OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Izma-iz

 Yaqinlik 

Ko‘pchilik biladigan bu odam haqida sirtdan eshitib yurgan yosh aktyor u bilan ro‘para kelishga qandaydir tortinardi. Shukur akadagi vazminlik qorishiq salobat uncha-muncha odamni dovdiratib qo‘yar, keng peshonasi, quyuq qoshlari, kulganda  qisilib ketadigan ko‘zlaridan g‘ij-g‘ij ma'no yog‘ilib turardi. Teatrning yetakchi aktyorlari-Olim Xo‘jaev, Nabi Rahimov, Abror Hidoyatov, Sora Eshonto‘raeva teatr va rassomchilik san'ati (o‘sha vaqtda) institutidan bu yerga kelib-ketib yuradigan talabalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishar, ayrimlarini epizodik rollarga ham taklif qilishardi. Tengqurlari Gulchehra Jamilova, Hojiakbar Nurmatov, Muhammadjon So‘fixo‘jaev bu dargohga qanchalik ichki bir undov bilan intilsalar, Erkindagi xohish-istak ularnikidan o‘n chandon ziyodroq edi. Tomoshabinlar tiliga tushgan aktyorlarning sahnada o‘z «men»laridan chekinib, obrazning ham ichki, ham tashqi dunyosiga batamom kirishib ketishlarini ko‘rish kishini sehrlab qo‘yardi.

- Qaerda o‘qiysan?-deb so‘rab qoldi bir kuni Shukur Burhonov unga teatr foyesida duch kelib qolgach.

Erkin u kishidan bunday savolni kutmagandi, ko‘pdan-ko‘p vaqtini shu yerda o‘tkazadigan talabalarning qaerda o‘qishlarini aktyor va aktrisalar bilishsa kerak, deb o‘ylardi. Shukur aka balki bila turib, Erkinni shunchaki sinab ko‘rmoqchi bo‘ldimi, bilolmadi.

- San'at institutida o‘qiyman!

- Durust, durust! Rol o‘ynashni o‘rganyapsanmi?

Erkin «ha» ma'nosida bosh irg‘agach, Shukur aka ichkariga kirib ketdi. Ana shu tanishuv sabab bo‘ldimi yoki uning epizodlardagi obrazlarini kuzatib yurgan ekanmi, Shukur aka o‘qishini oxirlatib qolgan andijonlik yigitni o‘ziga yaqin ola boshladi. Erkin teatrni, sahnani eng muqaddas dargoh deb biladigan bu kishi uni o‘z izidan ergashtirishga intilayotganini anglar va buni eng katta omad deb bilmoqda edi. Keyinchalik, 1968 yilda institutni tugatib, diplom qo‘liga tekkach, u ana shu dargohda Shukur Burhonovdek zabardast aktyor o‘zini quchoq ochib kutib olishga tayyor ekanligidan ko‘ngli to‘q edi. Erkin sahnaga chiqsa, hammayoq suv quygandek jim-jit bo‘lib qoladigan aktyorning izidan ketishni, unga o‘xshab bosh rollarni o‘ynashni xohlardi. Bunga faqat o‘z maylidan tashqari, Shukur Burhonovning qo‘llab-quvvatlashi ham suv va havodek darkorligini har daf'a his qilardi.

Oradan biror yillar o‘tib, yosh aktyorlar qatori Erkin Komilovga ham teatr ikkinchi uyga aylandi. Maqsud Shayxzodaning «Mirzo Ulug‘bek» tragediyasida bosh rol - Mirzo Ulug‘bekni o‘ynaydigan Shukur Burhonov bu sahna asaridagi salbiy obrazlardan biri-Abbosni ijro etishiga ko‘zi yetdi shekilli, rollar taqsimlanayotganda rejissyorga uning nomzodini tavsiya qildi. Erkin hali bunday yetakchi obrazlarni o‘ynab ko‘rmagani bois, sal hadiksiradi, bir jihati xursand ham bo‘ldi. Eplashga harakat qiladi, harqalay besh-olti yildan beri bu yerning past-balandini ko‘rib kelyapti, kichkina obrazlarni ijro etib ko‘rgan-ku?!

Spektakl repetitsiyasi boshlanib ketdi. Sahna dekoratsiyasi, aktyorlarning baqir-chaqiri, rejissyorning asabiylashishi, xullas, har kuni bir xil manzara. Qanday bo‘lmasin, spektakl tomoshabinga tugal asar sifatida tortiq etilishi kerak edi.

