OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eshqobil Shukur. Omochdan kosmik kemagacha

http://ziyouz.uz/images/vaqtt.jpg

1. Yangi Era arafasida (mizmi?)...

Zamon shitobi tez. Odamzot omochdan traktorgacha bo‘lgan masofani, ehtimol, 6000 yilda bosib o‘tgandir, traktordan kosmik kemagacha bo‘lgan yo‘lni esa, bor yo‘g‘i 60 yilda bosib o‘tdi. Hayratlanarli tezlik.

Uch-to‘rt yil burun Misrda bir olim vaqtning eng kichik bo‘lagini topganligi uchun Nobel mukofotini oldi. O‘ylanib qoldim... Xo‘sh, vaqtning eng kichik bo‘lagi topilganda nima o‘zgarar ekan? Baribir, o‘sha soat – soat, daqiqa – daqiqa, lahza – lahza o‘rnida qolavermaydimi? Surishtirib ko‘rsam, bu ko‘p narsaga ta’sir ko‘rsatarkan. Ushbu kashfiyot hozirgi ­kompyuterlarning ish bajarish tezligini keskin ko‘tarib, kosmik kemalar tezligini bir necha barobar oshirib yuborishi mumkin ekan. Bu, albatta, tahsinga sazovor kashfiyot!

Demak, koinot bizga eshiklarini ochmoqda. Haqiqatan, bu biz uzoq kutgan mo‘‘jiza. Ehtimol, insoniyat yangi Era arafasida turgandir. Beixtiyor, fan va taraqqiyotning buyukligini his etasan, to‘lqinlanib ketasan. Dunyoda hayratlanarli ko‘p ishlar bo‘layapti.

2. Odam o‘zgardimi, olam?..

Shunday shiddatli jarayonda yana boshqa narsalar haqida o‘ylanib qolasan... Bundan besh ming yil avval dalada omoch tortayotgan odamning kulgusi bilan bugun fazoga uchayotgan odamning kulgusida qancha farq bor? Yig‘isida-chi? Mehrida yo nafratida-chi? Ming yil avval beshikka suyanib chaqalog‘ini erkalayotgan ayol bilan go‘dagini suyayotgan hozirgi ayolning farzandiga mehr berishida qancha farq bor? Albatta, omoch bilan kosmik kema orasidagi farq darajasida emas. Muhammad payg‘ambar “Tog‘ o‘rnidan siljibdi desalar ishonaman, lekin odamning tabiati o‘zgaribdi deyishsa ishonmayman” degan bo‘lsa, Dekart: “Dunyoni o‘zgartirishdan ko‘ra, insonning tabiatini o‘zgartirish qiyin” degan. Shunday deymiz-u, baribir tezlik, globallashuv, xilma-xil axborot oqimlari odamlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymas ekan.

Bolaligimda bobom bilan eshakka mingashib, qishloq oshib, oshnalarinikiga mehmonga borar edik. Dasturxonda (noz-ne’matlar bisyor-ku) na aroq bor, na sharob, lekin gurunglar qizigandan qizib uzoq davom etardi. Mehmonxonada na video bor, na DVD, na kompyuter, lekin bu davralarning cho‘g‘i tongotargacha so‘nmas edi. Men bu ertaklarday gurunglarni maroq bilan tinglab, takyaga bosh qo‘yib jimgina uxlab qolardim. Har haftada bobom bilan qaysidir qishloqqa kimnikigadir gurungga borishga oshiqar edim. Qiziq, shuncha yurib, bobomning biror marta shoshilganini yo uning oshnalarining betoqat bo‘lganini hech eslay olmayman. Ularning yurish-turishlari ham, atrofga qarashlari ham, gurunglari ham vazmin va xotirjam edi. Ular ham bekorchi odamlar emasdilar. Ishlari ham biznikidan kam bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Hozir “Neksiya”da 20 daqiqada borish mumkin bo‘lgan joyga bobom bilan 4-5 soatda borar edik. Lekin u juda xotirjam edi. Endi esa qushday avtomobildagi yigirma daqiqalik yo‘lga ham toqat qilolmaymiz. Shunga 15 daqiqada yetib olsak, deymiz. 15 daqiqada yetamiz ham, lekin baribir betoqat bo‘laveramiz. Yana qaergadir shoshilamiz. Yelamiz. Yuguramiz. Natija esa – betoqatlik.

