OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulchehra Ashurova. Xalqda qahramon — eposda alp

http://ziyouz.uz/images/alpomish.jpgO‘zbek va hind dostonlarida ularning o‘xshash hamda farqli jihatlari

Epos yozma adabiyotdan ilgari paydo bo‘lib, dastlab xayolot dunyosining odamzodga kuchli ta’siri natijasida og‘zaki: miflar, afsonalar, rivoyatlar shaklida ko‘rina boshladi. Qadimgi eposlarda real faktlar to‘qimalar bilan boyitilgan va o‘sha davr xalqlari tasavvuri orqali ifodalangan. Shu sabab eposlar ishqiy-sarguzasht, qahramonlik, diniy-fantastik, mifologik talqin va tasvir kasb etgan.

Ushbu xususiyatlari bilan hindlarning “Ramayana”, “Maxabxarata”, o‘zbeklarning “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi dostonlari asrlar osha yashab kelayotgani bizga ma’lum. Quyida biz mazkur dostonlar bosh qahramonlari — alplarning tug‘ilishi, ilk sinovdan o‘tishi, farovon jamiyat qurishdek ezgu maqsadga erishishi yo‘lidagi qahramonliklari talqinlarida o‘ziga xosliklar, o‘xshash va ayrim farqli jihatlarga e’tibor qaratmoqchimiz. Har bir eposdagi ekspozitsiya, tugun, kulminatsiya va yechimga bevosita asosiy qahramon — alp “jon kiritadi”. Asar personajlari orasidan esa alpni ijobiy fazilatlari, ezgulik yo‘lidagi qahramonliklari orqali taniymiz.

G‘ayrioddiy tug‘ilish

Farzand hayot davomchisi, boz ustiga u alp va zakovatli bo‘lsa. Hindlarning tasavvuri bo‘yicha, tangrilar samodan turib emas, balki insonlar hayotiga bevosita faol aralashib muhabbat va nafratlarini izhor etishmoqchi bo‘lishgan. Shu bois insoniyat zaminiga mo‘l-ko‘l urug‘ sochishgan. Urug‘lardan esa qahramonlar unib chiqqan. Ular xalqning himoyachisi, eposlarda esa alp sifatida namoyon bo‘lgan.

Hindlarning “Maxabxarata” eposidagi Bharata avlodlari odil va xalqparvar shoh sifatida nom qoldirgan. Besh aka-uka Pandavlar ham ilohlardan tug‘ilgan. “Ramayana”da Ko‘shala podshosi Dasharatha befarzand. Azbaroyi marhamatli bo‘lgani uchun emas, balki tangrilar Lanka shahrining yovuz podshosi dev Ravanadan qutilish uchun ham uning iltijosini inobatga olishgan. Tangrilar odam suratida yerda mujassam bo‘lmoqni istaganlari bois najotkor Vishnu Dasharathaning to‘rt o‘g‘li qiyofasida tug‘iladi.

Bizga ma’lumki, “Go‘ro‘g‘li” dostonidagi Ravshan qizilboshlarga asir tushadi. U xojasining Hiloloy ismli singlisiga uylanadi. Ma’lum vaqt o‘tib, Hiloloyda to‘lg‘oq paydo bo‘ladi va u qiynalib, tug‘olmay halok bo‘ladi. Ko‘milganidan keyin farzandi go‘rda tug‘iladi. O‘sha alp — Go‘ro‘g‘li edi.

Ko‘rib turganimizdek, ushbu pahlavonlar tug‘ilishining o‘ziyoq, ularning kelgusida buyuk ishlarga qodirligi daragini beradi. Biroq, alplar tug‘ilishining g‘ayritabiiyligi o‘xshasa-da, farqli jihatlari ham bor. Chunonchi, panduzodalar va Dasharatxa avlodlari ilohiy kuch, Go‘ro‘g‘li esa oddiy insondan dunyoga keladi. Tabiiyki, bu ­alplarning qahramonliklarida ham ­farqli jihatlarni yuzaga keltiradi.

Alplik xislati yoki birinchi sinov

To‘g‘ri tarbiya farzand kamolotining muhim mezonidir. Hind eposlarida bu ish bilan murabbiylar shug‘ullangan. Go‘ro‘g‘li esa ustoz ko‘rmaydi. Shunga qaramay 7 yoshida polvon bo‘lib taniladi. Qizilboshlarning ovulidan kelgan bolani oshiq o‘yinida yutqazgani uchun bir musht urib, o‘ldirib qo‘yadi. Keyinchalik uning polvonlik xislati Isfihon shahrida to‘rt usta yasagan o‘q-yoyni tortib, to‘qqiz fildan o‘tkazganida ham yaqqol ko‘rinadi. Kuch-qudratini gohida maqsadsiz sarflangani uning fe’lidagi tiyiqsizlikdan kelib chiqadi.

