OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

2015 yilda yo‘qotganlarimiz

2015 yilda O‘zbekiston din ilmi, fani va madaniyati bir nechta arboblaridan ayrildi. Quyida ulardan ayrimlarini xotirlaymiz.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1952-2015)

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil 15 aprel kuni Andijon viloyatida tug‘ilganlar.

O‘rta maktabni tugatgach, Buxoro shahridagi «Mir Arab» madrasasida, so‘ngra Toshkentdagi imom Buxoriy nomli Islom oliy ma’hadida tahsilni davom ettirdilar. Oliy ma’hadni bitirishlari bilanoq «Sovet sharqi musulmonlari» jurnalida ishladilar. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xazratlarini chet elga, ya’ni Liviya Arab Respublikasining Tripoli shahridagi Islomiy da’vat fakultetiga o‘qishga yubordi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mazkur fakultetni 1980-melodiy sanada imtiyozli tamomlab, yurtga qaytdilar.

So‘ngra shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining tashqi aloqalar bo‘limida ishlab, ayni paytda Oliy ma’hadda dars berdilar. Keyin mazkur ma’hadda mudir noibi, so‘ngra mudir lavozimlarida ishladilar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari diniy idoraning 1989 yilda bo‘lib o‘tgan Umumiy qurultoyida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy idorasi muftiysi lavozimiga tayinlandilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mustaqil O‘zbekiston Respublikasining birinchi muftiysi bo‘ldilar.

Shu yili shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari sobiq sovet Oliy kengashiga deputat etib saylandilar. Shayx hazratlari sobiq sovet ittifoqi prezidenti Mixail Gorbachyov hamda Oliy kengashga sobiq sovet ittifoqi musulmonlarining hayoti ifoda etilgan bayonnoma taqdim etdilar. Bayonnomada musulmonlarning haq-huquqlarini hurmatlash, ularning huquqlarini qaytarish masalalari ko‘tarilgan edi. Shayx hazratlarining Gorbachyov bilan bevosita muloqotlaridan so‘ng kommunistik tuzumning musulmonlarga nisbatan siyosatida ijobiy o‘zgarishlar sezila boshlandi. Shayx hazratlarining sa’y-harakatlari bilan sobiq ittifoqda ko‘plab masjidlar va madrasalar ochila boshlandi, musulmonlarga o‘z diniy urf-odatlarini, marosimlarni ado etishga ruxsat berila boshlandi. Shayx hazratlarining ko‘plab talablariga binoan, Gorbachyov sobiq ittifoqdan haj safariga boradigan musulmonlarning soni keskin oshirish haqida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, ana shu davrda shayx hazratlari musulmonlarning taqdirini hal qiluvchi katta miqyosdagi ishlarni ham amalga oshirdilar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari sovet delegatsiyasi a’zoligida bir necha davlatlarga safar qildilar. Prezident Gorbachyovning taklifi bilan afg‘on mujohidlarining Peshovardagi vaqtincha qarorgohiga borib, afg‘oniy jihod qo‘mondonlari bilan muzokaralar olib bordilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari o‘z sa’y-harakatlarini sobiq ittifoq musulmonlarining diniy huquqlari, diniy ta’lim va madaniyatini tiklash yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashga yo‘naltirgan edilar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari so‘nggi yillarda ilmiy va da’vatga hamda diniy madaniyatni oshirishdagi faoliyatlarga o‘zlarini bag‘ishlaganlar.

Shayx hazratlari Makkai Mukarramadagi «Butun Dunyo Islom Robitasi»ning ta’sis majlisi, Butun dunyo tasavvuf uyushmasi, Butun dunyo Islomiy xalqlari boshqaruvining bosh kotibiyati, Butun dunyo da’vat uyushmasi, Butun dunyo Ulamolari kengashi uyushmasi, Islomobod shahridagi Butun dunyo Islom uyushmasi, Makkai Mukarramadagi Butun dunyo mufakkir ulamolari yig‘inining ijroiya qo‘mitasi, Butun dunyo masjidlar uyushmasi, Iordaniyadagi Oli Bayt mussasasiga qarashli Islomiy fikrlar akademiyasi a’zosi edilar.