3. Betoqatlashuvmi, avtomatlashuv?..

E’tibor qilganmisiz, ko‘chada duch kelib qolgan yaqin tanishimizga ham “Yaxshimisiz? ­­Uy-ichlar tinchmi? Bolalar omonmi?”, degan gaplarni avtomatga o‘xshab aytamiz. Tanishimiz ham mobil telefondagi avtojavobchiday bir xil javobni to‘tiday takrorlab ketaveradi. Undan hol-ahvol so‘rayapmiz-u, aslida uning hol-ahvoli bilan qiziqmaymiz. U bilan zarracha ishimiz yo‘qday miyamizdagi magnitofonga yigirma yilmi, o‘ttiz yilmi avval yozib qo‘ygan gaplarimizni qo‘yib ketaveramiz. Ochig‘ini tan olaylik, bunday paytlarda ko‘pincha tilimiz ham, dilimiz ham gapirmaydi, miyamizdagi magnitofon gapiradi. Ko‘chada duch kelib qolgan tanishimizning miyasidagi magnitofonga ham allaqachonlar javoblar yozib qo‘yilgan. Biz hol so‘rashimiz bilan u ham magnitofonini qo‘yib yuboradi. Lentalar esa ancha eskirib qolgan, yangilab qo‘yishga ham vaqt yo‘q. Soxtagarchilik samimiyatni o‘ldiradi. Odamlarni bir-biridan sovutadi, uzoqlashtiradi.

Nega shunday? Buning sababi nima? Nima uchun munosabatlarimiz tobora soxtalashib boryapti? Nega bir-birimizni tinglashga, anglashga, tushunishga toqatimiz yo‘q? Bunday shoshma-shosharlik, hovliqmachilik va betoqatlikning boisi ne? Mening nazarimda, odamlarda axborot ochko‘zligi avjga mindi. U g‘iybatmi, oldi-qochdimi, bo‘htonmi, safsatami, farqi yo‘q, axborotni eshitsak, olsak bo‘ldi. Uning foyda-zararini ham, uvol-savobini ham taroziga tortib o‘tirmaymiz. Olingan axborotni tahlil ham qilmaymiz, qayta ishlamaymiz ham. Bunga vaqt yo‘q. Chunki yana yangilarini eshitishimiz kerak. Ularning ikki mingtasi ko‘zimizdan kirishga navbat kutayotgan bo‘lsa, uch mingtasi qulog‘imizdan kirishga navbatda turibdi. Axborot ochko‘zligi insonni axborot quliga aylantiradi.

Shoirning “Odam to‘qson to‘qqiz foiz suvdan, bir foiz dahodan iborat” degan gapi bor. Bir foiz daho to‘qson to‘qqiz foiz suvga cho‘kib ketmasligi kerak. Insonning insonligi ham shunda. Bugungi globallashuv jarayonida, xilma-xil axborotlar bo‘hronida taraqqiyotni inson qalbi himoyasiga xizmat qildira bilishimiz kerak. Bu har kimning o‘z tafakkuri bilan bog‘liq.

