OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eshqobil Shukur. So‘zdan so‘zning farqi bor (2)

http://ziyouz.uz/images/ilm.jpg

Kundosh kunga sherikmi?

Kundoshni ba’zilar “kunga sherik”, “kuniga sherik” ma’nosida tushunadi. Lekin hozir ham Surxondaryoda “kunilash” degan fe’l ishlatiladi. Ukasiga ko‘rsatilayotgan e’tibordan xafa bo‘lib, yaqinlarining yaxshi munosabatini qizg‘anayotgan, ukasini ko‘rolmayotgan bolaga nisbatan “Bola ukasini kunilayapti”, deyishadi. “Kundosh” so‘zi aynan shu “kunilash” so‘zi bilan aloqador. “O‘zbek tilining etimologik ­lug‘ati”da ham “kuni” so‘zi qadimgi turkiy tilda “qizg‘an”, “g‘ayirlik qil” degan ma’nolarni anglatgani aytilgan.

“Urg‘ochi” “urug‘ ochuvchi”mi?

Urg‘ochi. Bu so‘zning etimologiyasi haqida “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da shunday deyilgan: “Bu sifat qadimgi turkiy tilda mavjud bo‘lib, “hosil qil” ma’nosini anglatgan “ur” fe’liga kuchaytirish ma’nosini ifodalovchi “-g‘a” qo‘shimchasini va shaxs ma’nosini bildiruvchi “chi” qo‘shimchasini qo‘shib hosil qilingan”. Albatta, bu izohda “urug‘” so‘zining ham tub ildiziga ishorani ko‘rish mumkin. Lekin mening xayolimga to‘satdan yana bir fikr keldi. Garchi bu faraz aniq asoslarga ega bo‘lmasa-da, aytib o‘tishni ma’qul topdim. “Urg‘ochi” so‘zi “urug‘ ochuvchi” yoki “urug‘ ochdi” degan ma’noga ega emasmikan? Har qalay, bu taxminni ham o‘ylab ko‘rish kerak.

Bir onani emgan so‘zlar

Hamshira va shirxo‘ra. Tilimizda, asosan, “shifoxonada ishlovchi, o‘rta tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan xodima, tibbiy hamshira” ma’nosini anglatadigan “hamshira” so‘zi fors-tojik tilidagi “birga“ ma’nosini anglatuvchi ”ham” old qo‘shimchasiga “sut” ma’nisini bildirgan “shir” otining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Shu asoslardan kelib chiqib “hamshira” so‘zi “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da “bir onani emgan opa-singillar” degan mazmunni anglatadi, deb izohlangan. Keyingi davrlarda bu so‘z “singil” ma’nosini ifodalagan.

Janubiy viloyatlarimiz shevalarida “shirxo‘ra” degan so‘z ko‘p ishlatiladi. Bu so‘z ham xuddi “hamshira” kabi “bir onani emgan”, degan ma’noni anglatadi. Lekin bu so‘z faqat ayollargagina emas, erkaklarga nisbatan ham ishlatiladi.

Kaklik kakkillaydi

Tovuqsimonlar oilasiga mansub, sayroqi tog‘ qushi nomini ifodalaydigan “kaklik” so‘zi asli tovushga taqliddan hosil bo‘lib, uning tub ildizi “kakillamoq” fe’liga borib taqaladi. Ehtimol, “kaklik” “kakillak” bo‘lgandir. Izohli lug‘atda “kakkillamoq” va “kakirlamoq” so‘zlari bir xil asosga ega, deb ko‘rsatilgan. Xalq ­orasida “kaklik kakirlaydi”, degan ibora bor.

“Dakki”ning chakkisi

Nojo‘ya ish, xatti-harakat uchun aytilgan tanbeh tilimizda “dakki” so‘zi bilan ifodalanadi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da izohlanishicha, “dakki” so‘zi aslida hind tilidan bizning tilimizga kirib kelgan bo‘lib, uning asl shakli “dhakka” bo‘lgan va u “zarb”, “turtki”, “iztirob” degan ma’nolarni anglatgan.

