OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Burhon Abdulxayrov. Maftunkor Bedil

Manbalarda asli kelib chiqishi Shahrisabzdan ekanligi qayd etilgan Mirzo Abdulqodir Bedil (1644–1721) taqdir taqozosiga ko‘ra Hindistonda tug‘ilib, ijod etgan bo‘lsa-da, XVIII asr oxiri – XX asr boshlarida O‘rta Osiyoda, xususan, o‘zbek xalqi orasida favqulodda mashhur edi.

Asarlari Turkiston madrasa va maktablarida Xoja Hofiz, Shayx Sa’diy, Navoiy, Fuzuliy singari buyuk shoirlar asarlari qatorida o‘qitilgan, shuningdek, mudarris va talabalar tarafidan katta qiziqish bilan mutolaa qilingan. Xonadonlarda ham savodxon kishilar Bedil asarlari o‘qishgan va bunday yig‘inlar “bedilxonlik” deb atalgan. Shoir ijodi namunalari ma’nosini ­sharhlay oladiganlar “bedilxon” sifatida ta’riflangan, asarlari Buxoro, Shahrisabz, Samarqand, Toshkent kabi shaharlarda ­yashovchi “bedilnavis” xattotlar tarafidan ko‘chirilgan.

Bedil ijodi XX asrda olimlar tomonidan ham o‘rganilgan. Chunonchi, Ayniy, Fitrat, Miyon Buzruk, Ye.Bertels, I.Mo‘minov, I.Nizomiddinov, Sh.Shukurov singari adib va sharqshunoslar tadqiqotlarida hayoti va ijodi atroflicha tadqiq etilgan. Asarlari Sh.Shomuhamedov, Nazarmat, M.Abdulhakim, E.Ochilov singari tarjimonlar tomonidan o‘zbek tiliga ­o‘girilgan. Darvoqe, shoir ijodi bugungi o‘zbek kitobxoni uchun ham ­qadrli.

Xo‘sh, Hindistonda tug‘ilib o‘sgan, fors tilida ijod qilgan Bedil asarlari o‘zbek xalqi orasida bu qadar katta qiziqish ­uyg‘otganining sababi nimada? Ushbu maqolada mana shu savolga baholi qudrat javob izlashga harakat qilamiz.

Tarixda ulkan yuksalishlarga erishgan musulmon Sharqi XVI–XVII asrlarga kelib chuqur tanazzulga yuz burdi: markazlashgan davlatlarning parchalanishi oqibatida paydo bo‘lgan mayda xonlik va amirliklar o‘rtasida muntazam toju taxt uchun kurash avj oldi. Mana shunday vaziyatda rivojlanib borayotgan G‘arb bu o‘lkalarga nisbatan o‘zining mustamlakachilik siyosatini amalga oshira ­boshladi. Bunday og‘ir ahvoldan Hindiston ham mustasno emas edi.

Darhaqiqat, XVII asr boshlariga kelib G‘arbning Hindistonda savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanuvchi turli kompaniyalari va siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi missionerlik tashkilotlari o‘z ishlarini faol yo‘lga qo‘ygan edi. Ular o‘z rejalariga erishgani sayin mahalliy aholi erki va ozodligidan mahrum bo‘la borgan, og‘ir ijtimoiy ahvol yuzaga kelgan. Ozodlikni hamma narsadan ustun deb bilgan jamiyatning ilg‘or ziyolilarini bu ahvol iztirobga solgan. O‘sha davrda Hindistondagi, qolaversa, butun musulmon Sharqidagi bu holatni ijodida yuksak mahorat bilan aks etgan shoir Mirzo Abdulqodir Bedildir.

Ma’lumki, Boburiy podshoh Akbar (1542–1605) zamonida Hindiston ijtimoiy hayoti ancha yuksaladi, biroq keyingi davrlarga kelib inqiroz yuz bera boshlaydi. Bedil hayoti mana shu inqiroz davriga to‘g‘ri kelgan. Shoir bir ruboiysida nafaqat moddiy vayronagarchiliklar, balki vafodorlik, sodiqlik singari insoniy fazilatlar ham barbod bo‘lib borayotgani haqida kuyunib yozadi:

Umrest shikasti bomu dar mebinam,
Bunyodi vafo zeru zabar mebinam.
Har subhki sar zi xob barmedoram,
Osho‘bi qiyomate digar mebinam.

(Mazmuni: Umrim bo‘yi imoratlarni shikastlangan holda ko‘raman. Vafo asoslarini barbod holda ko‘raman. Har tong uyg‘ongan chog‘imda o‘zgacha bir qiyomat yuz berayotganini ko‘raman.)

