OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hakim Sattoriy. Adabiyot odamiylikka o‘rgatadi

Poyafzal ta’mirlovchi ustadan kechikib qolganimni xaspo‘shlash uchun xuddi olamshumul bir ishni do‘ndirib kelayotgandek vaj ko‘rsatib, uzr so‘radim:

— Mutolaaga berilib ketib, ish vaqtingiz tugayotganini sezmay qolibman.

Tufli ustaning qo‘lidan qoshiqday bo‘lib chiqqan edi, mahoratiga qoyil! Shunda o‘z minnatdorligimni sidqidildan izhor etish uchun dedim:

— Siz ham o‘qishga qiziqasizmi? Menda yaxshi kitoblar bor...

Bu gap beixtiyor tilimga kelib qoldi. Odam bir yoqimli his og‘ushida mutaassir bo‘lsa, iznsiz o‘sha kayfiyatini yaqin odami bilan baham ko‘rib ketadi-ku. Usta o‘z san’ati bilan meni maftun etgan edi va uni o‘zimga yaqin olib qolgandim. Murojaatimga nisbatan ustaning chehrasi bir so‘lish olib, ko‘zlari qisildi, labida bir kinoya zohir bo‘ldi. So‘ljaydi, lekin gapirmadi. Menga shu kifoya edi: juda o‘sal bo‘ldim. Usta go‘yo ovozsiz shunday deyayotgan edi:

— Menga boshqa haqoratingiz yo‘qmi?

Juda noqulay ahvolga tushdim, tezda haqini uzatdim-da, ustadan uzoqlashdim. Baribir men uni yoqtirib qoldim, yuragi toza (bunday odamning botiniy kechinmasi shundoq ruxsoridan ufurib turadi), samimiy odam ekan.

Bo‘lgani shu. Faqat mulohaza qilib ko‘riladigan dalil. Hamon kutubxonalarda navbatlarning keti uzilmaydi, kitob do‘konlari xaridorlar bilan tirband. Haligiday holatlar esa shunchaki, o‘tkinchi kayfiyat. Ammo bunday bo‘lgani ham yaxshi emas. “Birniki — mingga, mingniki — tumanga” degan gap bor, faqat ushbu munosabatlarning urchib ketish xavfi ko‘ngilda ishtiboh tug‘diradi.

Azaldan kitobxonlik xos tabaqaning mashg‘uloti, yuqori madaniyat belgisi hisoblangan. Faqat ziyolilar, jamiyatning yetuk vakillari davrasida kitoblar, umuman, adabiyot, madaniyat yuzasidan qizg‘in suhbatlar bo‘lgan. Bunday hol hozir ham ko‘zga tashlanadi. Bu borada aholi tabaqalari emas, hatto shaharlarning ma’naviy darajasi ham farqlanadi. Talabalik yillarimizdagi bir voqea hech esimdan chiqmaydi va bot-bot mulohaza qilishga undaydi. O‘sha yillarda mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asari ­“Roman-gazeta”da e’lon qilinadigan bo‘ldi. Romanga qiziqish shunchalik kuchli ediki, hamma nashrni poylaydi. Ammo u kelib tar­qalib ketibdi-yu, biz talabalar qirg‘og‘ini ham ko‘rmabmiz. Armon qilib qolaverdik. Oradan 4-5 oy o‘tgach, yirik shaharlardan biriga kursdoshlar bilan aylanishga bordik. Nima deysiz, vokzaldagi gazet do‘konida bizga to‘tiyo bo‘lgan nashr sarg‘ayib, peshtaxtada yotardi. Hatto narxi teng yarmiga arzonlashgan...

Bugun kitobxonlik madaniyatini kuchaytirishga katta e’tibor berilayotir. Shu sababli bolalarni kitobxonlikka o‘rgatishning sinovdan o‘tgan tajribalaridan kengroq foydalanishga ehtiyoj bor. Masalan, o‘quv yurtlarida Adabiyot fanining o‘qitilishi ahvoli qanday? Darsliklar talabga javob beradimi? Adabiyot muallimlarining saviyasi, fidoyiligi ne chog‘liq? Bu borada jamoatchilik bilan maslahatlashib oladigan anchagina masalalar mavjud nazarimda.

