OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otajon Xudoyshukurov bilan suhbat (arxiv)

...Asl qo‘shiq, haqiqiy qo‘shiq insonga behisob huzur-halovat berib, jonning firog‘ini yozadi, dilning g‘uborini yuvadi. Shunday qo‘shiqlarni ijro etish masalasida qoraqalpog‘istonlik san’atkor — to‘rt respublika xalq artisti rahmatli hofiz Otajon Xudoyshukurovning oldiga tushadiganlar kam edi. Taqdir ekan, bevaqt o‘lim bu insonni oramizdan juda erta olib ketdi.

Taniqli jurnalist Ro‘zimboy Hasan Otajon Xudoyshukurov bilan 1993 yilning avgustida so‘nggi bor uchrashib ma’noli va shiringina suhbat qilgan edi, E’tiboringizga o‘sha suhbat hamda Ro‘zimboy akaning Otajon hofiz to‘g‘risidagi ehtirosli zikrlarini havola etamiz. Bundan, albatta, hofizning ruhlari shod bo‘lsin, tirikligida ko‘rgan-kechirganlari shogirdlari, san’atkor o‘g‘il-qizlariga saboq bo‘lsin degan niyatimiz bor...

Ro'zimboy Hasan

— Otajon aka, avval ustozlardan gaplashsak, Siz mashhur xalq hofizi Komiljon Otaniyozovning shogirdlari ichida eng taniqlisiz. U zot bilan qachon tanishgansiz?
— 1960 yil edi. Rahmatli tog‘amiz ham ashulachi edilar. Shu yil Toshkentga o‘qishga – musiqa bilim yurtiga borganman. U paytlar chekka qishloqdan borgan bizdek havaskorlarga konservatoriyaga kirish shirin orzu edi... Ishqilib, bir kun tog‘am Komiljon ustozning uylariga olib bordilar.

— Shungacha u kishini ko‘rmaganmisiz?
— Ko‘rganman, qo‘shiqlarini eshitganman. Lekin yaqindan tanishib suhbatini olish, shogird tushish endigina qo‘shiq olamiga kirib kelayotgan o‘smir uchun yetib bo‘lmas xayol edi...

— Necha yoshingizdan qo‘shiq ayta boshlagansiz?
— To‘qqiz. Bir necha marta havaskorlar ko‘riklarida qatnashib, “laureat” degan nom ham olganman. U paytlari maktabda o‘qib yurganlarni viloyat va respublika ko‘riklariga olib borish an’anasi bo‘lardi.

— Keyin... shogirdlikka tushdingiz.
— Birdaniga emas. Komiljon aka duch kelgan havaskorni, qo‘liga tor tutganni huzuriga chaqirtiraveradigan san’atkorlardan emasdilar. U kishining didi baland edi.

— Xarakterlari-chi?
— Nima desam ekan? Juda qiziq edilar. Haddan ortiq ishonuvchan, umrida bir og‘iz yolg‘on gapirmagan ustoz, birovning gapiga ishonib, to‘nini teskari kiyib ketadigan odati bo‘lardi. Oraga sovuqlik solishni istaydigan hasadgo‘y, ichi qora odamlar ozmi?

— Hammasi shunchaki yolg‘on bo‘lmagandir. Ustozning bevalari Imsinoy opa bir suhbatida “Komiljon akaning hamma shogirdlaridan ko‘ngli to‘q emasligi”ni aytib qoldilar. Ustoz chin dunyo kishisi bo‘lib ketgach, tirikligida eshigini supurib yuradigan shogirdlarining ayrimlari bir marta ham xabar olmaganliklaridan nolidilar... Komiljon akani so‘nggi marta qachon ko‘rgan edingiz?
— Ustoz 1975 yili noyabr oyida bandalikni bajo keltirdilar. Shu yilning bahori edi. Martda, yo‘q, aprel oyida ustoz bilan baliq ovida bo‘ldik, Sho‘rko‘lda. O‘shanda oxirgi marta uchrashganimiz. Yana bir gap: bu paytda har kimning boshida xizmat vazifasi bo‘lib, qandaydir mavsum, kampaniyalar bois, tinmasdan gastrollarda yurardik. Yana davlat rejasi degan gap bo‘lardi...

— Komiljon aka kommunistik partiya a’zosi bo‘lmagani uchun o‘sha vaqtdagi ayrim rahbarlar ko‘ziga yomon ko‘ringan ekanlar. Siz o‘zingizga nisbatan bunday munosabatni sezganmisiz? Umuman, rahbarlar bilan hamisha chiqishib ketaverardingizmi?
— Men ham hech qachon biror partiya a’zosi bo‘lmaganman. Lekin biror marta buning zarari tekkanini sezmadim. Rahbarlarga kelsak, yo‘q, hamma bilan birdek munosabatda bo‘lish qiyin.