4. Oltmish yil va oltmish kun...

Axborot oqimlarining shiddatini ko‘rib, ham hayratlanasan, ham qo‘rqib ketasan. Bu bejilov jarayonda naf qatori xavotir va xatarlar ham yetarli. Gap shundaki, Alisher Navoiy zamonida yoxud Leonardo da Vinchi davrida bitta odamning miyasi 60 yilda qabul qilishi mumkin bo‘lgan axborot hajmini bugungi XXI asr odami 60 kunda qabul qilib olayapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tarozisi bo‘lsa, o‘lchab ko‘rsangiz natija shunga yaqin bo‘ladi. U holda har kuni shuncha katta hajmdagi axborotlarni qabul qilayotgan jahon bolalarining aksariyati 12 yoshidayoq akademik bo‘lib ketishlari kerak edi. Biroq nega shunday bo‘lmayapti? Shuncha katta axborot manbaiga ega bo‘lamiz-u, Navoiyday, Gyoteday zotlarning chiqishi qiyin bo‘layapti? Nega bolalarning bilimlari bilan maqtana olmaymiz? To‘g‘ri, havas qilsa arziydigan, zukko, tiyrak yigit-qizlar ko‘p, ammo saviyasizlari ham yetarli. Axborot qullariga aylanib qolayotgan yoshlar ham olamda bisyor. O‘zi axborot insonga xizmat qilishi kerakmi yoki inson axborotgami? To‘g‘ri, bilimning ilk manbai axborot. Axborotsiz bilim hosil bo‘lmaydi. Shunday ekan, shunchalik cheksiz axborotga ega bo‘layotgan dunyo bolalari nima uchun bolaligidayoq qotib qolishyapti. Umrning bolalikday mo‘‘jizakor faslini yashab ulgurisholmay, gibrid odamchalarga aylanishyapti. Bu gaplar, albatta, hamma bolalar haqida emas, ba’zi bolalar haqida... Lekin dunyo shunday kengki, unda “ba’zi” degan kichik o‘lchovlar ham millionlarni tashkil etadi. Xuddi shu juz’iygina ko‘ringan “ba’zilar” milliardlarning hayoti va ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Nima uchun axborotlar ko‘paygani sari butun dunyoning ma’naviy ahvoli kambag‘allashyapti?

Bu haqda bobolarimiz ham allaqachonlar, axborotlarning tarqalish hajmi bugungidan ko‘ra million marta kam bo‘lgan davrlardayoq bosh qotirib ko‘rganlar. Bundan yetti yuz yil avval Revgariy bobo: “Axborot parokanda bo‘ladi, u ilm emas” degan. Shayx Shibliy esa, “To‘rt ming hadis o‘qidim, to‘rt yuzini yod tushirdim, shundan to‘rttasiga amal qildim va maqsadga yetishdim” degan.

5. Ongning oshqozoni bormi?

Demak, hamma gap qabul qilinayotgan axborotlarning odam miyasida va tafakkurida qayta ishlanishida. Qayta ishlanmagan axborot, miya uchun keraksiz tosh, ortiqcha yukdir. Bunday yukning foydasidan zarari ko‘proq. Yana taroziga tashlab ko‘ring, 18 yashar bir yigit o‘zi bir kunda qabul qilayotgan axborotlarining necha foizini qayta saralayapti-yu, necha foizini keraksiz toshday ko‘tarib yuribdi. Tasavvur qiling, bir paytda ketma-ket uchta kinoni tomosha qilgan o‘smirning holi ne kechadi? Uchta kinodagi axborotlar yukidan uning miyasi g‘ovlab ketadi-ku. Bu kinolardan tashqari uni yana qancha axborotlar “Bu bola qachon uyidan chiqar ekan”, deb eshigining yonida kutib turibdi. Qolaversa, inson miyasi bir kunda qancha hajmda axborot qabul qilishining ham chegarasi bor-ku. Miya ham oshqozonga o‘xshaydi. Oshqozon ovqatni hazm qilsagina, ovqat quvvatga, qonga aylanadi. Aksincha bo‘lsa-chi, hazmsiz taomning koni zarar, u oshqozonni ishdan chiqaradi. Aytadilar-ku: “Agar ikkita manti yesang, manti seni ko‘tarib yuradi, to‘rtta manti yesang, sen mantini ko‘tarib yurasan” deb. Axborot ham ongning ovqati, u hazm bo‘lishi, saragi sarakka, puchagi puchakka chiqarilishi, ilmga va fikrga aylanishi kerak. Yo‘qsa, uzluksiz axborotdan miya bo‘kib qoladi, buziladi. Endi har biri 2 soatlik uchta filmni izma-iz tomosha qilgan o‘smirning ahvolini o‘zingiz taftish qilib ko‘ring. Buning ustiga ko‘plab filmlar tomoshabinni axborotni saralashga undamaydi, aksincha, miyani axborotga bo‘ktirib tashlaydi. Shuning uchun ham G‘arb faylasuflaridan biri “Kino bizni ko‘rishga o‘rgatdi, biroq fikrlashdan ayirib qo‘ydi”, degan edi. Bu gap bir paytlar me’yordagi, qoniqarli filmlar haqida aytilgan. Biroq, hozirgi paytda dunyoda yaxshi filmlardan ko‘ra yomon filmlar necha barobar ko‘p ishlanayotganini ham tasavvur qilib ko‘ring. Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida har 29 minutda bitta behayo film ishlab chiqarilyapti va tezlik bilan internet orqali iste’molga yuborilyapti. Va bu haromxo‘rlikdan qabohat fitnachilari bir yilda yuz milliard dollar sof foyda ko‘rishayotgan ekan. Shuncha foyda olishyaptimi, demak bu filmlar ko‘rilyapti.