- Men Shukur Burhon emasman, Mirzo Ulug‘bekman, ko‘rqmasdan uraver! - derdi ba'zan repetitsiya jarayonida Shukur aka uning Abbos roliga qay darajada kirisha olgan-olmayotganini sinchkovlik bilan kuzatganday. Ayni paytda u Abbosning qo‘li titrayaptimi, yo‘qmi, shunga ko‘z qiri bilan razm solardi. Bu eng ta'sirli ko‘rinish bo‘lib, Abbos qo‘llari titragan holatda pichoqni Ulug‘bekka o‘qtaladi. Tragediyada Abbosning Ulug‘bekka pichoq ko‘tarib, uni o‘ldiradigan joyi shunday yakun topadi.

- Sen hali ham tirikmisan, haromi, xobis! - deydi Ulug‘bek.

- Ha, hali ham tirikman, toki ko‘ray o‘limingni!- deydi uning g‘animi Abbos.

Mal'unlar niyatiga yetishadi, Mirzo Ulug‘bekning hayotiga qasd qilinadi. Spektakl har tomonlama mukammal holga kelgach, tomoshabinlar hukmiga havola qilindi. Bosh va yordamchi rollarni repetitsiya jarayonida o‘ynayverib pishitgan aktyorlarga har kuni olqish yog‘ildi. Tragediya to‘xtovsiz sahnaga qo‘yilib turdi. Erkin Komilov yuragidan tobora mustahkam joy olib borayotgan ustoz Shukur Burhonovga ana shu spektakldan so‘ng xuddi ota-boladek yaqin bo‘lib qolganini sezdi. Teatr jamoasi ba'zan viloyatlarga gastrol uyushtirar, dekoratsiya uchun kerakli ashqol-dashqollar mashinaga ortilar, tomosha qo‘yadigan poytaxtlik mehmonlarni hamma joyda samimiyat bilan qarshi olishardi. Bunday kezlarda Shukur aka Erkin Komilovni bir qadam ham yonidan jildirmay doimo qavatida olib yurar, shu darajada yaqinligidan o‘zining shaxsiy yumushlarini aytishdan ham istihola qilmasdi. Uncha-muncha tanilib kelayotgan aktyor tragik rollardan tashqari komik obrazlarga ham taklif qilinar, muvaffaqiyatli chiqqan ishlarini teatrning «manaman» degan aktyorlari qatorida ustoz Shukur Burhonov ham ko‘rib, kuzatib va kezi kelsa, rag‘batlantirib turardi.

1971 yilda Ukrainaning Dovjenko nomidagi studiyasi bilan hamkorlikda «Yulduz shu'lasi» badiiy filmi ishlanadigan bo‘ldi. Eskadron komandiri Ergash Sobirov obraziga proba berish uchun bir emas, o‘n ikki kishi tanlandi va ular orasidan Erkin Komilov saralab olindi. Oradan ko‘p o‘tmay Ukraina kinostudiyasidan uning nomiga telegramma keldi. Ustoz-shogird Farg‘onada gastrolda edi. Erkin Farg‘onadan qaytib, telegramma bilan teatr direktori Iskandar akaning oldiga kirdi. Afsuski, u kishining aralashuvi bilan ham Toshkent aeroportidan Ukrainaga bilet topilmadi. Shunda Erkin Farg‘onada qolgan Shukur akaga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Shogird o‘shanda bu kishi haqida hamma bilishini, hurmat qilishini bildi. Toshkent aeroportidan Shukur akaning iltimosiga muvofiq, Kievga chipta topildi va ustoz yana Farg‘onaga uchib ketdi. Xayrlasha turib:

- Xoxollarga o‘zbeklarning kimligini ko‘rsatib qo‘y! - deb tayinladi.