Hindistondagi bunday chuqur inqiroz oqibatida maorif tizimi yaroqsiz ahvolga kelib qolgani, mudarrislar ­orasida mutaassiblik avj olganini shoir shunday ­tasvirlagan:

O‘chmishdir madrasa chirog‘i bul kun,
Qaynar bema’nilik bulog‘i bul kun.
Behayolik eshigin qoqmoqda mullo,
Ko‘p baland nodonlik dimog‘i bul kun.

(Sh.Shomuhammedov tarjimasi.)

Mamlakatda yuzaga kelgan murakkab sharoitning bu kabi ichki sabablari bilan birga tashqi sabablari ham bor edi. Bedil Hind o‘lkasi yevropaliklar tomonidan sanoat mahsulotlari bozoriga aylantirilishi oqibatida mahalliy ishlab chiqarish kasodga uchrab, aholi turmush tarzi tobora nochorlashib borayotganidan iztirob chekib g‘azallaridan birida: men bu olam bilan hech bir shaklda do‘st bo‘lolmadim, undan go‘yo farang(ovrupolik)dan yurak oldirgan mo‘‘mindek qochaman, xuddi itga tosh otib qochgan boladek, zamona ofatlaridan bezillab, undan yuz o‘giraman, deb yozadi.

Bedil ijodida bu kabi ijtimoiy nohaqliklarga qarshi kurash motivlari ko‘p uchraydi. Shoir nohaqlik avj olgan qiyin vaziyatda inson o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida ham juda ko‘p mushohada yuritgan, kishilarni sabotli bo‘lish, yomonlikka ichki iroda bilan qarshi turish, shu yo‘l bilan uni yengishga chorlaydi.

Xullas, Bedil Sharq mumtoz she’riyatiga yangicha mazmun olib kirdi. Chunonchi, ungacha ko‘proq ishq-muhabbat, may, safo she’riyatda pafos o‘laroq yetakchilik qilgan bo‘lsa, Bedil she’riyatida ijtimoiy-siyosiy masalalar asosiy o‘ringa olib chiqildi. Bu, albatta, kuchli hayotiy ehtiyojga ko‘ra sodir bo‘lgan. Masalan, bir g‘azalida ijtimoiy illatlarni bartaraf etish o‘zining asosiy maqsadi ekanligini aytadi:

Vaz’i hamvori zi abnoi zamon matlubi most,
Odamizod gar naboshad, xar ki xohad xar shavad.

(Mazmuni: zamona odamlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlash bizning muddaomizdir, kimki odam emas hayvon ekan, shundayligicha qolaversin.)

Binobarin, Bedil XVII–XVIII asrlarda Hindistonda yuzaga kelgan og‘ir ijtimoiy ahvolga qarshi kurashish borasida o‘zining falsafiy, aforizmlarga boy ta’limotini yaratgan edi. Bu – bedilizm (“bedilizm” terminini ilk bor Ye.Bertels qo‘llagan. Qarang: Bertels Ye.E. Bedil haqida mulohazalar. “Zafar” adabiy almanaxi, 1945 yil, 122-bet). Shu tufayli ham uning ijodi ko‘nglida vatanparvarlik tuyg‘usi bor kishilarni befarq qoldirmagan, jumladan, asarlari hayotlik paytida va vafot etganidan ko‘p o‘tmay O‘rta Osiyoga tarqala boshlagan. Tadqiqotchilar Bedil asarlarining Turkistonga juda tez tarqalishini O‘rta Osiyo va Hindistonning tarixan yaqin madaniy va ijtimoiy-siyosiy aloqalari bilan izohlaydilar. Bu fikrga qo‘shilgan holda ta’kidlash joizki, chuqur inqiroz girdobiga tortilgan Turkiston o‘lkasi ham XIX asr ikkinchi yarmidan keyin xuddi Hindiston Yevropa tomonidan mustamlakachilik xurujiga duchor etilgani singari Rossiyaning bosqinchilik tahdidiga uchradi. Buning oqibatida mintaqada og‘ir ijtimoiy ahvol yuzaga keldi, xalq siyosiy huquqlaridan mahrum etildi va ushbu holat ziyolilarni iztirobga sola boshladi. Mana shunday bir sharoitda Bedil asarlari ularga boshqa muhitdan yetib kelgan dardkash bir mujda kabi ta’sir ko‘rsatdi. Binobarin, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz, Toshkent, Qo‘qon, Xiva singari shaharlarda Bedil asarlarini o‘qish, sharhlashga katta qiziqishning bosh sababi mana shunda edi. Aytish joizki, Munis, Turdi Farog‘iy, Nodira, Muhyi, Furqat, Muqimiy, Zavqiy, Almaiy, Sidqiy-Xondayliqiy, Kamiy, Haziniy singari o‘zbek ma’rifatparvarlik adabiyoti namoyandalari ijodiga Bedil asarlari g‘oyaviy jihatdan ta’sir ko‘rsatgan.