Sir emas, ta’lim dasturidagi dars­liklar tizimida boshlang‘ichda O‘qish darslari, yuqori sinflarda esa Adabiyot darslari o‘quvchilarda mutolaa ko‘nikmasini hosil qilish, badiiy adabiyotga qiziqishni uyg‘otish va tarbiyalash, shu orqali kitobxonlikka o‘rgatish maqsadlariga yo‘naltirilgan. Bilganlarimiz shuki, sinfda ifodali o‘qish, mavzu yuzasidan kitoblarni mutolaa qilishni tashkil etish, bu yumushni nazorat qilish, qolaversa, sinfdan tashqari o‘qilgan kitoblarning hisobini olib borish, vaqti-vaqti bilan kitobxonlar anjumanlari tashkil etish, ko‘p kitob o‘qiganlarni rag‘batlantirib borish ham shu fan o‘qituvchilari zimmasida edi. Ma’lumki, bola birdaniga kitobxon bo‘lib qolmaydi. Bu ko‘nikma ifodali o‘qish darslarida shakllantiriladi. Bir bola doskaga chiqib o‘qiydi, qolganlari ichida takrorlab, kelgan joyni qo‘li bilan kuzatib borardi. Bir muallimdan:

— Hozir ham shunaqa darslar bo‘ladimi? — deb so‘rasam, hech ikkilanmay:

— Bunaqa darslar uyga vazifa qilib beriladi, — deydi.

Bu yog‘i ma’lum.

Boshqa bir o‘qituvchi esa:

— Hozir kitob o‘qib o‘tirish ham shart emas, kinosini ko‘rib qo‘ya qolsa bo‘ladi. Qolaversa, matnlarning diktofonga yozilgan shakli ham mavjud, shuni eshitsa, kifoya qiladi, — tarzida mulohaza yuritadi.

Holbuki, aynan kitob mutolaasi bola uchun mehnat, u harfma-harf, satrma-satr ter to‘kib, o‘zida yangi bir olam yaratadi. Qahramonlar bilan dunyo kezadi, sevinadi, xafa bo‘ladi, kuladi, ko‘z yosh to‘kadi. Shu jarayonda uning shaxsi kamol topadi. Bir buyuk asarni mutolaa qilish bir hayotni yashashdek gap. Ba’zan hayotga yengil-elpi qarash ana shunday tarbiya shaklidan bexabarlikdan emasmikin?

Adabiyot fanini maktabda qolgan fanlarning boshlovchisi, ochqichi, kaliti deb atash urf bo‘lgandi. Chunki adabiyot aynan hayotning o‘zidan bahs etadi. Ya’ni adabiyot yo‘lovchi tarbiya­lamaydi, balki shu yo‘lovchilar uchun kema yaratadi. Kemasiz esa yo‘lovchilar dengizdan o‘ta olishmaydi. Holbuki, bolaga murg‘akligidanoq texnika vositalarining foydalanish me’yorlari va kitobning afzalliklari yetarlicha tushuntirib borilsa, adabiyot o‘qituvchilari zamonaviy talablarga javob beradigan ta’lim usullaridan keng foydalansa yaxshi bo‘lardi.

Bir ijodiy anjumanda havaskor qalamkashlar mashqlarini o‘qib, o‘zaro muhokama qilishdi. Shunda bir holat aniq ko‘zga tashlanib qoldi: yozilganlarning ko‘pi o‘lim haqida edi va mualliflar bu dahshatli tafsilotlarni kiprik qoqmay bayon etardilar. Shunda mashg‘ulotni o‘rtasidan to‘xtatishga to‘g‘ri keldi va buning boisi bilan qiziqildi:

— Men bu asarimni, — deb gap boshladi yosh yozuvchi, — chet elning “Punkt naznachenie” degan diskini ko‘rgandan keyin yozganman. Umuman, bu blokbaster dunyoga qarashimni o‘zgartirib yubordi. Hozir ham uning ta’siridaman.