«Yulduz shu'lasi» filmi o‘zbek va ukrain kinoijodkorlari hamkorligida ishlangan film sifatida ancha vaqtgacha kinoekranlardan tushmadi. Kinodagi rol bilan teatrda yaratiladigan obraz jinday farqlanadi. Kinoda o‘ynagan roling bir umrlik bo‘lib qoladi, sahnadagisi esa bugun o‘ynasang bugun, ertaga o‘ynasang ertaga tomoshabinning ko‘z o‘ngida muhrlanadi. Erkin o‘z fe'l-atvoriga ko‘ra, jiddiy kishi bo‘lganligi bois, ko‘proq dramatik rollarni yaratishga kirishib ketdi. Teatr sahnasidan tashqari, ba'zan uni televidenie ijodkorlari ham videospektakllarga taklif qilishardi. «Girdob» (O‘ktam Usmonov asari)dagi yosh olim Aziz Qosimov, «Abadiyat qonuni» (Nodar Dumbadze asari)dagi yozuvchi Bachana Ramishvili, "Qaroqchilar"dagi Karl Moor, "Beruniy"dagi Ibn Sino, "Oltin devor"dagi Holichbek obrazlari bilan u tomoshabinlar qalbini zabt eta oldi ayni paytda yaratgan qahramonlari tufayli Shukur Burhonovdek zabardast aktyorlar  e'tirofiga sazovor bo‘ldi. U kishi bilan birga o‘ynaladigan sahna ko‘rinishlarida esa Erkin Komilov har lahzada o‘zining nutqiyu imo-ishorasi, eng nozik xatti-harakatlarga ham e'tibor berishini sezardi. «Boy ila xizmatchi» dramasida Shukur akaga Solih boy, Erkin Komilovga esa o‘ofir obrazi berildi. Teatrdagi repetitsiya bilan kifoyalanib bo‘lmasdi, obrazning ichiga kirish, tomoshabinga haqiqiy boy va uning qaroli, ya'ni xizmatkori sifatida ko‘rinish uchun uyda ham ijod qilishlariga to‘g‘ri kelgan. Dramada «Chaqirdingizmi, boy ota?» deb boshlanuvchi sahna ko‘rinishi bor. Solihboy - Shukur Burhonov kresloda kerilib o‘tiradi, eshikdan mushukdek muloyim qiyofada o‘ofir - Erkin Komilov kirib keladi. Haligi so‘zni harchand o‘xshatib aytmasin, Solihboy qo‘lini ko‘tarib, «o‘xshamadi» degan ma'noda uni eshikdan chiqarib yuboraverdi. Eshik ortida Jamila obrazini talqin etayotgan Gulchehra Jamilova ham xunobi oshgandan-oshyapti.

- Nega hadeb  qaytaraveradi, axir bitta shu ko‘rinishni o‘ynaymiz deb bir haftadan beri jonimiz xalak! - deb norozi bo‘ldi aktrisa.

- Shuni ayting! - deb ma'qullaydi uning gapini «o‘ofir».

Oxiri ularning sabr kosalari to‘ldi, Solihboyga yuzlanib, rad etishining sababini so‘rashga jur'at topdilar.

- Oyog‘ing holatga kirolmayapti, Erkin! o‘ofir qadamini dadil tashlamaydi, sudralib bosadi! - dedi ustoz. Aftidan, u kishi o‘ofirning o‘z xatosini o‘zi ilg‘ab bajaradigan daqiqani asabiylashib kutgan ekan. Baxtga qarshi, aktyor bu jihatiga e'tibor bermabdi, mulzam bo‘lib qoldi. Shundan so‘nggina "o‘ofir" boyning huzuriga qadamini zo‘r-bazo‘r bosib kirdi va sahna ko‘rinishi repetitsiyasiga nuqta qo‘yildi.

... Bu dunyoning bevafoligini o‘lim otlig‘ musibatga duch kelganingda har qachongidan chuqurroq anglar ekansan. Shukur Burhon olamdan o‘tdi. Shaxsiy hayotida ro‘y bergan ketma-ket ko‘ngilsizliklar, teatr va kino san'atida yaratgan obrazlari dunyosiga ko‘milib, his-hayajonga berilish, yig‘lash, nafratlanish, asabiylashish, baqiriq-chaqiriqlar, shubhasiz, aktyorning yuragiga, yuragidan ko‘chib ruhiyatiga salbiy ta'sir qilmay iloji yo‘q edi. «Shoh Edip»da unga shifokorlar Shoh Edip obrazini o‘ynash mumkin emas, deyishlariga qaramay, aktyor sahnani tark etolmadi.

Naqadar achchiq haqiqat bo‘lmasin, o‘lim o‘zining haqligini ko‘rsatdi. 77 yoshdagi teatrning ustunlaridan biri yo‘qlik dunyosiga bosh olib ketdi, ammo uning izlari, izlaridan ketayotgan shogirdlari qoldi. Aktyorning tobuti teatrdan ko‘tarildi. Uni so‘nggi manzilga kuzatib quyuvchilar orasida borayotgan shogirdi Erkin Komilovning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan.