Nafaqat ma’rifatparvarlik adabiyoti namoyandalariga, balki ulardan keyin maydonga kelgan jadid adabiyoti vakillariga ham Bedil ijodi g‘oyaviy ta’sir o‘tkazgan. Chunonchi, XIX asr o‘rtalarida keyinchalik “jadid” deb atalgan adabiyotning yuzaga kelishida Ahmad Donishning (1818–1897) xizmati katta bo‘lgan. Bu haqda Sadriddin Ayniy shunday yozadi: “Mana shu choqlarda qorong‘u kechalarning oxirlarida yiltillab tuqqan tong yulduzidek, Buxoroning qorong‘u ufqlaridan bir yulduz chiqdi. Ushbu yulduz Ahmad Kalla deb mashhur bo‘lgan Ahmad Maxdum muhandisi Donish edi”(Ayniy S. Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar. M., 1926, 25-bet).

Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoe’” asarida ilk bor yaroqsiz ahvolga kelib qolgan tuzumni isloh qilish to‘g‘risida fikrlar bayon etilgan. Shu boisdan ham uning bu asari S.Ayniy va A.Fitratga kuchli ta’sir o‘tkazgan. Bu haqda S.Ayniy “Esdaliklar”ida o‘qiymiz: “Bu madrasalarda turgan vaqtlarda mening dars o‘qishim, ayniqsa, Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoe’” asari bilan tanishganimdan so‘ng ancha susaydi. Darsxonadagi darslarni befoyda narsalar va ularga ketadigan vaqtni behuda o‘tadigan fursat deb hisoblardim. Ammo rasmiyat yuzasidan biron kitobni ko‘tarib olib, darsxonalarga qatnardim va do‘stlarim orasida Buxoro darsxonalarining programmasini o‘zgartirish lozimligini gapirardim”.

Yana shu muallif Ahmad Donish asari ta’sirida ongida kechgan o‘zgarishlar haqida quyidagi xarakterli fikrni bayon etgan: “Biroq “Navodir ul-vaqoe’” mundarijasidan hayotdagi tahlikali ahvolning real tasvirini xuddi o‘zim turmushda tasavvur etganimday ko‘rganimda menda boshqacha holat ro‘y berdi. Dilimda aytdim: “Bu ahvolni tuzatmoq lozim, agar men tuzata olmas ekanman, undan nafratlanishim zarur”.

Shu o‘rinda, xo‘sh, kishilar ongini o‘zgartiradigan darajadagi g‘oyalar “Navodir ul-voqoe’”ga qaerdan o‘tgan, degan savol tug‘iladi. Bu savolga javob topish uchun yana S.Ayniy “Esdaliklar”iga murojaat qilamiz. Adib yozadi: “XIX asrda Buxoroning yozuvchi va mutafakkir shoiri Ahmad Donish (vafoti – 1897) Bedilni juda sevar va uning ba’zi bir mushkul narsalarini sharhlar edi”. Darvoqe, bedilshunos Sh.Shukurovning qayd etishicha, Ahmad Donish qalamiga mansub “Navodir ul-voqoe’” asarining bir bobi Bedil lirik merosining sharh-izohiga bag‘ishlangan (Shukurov Sh. Mirzo Bedilning poetik merosi. T., 1979, 97-bet). Bedil asarlarining Ahmad Donish tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozmalaridan bir necha nusxa O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. Ular orasida inventar raqami 2898-I qo‘lyozmadagi ko‘pgina ruboiylarga Donish tomonidan sharh-izoh berilgan. Sh.Shukurovning qayd etishicha, Ahmad Donishning Bedil asarlariga bergan bu izohlari jahon bedilshunoslik fanida yagona bo‘lib qolmoqda.

Yana bir muhim masala Bedil fikrlari, asarlari haqidagi munozaralarning jadid matbuoti va adabiyotida paydo bo‘lish bilan bog‘liq. XX asr boshlaridan Orenburg shahrida nashr etila boshlagan “Sho‘ro” jurnali Turkistonda ham zo‘r qiziqish bilan o‘qilgan. Jurnalning 1910 yil 24-sonida “Tarjimon” taxallusi bilan ijod qilgan o‘zbek jadid shoiri karmanalik Bahrombek Davlatshoyevning (1873–1919) Bedil tarjimai holi haqida “Sho‘ro”da maqola e’lon etilishini so‘rab yozgan iltimosi va “evropalik sharqshunoslar yordam bermasalar, bizning bu shoir haqida tarjimai hol yozish qo‘limizdan kelarmikan” qabilidagi mulohazasi bosiladi. Bu iltimos va mulohazani o‘qib, tatar ziyolisi Olimjon ul-Idris javob yozishga harakat qiladi. Uning javob maqolasi “Sho‘ro”ning 1911 yil 6-sonida bosiladi. Olimjon ul-Idris bu maqolada Bedil haqida ma’lumot berib: “Bedil taxallusi bilan mashhur shoirning asl ismi Abdulqodir bo‘lib, “Qomus ul-a’lom”ning 2-jildi, 1428 sahifasida u haqida ma’lumot berilganligini aytadi va o‘z maqolasida o‘sha ma’lumotlarni qayd etish bilan kifoyalanadi. Afsuski, “Qomus ul-a’lom”dagi Bedil haqida berilgan ma’lumotlarning aksariyati noto‘g‘ri va chalkash bo‘lgan.