Shuningdek, shayx hazratlari Misr Arab Respublikasi, Libiya Jamohiriyyasi va Rossiya federatsiyalari kabi qator davlatlarning faxriy unvon va mukofotlari bilan taqdirlanganlar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 6 juzli “Tafsiri Hilol”, 39 juzli “Hadis va Hayot”, 5 juzli “Xislatli hikmatlar sharhi”, 3 juzli “Kifoya sharhi muxtasari viqoya”, 3 juzli “Ruhiy tarbiya”, 4 juzli “Sharhi adabul mufrad”, 2 juzli “Yaxshilik va silai rahm kitobi”, “Iymon”, “Vasatiyya — hayot yo‘li”, “Tasavvuf haqida tasavvur”, “Ixtiloflar haqida”, “Din nasihatdir”, “Shoyadki taqvodor bo‘lsak”, “Poklik iymondandir”, “Haj ibodati”, “Islomda inson huquqlari”, “Islomda oila”, “Tarix omonatdir”, “Jamiyat ko‘ksiga urilgan xanjar”, “Islom musaffoligi yo‘lida”, “Islom ma’naviy jinoyatlarga qarshi”, “Ramazonni qanday qarshilaymiz”, “Islom va atrof muhit muhofazasi”, “Sunniy aqiydalar”, “Usulul fiqh”, “Aqoid ilmi”, “Samarqandlik ulamolar”, “Bozor”, “Isrof”, “Ochiq xat”, “Zuhd va hayo” kabi 100 dan ortiq kitoblar va internet sahifalar muallifi edilar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari 2015 yil 10 mart kuni Toshkent shahrida vafot etdilar. Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" "Shayx Zayniddin buva" (Ko‘kcha) qabristoniga dafn etildilar.

 

Akademik Zokirjon Salimov (1940-2015)

Zokirjon Salimov 1940 yili ishchi oilasida tug‘ilgan. 1962 yili Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, mazkur oliy o‘quv yurtida aspiranturada tahsil olgan. 1967 yilda nomzodlik, 1976 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1987 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.

Iste’dodli olim o‘zining qariyb 50 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti katta o‘qituvchisi, dotsenti, professori, kafedra mudiri, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Kimyo instituti direktori, Umumiy va noorganik kimyo instituti rahbari kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan va yurtimizda kimyo-texnologiya sohasidagi dolzarb ilmiy masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shgan.

Zokirjon Salimovning kimyoviy texnologiya jarayonlari va qurilmalari sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ko‘plab maqola va risolalari ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Ayniqsa, uning rahbarligida yaratilgan neft-gaz kondensati aralashmalarini suvsiz haydash texnologiyasi hozirgi kunda mamlakatimiz neftni qayta ishlash zavodlarida samarali qo‘llanayotganini ta’kidlash joiz.

 

Akademik Abatbay Dauletov (1942-2015)

Abatbay Dauletov 1942 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1964 yilda Qoraqalpog‘iston davlat pedagogika institutini tugatib, shu dargohda o‘qituvchi bo‘lib ish boshlagan. So‘ngra Leningrad davlat universiteti aspiranturasida tahsil olgan. 1972 yilda nomzodlik, 1992 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1995 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.

Jonkuyar va fidoyi olim o‘zining 50 yillik ilmiy faoliyati davomida Qoraqalpoq davlat universitetida dotsent, kafedra mudiri, fakultet dekani, professor lavozimlarida ishladi. Qoraqalpoq tilshunosligiga oid dolzarb masalalarni tadqiq etish, ilm-fanning mazkur yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

Uning qoraqalpoq tilining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlab yozgan o‘nlab monografiya, maqola va risolalari, ilmiy anjumanlar, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari keng jamoatchilikka yaxshi ma’lum.

 

Tarixchi-professor Hamid Ziyoyev (1923-2015)

Hamid Ziyoyev 1923 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1989), tarix fanlari doktori, professor (1968), Toshkent pedagogika institutining tarix fakultetini tugatgan (1946).

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti ilmiy xodimi (1950—63), yangi tarix sho‘‘basi mudiri (1964—65), ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari (1965—85). 1996 y.dan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida yetakchi ilmiy xodim.

Hamid Ziyoevning ilmiy ishlari O‘rta Osiyo, Rossiya va Sharqiy Turkiston tarixi, 14—20-asrlardagi O‘zbekiston tarixini o‘rganishga oid. Hamid Ziyoev Turkiston mustamlaka davri tarixi muammolari bilan bog‘liq tadqiqotlar olib borgan.

“Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash (18—20-asr boshlari)” (1998), “Istiqlol ma’naviyat negizi” (1999), “Tarix — o‘tmish va kelajak” (2000), “O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashlarning tarixi” (2001) kabi kitoblari chop etilgan.

«Jasorat» medali bilan mukofotlangan (1994).

 

Tarixchi-professor Goga Hidoyatov (1930-2015)

Tarixchi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Goga Abrorovich Hidoyatov 1930 yilning 9 may kuni Toshkent shahrida mashhur drama aktyorlari Abror Hidoyatov va Sora Eshonto‘raevalarning oilasida dunyoga kelgan. M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida o‘qigan.

1958 yildan boshlab turli ilmiy muassasalarda faoliyat yuritib keldi. O‘z ilmiy faoliyatini O‘zSSR FA Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim sifatida boshladi; 1994-1999 yillarda O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori bo‘ldi. 2005 yili pensiyaga chiqdi, lekin ilmiy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymadi va umrining oxiriga qadar yozishda davom ettirdi.

