OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isikava Takuboku (1886-1912)

http://ziyouz.com/images/poets/isikava.jpgYapon xalqining suyukli shoiri, yapon she'riyatining faxri Isikava Takuboku Ivate viloyatidagi Tamayama qishlog'ida dunyoga kelgan. Bolaligidan tanka yozishga qiziqqan, 16 yoshida Tokioga ko'chib borgan. U dastlab an'anaviy tanka zamon ruhini aks ettirolmaydi degan fikrda yangicha uslubda ijod qila boshlaydi. Shoirning shu yo'nalishdagi ilk kitobi 'Intilish' nomi bilan 1905 yilda nashr etiladi. Tokioda behad qashshoqlikda kun kechirgan shoir oxir-oqibatda yana viloyatga qaytishga majbur bo'ladi. 1908 yilda poytaxtga qaytgan shoir yana tanka yoza boshlaydi va 1908-1910 yillar mobaynida 500 dan ortiq tanka yozadi. Ular keyinchalik shoirning nomini shon-shuhratga ko'mgan 'Bir hovuch qum' kitobining asosini tashkil etadi. Isikava Takuboku 1912 yilda - 26 yoshida og'ir xastalikdan vafot etadi. O'limidan ko'p o'tmay shoirning ikkinchi kitobi - 'G'amgin qo'g'irchoq' nashr etiladi.


"MUHABBAT QO'SHIQLARI" TURKUMIDAN

* * *

Ko'milsam
Qor uyumiga
Lovullagan yuzlarim bilan:
Men sevmoq istayman
Shundoq kuch bilan!

* * *

Bir ayol bor -
So'zimdan chiqmaydi sira,
Ne istasam aylagay bajo.
Men-chi:
Men qiynalaman shu ayolni deb.

* * *

Juda erta,
Juda erta bildim men
Sevgi qudratini va qayg'usini.
Juda erta
Qaridim.

* * *

Bir-biriga tegib-tegmay
Ketayotgan yelkalar aro
Bir daqiqa ko'zga chalinding -
Men shuniyam
Yozib qo'ydim kundaligimga.

* * *

Bo'tako'zlar!
Qancha so'zni
Aytdi bu gullar.
Ularni menga sukut saqlagan
Qiz yuboribdi.

* * *

Odamlar aytgandek,go'zal ekan
Peshonangga tushib tursa
Bir tutam soching:
Tikilib to'ymadim
Sen xat yozayotganda.

* * *

Men uni kutdim,
Shunday kutdimki!
U esa kelmadi.
Men stolni surib qo'ydim
Boshqa bir yerga.

* * *

Qani ular?
Qayerga yashirgandim ularni -
Xotinimning
Sakkiz yil avval
Menga bitgan maktublarini?!

"BIR HOVUCH QUM" KITOBIDAN

* * *

Ulkan ummon qarshisida
Turibman yolg'iz.
Necha kunki uydan
Chiqib ketaman,
Tomog'imga tiqilsa yig'i.

* * *

Uyg'onaman,
Uzoq yotaman -
Ko'zlarimni ochib yotaman.
Bolalikdan qolgan bu odat:
Ayblama meni.

 * * *

Qorong'i xonada o'tirar edim -
To'satdan devordan
Chiqib keldilar
Hassaga tayangan
Otam va onam.

* * *

Hazillashib
Men onamni opichlab oldim.
U shunday yengil edi-ki,
Uch qadam yurar-yurmas,
Yig'lab yubordim.

* * *

'Qo'lidan ish kelmas
Shoir - xayolkash!'
U haqda men shunday o'ylardim,
Kelib-kelib yana o'shandan
Qarzga pul oldim.

* * *

Men yuksak tog' cho'qqisiga
Amallab chiqdimu
Kimgadir,bilmayman,
Qo'l silkitdim-da,
Yana qaytib vodiyga tushdim.

* * *

Bilmayman,nega
Poyezdga chiqishni
Orzu qilardim.
Mana bugun poyezddan tushib
Qayoqqa borishni bilmay qoldim.

* * *

Bir go'sha topsam -
Tonglarni quvonib
Kutish mumkin bo'lgan go'shani.
Uyimni eslasam -
Yuragim titrar.

* * *

Har bir odam ko'ksida -
Agar u rostdan ham odam bo'lsa,
Ingrab yotar
Pinhon
Bir mahbus.

"G'AMGIN QO'G'IRCHOQ" KITOBIDAN

* * *

Negadir
Yorug'lashdi
Yuragim
Tongda.
Tirnog'imni ola boshladim.

* * *

Otangga o'xshama!
Otangning otasiga ham!
Eshityapsanmi,
Nimani iltimos qilyapman
Sendan,qizginam.

* * *

Bechora otam!
O'qishga ham majoli qolmay,
Gazetani chetga qo'ydi-da,
Tor hovlida o'ynay boshladi
Chumoli bilan.

* * *

Qizchamni urishdim.
Uxlab qoldi
Ko'zyoshlari qurimasdan,
Og'zini nim ochgancha.
Uning yanoqlarin sekin siladim.

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Poyezdga chiqsamu ketsam, derdim,
Uzoq-uzoqlarga! Ketdim...
Tushdim bir qo‘nar joyim yo‘q joyda...

* * *

Odamlar bor, olam charog‘i,
Kulib turar ularga borliq.
Men ham topolsaydim shunday safoni.

* * *

Qornim och qolgan o‘sha kun
Bir hamdardlik ko‘rdim itning ko‘zida.
Dumin likillatardi, muhtojlik...

* * *

Do‘stlar!
Irganmang gadodan. Bu holda
Och-nahor, aftoda kunlarim yashar.

Rus tilidan Abdu Nabi tarjimalari

****

Bilmayman,
Nega orzu qildim –
Uzoqqa ketmoqni poezdda.
Uzoqlarda poezddan tushdim.
Qayoqqa ketaman endi…

****

Gazeta o‘qishga ham yaramay qolgan,
O, mening bechora otam!
Ko‘ryapman,
O‘ynayapsan hovlida
Chumolilar bilan beozor.

****

Ketayapman
Bahor quchoqlagan ko‘chada.
Qaysidir bir uy peshtoqiga
Chiroyli yozuv ilingan –
Ayolning ismi…

****

Ko‘z yoshlar, ko‘z yoshlar –
G‘aroyib narsa!
Ular bilan yuvilgan yurak
Tayyor turar
Yana kulishga…

****

Bu narsa tufayli,
Nahot, mumkin bo‘lsa yashamoq.
Nahot, mumkin o‘lmoqlik
Shu narsani deb…
Bas qil, bas qil foydasiz bahsni.

****

Men tog‘ning cho‘qqisiga chiqdim.
Quvonchdan negadir
Bosh kiyimimni
Entikkancha uzoq silkitdim.
So‘ng qaytib tushdim hafsalam sovub…

****

Mana,
Qochib ketdi yurakdan,
Yarador yirtqichdek –
Hech qachon oromni bilmovchi –
Xavotir…

****

Do‘stim,
Gado deb o‘ylama uni,
Sendan bir burda non so‘rasa.
U – och.
Men ham unga juda o‘xshayman.

****

Qani ular,
Qayoqqa yashirdim ularni? –
Sakkiz yil avval,
Xotinimning menga
Yozgan xatlari…

Mash’al Xushvaqt tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.