“Chakki yursang, dakki yeysan” (maqol).

“Chayir”ga doir

Tilimizda “chayir” so‘zi “chiniqqan”, “pishiq” ma’nolarini anglatadi. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, qadimda saksovullar oilasiga mansub, panjaga o‘xshab o‘sadigan o‘simlikning nomi “chayir” bo‘lgan va shu yovvoyi o‘simlik nomidan ma’no taraqqiyoti natijasida sifat o‘sib chiqqan. Shundan so‘ng “chayir” so‘zi “yorilishi qiyin o‘tin” ma’nosini anglata boshlagan. Keyinroq bu so‘z odamga nisbatan chiniqqan, pishiq ma’nosida ishlatilgan.

Tol tush

Tol tush. Jonli tilimizda hozir ham qoq tush paytini ifodalaydigan “tol tush” birikmasi qo‘llaniladi. Bu birikma juda qadimdan bizda bo‘lgan. Undagi “tol” so‘zi “qoq o‘rta”, “to‘liq” degan ma’nolarni anglatgan. Demak, “tol tush” birikmasi yoz faslidagi “tush paytining qoq o‘rtasi” yoxud “to‘liq tush vaqti”, degan mazmunni bildirgan.

“Neft” izlab

Yonilg‘i sifatida ishlatiladigan va benzin, kerosin kabi mahsulotlar olinadigan qora yog‘simon suyuq mineral modda tilimizda neft, deb atalishini yaxshi bilamiz. Biroq negadir bu so‘z tilimizga boshqa tildan kirib kelganday taassurot qoldiradi. Aslida “neft” so‘zi tilimizda qadimdan bo‘lgan turkiy so‘zdir. Alisher Navoiyning “Xamsa”sida “neft” so‘zi bir qancha o‘rinlarda “naft” shaklida kelgan:

Bo‘lub ikki ko‘zi nazzora chog‘i,
Nechukkim naftning o‘tlug‘ bulog‘i.

* * *

Ne o‘tkim og‘zidin tortib zabona,
Bo‘lub nafti yorutqondin nishona.

Sanskritchani biladigan ”baxshi”

Xalq qo‘shiqlari va dostonlarini yoddan kuylovchi oqin ma’nosini anglatgan “baxshi” so‘zi aslida tilimizga sanskrit tilidan kirib kelgan. Izohli lug‘atda izohlanishicha, sanskrit tilidagi “bhikshu” so‘zi “budda donishmandi” degan ma’noni bildirgan. Keyinchalik bu so‘z tilimizda “baxshi” shaklida shakllangan. Ham shaklan, ham ma’nan to‘liq o‘zbek so‘ziga aylanib bo‘lgan “baxshi” so‘zining boshqa tildan kirib kelganligini birovga aytsangiz ajablanadi. Demak, so‘zning ruhi ham, shakli ham o‘zi o‘tgan tilga to‘liq moslashib ketishi mumkin ekan-da. Bu jarayon, albatta, shu til sohibi bo‘lgan millatning o‘sha so‘zni qanday qabul qilishiga bog‘liq.

Do‘mbirasiz baxshi bo‘lmas, yomonsiz yaxshi bo‘lmas.(Maqol)

”G‘aladon”dagi g‘alla

G‘aladon. Stol, javonlarning narsa solib qo‘yiladigan tortmasini “g‘aladon” deb ataymiz. Ba’zan pul yoki mayda buyumlar saqlanadigan qutichani ham shu so‘z bilan ifodalaymiz. Bu so‘zning qanday paydo bo‘lgani juda qiziq. Odatda “g‘aladon” so‘zini tez-tez ishlatamiz-u, lekin uning tub ma’nosiga e’tibor qilmaymiz.

“G‘aladon” so‘zining tub ildizi aslida “g‘alla idishi”, “don saqlanadigan joy” degan ma’nolarni anglatgan(“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”).