Xudoyberganov degan (fan nomzodi, asli kasbi muallim) bir odam yetmishinchi yillarda taqdir taqozosi bilan Qoraqalpog‘istonda madaniyat vaziri bo‘lib qoldi. Oramizda biror gap qochgani yo‘g‘-u, negadir meni filarmoniyadan chetlatish harakatiga tushdi. Oxir-oqibatda obkom kotibi Qallibek Kamolov qabulida bo‘ldim. O‘shanda Kamolov meni himoya qildilar.

Bu ham qiziq tafsilot: men arazlab ishga bormay yurgan kezlarim, kimdir bu masalani kattaytiribdi. Bir kuni obkomga chaqirtirishdi. Bordim. Kamolovning qabulida madaniyat vaziri Xudoyberganov ham o‘tiribdi. Birga kirdik. Kamolov hech bir izoh, axborot eshitmasdan Xudoyberganovga savol berdi: “Bilim yurtlarida traktorchilikka o‘qiyotgan yuzta talabadan nechtasi traktorchi bo‘ladi?” Madaniyat vaziri og‘zini ochmasdan o‘zi aytdi: “Saksonta, boringki, to‘qsonta! Lekin sening musiqa bilim yurtingga yuzta havaskorni qabul qilib, o‘qitishsa, ulardan nechta Otajon chiqarkan? Bitta ham chiqmaydi! Bildingmi?! Otajonga tegma!” Madaniyat vaziri qizarib ketgan...

— Qiziq, qarama-qarshiliklar: to‘rt respublika xalq artisti, Hamza nomidagi Davlat mukofotining qo‘shiqchilar orasidagi birinchi sovrindorisiz, Lekin sizni dunyo kezgan san’atkor deb bo‘lmaydi.
Avvallari yuqori doiralarda har bir san’atkorning “o‘z odami” bo‘lardi. Shularning yordamida televizorga chiqar, radiodan har kuni qo‘shiq aytar, istagan mamlakatga borib kelardi. Xullas, bunday san’atkorning ijodiy faoliyati silliq kechardi. Hozir bu masala qanday, bilmadim.

— Yana ustoz-shogird munosabatiga qaytaylik. Sizlar – Komiljon akaning shogirdlari, ko‘pchiliksiz. Barchangizda “xalq artisti” degan unvon bor. Kechirasizlar-u, munosabatlaringiz qanday? 
— Yaxshi. Ortiq Otajonov bilan yaqin bordi-keldimiz bor. Birortasiga hasad ko‘zi bilan qaramaganman. Yutuqlariga havas qildim, kamchiliklarni yuzlariga aytdim.

— Shu yil bahorda “Turkmaniston xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘ldingiz.
— Qo‘shiq chegara bilmaydi. Musiqaning millati yo‘q. Turkman elining Toshhovuz va Chorjo‘y viloyatlarida necha yuz martalab xalq orasida qo‘shiq aytganman. To‘ylariga borganman.
Men kasalxonada yotgan payti shu xabar kelib qoldi.

— Otajon og‘a, san’atkorning xastalanib qolishi, vaqtincha qo‘shiq aytmayotgani el orasida darrov bilinadi-qo‘yadi.
— Nachora! Taqdir bu. Ketma-ket ikki marta og‘ir xastalandim. Buning ustiga, davolanib yurgan paytim avtomobil falokati ro‘y berdi. Deyarli bir yil bo‘ldi, qo‘shiq aytmayapman.

— Qo‘shiq aytib xalq orasida yurgan odam, taqdirning bu yozug‘idan xafa bo‘lmadingizmi?
— Do‘stlarim, tanish-bilishlar, shogirdlar yakkalatib qo‘yganlari yo‘q. Qaerga borib davolanmay, xabar olishadi. Ko‘ngil so‘rashadi. Shogirdlarim ko‘rgani borishsa, “qani, torni ol, qo‘shiq eshitaylik”, deyman... Hozir o‘zimda ham aytish ishtiyoqi bor, lekin torni chalishga barmoqlarimda kuch yo‘q. Xudo nasib qilsa, bir kun albatta qo‘limga yana tor olaman!

— San’at olamida sizga ma’qul kelmaydigan salbiy holatlar?
— Mahalliychilik balosi. “Bu falon yerning artisti”, “Bunisi falon viloyatning qo‘shiqchisi” kabi ayirmachilik qilish.