Ma’lum bo‘lishicha, bu serialni ko‘plar ko‘rgan va qattiq ta’sirlangan ekan. Mana, adabiyotning yaxshi o‘qitilmasligi oqibati! Agarki, hech narsani cheklab bo‘lmas ekan, zararli viruslar istalgan paytda yuqishi ehtimoli kuchli ekan, shunga qarshi yoshlarimizda ma’naviy immunitet kuchli bo‘lishi lozim emasmi? Uni kim shakllantiradi? Yoshlar har qanday xurujlarga qarshi turishi uchun milliy aqidalar bilan qurollangan bo‘lishi kerak-ku. Bu vazifani maktabda adabiyot va adabiyot muallimi bajarishi zarur.

Biz adabiyot muallimlarini o‘ta tartibli va talabchan, chehrasidan nur yog‘adigan, shoirlikdan ham, yozuvchilikdan ham xabari bor, yuqori madaniyatli ziyoli sifatida tasavvur qilamiz. Bunday zotlar respublikamizda juda ko‘plab topiladi. Endi ularning ilg‘or tajribasini yoyadigan, boshini qovushtiradigan usullar yuzasidan jiddiyroq o‘ylab ko‘radigan fursat kelgandek. Haqiqatan, hozirgi texnika, axborot asrida yosh qalblarga go‘zallikning ilk unsurlarini yuqtiradigan adabiyot muallimlariga alohida e’tibor lozim.

Viloyatda bir adabiyot o‘qituvchisi bilan suhbatlashib qoldik. Mumtoz adabiyotimizga mehri bo‘lakcha kishi ekan. “O‘quvchilarimga mumtoz asarlardan ko‘p misollar keltirib, dars o‘taman”, deydi u. Ammo bu asarlarni, ulardagi bitta rivoyat yoki baytni alohida tayyorgarliksiz, sharh­siz tushunish qiyin, bolalar ularni qanday qabul qiladilar, degan andishaga bordik. Istiqlolimiz tufayli katta ma’naviy xazinalarga ega bo‘ldik. Ammo ularni bolaning yosh va ruhiy holatiga qarab tavsiya etish lozimga o‘xshaydi. Bilmadik, bu borada mutasaddi idoralar qanday tavsiya bergan, biroq o‘qituvchi nimadan, qanday saboq berishini e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.

Boshqa bir maktab o‘quvchilari esa: “Muallimamiz shoiralar, bizga har kuni yangi she’rlarini o‘qib beradilar”, deb maqtanadilar. Albatta, ijodkorlik yaxshi, ijodni targ‘ib qilish ham yaxshi, ammo bu mashg‘ulotning pedagogik andozalari ham bor.

Yosh, murg‘ak qalb parvozga shaylangan istaklariga qanot izlaydi, bepoyon orzular sharhi, hayot manzaralari darj etilgan adabiyotni varaqlab, savollariga javob topgisi keladi. Kelajak vorisining bu talabiga javob berish hammamizning burchimiz. Binobarin, qadriyatlarimizda tarkib topgan taomil shuki, Adabiyot, birinchi navbatda, kishilarni adabga o‘rgatmog‘i lozim. Ke­yin esa u kitobxonga odamiylikdan saboq berishga “ixtisoslashgan”. Inchunun, boshqa jami insoniy fazilatlar ham ko‘ngilga adabiyot or­qali kirib boradi: vatanparvarlik, mehnatsevarlik, insonparvarlik, odamiylik, izzat-hurmat, sevgi-sadoqat, mardlik va hokazo. Negaki, insoniyat butun faoliyati davomida yaratgan eng yaxshi boyliklar adabiyotda, kitoblarda muhrlangan. Bu boylik tiriklikning ming-bir sinovlarida chiyralgan, xatolardan qattiq aziyat chekkan ajdodlarning kelajak vorislariga qoldirgan pand-nasihatlaridir. Ularni o‘rganmay, olg‘a harakat qilib bo‘lmaydi. Ana shu yo‘lda adabiyot o‘qituvchilari kamarbasta ekan, ularning mas’uliyatga munosib bo‘lishlarini xohlaymiz. Siz nima deysiz?

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 41-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.