15ta monografiya, 100dan ortiq ilmiy maqolalar, jahonning yangi tarixi bo‘yicha qator darsliklar muallifi. Edvard Ollvortning The Modern Uzbeks (Zamonaviy o‘zbeklar) kitobining alohida boblarini ingliz tilidan tarjima qildi. “Tyurkskaya sivilizatsiya” (Turk tsivilizatsiyasi) kitobi ustida ishladi va uni yakunlashga ulgurdi.

 

Sobiq Bosh Vazir O‘tkir Sultonov (1939-2015)

O‘tkir Sultonov 1939 yilda Tshkent shahrida tug‘ilgan. Tomsk politexnika institutini tamomlagan. 1995-2003 yillarda O‘zbekiston hukumatini boshqargan, ungacha Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri va bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgandi.

2003-2006 yillarda u yana O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2006 yildan 2011 yilgacha Chkalov nomli Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi (GAO «TAPOiCh») bosh direktori sifatida ishlagan.

 

 

O‘zbekiston xalq shoiri Husniddin Sharipov (1933-2015)

Husniddin Sharipov (1933.10.2, Pop shahri - 2015) - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1983), O‘zbekiston xalq shoiri (2012).

Toshkent qishloq xo‘jalik institutining o‘rmon-melioratsiya fakultetini tugatgan (1949—54). «Namangan haqiqati» gazetasida adabiy xodim va mas’ul kotib (1956—60), «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida adabiy kotib (1960-62), «Sharq yulduzi» jurnalida bo‘lim mudiri (1962-69; 1976-77; 1982-83), Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1984—93) bo‘lib ishlagan.

Dastlabki to‘plami — «Nihol» (1956). Husniddin Sharipov «Ko‘ngil buyurgani» (1961), «Quyoshga oshiqman» (1963), «Tuproqqa qasida», «Yerning qalbi» (1965), «Men sizga aytsam» (1968), «Lirika» (1970), «Hayajonli daqiqalar» (1980), «Oh, go‘zal» (1981), «Xirmon» (1985), «Yana visol» (1987), «Yor istab» (1992) singari she’riy kitoblar hamda «Do‘stim Tojiddin» (2001) nomli voqeiy qissa muallifi.

Husniddin Sharipovning she’riy ijodida onazaminga cheksiz muhabbat, o‘z mehnati va bunyodkorlik faoliyati bilan mamlakatning gullab-yashnashi yo‘lida ter to‘kayotgan zamondoshlarga hurmat, yuksak insoniy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ulari tasviri ustuvorlik qiladi.

Husniddin Sharipovning she’riy ijodida dostonnavislik muhim o‘rinni egallaydi. U, ayniqsa, 60—70-yillarda doston janrida samarali ijod qilib, shu davr o‘zbek dostonnavisligi taraqqiyot tamoyillarini belgilab bergan: «Quyoshga oshiqman» (1961), «Bog‘ ko‘cha bolalari» (1962), «Tanovar» (1965), «Sotvoldidan salom» (1968), «Qilmish-qidirmish» (1976), «Insof diyori» (1979), «Qaltis yurish» (1999) va b. Ilmiy-texnik taraqqiyot davrining ma’naviy muammolariga bag‘ishlangan «Bir savol» (1972) she’riy romani ham bor.

Husniddin Sharipovning «Seni sevaman» (1958), «Ota o‘g‘li» (1964), «Afsona» (1975), «Chollar va kampirlar» (1979), «Karvon bexatar bo‘lmas» (1986), «Yor istab» (1993) singari pesalari respublikamizdagi musiqali drama teatrlarida sahnalashtirilgan. Bir qancha she’rlari qo‘shiq bo‘lgan.

Jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2000).

 

Yozuvchi Jonrid Abdullaxonov (1929-2015)

Jonrid Abdullaxonov 1929 yili Namanganda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakulteti, Moskva Oliy Adabiyot kursini tugatgan.

Uning «Maktabdoshlarim» (1952) nomli birinchi she’riy to‘plami, «Hikoyalar» (1956), «To‘yga kelinglar» (1960), «Tong yorishgan sohilda» (1962) kabi hikoyalar to‘plamlari, «Gulchehra» (1962) qissasi, «Yo‘l» (1964) romani chop etilgan. Shundan so‘ng muallifning ketma-ket «Borsa kelmas» (I — II kitob, 1978—1980), «Xonadon», «Suiqasd» (1991) kabi romanlari chop etiladi.

