OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Xolbekov. Tirband yo‘ldagi hayot

http://ziyouz.uz/images/xulio_kortasar.jpg

Yoshligi vatani Argentinada o‘tgan, so‘ngra Parijda muqim yashab ijod qilgan XX asr jahon adabiyotining taniqli vakili Xulio Kortasar(1914 — 1984) ijodiy faoliyatini o‘tgan asrning 40-yillarida boshlagan edi. Uning “Hozirlik” nomli ilk she’riy to‘plamiyoq reallik va xayolotning o‘zaro singib ketishi, mavjudlikning azaliy va abadiy o‘zgarmas birlamchi negizi — oliy ruh, oliy g‘oyani izlash, Kurrai zamin bilan inson o‘rtasida uyg‘unlikni topishga intilish kabi badiiyatning umuminsoniy tamoyillariga xos unsurlar sezila boshlagandi. Bani bashar va tabiatning o‘zaro munosabati mavzusiga bag‘ishlangan “Bestiariy” nomli hikoyalar to‘plami esa yozuvchiga xalqaro miqyosda obro‘ keltirdi.

Kortasar yoshligidayoq X.L.Borxes ijodiga maftun bo‘lgan. Adabiyotdagi ilk qadamlarida Borxes uslubiga taqlid qilganini uning o‘zi ham e’tirof etgan. Hikoyalari mavzui dolzarbligidan tashqari, Borxes ularda o‘sha davr ziyolilari dunyoqarashining asosini tashkil etuvchi “Argentina ruhi”ni aks ettirardi. Bu hikoyalarda haybarakallachilik, soxta vatanparvarlik, tsenzura kuchi bilan “bezatilgan” tashqi hayot “bo‘lishi mumkin bo‘lmagan hayot”dek qabul qilinardi. Shubhasiz, bu Borxesning reallikni badiiy idrok etish tarzi edi. Biroq Kortasar ijodida hayot o‘zgacha tarzda namoyon bo‘ldi: adib uchun qahramonning yuzaga kelgan vaziyatni qanday baholashi emas, balki tang sharoit, vaziyatda nimalarni his etgani o‘ta muhimdir.

“Bestariy” va “O‘yin oxiri” nomli ilk to‘plamlarida Kortasar o‘ziga xos eskapizm, ya’ni qahramonlarning tang vaziyatda hayotdan begonalashib, ruhiy va jismoniy toliqish oqibatida ob’ektiv voqelikdan xayolot olamiga o‘tib, o‘y-xayolida yaratgan “fil suyagidan yasalgan ko‘shk”ka bekinib olgan holatlarini ­tasvirlaydi.

Keyingi asarlarida ham yozuvchi qahramonlarini shunga o‘xshash murakkab vaziyatlarga solib, og‘ir sinovlardan olib o‘tadi. Masalan, “Janubiy shosse” hikoyasida XX asr boshida yuzaga kelib, global muammoga aylangan, XXI asrda ham dolzarbligini yo‘qotmagan voqea tasvirlanadi.

Parijga janub tarafdan kiriladigan katta yo‘lda yuzlab avtomobillar tirband bo‘lib, yo‘lda harakat to‘xtab qolgan. Haydovchilar va yo‘lovchilar manzillariga yetib olish ilinjida qo‘llaridan kelgan imkoniyatlarni ishga solishadi. Biroq yo‘l ochila qolmaydi. Kimdir umidini uzmay “ishqiy sarguzasht” ilinjida o‘ziga juft axtarishga kirishsa, kimdir bu vaziyatda Yaratganning qahru g‘azabini ko‘rib, umidsizlikka tushadi. Kemaga tushganning joni bir, deganlaridek odamlar bir-biri bilan tanishadilar, o‘zlari duch kelgan vaziyatdan qutulish chorasini birgalikda axtaradilar. Ittifoqo, chorasizlik domida uzoq qolib insoniy qiyofasini yo‘qotmaslik uchun bir-birlariga talpinadilar. O‘zaro ko‘maklashish, ko‘ngilga sal bo‘lsa ham taskin beradigan so‘zlarni aytib, umidni so‘ndirmaslik uchun dalda berishdan, mehr ulashishdan shod bo‘lgan hikoya personajlari nihoyat yo‘l arang ochilganini ko‘rib, darhol avtomobillariga o‘tirgancha, g‘izillab haydab bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishadi. Mushkul vaziyatga tushganda odamlarni o‘zaro mahkam bog‘lagan hamdardlik, mehr rishtalari shu ondayoq uziladi, hamma o‘z yo‘liga ravona bo‘ladi.

