OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nevzat Ustun (1924-1979)

Taniqli turk shoiri Nevzat Ustun (Nevzat Üstün) 1924 yilda Istambulda tug‘ilgan. 1946— 48 yillarda Sorbonnada o‘kigan. «Xayot» (1946), «Yashayotgan davrimizga doir she’rlar» (1951), «Mittilar bozori» (1955), «Yo‘kolganlar eshish» (1960), «Kuyosh o‘lkasi» (1964), «Hoy sen amerikalik» (1967), «Ko‘prik boshi» (1968) va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Nasriy va publitsistik asarlari ham bor. Shoir 1979 yili vafot etgan.

XUSH QOLING

Xush qoling
Dunyo odamlari
Sizlarni tashlab ketaman
Moviylik yashillik naryog‘iga
Bir parcha halovat eltaman

Xush qoling
Dunyo odamlari
Men endi sizlardan tashqaridaman
O‘ylarimda sukunat
Shamollar ichidaman

Xush qoling
Dunyo odamlari
Men yo‘qolsam ham baxtiyor bo‘ling
Sizlarni unutmaganimni o‘ylab
Insonlar uchun qayg‘uring

Xush qoling
Mening she’rlarim
Yo‘q endi sizga ham ehtiyojim
Orzularni tashlab ketmaslikka
Mening ham qolmadi ilojim

Xush qoling
Toshlar tuproqlar
Vujudim sizga omonat
Bir daraxt undiring ustimda
Orzu qilsangiz shoyad

HAYVONOT BOG‘I

Bunday o‘ychan boqma yuzimga
Senga beradigan narsalarim ma’lum
Go‘sht beraman xohlasang
Tuxum beraman
Sut beraman
Tilaganingcha
Saodat tuyg‘umni ola qol
Tepa-tepa zo‘rlab jahl qilmayman

Sen-ku arslonlikka arslonsan-a
Yaxshi niyatlarim bor sening uchun
Hali tesha tegmagan o‘ylarim bor
Ha-ha kelayotgan bozor kuni
Hammasini senga keltira olaman
Unday o‘ychan boqma yuzimga
Senga beradigan narsalarim ma’lum
Ozodlik berolmayman masalan

ALIFBE DARSI

Bu
B
Katga B
Bu
a
Kichkina a

Dunyomizdagi odamlar ham
Ikkiga bo‘linadi
Kattaga va kichikka
Kattalarning hayoti juda bo‘lakcha
O‘rgan bolam

MUSTAFO

Mustafo ham bir inson mana
Ikki dona qo‘li bor
Beshtadan o‘n barmoq
Ikki dona qulog‘i bor
Garang emas buning ustiga
Yana ikki oyoq
Har biri qirq to‘rt raqam
Gavda desang joyida
Bir bo‘y bergan xudo
Kalisoga ustun
har ish kelar qo‘lidan
Kir yuvar
Ovqat pishirar
Tunda qorovullik qilar
Ramzi Beyning uyida
Yomon tushlarini haydar
Yaxshi tushlarini avaylar
Yana tag‘in xotini bor
Yuz ellik santimetr bo‘yi
Bir kecha nomusiga tegdilar
Ramzi Bey
bojasi
shofyor
Mustafo ham yashar bir inson qadar
Na gaplashar na yig‘lar
Yigirma yilu olti oy
Aytishga oson birodar

YARADOR BURGUT

Kunlarning birida yarador burtut
Bir bulut ko‘rdi tushida
Bulut dedi burgut
Men ortiq ucholmayman
Tinglarmidi-ya bulut
Mundoq pichoqqa ilinmas gaplarni
Tashladi ketdi

O‘z boshiga qolgan yarador burgut
Tumshug‘ini tiradi qoyaga
Quyilarda juda quyilarda
Kunya qishlog‘ining uylari ko‘rinardi
Hu Mustafo og‘aning uyi
Eshigidagi och bo‘yog‘idan bilaman
Qip-yalang‘och ko‘rdim opasini
Hu anov uy Durmushning uyi
Onasi yo‘qki ko‘rsam
Onasi yo‘q otasi yo‘q
Oti Hurriyatmi nimaydi
Bir bor baqirdi kechalari
Bermadilar
Yaxshimi
Mustafoning akasi oldi