Albatta, bilim axborotdan boshlanadi, biroq hozirgi axborot asrida bilimsizlik ham axborotdan boshlanyapti. Inson, birinchi navbatda, tabiatdan dars oladi, u azalda shunday yaralgan. Keyin atrofidagi odamlarning qarashlaridan, fe’l atvori, kechinmalaridan saboq oladi. Lekin miyasi bo‘tana axborotlarni tinimsiz qabul qilayotgan odamning hatto bitta maysaga ham inson ko‘zi bilan qarashga imkoni ham, fursati ham bo‘lmaydi. Shuning uchun odam o‘zini axborotni fikrlashga o‘rgatishi shart, yo‘qsa, bu beshafqat girdob uning ongini ham, oxir oqibatda, o‘zini ham xas-xashak kabi yutib yuboradi. Bugungi kunga kelib ba’zi mamlakatlarda “kompyuter maniyasi” kasalligidan davolovchi kasalxonalar paydo bo‘layotgani ham bejiz emas.

6. Birinchi va so‘nggi vosita

Qanday bo‘lmasin yoshlarni ko‘proq kitobga jalb qilish kerak bo‘layapti. Bu borada ham kitoblarni tanlay bilish masalasida jiddiy muammolar bor-ku, lekin bu alohida mavzu. Bu o‘rinda biz ma’naviyat mulki sanalgan, haqiqiy adabiy asarlar haqida gapiryapmiz. Haqiqiy kitoblar insonning eng ishonchli ma’naviy tayanchidir. Chunki, kino, internetning yo‘rig‘i boshqa-yu, kitobning yo‘rig‘i boshqa. Kitob o‘qish degani zinhor kino tomosha qilish yoki internetdan axborot olish degani emas. Odamzod qancha taraqqiy etmasin, qancha g‘aroyib texnik vositalarni o‘ylab topmasin, baribir hali o‘z tafakkuri tarbiyasi uchun kitobdan yaxshi vositani o‘ylab topgani yo‘q. Kitob mutolaasi bizga hayotni mutolaa qilishni, insonni va yaratganni anglashni o‘rgatadi. Kitobdan uzoqlashish bu tafakkurdan uzoqlashish, tafakkurdan uzoqlashish esa odamning o‘z-o‘zidan uzoqlashishidir. Hozirda xilma-xil axborotlar ta’sirida O‘zini yo‘qotib qo‘yayotganlar qancha! “Xudo insonning o‘zining ishtirokisiz insonni qutqarmaydi” degan gapda katta hikmat bor. Baribir fikrlashga o‘rgatish uchun, qarashlar va tuyg‘ularni tarbiyalash uchun eng muhim vosita kitobdir. Kitob odamga o‘z-o‘zini taftish qilib borishni o‘rgatadi. Hech narsa, hech narsa uning o‘rnini bosolmaydi.