“Ramayana”da esa farzandlarning har qadami nazorat ostida. Ram va Lakshman Ganga daryosidan suzib o‘tib, devsifat xotinlarni o‘ldirgani uchun donishmand unga tangrining sehrli qurolini tuxfa etadi. Jonak saroyida esa Ram Shivaning sehrli kamalagiga tor bog‘lab, shohning egatdan topib olgan qizi Sitani kuyovlar bellashuvida yutib oladi.

“Maxabxarata” eposida Yudxishtraning mard va donoligi, Bximasenaning kuchliligi, Arjunaning kamonbozligi, Nakula va Saxadevaning qilichbozligi murabbiy Dro‘na boshchiligida sinovdan o‘tkaziladi. Muvafaqqiyatli o‘tgan musobaqa ta’lim va tarbiyaning mutanosib olib borilganligini ko‘rsatadi.

Tutqunlik

Lafz alpning eng muhim xislati. Dasharatxaning yettinchi avlodida paydo bo‘lgan amakivachchalar: Kauravlar va Pandavlar o‘rtasidagi nizo tufayli alplar surgunga mubtalo bo‘lishadi. Halol jangda ularni yenga olishiga ko‘zi yetmagan Drudho‘na bir necha natijasiz hiylalardan so‘ng, raqibiga soqqa o‘ynashni taklif etadi. Alp musobaqadan bosh tortmasligi kerak. O‘ynashga lafz qiladi. Panduzoda Yudxishxira Shakuniga (Kaurav Drudxo‘na qo‘ygan tuzoq) barcha mol-mulkini yutqizadi. Hatto ukalari, sevimli xotini Draupatini ham soqqada boy beradi. Keyinchalik surgun paytida ukasi Arjuna ortga qaytishni maslahat solganida ham olijanob alp lafzidan qaytmaydi. Qanchalik murakkab bo‘lmasin 12 yilning o‘tishini kutishdan boshqa choralari yo‘qligini aytadi. Lafzning kuchi alplarni azob-uqubatga duchor etsa-da, ular umidsizlik, chorasizlik qurshovida qolmaydilar.

Go‘ro‘g‘li G‘irko‘kni qidirib yurganida tog‘da chol qiyofasidagi Xizr bilan bellashadi. Shu o‘rinda donishmand undan: “Ot tilaysanmi, zot?”, deb so‘raydi. Ushbu motivda qahramonimiz otga bo‘lgan sadoqatini isbotlab: “Ot”, deydi. U keyinchalik Hasanni Vayangandan keltirib, asrandi o‘g‘il qiladi. Avazni qizilboshlardan olib kelayotganida asir tushadi. Biroq buni surgunlik motivi sifatida qabul qila olmaymiz. Yunus va Misqol parilarni katta jismoniy kuch bilan qo‘lga kiritadi.

Lafz masalasi “Ramayana” eposida ham tasvirlangan. Yazdonlar bilan urushda Kaykeyiga o‘zini qutqargani uchun shoh: “Ikki narsa tila, bajaraman”, deya lafz qiladi. Bu voqeani oqsoch malikaga eslatadi. O‘g‘lining toju taxt egasi bo‘lishini istagan Kaykeyi Ramni surgun qilishni, farzandini taxtga o‘tqazishini shohga aytadi. Ram surgun paytida ukasi Bharatadan otasining vafot etganini eshitganida ham ­orqasiga qaytmaydi. Sababi alpga xos ­xususiyat — lafzga sadoqat tuyg‘usi bunga yo‘l qo‘ymasdi.

Qolaversa, hindlarning an’ana va urf-odatlarga bo‘lgan sadoqati Arjunaning ­kuyovlar musobaqasida g‘olib bo‘lib, malika Draupatini akasiga yor qilgani haqidagi voqealarda gavdalanadi. Sababi, hindlarda ham bosh farzand birinchi bo‘lib uylanadi. Bu aka-ukalar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibatni ifodalaydi. Shunga o‘xshash motiv Go‘ro‘g‘lining Rayhon arabning qizini olib qochib, tog‘asiga keltirilganida ham tasvirlanadi. Chunki otasi qizining alpga tegishini xohlaydi. Go‘ro‘g‘li esa tog‘asiga bergan lafzidan qaytmaydi. Farqi esa, panduzoda kelinni bellashib olsa, Go‘ro‘g‘li olib qochadi.