Hozir kechalari shamol turdimi
Durmushning uyi chayqala boshlar
Qiz Mustafoning qo‘ynida
Durmush sadosidan dali-devona
Burgutning og‘zidan qon ketar
Toshning ustiga laxta-laxta
Burgut ko‘zlarini yumdi
Bu tog‘lar
Bu tog‘lardagi ko‘rsichqonlar
Bu tog‘lardagi qo‘zilar bo‘rilar qushlar
Bu tog‘lardagi hurriyat
Omooon
Omon
Qon toshning ustida laxta-laxta
Burgutning ko‘ksida ikki yara
Biri o‘q
Biri zulm

SENIKIDIR

Bir yaprog‘i qon
Bir yaprog‘i
Miltir-miltir suv
Xohi qon bo‘lsin
Xohi suv
Bu sevgi senikidir

Bir qora og‘u
Bo‘lar ayovsiz
Kirar chinnigullar ichiga
Ayirar go‘zalni zaytun shoxidan
Ayirar moviyni pushtidan

Uchayotgan chag‘alaylar haqqi
Kulayotgan bolakaylar haqqi
Tug‘ayotgan xotinlar haqqi
Tug mushtlaringni
Bor kuching bilan

Bu zamon senikidir
Bu inson senikidir
Boqimsiz xo‘rlangan
Bir uzun ovoz
O‘z jigaridan uzoqda
Qup-quruq nigohlari
Xotinlarning
Ko‘chirganlar
Hey jonim
O‘chirganlar nafasni
Dengizlardan
Quruqliklardan
So‘l yonim yomg‘ir
Yog‘ar o‘zining usti ustiga
Tugatar yolg‘izlikning cho‘llarini
To‘s to‘g‘onlar bilan yo‘llarini

Bu ovoz senikidir
Buyukdir
Yurar qiltomirlarda
Ko‘lkasiz bir go‘zallik
Qobiqqa o‘ralar
Qarovsiz bir urug‘
Chegarasiz vaznsiz bo‘shliqda
Ular hayvondirlar
Ular burchakdirlar ma’nosiz

Yo‘qolgan faqat zamon emas
Yashamoq ko‘paymoq emas
Och ko‘ksingni
Boq shoxning uchida turgan
Bir yupun chumchuq kabi
Hurkak turar bu umid
Sening ko‘zlaringda
Turar
Gapga chechan faylasuf

Uylardan tashqarida
Jamiyat fikri ayricha bir rangdir
Ko‘rinmas har shu’lada
Boq yetib kelar oydinlikka
Porlar
Beylardan ko‘ngil uzgan bir umid
Himoya qil gavdang-la uni

Bu umid senikidir
Oqar ko‘zlaringdan shu’la
Bir yaprog‘i qora
Bir yaprog‘i oq
Men seni sevishning
Mardikori bo‘lganman
Yirtar og‘riqsizlikni og‘riq
Toshi zulmatga qarshi

Bu mash’al senikidir
Ahmad o‘lar
Bir yaprog‘i liq to‘la qon
Mahmad tug‘ilar
Bir yaprog‘i miltir-miltir suv
Tutar mammalarini Alif
Davom etar bir jon
Davom etar insondan insonga
Baliqning qanotida
Qushning yuragida
Saqla o‘qlardan uni
Bu jon senikidir
Bu zamon seniki

XALQARO

Xalqaro
Bir daraxtman
Tuprog‘idan shodlanib
Ko‘karar shoxlarim
Oq
Qora
Sariq
Butun insonlar qardoshim

Ammo
Qonay ko‘rsa bir turkiyalikning barmog‘i
Dunyoning qaerida bo‘lsa bo‘lsin
Qanday chaqirilsa chaqirilsin
Oti qaergacha borsa borsin
Javobgari menman

YO‘QOLGANLAR ESHIGI

Boq tuyg‘ularimizga
Topgan so‘qmog‘imizdan o‘tmoqdamiz
Sen tashlagan yerdan yig‘lay boshlaysan
Yig‘lama
Qo‘llarim qay yonga uzatilsa sen tomon borajak

Ikki ayri fazo bo‘lsa
Ikki birlashgan ijod
Yomg‘ir suvlari tegar bu ko‘z mening ko‘zim emas
Qirg‘oqqa bog‘liq bir dengiz
Tilaklari bichimli hayot bu

Men o‘zimdan bilaman
Yuragimga qarayman horg‘in
Ilgarigi kunlarimda sevgi bo‘lardi
Meni sevardi hayot
Quyosh nuri yo‘q edi
Soat yo‘q edi
Endi bor
Sening kelishing bor