Bu voqealarga muayyan ramzlar, ishoralar vositasida umuminsoniy muammo tusi berilmaganida “Janubiy shosse” oddiy hikoyalardan biri bo‘lib qolaverardi. Kortasarning mahorati shundaki, u mazkur asari zamiriga global muammoni singdira bilgan. ­Chunonchi, hikoyada tasvirlangan avtomobillar tirband katta yo‘lni Kurrai zaminga qiyoslash mumkin. Bunda odamlar yagona maqsadda: tirik qolish (hayot) uchun birlashgan. Bu to‘g‘ri tanlangan yo‘l, negaki yolg‘izlikda odam o‘z jonini saqlab qolishi dargumon. Har qanday nazariyalar ham beshafqat hayot oldida odamlarga taskin bermaydi. Zero, hayot o‘z hukmini o‘tkazadi: hikoyada yo‘lovchilar dastlab bir guruh bo‘lib yashasa, keyinchalik bir nechta guruhga birlashadi. Ushbu guruhlar timsolida yozuvchi G‘arbda shakllanib kelgan inson, jamiyat va davlat tuzumiga ishora qiladi. Boshida yo‘lda noiloj to‘xtab qolgan odamlar suv, oziq-ovqat, yegulik ayirboshlaydilar, keyinchalik pul-tovar munosabati boshlanadi, hatto chayqovchilar ham paydo bo‘ladi, odamlar mushkul ahvolga tushib qolganlariga qaramay, ular surbetlarcha foyda topish ilinjida olib-sotarlik bilan shug‘ullanadi. Bu manzaralarda muayyan ma’noda insoniyat tarixiy taraqqiyotiga ishorani payqash qiyin emas. Tirbandlikda ikki, uzog‘i bilan uch hafta turib qolgan odamlar ruhan, jismonan bir-biridan keskin farqlanadi: kimdir his-tuyg‘ularga berilib tushkunlikka tushsa, kimdir boshiga tushgan vaziyatga qiziqarli bir sarguzashtga qaragandek qaraydi, kimdir dosh berolmay o‘z joniga qasd qiladi.

Kortasar hikoya mazmunida buyuk italyan shoiri Dantening “Ilohiy komediya”siga ishora qiladi. Bu bejiz emas. Tirbandlikda o‘z oila a’zolarini tashlab qochib ketgan kimsa bilan keyinchalik nimalar ro‘y berdi, u qanday qismatga duchor bo‘ldi — biz bunda bexabar qolamiz. Bu muhimi emas. Muhimi shuki, roviy bizga bir haqiqatni uqtiradi: o‘z mashinang — uying, oilangdan uzoqlashdingmi, bas, sen nom-nishonsiz bo‘lib ketasan. Ya’ni yo‘l chetida, tiriklik dunyosi degan ummon qirg‘og‘ida hayot yo‘q. Hayot shu yerda, tirbandlikda!

Muallif atay voqealardan “oshib”, voqealarni oralatib, ularning “ustidan sakrab” kitobxon oldiga: “Voqea bo‘lib o‘tdi, nahotki buni ko‘rmadingiz? Yoki tushunib yetmadingizmi?” qabilida savol qo‘yadi. Biz beixtiyor hikoyani qayta boshdan varaqlaymiz, matnga tag‘in ko‘z yugurtiramiz: qaerda, qaysi sahifada, qaysi satrda o‘sha “voqea”ni ko‘rmay o‘tib ketganimizga ajablanamiz.

Mana, mo‘‘jaz avtomobilda o‘tirgan yosh juvon boshqa avtomobildagi yosh erkakka nimalardir demoqda. U nimagadir iqror bo‘lmoqda... Ajabo, keyinchalik ko‘zimiz “o‘g‘il” so‘ziga tushadi. Ular o‘g‘il ko‘rishdimi? Qachon? Qanday qilib? Buning ahamiyati yo‘q. Binoyiday yosh erkak va sohibjamol juvon bir-birini sevib qolgan. Shunday tirbandlikda mo‘‘jiza! Tirbandlik arib, avtomobillar yura boshlagandan so‘ng, yosh erkak o‘z mahbubasini yo‘qotadi. ­Juvon avtomobillar oqimida g‘oyib bo‘ladi. Gangib qolgan erkak atrofga olazarak ko‘z yugurtirarkan, begona odamlarni ko‘radi, haligina do‘stga aylangan kishilarni ko‘rmaydi, qaerga qaramasin hamma yerda begona odamlar, begona avtomobillar. U endi o‘zi uchun haqiqiy hayot o‘sha joyda, tirbandlikda qolib ketganini anglaydi.

Tirbandlikda u har kuni qandaydir yumushlarni bajarar, bir nimalarni axtarar va shu ko‘yda kelajakdan umidini uzmasdi, o‘zining tirik ekanligini his etardi. Kimgadir yordam berar, birovlar bilan suhbatlashar, arazlashganlarni yarashtirardi. Qolaversa, o‘z ixtiyorisiz to‘xtab qolgan o‘sha joyda juvonga ko‘ngil qo‘ydi va sevildi... Endi esa, Parijning osmonu falakka yoyilgan shu’lasini ko‘rarkan, hayotidagi eng totli lahzalari, sermazmun kunlari o‘sha katta yo‘lda qolib ketganligini tushunib yetadi.

Kortasar G‘arb nasrida birinchi bo‘lib, Borxes va Markesgacha odatiy, kunora bo‘lib turadigan voqeadagi umuminsoniy mazmun kasb etgan sehr va mo‘‘jiza ko‘ra bildi. Oddiy, kundalik hayotda uchraydigan voqea-hodisalar tasviri orqali yozuvchi kitobxon oldiga sevinch va tashvishga, umid va xavf-xatarga uyg‘un hayotda qanday yashamoq kerak, degan savolni qo‘yadi hamda uning yechimini topishni o‘quvchiga qoldiradi. Inson hayoti, uning kamchilik va nuqsonlari, xislat va fazilatlari kaftdagidek namoyon bo‘lgan bu hikoya XX asrda yashab ijod qilgan argentinalik klassik adib Xulio ­Kortasarning eng sara asarlari sirasidan.

Muhammadjon Xolbekov,

filologiya fanlar doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 24-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.