OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rustam Mirzayev. Mashhur qadamjolar bo‘ylab

Jahongashtalik, sayohatga tashnalik, turli manzillar og‘ushiga talpinish azal-azaldan insoniyat qon-qoniga singib ketgan. Ibtidoiy davrda ham qabilalar mo‘l rizq-ro‘z ilinjida zamin bo‘ylab ko‘chib yurgan. Asrlar mobaynida odamlaru millatlar va elatlarning yalpi yurishi, ko‘chishi va yangi o‘lkalarga joylashishi davri o‘troq turmush tarzi salmog‘idan qolishmaydi. Rim imperiyasi yuzaga kelayotgan davrda xunn qabilalari xalqlarning Buyuk ko‘chishini boshlab berdi. Ular hosildor zaminu yaylovlar axtarib, Markaziy Osiyodan Qora dengiz sohillarigacha ko‘chib borgan. Shuning asnosida son-sanoqsiz qabilayu elatlarni, xususan, gotlarni ham azaliy manzillaridan ko‘chishga majbur qildilar, aholining beqiyos ko‘chishi to‘lqini butun Yevropani qoplab oldi.

Yangi davrning Buyuk jug‘rofiy kashfiyotlari ham shu jumlaga kiradi. Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab emas, nisbatan qulay dengiz yo‘li orqali Hindiston va Xitoyga borishni maqsad qilgan Xristofor Kolumb ekspeditsiyasi yaxlit Amerika qit’asini kashf qildi. X.Kolumb yuksak g‘oyaga safarbarlik va maqsadga sadoqat, teran amaliy tafakkur va benazir tashkilotchilik qobiliyati, sobit qat’iyat va metin iroda, mardlik va sabr-toqat singari iste’dodli sayohatchiga xos fazilatlar sohibi bo‘lgani shubhasiz. Nihoyat, buyuk dengizchining hayratomuz loyihalari yuzaga chiqishida omad ma’budasi ham xayrixoh bo‘lgan. Xristofor Kolumb va uning zamondoshlarini afsonaviy Sharq boyliklari – oltin, nozu ne’matlar, duru javohirlar safarga chorlagan.

1896 yili Alyaskada, Klondayk daryosi havzasida yirik oltin koni topilgan. Natijada mashhur “oltin talvasasi” boshlangan. Minglab odamlar sarguzasht, tavakkalchilik, ko‘z ochib-yumguncha badavlatga aylanish dardiga chalingan. Behisob boylik faqat sanoqli kishilargagina nasib etgan. Oqibatda “rangpar sukunat” shimoliy o‘lkalarda yana ko‘lanka yoygan.

Insoniyat, oqibatdan qat’i nazar, xazinalar qidirishdan hech qachon voz kechmaydi, binobarin, sarguzasht ishtiyoqmandlari barcha zamonu makonlarda istagancha topiladi. And tog‘laridagi Inklar oltinini topish maqsadida 1911 yili Maku-Pikchu sirli shahri kashf etiladi. Oltin yombilarini qo‘lga kiritishga tashnalik davrimizda dengizlar va ummonlar og‘ushiga ko‘chdi. Amerikadan yo‘lga chiqib, qadrdon sohillarga yetib kelmay ummon qa’riga cho‘kib ketgan, mashhur Ispaniya kemalaridan oltinu javohirlarni olish maqsadida eng zamonaviy texnikaviy vositalarga necha-necha ekspeditsiyalar tashkil qilinmoqda. Xazina qidiruvchilar dasti hatto ummon tubidagi “Titanik” kemasiga ham yetdi.

XX asrda eng yangi texnikaviy yutuqlar qo‘llangan holda yirik xalqaro ekspeditsiyalar tarzida ham, o‘ta g‘aroyib texnikaviy vositalarda yakka holda ham sayohatlar uyushtirildi. Jumladan, Tur Xeyerdal Tinch okeani bo‘ylab dastlab “Kon-Tiki” solida sayohat qilgan bo‘lsa, keyingi safar “Ra” papirus qayig‘ida Atlantika okeanini suzib o‘tdi.

Sharq bilan G‘arbni bog‘lagan asosiy qit’alararo yo‘l – Buyuk Ipak yo‘li sayohatchilar va tadqiqotchilarni jalb qilish borasida jahonda yetakchi o‘rin tutadi. Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab dastlab eramizdan oldingi II asrda safar qilingan. O‘shanda xitoyliklar G‘arbiy o‘lkalar – Markaziy Osiyo mamlakatlarini ilk daf’a kashf qilgan. Jahonshumul yo‘lning ikki shoxobchasi shu asno tutashgan. Biri G‘arbdan, O‘rta Yer dengizi mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga Yaksart – Sirdaryo sohillarigacha kelgan. Boshqasi Sharqdan, Xan imperiyasidan Baqtriya va Sug‘d orqali Markaziy Osiyoga uzangan. Mazkur tarixiy madaniyat o‘choqlarining Buyuk Ipak yo‘li vositasida birlashuvida Markaziy Osiyo xalqlarining sarbon sifatidagi xizmati beqiyos.