«Borsa-kelmas» romanida Orol muammosi, ona tabiat muhofazasi masalalari o‘z ifodasini topgan. «Suiqasd» romanida esa mehnatkashlarning haqiga xiyonat qilgan, jamiyatni ma’naviy-iqtisodiy inqirozga olib kelgan yulg‘ich, poraxo‘r va ko‘zbo‘yamachilarning aft-basharasi fosh etilgan.

 

O‘zbekiston xalq artisti Obid Yunusov (1934-2015)

O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek kinematografiyasining oltin fondidan o‘rin olgan ko‘plab filmlarning bosh rol ijrochisi, dublyaj san’atining mohir ustasi Obid Yunusov 1934 yili Toshkentda tug‘ilgan. Yunus Rajabiyning o‘g‘li. Toshkent teatr va rassomlik san’ati inistitutini tugatgan (1956). 1956—1998 yillar Hamza teatri (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)da ishladi.

Erkin («Aytsam tilim, aytmasam dilim»), Qayum («Yurak yonmog‘i kerak»), Xolmat («Boy ila xizmatchi»), Abbos («Mirzo Ulug‘bek»), Ma’mur («Kelinlar qo‘zg‘oloni»), Kirill («Oqshomdan tushgacha»), Yormat («Qutlug‘ qon»), Sino («Abu Ali ibn Sino»), O‘tkuriy («Parvona») kabi obrazlari bilan teatr sahnasidan mustahkam o‘rin oldi. U bir qancha filmlar («Armon», «To‘ylar muborak», «Chinor ostidagi duel», «Chayon gul», «Shaytanat», «Sharpa» va boshqalar)da ham suratga tushgan.

Dublyaj san’atining mohir ustasi sifatida tanilgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989), »Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan (2003).

 

O‘zbekiston xalq artisti To‘ychi Oripov (1928-2015)

To‘ychi (Mirhosil) Oripov 1928 yili Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1953). Qo‘qon teatrida (1953—58), Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida (1987—94), Hamza teatrida (hozirgi o‘zbek milliy akademik drama teatrida) (1951—53; 1958—87; 1994 yildan) aktyor bo‘lib ishlagan.

To‘ychi Oripov dramatik, fojiaviy va komik rollar, ayniqsa, o‘tkir xarakterli, salbiy obrazlar ustasi sifatida tanilgan. Yaratgan obrazlari hayotiy, ifoda vositalari aniq va ishonarli bo‘lib, qahramonlarining ichki dunyosi, ma’naviy holati va xarakterini to‘liq ochishga intiladi.

Teatrda Lembet (E.To‘ychi Oripov Ota rolida («Bir qadam yo‘l»), Rannet, «Oqpadar»), Yo‘lchi, Hakimboyvachcha (Oybek, «Qutlug‘ qon»), Sintaro (M. Kaoru, «O‘g‘irlangan umr»), G‘oyib (Uyg‘un, «Qotil»), Salas Ina (E. Robles, «Monserra»), Solihboy (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Mahmud G‘aznaviy (Uyg‘un, «Abu Rayhon Beruniy»), Mahkam (S. Ahmad, «Kelinlar qo‘zg‘oloni»), Bobobekov (Sh. Xolmirzaev, «Qora kamar»), Shayboniyxon (P. Qodirov, «Yulduzli tunlar»), ota (U. Azim, «Bir qadam yo‘l») kabi rollar bilan teatr san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shdi.

Shuningdek, videofilmlar (Amir Jondor, «Ulug‘bek xazinasi»; Muhiddin Jabborovich, «Girdob»; Ishoq, «G‘ulg‘ula»; Sanjarov, «Imon»; Majiddidin, «Navoiy»; Qudratxo‘ja, «Diyonat» va b.), kinoda (Rais, «Abdullajon»; Mavlon, «Sayyod qo‘ng‘irog‘i»; G‘aniboyvachcha, «Amirning xufiyona sayohati»; Yo‘ldoshev, «Ikkinchi aylana bo‘ylab»; Kuyov, «Qarib quyulmagan»; Bobo, «Osmondagi bolalar» va b.) ham suratga tushgan.

Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989). «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).

 

O‘zbekiston xalq artisti O‘lmas Alixo‘jayev (1941-2015)

O‘lmas Alixo‘jayev 1941 yili Urganchda tug‘ilgan. Toshkent Davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1964). 1962—96 yillarda «O‘zbekfilm»da aktyor, 1996 yildan «O‘zbekkino» kompaniyasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

40 dan ortiq filmda suratga tushgan. Asosiy rollari: Ali Qushchi («Ulug‘bek yulduzi»), Muzaffar («Natashaxonim»), Otabek («O‘tgan kunlar»), Yodgor Hamidov («Shiddat»), G‘ulom Ahmedov, Safoev («Tinchlik kunlari», «Kul ostidagi cho‘g‘», Tojikfilm), Sulaymonov («Davlat chegarasi», Belorusfilm) va b.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.