Goho shahardagi so‘lim bir bog‘da o‘tirg‘ichda o‘tirib olib, g‘ujanak tushgancha, qo‘lidagi telefon tugmalarini betoqatlarcha chiranib bosayotgan o‘smirlarga ko‘zim tushib qoladi. Yon-veriga qarash yo‘q. Go‘yo ikki ko‘zi go‘shakning ichiga kirib ketgan. U nima qilyapti? O‘ynayaptimi yoki allaqanday axborotlarni izlayaptimi? Shu topda onasi yordamga chaqirsa ham o‘rnidan qo‘zg‘alolmaydi. Ey bola, shuncha diqqatingni boshqa narsaga sarflasang bo‘lmaydimi? Axir, diqqat degani ham kuch-ku. Axir, eng yaxshi axborot sen o‘tirgan so‘lim bog‘ning o‘zi-ku, yoningdan o‘tayotgan odamlar-ku. Telefoningdan ko‘zlaringni olda, atrofingga bir qara! Sen esa bu paytda hatto havo qandayligini ham unutgansan...

Goho choyxonalarda diydorlashuvga yig‘ilgan qadrdon do‘stlarni ko‘rasiz. Qarab turib sezasiz, anchadan beri ko‘rishishmagan, ehtimol yilda bir uchrashadigan sinfdoshlardir. Shunda bir dasturxon atrofiga to‘plangan o‘n chog‘li yigitning to‘qqiztasi telefonga yopishib, to‘qqiz xil mavzuda to‘xtamay gapirayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bir-birini eshitmay qo‘ydimi, bas, hatto ota bilan bola ham bir-biridan begonalashadi.

Yana shuni ta’kidlashni istardikki, bugungi zamonaviy vositalardan, xususan, internetdan ham foydalanishni mukammal darajada bilishimiz, bu boradagi bilimlarimizni oshirib borishimiz shart. Bu endi zaruriyatga aylanib bo‘ldi. Lekin bu jarayonda yaxshini yomondan farqlay bilish kerak. O‘z fikri bo‘lmagan odam har xil girdobga tushib qolaveradi. Ya’ni, internet shunday joyki, unda kimdir axlat titib yurishi ham mumkin, kimdir oltin yombi topishi ham mumkin. Nima qilish kerak? Millat har xil yot ta’sirlar va xurujlardan o‘z qadriyatlari bilan o‘zligini himoya qiladi. Bu aniq. Lekin ayni shu qadriyatlar mohiyatini anglashga ham yaxshi kitoblar yordam beradi. O‘z millatining qadriyatlari va fazilatlarini anglagan odam duch kelgan ta’sirlar quliga aylanmaydi. Uning ichi butun bo‘ladi. U har qanday hodisaga milliy va insoniy tamoyillar asosida yondasha oladi. Shuning uchun ham Prezidentimiz ko‘p chiqishlarida millatimizning eng yorqin va ezgu qadriyatlari va fazilatlarini asrab qolish, ularni targ‘ib qilish va yoshlarimiz ongiga muntazam singdirib borish nechog‘li zarur ekanligini ta’kidlaydi. Darhaqiqat, bitta yaxshi maqolning yaratilishi uchun kamida yuz yillik milliy tajriba kerak bo‘ladiyu, bir muhtasham qadriyat yo bir ezgu an’ananing to‘liq shakllanishi uchun o‘nlab asrlar kerak bo‘lmaydimi? Ularga ajdodlarimiz ming yillar mobaynida onggi va shuuri bilan, mehri va muhabbati bilan sayqal berganini qanchalik teran his etsak, shunchalik qadriga yetamiz.

Ommaviy madaniyat dunyoning hamma xalqlari va millatlari ma’naviyatiga xavf-xatar solib turibdi. Bu jarayonda ba’zan madaniyat va ma’rifat timsoliga razolat va qabohat berkinib olganini, “farishta” timsoliga iblis yashirinib olganini hatto zukko bilimdonlar ham sezmay qolishi mumkin. Demak, bilim va tafakkur, botinimizda yashab kelayotgan milliy ruh, ezgu tuyg‘ular har birimizga har qadamda tayanch bo‘lishi kerak.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.