Buyuk Ipak yo‘li nomlanishi G‘arb mamlakatlari uchun qimmatbaho mahsulot ipak nomi bilan chambarchas bog‘liq. Xitoyliklar besh ming yil muqaddam ipak qurtidan ipak tolasi ola boshlagani rivoyat qilinadi. Bashariyat tarixidagi dastlabki transkontenintal yo‘l vositasida ikki olam – G‘arb bilan Sharqni eramizdan oldingi ikkinchi asr poyonida tutashtirgan dastlabki mahsulot shoyi matosi bo‘lgan. Bu adoqsiz yo‘l dorilamon zamonlarda Yaponiya sohillaridan Rim imperiyasi poytaxtigacha mintaqani qamrab olib, ulkan chinor daraxti kabi minglab shoxobchalarga ega bo‘lgan.

Tijorat karvonlari, elchilar, harbiy lashkarlar, taqvodorlar va missionerlar silsilasi, sarguzashttalab to‘dalar, ilmiy tadqiqotchi olimlar, xullas, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab safar qilganlarning soni bor-u, sanog‘i yo‘q. Xitoy tarixiy manbalarida Eron bilan savdo aloqalari va eramizgacha II asrda Farg‘onaga qilingan harbiy hujumlar qayd etilgan. Butparastlik IV–V asrlarda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Hindistondan Xitoyga yoyilgan. Keyinchalik Kichik Osiyodan Sharq va Shimolga islom dini ta’limoti tarqalgan.

Yevropadan Janubiy Osiyoga dengiz yo‘lini portugaliyalik Vasko da Gama ochgan. Rus savdogari Afanasiy Nikitin Eron va Hindiston bo‘ylab safari haqida “Uch dengiz osha” sayohat taassurotlarini meros qoldirgan. Buyuk Ipak yo‘li shakllanishi va ravnaq topishida ko‘plab mamlakatlar va xalqlarning ahamiyati katta. Uning asosiy yo‘nalishlari va shoxobchalari bo‘ylab minglab sayohatchilar o‘tganiga qaramay, sanoqli kishilar sayohat haqida yodnomalar, ilmiy risolalar yozib qoldirgan.

Xitoylik Syuan Szyan, olmon Shiltberger, amerikalik Pampelli kabi turli millat namoyandalari qalamiga mansub tarixiy yodnomalar shu jumlaga kiradi. Ziyoratchi, jangchi va olim bo‘lgan mazkur shaxslar sayohat ishtiyoqi bilan yo‘lga otlangan. Ularning kitoblari, ilmiy asarlari, kundaliklarini o‘qish asnosida Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlar tarixiga sho‘ng‘iymiz, O‘rta asrlar va temuriylar davri urf-odatlari va an’analari bilan tanishamiz, turli sulola vakillari o‘rtasida toju taxt uchun qirg‘in-barotlar guvohi bo‘lamiz. Rossiya imperiyasi tarkibida va “sotsialistik tajriba” davridagi Turkiston hayoti lavhalari ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

Yevropani Markaziy Osiyo bilan dastlab yunonlar – Iskandar Zurqarnayn harbiy yurishi qatnashchilari tanishtirgan. Lekin shundan keyin bir necha asr mobaynida Osiyo ovpuroliklar uchun sirli o‘lkaga aylangan. VII asrda yashagan budda rohibi Syuan Szyanning “G‘arbiy o‘lkalar bo‘ylab sayohat bitiklari”ni Xitoyning Markaziy Osiyo bilan aloqalariga oid dastlabki ishonchli yozma manbalardan biri sifatida tilga olish mumkin. Yosh rohib butparastlik dini matnlarini o‘rganib, sanskrit tilidan tarjimalarda ko‘plab noaniqliklar va chalkashliklar mavjud, qo‘lyozma jildlarida esa talay sahifalar yetishmaydi, degan xulosaga keladi va mazkur ta’limot yuzaga kelgan va asoschisi yashagan Hindistonga borishga ahd qiladi. U Takla-Makon, Turfon vohasi, Tangritog‘ orqali safar qiladi. Samarqand, Shahrisabz va Termiz shaharlarini ziyorat qiladi. Natijada “G‘arbiy o‘lkalar bo‘ylab sayohat bitiklari” yaratiladi. Mazkur bitiklarda tarixchilarning e’tiroficha, muallif “sanalar, turli sulolalar vakillarining ismi shariflari va rasmiy matnlarning yalang‘och tanasiga shoirona so‘zamollik bilan jon baxsh etadi”. Mazkur asar Osiyo mamlakatlarida ilk O‘rta asrlarga oid tadqiqotlar olib borishda hozir ham benazir tarixiy manba vazifasini o‘tayotir.