U har tong ulug‘ siymolar nafasi va ruhi kezinib yurgan teatr binosiga kirib borar ekan, bu sohaga endigina qadam qo‘ygan yosh aktyorlar o‘ziga havas bilan boqishlarini his qiladi. Bundan salkam qirq yil muqaddam uning o‘zi ham rahmatli Shukur Burhonovga, Nabi Rahimovga, Olim Xo‘jaev va Sora Eshonto‘raevaga xuddi shunday havas bilan qaragan, ta'bir joiz bo‘lsa, ularning izidan ketishni, ularday bo‘lishni orzu qilgan. Hayotdagi buzilmas qonuniyat shunday: avlodlar ketidan avlodlar yuradi, urf-odat va an'analar qanday bo‘lsa shundayligicha  davom etadi.

Obrazlar dunyosidagi hayot

 Hayotning o‘zi aslida  katta sahna, unda yurgan odamlar rol o‘ynayotgan artistlarga taqqoslanadi. Bu fikrda jon bordek, ammo hayotda har kim o‘z bilganicha, o‘zi xohlaganiday yashaydi, sahnaning yo‘rig‘i esa boshqacha, kimningdir qiyofasiga kirishing, kira olishing kerak. San'at institutida o‘qib yurgan bo‘lg‘usi aktrisa Lola bunga o‘zini ruhan tayyorlab kelayotgan bo‘lsa-da, yaqin yillar ichida teatr deb atalmish muqaddas dargohda taniqli  artistlar bilan ishlash nasib etishini o‘ylab, allaqanday holatga tushardi.

«Ilhom» teatrida qatnab yurgan kezlarida u bu yerga o‘zbek Milliy akademik drama teatrining taniqli aktyoru aktrisalari ham kelib, spektakllarni tomosha qilib ketishlarini sezib qoldi. «Jaholat alangasi» spektaklida Gulshod obrazini o‘ynar ekan, tomosha tugagach, akademik teatrning taniqli aktrisasi To‘ti Yusupova uni yoniga chaqirdi. Hayron bo‘ldi, rol ijrosida biror xatolikka yo‘l qo‘ydimmikan, axir ular mahorat sirlarini mendan ko‘ra mukammal bilishadi, deb o‘yladi. Yo‘q, aksincha, To‘ti opa uning kiftiga qo‘lini qo‘yib, Gulshod obrazini ishonarli qilib o‘ynaganini aytdi.

- Qizim, sizning o‘rningiz Milliy teatrda. Men ertaga sizni o‘sha yerda kutaman, - dedi To‘ti opa xayrlashar chog‘i.

Lola bu taklifdan dili yorishib, rozilik bildirdi. Axir To‘ti opa ishlaydigan bu dargoh teatr san'atining haqiqiy darg‘alarini yetishtirib bergan. Ularning ayrimlari olamdan o‘tib ketgan bo‘lsalar ham, nomlari hamon yodga olinadi. Olim Xo‘jaev, Abror Hidoyatov, Mannon Uyg‘ur, Hamza Umarov, Sora Eshonto‘raeva kabi san'atkorlarning izdoshlari bo‘lib Gulchehra Jo‘raeva, Ikroma Boltaeva, Tesha Mo‘minov, Erkin Komilov, Rixsiboy Avazov singari uzundan-uzoq ro‘yxatni hosil qiluvchi aktyorlar ishlashyapti. Shularning qatoridan joy olish, izidan ketish sohaga kirib kelayotgan yoshlar uchun bir omad emasmi?

... Darhaqiqat, mana, buni jamoa desa bo‘ladi. Aktyor va aktrisalarning o‘zaro muomalasi, repetitsiya jarayonida bir-biridan o‘rganishi, to‘yu ma'rakalardagi jipslashish-bari-bari Lolaga ma'qul kelar, tajribali kasbdoshlarining gap-so‘zlari, xatti-harakatlaridan nimadir olishga, nimanidir o‘rganishga intilardi. Yosh aktrisa, ayniqsa, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning o‘z ustozlari Shukur Burhonov haqidagi samimiy xotiralarini tinglashdan zavq oladi.

- Shukur aka teatrga kirib kelsalar, shovqin-suron birdan bosilardi, u kishining aurasi shunaqa edi. Tomoshabinning o‘g‘risi bo‘lma, yolg‘ondan kulish, yolg‘ondan yig‘lash, yolg‘ondan oh-voh qilish yaramaydi. Hammasi rostdan, xuddi hayotdagidek tabiiy bo‘lishi kerak. Aks holda sening sahnaga chiqqaning, tomoshabinning spektaklga kelgani behuda, derdilar u kishi.