“Qutulish” va zafar qozonish

Ishonch, e’tiqod va hasad tuyg‘ularining epos qahramonlari qalbida mujassamligi voqealar ko‘lamdorligini ta’minlagan. Asarga badiiy-tasviriy vosita, mubolag‘a va tashbehlar, tafsilotli tasvirlar, hodisa va manzaralarning sokin va tantanavor oqimi ulug‘vorlik baxsh etadi. Bu, ayniqsa, son-sanoqsiz lashkarlardan ko‘tarilgan chang-to‘zonning osmonni tutishi, o‘t-olov bilan chulg‘anib yonishi, qo‘shinlar qadamining zarbidan maydonlarning titrashi, o‘liklar tog‘dek qalashib, jang maydonlarida qon daryo bo‘lib oqishi kabi sahnalarda ko‘rinadi.

Ram Lanka shahriga kirishidan oldin elchi jo‘natadi. Ravana jang qilmasdan Mitxila malikasini qaytarib bersa, joni va qo‘shinlari omon qolishini bildiradi. Bu ham alpga xos yana bir olijanob, insonparvarlik xislatining isboti edi. Arjuna cho‘pon qiyofasidagi Krishnaga hal qiluvchi jangda dushman tomonidan majburan kurashayotgan bobosi Bxisham va amakisi Vidurga olijanoblik qilib jangga kirmasligini aytadi. Bu esa birodarlik va olihimmatlik tuyg‘ularining alpda mujassamligidan dalolat beradi.

Go‘ro‘g‘lining qahramonligi esa ulardan tubdan farq qiladi. U hatto ona-tabiatni o‘z izmiga soladi. Turli xil qiyo­falar(hayvon, parranda, mo‘ysafid chol va o‘spirin yigit, baxshi, dev)ga kirish orqali ko‘pgina savob ishlarni amalga oshiradi. Toshdan suv chiqaradi, qaqroq cho‘llarda kanallar qaziydi, qirq chilton yordamida shahar quradi. Odamlari muhtojlik sezmaydi. Go‘ro‘g‘lining buyuk ­ishlaridan eng birinchisi, o‘zbeklar va turkmanlarni birlashtirib, ochlarni to‘ydirib, kiyintirganida ko‘rinadi.

Biroq Go‘ro‘g‘lining ayrim harakatlarida alpga xos bo‘lmagan jihatlar ham bor. Ilohiy so‘ta orqali qiyofasini o‘zgartirib, turli qahramonliklar ko‘rsatishi, asrandi farzandini o‘limga buyurishi bunga misol. Hind dostonlarida bunday mativlar esa o‘ziga xos. Ram va Panduzoda Arjun, hatto jangning oxirgi lahzalarida ham ilohiy qurolni ishlatishga istihola qiladi. O‘z kuchiga ishonadi, aql bilan fikrlaydi.

Eposlarda qoliplash usulidan foydalanilgan, ya’ni hikoya ichida hikoya usuli orqali alplar xarakteri ochib berilgan. Birgina “Maxabxarata” eposida o‘nga yaqin hikoya jamlangan. Voqeani boyitgan rivoyatlar eposga singdirilgan bo‘lsa-da, biroq asarning umumiy g‘oyasiga xizmat qilgan.

Eposlar yarim afsonaviy va yarim tarixiy asar hisoblanadi. Ularning afsonaviyligi eposdagi obrazlar tizimining ma’bud, yarim ma’bud, farishta, inson va hayvonlardan tashkil topib, ular orasidagi turli g‘ayritabiiy voqealarning tasvirlanishi bilan bog‘liq bo‘lsa, tarixiyligi barcha shohliklar, ularning hukmdorlari, voqealar tafsilotida uchraydigan shaxs va joylar nomining tarixda haqiqatan ham bo‘lganligi, ayrimlarining nomi esa hanuzgacha saqlanib qolganligi bilan izohlanadi. Bu har uchala asarda ko‘rinadi.

Eposlar badiiy jihatdan jozibador. So‘z va tasvir obidasida ham biz gumanizm, elparvarlik, adolat va ushbu mohiyatlarning mangu dushmani — odamkushlik, kibr, zulm, haqsizlik o‘rtasidagi kurashlarda ko‘rsatilgan qahramonona harakatlarning guvohi bo‘lamiz.

Yuqorida ko‘rganimizdek, o‘zbek va hind xalqining ushbu uch nodir eposidagi alplarga xos xususiyatlar boshqa personajlarda uchramaydi. Millatni millat qilib tarbiyalashda qahramonlarning jasoratlari bugun ham o‘sha xalq farzandlariga bebaho xislatlar: farzandlik burchi, do‘stlik, ona-yurtga muhabbat kabi tuyg‘ularning namoyon bo‘lishida xizmat qilmoqda. Bevosita o‘zbek farzandlaridagi millatparvarlik, xalqparvarlik ­tuyg‘ulari ham Go‘ro‘g‘lidan meros qolgani ayni haqiqatdir.

Gulchehra Ashurova,

O‘zMU o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 20-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.