— Ko‘plar Komiljon akani ustozim deydi...
— Men Rasul qorini, Fattohxon Mamadalievlarni ham ustozim deb bilaman. Aslida sendan bir ko‘ylak oldin to‘zdirgan san’atkor – ustozingdir. Komiljon aka shunday o‘rgatganlar. U kishining tilidan biror marta bo‘lsin mahalliychilikni, ayirmachilikni eshitganim yo‘q. U kishi bilan bir davrda yashab o‘tgan ulug‘ san’atkorlarning barchasi haqida shunday xotirlashadi.

— Komiljon aka yaratgan qo‘shiqchilik maktabida bir qator taniqli san’atkorlar yetishib chiqdi, dovrug‘ yoydilar. Ammo qarangki, endilikda u kishining shogirdlari bo‘lmish sizlarning avloddan qo‘shiqchilar orasida dovrug‘dorlari kam. Yo‘q demoqchi emasman.
— Hamma ham Komiljon bo‘lavermaydi!

— Shogirdlaringiz orasida sizning o‘rningizni bosadigani bormi? Qachon chiqadi, yaqin oradami yo...
— Bu har kimning xarakteriga bog‘liq.

— Shogirdlikka olganda masalaning shu tomoniga e’tibor bermaysizmi?
— Men aytmoqchi bo‘lgan xarakter keyinchalik paydo bo‘ladi. Shohona koshona, yengil mashina, mol-dunyo nafsiga yo‘liqqan san’atkordan umid yo‘q. Yangi qo‘shiq yarataman, falon kuyni o‘rganmoqchiman, deb yugurib-elib, izlanib, tirishib yuradigan yoshlardan ko‘ra, qaysi to‘yga borsam ko‘proq pul toparkanman, deydiganlar ko‘p...

— Bunga o‘tish davrining qiyinchiliklari majbur qilayotgandir? 
— Qo‘shiqchi har qanday zamonda ham mol-dunyodan ustun turmog‘i kerak. Unga boshpana bo‘ladigan bir kulba, ustiga kiyim-boshdan boshqa ne zarur? Maxtumquli topib aytgan: “Dunyo degan bunda ziyon ko‘rar!” Pul ketidan quvgan san’atkor borki, asta-sekin xalq nazaridan qolib boraveradi.

— Siz shu manzilda – daryo sohilidagi To‘rtko‘lda tug‘ilgansiz. Butun umringiz shu yerda o‘tmoqda. Qishloqdan chiqmay turib, shu darajada obro‘ga, unvonlarga sazovor bo‘lish mumkin ekan-da.
— Mening xayolimga avval boshdan ham unvonlar kelmagan. Qiziqmaganman. Ular ketidan quvib yurmadim.

— Shuning uchunmi, Omon Matjon sizni “Uchinchi daryo” deb, she’r bitgandi.
— Aslida shunga yaqin fikrni rahmatli ustozim Komiljon aka aytganlar: “Daryo ortida birisi bor, shunga mening o‘rnimni bosadi”, deb. Omon shunga ishora qilgan. Asli qo‘shiqchilikda daryo – Komiljon aka. Biz shu ulkan daryoning irmoqlarimiz.

— Shu kungacha nechta qo‘shiq aytganingizni hisoblab ko‘rganmisiz?
— Yetmishinchi yillar boshida shogirdlarimga aytdim, daftar-qalam olib hisoblab ko‘ringlar, nechta qo‘shiq aytganimni deb. Ular uch yuzta deyishdi. Bunga ham yigirma yillar bo‘ldi. Hozir minglar chiqar.

— Hammasi o‘zingiz yaratgan qo‘shiqlarmi?
— Hammasi emas. Mumtoz qo‘shiqlar bor, barchamizning tanglayimizni ko‘targan, ular – xalq mulki. Olti-etti yilgacha, Komiljon akaga shogird paytim, u kishining har bir qo‘shig‘ini aytib yurdim. Toki o‘zimning mustaqil yo‘limni, uslubimni to‘la shakllantirguncha. Bir marta Komiljon aka aytgandilar: “O‘g‘ri shogirdim”, deb. Negaki, u kishining og‘zidan chiqqan har bir qo‘shiqni shu ondayoq o‘zlashtirib olardim, aytardim. Ba’zilarini ustozdan oldin televizorga chiqib aytgan paytlarim ham bo‘lgan.

