OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yahyo Akengin (1946)

Kumushxona viloyatining Boyburt dahasida 1946 yili tug‘ilgan. Arzirum Muallimlar institugining adabiyot bo‘limini bitirgan. Ancha vaqt turli o‘quv yurtlarida dars berdi. Madaniyat boshqarmasida maslahatchi bo‘lib ishladi. Anqara radiosining teatr eshittirishlari bo‘limi mudiri vazifasida xizmat qildi.
Ilk she’ri 1968 yilda «Hisor» jurnalida chop etilgan. Shuningdek romanlari chiqqan, pesalari sahnalashtirilgan.
She’r kitoblari: «Orzu» (1969), «Oqshomda kelgan» (1973), «Navnihol» (1977), «Soatlar va chehralar» (1982), «Narigi tomondan» (1986).

TONGGI SABODAN

Gullar shafaq-la bahslashgan maydon
Yellar-la mujdalar keldi sahardan
Har mavsum jamoling ufqlarga chizdim
Kelmading deyarsan g‘amgin xayolchan

Sensiz-da bir go‘zal salomlar kelur
Azobim uchun bir kulgu oldim dunyodan
Tirilur olam o‘ynar soching nay sasi-la
Qadimiy maqomdir suvlar ham endi
tonggi sabodan

Cholg‘usin qillari ko‘rinmas kuyi
Meni parchalarga bo‘lib tashlagan
Sen —
Men zorlab chaqirgan ilhom parisi
Qadimiy maqomdir yo‘llar ham endi
tonggi sabodan

Hijjalardim ismingni misra misra bo‘ldi
Gullar seni mendan avval chaqirgan
Birini qizg‘ansam boshqasi so‘lgan
Qadimiy maqomdir dillar ham endi
tonggi sabodan

BAYRAM GULLARI

G‘oyib bo‘lganlarning daragi menda
Kulgichlar ochgan go‘dak yuzlari
Ilk qadamlar hayajonlari
Shakar hovuchlagan qo‘llar zafari

Bitmagan savdo, oqib ketgan zamonlar
Vasvasalar ichida turli olish-berishlar
Tirilgan makonsiz vatansiz g‘amlar
Bayram hidli gullar-la titrashlar

Shafaq urchig‘ida sevinch iplari
Otar do‘st tomonga ilmoqlarini
Dev uyqularin tark etgan bir shahar
Bir dunyo va bir dunyo
Takbirlar-la chiqib kelar

Yulduzlar va gullar qadar sanoqsiz
Mujdalar ichra yastanur
zamin va osmon
Biroz ko‘rmaganimiz
biroz payqamaganimiz
Bayramlarga
ko‘ngil rashkimiz-la uyg‘otgil
Bizning rabbimiz
go‘daklarday sevintir

O‘TINCHILAR OLOV YOQDI

Olov yonib turar
toki tonggacha —
Shaharda mehmonmi ko‘chmanchi turkman?
Nogahon ichimda
sig‘ingan vodiymiz tafti —
Cho‘ponli
g‘amli
hasratli tog‘lar
Ushbu shahardan ham go‘zalmish...

O‘tinchilar olov yoqmish
deya ketmadim —
Sarosar bir xayol bo‘ldim nurida,
Ichimdan bir sahro qo‘shig‘i keldi -
«Alishmadim sovuq suvga, issiq suvlar ichmadim»

Qani sening
ming yillik muhabbating
O‘choq boshlarida afsonalar so‘ylangan yurtim?
«Yaralanganlarni sevarsiz yaratgan tufayli»
Qisqa davom etgan
gulsiz umrimda
Tikanlardan yurdim
hasratdan yurdim...

O‘choq boshlarida afsonalar so‘ylangan yurtim
Qani sening
ming yillik muhabbating?

O‘Z VATANIMDA

Tog‘lar va yulduzlar kabi o‘z vatanimda -
Nurlariga cho‘mildim
ellariga sovrildim
Yelkanlarim ochdim ismsiz daryolarda —
Tog‘lar va yulduzlar kabi o‘z vatanimda.

Xayolan
charchab
quduqqa egildim cho‘lda.
Uzimga keldimu
hasratiga qo‘shiq kuyladim.

Barcha ohlarim
bir hijodan har dilda,
Yana bildimki
kelmas emishsan
Ketdi tasavvur ortidan zorlab chorlaganim.

Umrim sarhadlarida sehrli tushlar -
Uyg‘onib boqsamki
cheksiz bir bo‘shliq.

Horg‘in yuzlarimda kular sokinlik
Tog‘lar va yulduzlarning vatanlarida —
Umid bor,
xabar bor,
Hijron bor.

Oy tovlanar tunning bo‘ynida
Kutarkan quyoshning oppoq sasini.
Aldanib zamonga
dargohiga keldik.

Yasharmiz tuymasak-da nafaslarini
Yer yuzida
osmon yuzida
yuksaklarda va pastliklarda
Tog‘lar va yulduzlarning vatanlarida.

SURIB KETAR

Bir yaproq tushar
kuzning sokin hovuzlariga —
Jimgina qurshaydi inja halqalar.
Surib ketar
qarimsiq yellarning bezovtaligi
Tugamas yellar duosi —
yangi xotiralar.

Zamon ne so‘rasa olur
ufqlarda qonli bir talosh.
Hadsiz suv to‘kilur
Bulutlarning uvadasidan,
Cheksiz kengliklarda suvlar sen ila sirdosh.

Qolurman
boshim uzra tumanli nigoh.
Kuzlaring unutmish
samolar yurtidan ketgan bahorni,
Va sen ushbu
kuz ayyomida
meni unutding.
Ovundim kul deya sochimga tushgan oqlarni
Kengliklar ipidan
to‘qilmadi g‘am poyondozi.
Angladim —
qalbimni so‘roqlar faqat cheksizlik.

Hisoblashmoq uchun yo‘l oldik
muhabbatning sohillariga —
Do‘st bo‘lib chiqdi jami
ayriliq qo‘shiqlari.
Sochining har tolasidan shamollar sarin
Boqishidan oy to‘lin
baxtlidir yulduzlari.

Har yaproq yuzida xayollaring rishtasi
Ruhlarning cheksiz buloqlaridan
tinglatar kuylarini
Surib ketar ko‘z yoshlaring
yozdan kuzga safari
Sochingda qorlardan yo‘llar bog‘lanur
U dunyoga hozirlikni sen ham boshlarsan bir kun
Bo‘g‘chasini tugarsan hech kelmagan yozlarning.

Turkchadan Aziz Said tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.