«Shag‘al»dan «shakar» qilib

Bu so‘zning qanday ma’noni anglatishini yaxshi bilamiz. “Shakar” so‘zi tilimizda ko‘chma ma’nolarda ham, ramz ma’nosida ham ko‘p qo‘llanadi. Bu so‘z ishtirokida qancha maqollaru hikmatli so‘zlar bor. “Shakar” so‘zining ham tub ildizi juda qiziq mazmunga ega. Qadimgi hind tilida “shakkhara” degan so‘z bo‘lgan va bu so‘z dastlab “shag‘al”, “qum” degan ma’noni anglatib, keyinchalik “qand uni” mazmunini ifodalagan.

Topolmayin yurur yorning o‘zini,
To‘tiyo qiladi shakar so‘zini.

(“Shirin bilan Shakar” dostonidan.)

Shirin so‘z shakardan shirin. (Maqol)

«O‘dag‘a»ning o‘dag‘aylagani

O‘dag‘a. Bu so‘zga xalq og‘zaki ijodi namunalarida duch kelamiz. Adabiyotshunos To‘ra Nafasovning ta’kidlashicha, “o‘dag‘a” so‘zi qadimda “boshliq”, “sardor” degan ma’nolarni anglatgan va hozir ham mamlakatimizning janubiy hududlarida bu so‘z shu ma’noda ishlatiladi. Ehtimol, “o‘dag‘aylamoq” degan fe’l ham shu so‘zdan kelib chiqqandir. Ehtimol, “o‘dag‘aylash” fe’lining tarkibida “do‘g‘” (“do‘q”) so‘zi ham ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki “o‘dag‘aylash” ma’no jihatdan “do‘qlash”ga juda yaqin keladi.

Alla, jonim, o‘dag‘a,
O‘zim bo‘lay sadag‘a. (Xalq qo‘shiqlaridan.)

«Chigit» va «chig‘iriq»

Bu so‘z paxta urug‘i ma’nosini anglatishini yaxshi bilamiz. Xo‘sh, “chigit” so‘zining tub ildizi qanday mazmunga ega? “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, qadimgi tilimizda “bog‘la” ma’nosini bildirgan “chig‘” degan fe’l bo‘lgan. Shu fe’lga “-it” qo‘shimchasi qo‘shilib, “chigit” so‘zi hosil qilingan. “Chigit” so‘zi “tolalarni o‘ziga bog‘lab turuvchi” degan ma’noni anglatadi. Demak, “chigit” va “chig‘iriq” so‘zlari bekorga uyqash emas.

Dalda

Tilimizda ruhni ko‘taruvchi, dadillik baxsh etuvchi, ma’naviy yordam ma’nosida ishlatiladigan “dalda” so‘zi asli qadimda “shamol va yomg‘irdan himoyalangan joy” degan ma’noni anglatgan ekan. Birovga dalda bo‘layotgan odam ham uni nimadandir — ehtimol shamol yo yomg‘irdan yo xavfu xatardan himoya qilayotgan bo‘ladi. Hech bir so‘z o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Shuning uchun bu so‘zning “pana bo‘lmoq” degan mazmuni ham bor. “Dalda”ning tub ildizi “dal” — “elka“ yoxud “orqa taraf” degan ma’noga ega bo‘lgan.

“Uloq”ning “ulovi”

Keyingi paytlarda bu so‘z yo‘lovchi yoki yuk tashuvchi transport vositalari ma’nosini ham anglata boshladi. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, “ulov” so‘zi qadimda “minib yuriladigan hayvon”, “ish hayvoni” mazmunini bildirgan “ulag‘”, ya’ni “uloq” so‘zidan kelib chiqqan. Ish hayvoni ma’nosini anglatgan “uloq” so‘zining “echki” ma’nosidagi “uloq”qa aylanishi g‘alati. “Ulov” so‘zining “uloq” so‘zidan kelib chiqqani diqqatga molik. Qizig‘i shundaki, “uloq” so‘zi keyingi davrlarga kelib “echki” va “ko‘pkari” ma’nolarini anglata boshlagan.

