ko‘rinayln;
Kunduzlar sizga qolsin, bering qorong‘ularni.
Sovqotgan kabi tunga, ko‘rpa deb o‘ranayin;
Yoping, ustimga yopib, qo‘ying qorong‘ularni.

Uzanaversa gavdam, yo‘llar qolsa orqada;
Olar muz kabi toshlar, peshonamdagi o‘tni.
Kipriklar sekin-sekin, quchoqlashib borsa-da;
O’lsa... Toshyo‘lkalarning, qora savdoli do‘sti...

1927


BINOLAR SIRI

Sir tutishga moslashgan,
Pardalarda oydinlik.
Devor shubhalar osgan,
Soyalarda g‘amginlik...

Ustma-ust inson turi,
Bu qanday hayot siri.
Yaqinlashganing sari,
Qochib borar yaqinlik...

1973


BU YOMG’IR


Bu yomg‘ir, bu yomg‘ir, bu qilday nozik,
Nafasdan nafisroq yoqqan bu yomg‘ir.
Tinib qolmasin deb olarman hadik-
Oynalar yuzimni tanimay qolur.

Bu yomg‘ir tanamni qiygan bir arqon,
Bo‘g‘zimga og‘riqsiz qadalgan pichoq...
Suyagim tosh botar, etim chalajon,
Shig‘alab, sanchilib, mayin yog‘ajak...

Bu yomg‘ir telbalik vahmidan ustun,
Qorong‘u, quvilmas tushunchalardan.
Jinlarning miyamga solgani tugun-
Suvlardan, saslardan va kechalardan...

1934


ALAHSIRASH

Oyog‘im uchida mushugim, uxlaydi yungiga o‘ranib,
Go‘yoki kalava o‘raydi, tuklari turadi tebranib,
Hurr, hurr,
Hurr, hurr.
Deraza ko‘zidan ko‘z kabi, kuzatar qorong‘u kechalar,
Atrofim aylanar bukrilar, bilmayman nechalar,
Gurr-gurr,
Gurr-gurr.
O’chiring, so‘ndiring chiroqni, ketayin o‘zimni qoldirib,
Nurlardan yasalgan bu ruhim porlasin, ko‘zimni toldirib
Nur-nur,
Nur-nur.
Jimisin, jimisin uzoqda, mening o‘limimga yig‘lagan,
O’lmayman, orzular qonimda, shunday bir g‘alayon boshlagan
Tur-tur,
Tur-tur.
Qaniydi bir go‘zal, bir go‘zal qo‘llari qo‘limda,
Anglatsa yashashning totini, o‘ngimda-so‘limda
Bir-bir,
Bir-bir...


ROSA O’TTIZ YIL

O’ttiz yilki soatim, ishlabdi men turibman,
Ko‘k yuzidan xabarsiz, uchirma uchiribman.

1934


ONAJONIM


Oq sochli boshingni siqib qo‘ling-la,
Alif qadtsing bo‘ldi dol, onajonim.
Bu titroq qalbingni baxtning yo‘lida,
O’tkinchi yellarga sol, onajonim.

O’ylama, ketar deb bu qorong‘ular,
Kechaning ortida yana kecha bor.
Bolalar baqirar, onalar yig‘lar,
Yoshli ko‘zlaring-la qol, onajonim.

Ko‘zlaringda aksi bir teran hechning
Qanoting yoyilgan parvozing uchun.
Abadiy yo‘lingda hamrohing uchun,
Meni ham o‘zing-la ol, onajonim.

1926


TOSHYO’LLAR-2

Bug‘doyrang bir ayol, toshyo‘lkalar bo‘ylab tun,
Shahd ichida boshi tik, xayollarini zo‘rlar.
Qop-qora ko‘zlariga, ko‘zlarim qadalgan zum,
"Yo‘limni poyladingmi, kel" deb o‘ziga chorlar.

Undan meni ayirib, shamol ko‘ksimdan surar,
Men-chi yetmoq istayman, quchay bag‘rimga olib.
Ammo hech yetolmayman, tong ham uyqudan turar,
Hayhot! U bir porloq ruh, men esa ruhsiz qolip...

Ortimdan bir qahqaha, kelar, yaralanaman,
Uni boshqa birovga, rom bo‘ldi deb yonaman,
Ko‘rsam derazasidan yechingan ko‘lankani...

Borsin, bugun qatra g‘am ko‘rmasin ko‘z yoshimdan,
Menga oppoq bir poklik - o‘ralganda kafanim,
Bilaman, men qabrda, u ketmaydi boshimdan...

1927


TOSHYO’LLAR-3

Boshini bir g‘oyaga, sotgan qahramon kabi,
Etingu suyaging-la ko‘chalarga bolasan.
O’ralib matolarga, bir taxti ravon kabi,
So‘ngsiz masofalarning ustidan osholasan...

Fohisha yotoqlardan, qochgan kuningdan beri,
Erigan ruhlaringiz dardning quyushqonida.
Sening soyangni ichgan uning qorachiqlari,
U ham sening qoningda, sen ham uning qonida.

Ikkingni ham na bir yor, na oshna sirdoshing bor,
Sukut kabi hursizlar, chinqirib turasizlar.
Dunyoda bor yukingiz, yolg‘izgina boshingiz,
Uni ham har o‘lkaga olib yugurasizlar...

Uchqur otli suvoriy, choptir, otingni choptir,
So‘ngi qabrga borib taqalgan bu toshyo‘llar.
Seningdek toshyo‘llarni, chuqur anglagan yo‘qdir
Va sen anglagan kabi, seni ham anglar ular...

Abdulatif Abdullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.