— Qo‘shiqchining kuylash asosida turli fikrlar aytishi, odamlarga murojaat qilishiga qanday qaraysiz?
— Qo‘shiqchi qo‘shig‘ini aytishi kerak. U siyosatchi yoki ma’ruzachi emas. Bir-ikki so‘z aytgani bilan qo‘shig‘ining dovrug‘i oshib qolmaydi.

— Qo‘shiq aytish joningizga tekkan, “Bor-e!” deb qo‘l siltab ketishni istagan paytlaringiz bo‘lganmi?
— Bo‘lgan. Lekin, qo‘shiqsiz yashashni tasavvur qilolmaganman.

— Hayotingizdan mamnunmisiz?
— Xudoga shukr...

* * *

Deyarli bir yilki, og‘ir xastalik tufayli qo‘liga tor ololmayotgan mashhur qo‘shiqchi bilan choy ustidagi suhbatimizning bir qismini qog‘ozga to‘kdik. O‘zimizcha, izoh berishga, kimnidir yoqlash, kimnidir maqtash, kimni esa ayblashga intilmadik.

Siz ham darrov xulosa chiqarishga intilmang, aziz gazetxon. Tevarakka nazar soling, san’at olamiga boqing. Qo‘shiqchining qay gapi haq, qaysisi shaxsiy fikri ekanini anglab olasiz.

...1993 yilning bahori edi. Vohada mashhur shoir Omon Matjonning yarim asrlik to‘yi munosabati bilan shoirning ota uyida bo‘lgan osh va uchrashuvda qishloq ahli Otajon og‘adan qo‘shiq aytishni so‘rashdi. Talab qilishdi, desak to‘g‘ri bo‘lar. Otajon aka so‘z olib, uzrini aytdi, tez orada sahnaga qaytishini eslatdi. Xastalik tufayli bir yildan ortiqroq vaqt qo‘shiq aytmayotgan, to‘y-tantanalarda tor ushlamagan hofizni muxlislari sog‘inib qolganliklari ko‘rinib turardi.

Otajon aka bilan shu masalada kelishib oldik. Hatto qaysi daryo oshib uyiga borishgacha. Ammo aytilgan kuni hofiz uyida yo‘q ekanlar. Ayoli kasalxonada, deb qisqa qilib qo‘yaqoldi. Keyin bilsak, ikki marta insultga uchragan hofizning boshida yana bir yozug‘ bor ekanki, Xorazmga boraverishda (qaysidir do‘xtirdan muolaja olib yurgan payti) tasodifan yo‘l falokati sodir bo‘ladi...

Nihoyat, hofiz oyoqqa turgach, o‘sha yilning avgust oxirlarida yuqoridagi suhbat uyushtirildi. O‘sha paytda Otajon aka hassatayoqqa suyanib, zo‘rg‘a yurardilar. Uch soatlar chamasi suhbatlashdik. Diktofonga barcha fikr-mulohazalarini tushirdim...

...1994 yilning 12 noyabri. Ustozimiz, vohalik taniqli jurnalist Husayn Rahmon nevarasini sunnat qildirdi. Davra keng, mehmon ko‘p edi. Bir mahal hamma o‘rnidan turdi – davraga Otajon og‘a kirib kelgandilar. Uni shogirdlari suyab olishgandi.

Tabrik so‘zi hofizga berildi. “Do‘stimiz Husaynga va’da qilganim bor edi, agarda tanamda jonim bor ekan, nevarangning to‘yida albatta qo‘shiq aytaman, deb...”

Hofiz qo‘shiq boshladi. “To‘ylar muborak” yangradi. Davra jim. Tanish ovoz, saldomli nafas. Go‘yo hech nima ro‘y bermagan, hofizning xastaligi unut bo‘lgan.

Ikkinchi qo‘shiq boshlandi. Endi bizni hayajon emas, hayrat chulg‘agandi.

To‘y sababchisi unut bo‘ldi, endi so‘z olganlar hofizga sog‘liq tilashar, uni qo‘shiq olamiga, sahnaga tag‘in qaytgani bilan qutlashardi. Husayn Rahmon esa ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarini tiya olmasdi...

“Daryo yana jo‘shdi!” dedi jurnalistlardan biri. Bu hofizning tag‘in sahnaga qaytganiga aytilgan tashbeh edi.

Afsus! Oradan qirq kunlar o‘tgach, daryo ortidan shum xabar keldi...

Atigi sakson kun oldin ellik yilligini nishonlagan qo‘shiqchi oramizdan ketgan edi.

Hofiz 1994 yilning 23 dekabrida To‘rtko‘l tumanidagi Norinjonbobo qabristoniga dafn etildi.
 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.