Yig‘lama men ham yig‘lay bir oz
(Bir o‘choq ming to‘qqiz yuz ellik to‘qqiz eshigini ochasan yaxshi)
Men o‘zimdan voz kechaman
Sendan voz kechaman
Yirik-yirik kular tarang fikrli bir odam
Bu kez hazillashish yo‘q hayotda
Ko‘ray seni
Yaxshi ha ko‘r meni
Fikrimga qo‘shilib qarar yo yuzimga
Ha mayli ko‘rsa ko‘ra qolsin meni
Unga qarshi g‘ing demayman ko‘rmadi mana
Barmoq silkir nafasli bir barmoq bu
Chog‘rishimlar* bo‘lar miyamda
Butun chog‘rishimlarni qirgim kelar ichimdan
qiraman ham
Ijobiy bir telbalik bu
Siqilish noqulay
So‘ngra
Men uch karra baliq tutdim umrimda
So‘qmoqlarni ol deyman senga
Sen tutib bugun so‘qmoqlarini olasan tuyg‘ularimning
Shunday kun keladi yolg‘iz qolib cheksizlikka qarayman
Yaxshi bo‘lar bir qarashda ulg‘ayaman ohista-ohista

Go‘zal bo‘lar kun nurida yechinmoq
O‘p meni
Kim bo‘lsin o‘par badanimni
Meni o‘p nima qipti bir yaxshilab o‘p meni
Qulay bo‘lar meni sevmoq sening ko‘zlaring-la
Qaraganda

Sigara bo‘ladi chekilishi yomon bir sigara
Voz kechaman o‘zimdan
Bular ham kechishsin ha
Bular deganim kim
Aqlli kishilar ya’ni
Qo‘rquv chaqaloqlari dunyo uyining
Bulvar teatrlari kabi
Har kimning zulmati bu
Qo‘rquvmi Uyg‘oqlikmi Sevgimi Do‘stlikmi ha
Hech birini istamayman

Eshigimni yopaman mening eshigimni
Yo‘qolganlar eshigini
Qo‘llarim o‘zimda bo‘lmasa senda ham bo‘lmas
Otga minaman yaxshi baquvvat bir otga
Yuzimni bosaman yollarga jo‘shqin bir hidi bor hayotbaxsh
Bo‘ynimni qo‘yaman bo‘yniga
Uning qoni oqar men ko‘raman bir moviy qon
Sen terilarni tuklarni ko‘rasan kulamiz —
Tabiiyningtabiiydan kulishi bu
Sen senda qolasan men bosib ketaman
Bu ketish yo‘li bu singan bordoq
Yo‘qolganlar eshigiga ulanar oxiri

Meni bu so‘qmoqda otdilar mana
Ortga qaytdim yuvindim horg‘in yulduzlar seni sevmoq
Tushlarga yaqin tangriga yaqin
Yopdim eshiklarni endi kim bo‘lsa ochar
Mening necha bora o‘lgan chog‘larim bo‘lgan o‘z boshimga
Endi otsalar o‘xshatib o‘ldirsalar g‘ing demayman
demayman
Bilmasalar
So‘lg‘in yuzli bir xotin
Qadah tutarkan qo‘li
Qaydan bilsin yurak sanchig‘ini
Loaqal pichoq ushlashni hech kim bilmas
Mening azoblarimning soyasida o‘ynar baliq ko‘zli bolalar

Qaytaman
Bir yana qaytaman
Senga boraman
Eng yaxshisi senga bormoq aslida
Ortiq meni sotmas qorael so‘qmog‘ining inson do‘konlari

Voz kechaman
Seni durustgina sevmoqdan
Ajrashaman sen bilan bir juma tongida
Senda yashayman «sevmoq biroz eskilik sarqiti emasmi endi»
Senda yashayman o‘limsiz bo‘lmoq yo‘qolganlar eshigida

Oppoq bir bola gazeta sotar
Yalang‘och xotinlar gazetasi
Bir sigara tutataman so‘ng bir gazeta olaman insonlardan
Sen yashayotgan eshikka boraman
Boshqacha aytganda yo‘qolganlar eshigiga
Yo‘qotaman o‘zimni
______
* Chog‘rishim — tahayyul.

BIZ VA ULAR

Bizning tuproqlarimizda
Umidlar ko‘karar
Ularning tuproqlarida qo‘rquv

INSON

Bormidi
Insondan ilgari bir zamon
Bormi
Undan keyin
Bir kelajak

Turk tilidan Miraziz A’zam tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.