OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oydin Xatib o‘g‘li (1940)

MARDLARNI TINCHITMAS BU DARDU KULFATLAR

Tushimda betinim yog‘ar, qor yog‘ar,
Qushlar ham hurkishib aylanar hovlida.
Qor esa keltirar yulduzdan sadolar,
Ularda: bir shu’la, bir orom, bir qayg‘u.

Don yotar tuproqda, oppoq qor ostida.
Qalbimda guvala — horishgan umidlar.
Oyog‘im ostida qor go‘yo ingranar,
Ingranar: bezabon, betinim, besado.

Kulbaga bir oro berishga mohirmiz,
Mohirmiz, o‘ltirib kutishga omadi.
Yo‘llarda qor erir misoli xotira,
Xotira: qadrdon, ham yaqin, ham olis.

Yuzingga yoshlar to‘zg‘igan sochlaring,
Qo‘llarim joy izlar isinib olmoqqa.
Men badbaxt yolg‘izga qor sevgi keltirar,
Sevgiki: beorom, sehrli, tortinchoq.

Atrofda ko‘z olar behudud bir oqlik.
Olamni bezaymiz biz yana va yana.
Goh qizil, goh qora, goh sariq, gohi oq.
Va yana qorbo‘ron keltirar janglarni
Afrika, Vetnamdan, mening yurtimdan.

Mardlarni tinchitmas bu dardu kulfatlar.
Yeladi, uchadi, aylanar va qo‘nar
Betinim qor aro qop-qora umidlar
Sevgimga, sevgimga, sevgimga, sevgimga.

TASHNALIK

Bahor keldi,
Daraxtlar gulladi yurtimda.
Urug‘lar chatnadi,
Umidlarga to‘ydi
Mening och,
yalang‘och Vatanim.
Qo‘llar, oyoqlar, sochlar
Qora yerda
Ilk maysalar baxtidan sarmast.
Siverikda, Darbaqirda*
Boshi bilan yorib chiqdi
erni giyohlar
Quyosh yaqin, yog‘nnlar uzoq.
Tog‘ ustida turib dehqonlar,
Shudgor qilib tashlar vodiyni.
Omoch emas, ko‘zlari bilan.
Birdan yotgim keldi mening,
Dumalagim keldi qirlarda.
Shodlanib o‘ynagim,
Kuylagim keldi.
Har bahor,
Shundayin zavq berar
Turkiya haqdagi o‘ylarim.
__________
* Turkiyadagi qishloqlar nomi.

POROX

Yotar yelkam, qo‘lim uzra
Nayzalanning yallig‘i.
Tikanli sim ortida
Sevgimning bir parchasi.
Men o‘rtanib uraman, ha,
Chegara eshigini,
Qalin chodra ortidan
Boqqanday tahdidli ko‘z.

Umid kengliklarida
O‘sar iqbol niholi.
Ko‘rpaga o‘ralganday
O‘zni o‘rab zulmatga,
Sevgimizni yashirib
Biz qochamiz tog‘larga.
Yetilgan shaftolining
Qismati boshimizda.

Qonimizda — mardona
Kechgan janglar maydoni,
Qabr yozuvlarida
Yangrar o‘qlar sadosi.
Ne bo‘lar biz marmardan
Nomlarini o‘chirsak?
O, bari bir yigitlar
Uyg‘ondi, qani, jangga!

Vaqt yetildi, boshlab berar
Jangni bizning Dadal o‘g‘li.
Hey, yutsin-da shamollar ham
Ozodlikdan bir tomchi.
Qanotli deb, kaptarlarga
Yasashmoqda kishanlar,
Ey, yigitlar, sizlarni ham
Kishanlashar! Saf cheking!

Sotilgan muhabbatdan
Toj yaratib jallodlar,
Qayg‘uli o‘lim bilan
Yopar mening shomimni.
Qo‘rquvlarin g‘arq etishar
Nuqul achchiq aroqqa.
Ey, da’vatkor karnaylar,
Chorlang xalqni kurashga!

Vahimali yaltirar
Qo‘limizda kishanlar,
To‘plarning gumburidan
Paydo bo‘lar handaqlar.
His etmasdan mutlaqo
Yovuz o‘lim dahshatin,
Yosh bolalar o‘ynashar
Qo‘rg‘oshin «no‘xat»larni.

Sochilganda osmonga
Yangi olov lolalar,
Turkiya chamanlarin
Taqdirini kim o‘ylar?
Necha yilki kuylaymiz
Shu yagona qo‘shiqni,
Nechun bizning barchamizni
Isitolmas ul quyosh?!

Sulaymon Rahmon tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.