Lola Erkin akaning eng yetuk aktyorlardan biri haqidagi eslovlarini jim tinglaydi va bu ko‘rsatmalarni suhbatdoshi risoladagidek o‘zlashtirganiga ham tan beradi. Buyuklarga yaqin yurgan kishiga ulardagi xislatlar «yuqar» ekan-da.

Aktrisa teatr muhitiga tezlikda moslashib ketdi. U o‘ziga berilgan kichik rollarga ham e'tiroz bildirmas, bosh rolni o‘ynashga da'vogar turli "gap-so‘z"lari bor joydan qochardi. Eng to‘g‘ri yo‘lni ustozlari To‘ti opadan, Erkin akadan o‘rganmoqda. Ularning aytishicha, rolning katta-kichigi bo‘lmaydi, gap qoyilmaqom ijroda.

«Piri koinot» spektaklida Lolaga Guhar obrazini berishdi. Bu salbiy obraz bo‘lib, Guharning  esi og‘ib qoladi. Erkin Komilov al-Zokir rolini o‘ynashi kerak. Guhar telbalarcha qichqirib:

- Bu menga zahar berdi! - deganida al-Zokir, ya'ni Erkin Komilovning ko‘zlari qonga to‘lib, baqirib yuboradi:

- Sotmagin!

Sherigining birgina nigohiga jamlangan qo‘rquv va nafrat nihoyatda tabiiy chiqqanligidan Guhar ta'sirlandi va ustoz darajasiga yetgan bu san'atkorning ijrosi unga kuch-ilhom bag‘ishladi. O‘shanda spektaklni tomoshabinlar iliq qarshi olgandilar. «Muhabbat sultoni», «Ufq yo‘llari», «Quyoshi botmaydigan yurt» spektakllari, «O‘tkan kunlar», «Erkak», «Voiz» filmlaridagi bosh rollari Lola Eltoevaning ham teatr, ham kino san'atidagi iste'dodini namoyish etishiga, ko‘plab muxlislar orttirishiga, ustoz san'atkorlarning tahsin o‘qishlariga imkon tug‘dirdi. Bitta jumlaga joylangan maqtovni birov aytadi, birov ehtimol qizg‘anadi. «Jahon otin» spektakli namoyishidan so‘ng Uvaysiyning qizi Quyoshxon rolida chiqqan Lolaga kimdir «Juda zo‘r o‘ynadingiz!» dedi. O‘girilib qarasa, Erkin Komilov ekan.

- Rahmat, Erkin aka, ishqilib shunchaki maqtamayapsizmi? - dedi ilmoqdor ohangda Lola.

- Men to‘g‘risini aytdim! Shukur aka rahmatli hayot bo‘lganlarida, yuragi bilan fikrini birga idora qilgan aktyorlar qatoriga sizni ham qo‘shgan bo‘lardi!

Lola Eltoeva shundagina Erkin aka bu gapni yuragining tubidan chiqarib aytganini his qildi. Bu kishida o‘zgalarga o‘xshamaydigan ziynat bor: har bir rolini ko‘radi, so‘ngra baho beradi. Qaysi spektaklda qaysi aktyorga qanday rol berilganidan xabar topib, albatta, munosabat bildiradi. Tohir Saidov, Fathulla Ma'sudov, Asadulla Nabiev kabi kasbdoshlari ham Erkin akadagi xuddi shu fazilatga tan berishgan. Bunga odatlangan  ustozlar esa unchalik ko‘p emas. 

Butunlay qaytadan ta'mirlangan teatr binosiga turlicha taqdir  egalari qismati yashiringan. Obrazlar va ularning qiyofasiga kiruvchi  artistlar uchun  bu yer ikkinchi uy, ikkinchi oila.  Sahnada bir hayot, oilada  bir hayot, lekin har ikkisiga fidoyi bo‘lishing kerak, shundagina  obro‘-e'tiborning o‘zi seni yo‘qlab keladi.  Aktrisa  ustozlarning o‘giti haqida ko‘p o‘ylaydi, ularning yurish-turishini taroziga soladi va  yaxshi jihatlarini o‘zlashtirishim kerak,  deb hisoblaydi.

Hulkar To‘ymanova,
“Ma'rifat” muxbiri

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.