Mazkur maqoladan bir oz o‘tib, jurnalning 1911 yil, 1 iyun sonida Xivadagi Qutluq Murod Inoq madrasasi tolibi Ali Akbar No‘g‘oyevning “Mirzo Bedil xususinda (Olimjon ul-Idrisiy afandiya ochiq xat)” sarlavhali e’tiroz maqolasi bosiladi. Unda Ali Akbar No‘g‘oyev Olimjon ul-Idris maqolasidagi: “Mirzo Abdulqodir Bedil 977 yilda tavallud topib, 1015 yilda taxtga chiqqan Jahongirshohning zamonida yetishmish”, deyilgani holda, keyinidan “Uchinchi asr boshlarida vafot etib, Dehlida dafn etilgan” singari bir-birini tasdiqlamaydigan ma’lumotlar borligini tanqid qiladi.

Shundan keyin jurnalining 1912 yil 15 yanvar sonida Olimjon ul-Idrisning “Yana “Mirzo Bedil haqinda” nomli maqolasi e’lon qilinadi. Olimjon ul-Idris bu maqolada, asosan, Ali Akbar No‘g‘oyev tomonidan aytilgan tanqidlarni tan olgan va navbatdagi maqolasida o‘zining birinchi maqolasida Bedil haqida aytilgan noto‘g‘ri ma’lumotlarni Buxoro madrasasida o‘qigan paytida tanishgani Sadriddin Ayniy yordamida to‘g‘rilash niyatida ekanligini bildirgan. Bedil haqida birinchi muxtasar maqolasidan keyin u Buxoroga S.Ayniyga maktub yo‘llab, Bedil haqida mufassal yozib yuborishini so‘ragan va S.Ayniyning javob maktubini 1911 yil 3-martda olgan. Olimjon ul-Idris Ayniyning bu maqolasini tatarchaga o‘girib, “Sho‘ro”da bostirgan. Bedil asarlari haqidagi mulohazalar ilk bor jadid matbuotiga shu yo‘sinda kirib kelgan.

1919 yili Fitrat “Bedil” deb nomlangan badiha yozadi. Unda, asosan, Bedilning ijtimoiy masalalar haqidagi fikrlar borasida mushohada yuritilgan. Badihada Fitrat buxoroliklarning o‘z turmush tarzlarini yaxshilash uchun, avvalo, ­fikrlarini o‘zgartirishlari lozimligini ta’kidlaydi va o‘zining qarashini Bedil asarlaridan keltirilgan misollar orqali asoslashga harakat qiladi(Fitrat. Bedil (Bir majlisda). T., 1996). Toshkent jadidchiligi namoyandalaridan Miyon Buzruk ham “Bedil” sarlavhali maqola yozadi, bu maqola “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnalining 1928 yil, 10-sonida bosilib chiqadi. Unda ham, asosan, Bedilning falsafiy va ijtimoiy-siyosiy qarashlari tadqiq etilgan.

O‘tgan asrning 40–70-yillarida S.Ayniy, Ye.Bertels, I.Mo‘minov, Sh.Shukurov singari olimlar Mirzo Bedil ijodini, uning falsafiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlarini tadqiq etishdi. Biroq bu yillarda ma’rifatparvarlik hamda jadid adabiyoti to‘g‘risida xolis fikr aytish imkoni bo‘lmagani sababli Bedil ijodining bu davr adabiy harakatchiligi bilan bog‘liq jihatlari yetarlicha ochib berilmadi.

Xullas, Mirzo Bedil ijodi XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshiga kelib O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekistonda vujudga kelgan ma’rifatparvarlik va jadid adabiyotiga g‘oyaviy jihatdan ta’sir ko‘rsatgan. Chunonchi, XIX asr ikkinchi yarmida yozilgan Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoe’” va XX asrning 10-yillarida yozilgan Fitrat (“Rahbari najot”, “Sayyohi hindi”, “Munozara”) asarlariga ham Bedilning ijtimoiy-siyosiy qarashlari ta’siri bo‘lgani shubhasizdir.

Burhon Abdulxayrov

filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 52-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.