“Balchiq”dagi “baliq”

Baliqning suv jonivori ekanini yaxshi bilamiz. Manbalarning ta’kidlashicha, bu so‘zning boshqa ma’nolari ham bor. Qadimda devor, g‘isht devor bilan o‘ralgan qal’a, devor bilan o‘ralgan shahar ham “baliq” so‘zi bilan ifodalangan. Masalan, “Beshbaliq”, “Boybaliq” degan joy nomlari bor. Tilimizda bu so‘zga yaqin “balchiq” degan so‘z ham bor. Bu so‘zlarning tub ildizi bo‘lgan “bal” so‘zi asli “loy” degan ma’noni anglatgan. Yana ba’zi manbalarda “suv jonivori” mazmunini bildirgan “baliq” so‘zi “yarqirash” ma’nosidagi “balq” so‘zidan kelib chiqqan, degan taxminlar ham bor. “Balchiq”dagi “bal” “loy” ma’nosini anglatgan bo‘lsa, ruscha “bolota”dagi “bol” mazmuni bu ildizga yaqinmikan, degan taxmin ham xayolga keladi. Lekin lug‘atlarda “bolota” so‘zining tub ildizi slavyan tillarida ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.

“Qapchig‘ay”

Qapchig‘ay. Yurtimizda bu so‘z bilan ataladigan joy nomlari ham bor. Men Qumqo‘rg‘onda “Oqqapchig‘ay” ­degan joy borligini bilaman. Manbalarda aytilishicha, bu so‘zning tub ildizi mo‘g‘ulcha bo‘lib, “qapchig‘ay” asli “dara”, “tog‘ yo‘li”, “tor, o‘tish qiyin bo‘lgan joy” kabi ma’nolarni anglatadi. “Qapchig‘ay” so‘ziga asos bo‘lgan “qapchi” so‘zi “ikki yondan qisish” degan ­ma’noni anglatgan.

“Qumg‘on”dagi “qimiz”

Qumg‘on. Tariximizda o‘choqda choy qaynatish uchun ko‘zacha shaklida yasalgan idish “qumg‘on” deb atalgan. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, “qumg‘on” so‘zi tarkibidagi “qum” so‘zi “to‘lqinlan”, “qayna”, “chayqal” degan mazmunni ifodalagan. U holda “qumg‘on” so‘ziga “qimiz” so‘zining nima aloqasi bor, deyishingiz mumkin. Bu so‘zlar bir ­daraxtning shoxobchalariday gap. “Qimiz” so‘zining o‘zagi ham “to‘lqinlan”, “qayna”, “chayqal” ma’nosidagi “qum” so‘zidir.

Yolg‘onlab yolchimagan yalqov

Yolg‘on va yalqov. Yolg‘on borki, yalqov bor. Yalqov borki, yolg‘on bor. Ular hamisha yonma-yon yuradi. “Yolg‘on” va “yalqov” so‘zlari ham bitta kosadan suv ichishadi. Bu so‘zlarning tub ildizi “yal” bo‘lib, u “aldov”, “yolg‘on”, “aldam-quldam gaplar” degan mazmunga ega ekan. Biroq “yolchimoq” (yalchimoq) fe’lining o‘zagi ham “yal” bo‘lib, bundagi “yal” boshqa ma’noga ega. “Yalchimoq”dagi “yal” so‘zi “dam”, “orom”, “xotirjamlik” degan ma’nolarni anglatadi.

Darvozaning qopqog‘i

Bu so‘z idishning ust tomoni, og‘zini bekitib turuvchi qismi ma’nosida ma’lum. Xo‘sh, bu so‘z qanday paydo bo‘lgan? Qadimgi tilimizda darvoza va eshik “qopqa”, “qapug‘” so‘zlari bilan ifodalangan. “Qopqoq” so‘zi ham ayni shu eshik ma’nosidagi “qapug‘” so‘zidan kelib chiqqan. Uning tub ildizi “qopla”, “yop” degan ­ma’nolarni anglatgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 33, 36, 39-sonlaridan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.