* * *

Aytishlaricha, sayohatga o‘chlik insonning qonida bo‘lishi kerak. Aksincha, aksariyat kishilar qadrdon go‘shasini bir umr tark etmagani holda kimlardir bor hayotini sayru sayohatlarda o‘tkazishlarini anglash dargumon. Ehtimol, shu bois jahonga mashhur sayyohlar barcha zamonlarda sanoqli bo‘lgan. Savdo karvonlari bilan birga safar qiladimi yohud muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish maqsadida yolg‘iz jahon kezadimi, Sharqda ham jahongashtalarga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lingan.

Navqiron budda rohibi Syuan Szyan Xitoydan Hindistonga safar qilishi asnosida yirik karvon sohibi ham bo‘lgan, shuningdek oddiy hassaga suyangan holda sodda ziyoratchi sifatida ham manzildan-manzilga ko‘chishiga to‘g‘ri kelgan. Safar asnosida ko‘plab xavf-xatarlarga duch kelgan, talay sarguzashtlarni boshdan kechirgan, bir necha bor o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan, lekin hatto o‘ta og‘ir lahzalarda ham hushyorlikni qo‘ldan bermagan, yosh butparast sifatida barcha voqealarga faylasufona munosabatda bo‘lgan. Safar davomida barcha mashaqqatlarga tishini- tishiga qo‘yib chidagan, har qancha og‘ir bo‘lmasin, ortga qaytishni xayoliga ham keltirmagan. Shu taxlit minglab farsah masofani bosib o‘tgan. Ayni shu bois Tan sulolasiga mansub xitoy imperatori Tai Tsun sarguzashttalab Syuan Szyanni “saltanat javohiri” deb atagan. Ovrupoda Marko Polo qanchalik mashhur bo‘lsa, Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab yettinchi asrda safar qilgan xitoylik yosh sayyohning ismi sharifi Sharqda shunchalik mashhur bo‘lgan.

Syuan Szyanning “Buyuk Tan sulolasining Xitoydagi hukmronligi davrida G‘arbiy o‘lkalar bo‘ylab sayohat bitiklari” imperator Tai Tsunga bag‘ishlangan. Bu asar dini islom lashkarlari Osiyoni zabt etishi arafasida yozilgan asosiy tarixiy solnoma sifatida qadrlanadi. Unda Buyuk Ipak yo‘lining o‘ziga xosliklari, g‘aroyib tarixiy davr qalamga olingan. O‘sha davrlarda jahongashta sayyohlar ezgulik elchisi, o‘ziga xos tadqiqiqotchi, falsafiy va diniy ta’limotlarning targ‘ibotchisi vazifasini bajargan.

Syuan Szyan Xitoyning Xunan viloyatida 602 yili, ta’lim olish va bilimdonlik an’anaviy tusga ega konfutsiyparast oilada tavallud topgan. Yetti akasining biri budda rohibi bo‘lib, uning ta’siri ostida Szyan sakkiz yoshidan budda bitiklarini o‘rganishga kirishadi.

O‘n ikki yoshidayoq barcha talablarni ado etib, rohib maqomiga erishadi. Ustoziga yagona maqsadi Budda dinining yog‘dusini butun olam bo‘ylab yoyishdan iborat ekanini bayon etish barobarida yoshi bir necha baravar katta nomzodlardan qanchasini ortda qoldirib, erkaklar ibodatxonasi tinglovchiligiga qabul qilinadi.

Syuan Szyan butparastlik ta’limoti, Yirik Doira yohud Maxayana diniy aqidalarini bir necha yil qunt bilan o‘zlashtiradi. “Bodhisatva” donishmandligi – axloqiy barkamollik sirlarini o‘rganadi. Mazkur falsafiy yo‘nalish hamdardlik va mehru shafqat bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, har bir ongli mavjudotga najot yo‘lini ko‘rsatib berardi. U 622 yili to‘la-to‘kis rohiblikka qabul qilinadi. Zamondoshlarining xotiralariga ko‘ra, yosh rohib baland bo‘yli, ochiq chehrali, ko‘zlari yonib turadigan, bir so‘z bilan aytganda, farishtali xushro‘y yigit bo‘lgan. Odmi kiyinib, enli belbog‘ bog‘lab yurgani uchun olimona raftorga ega bo‘lgan. Ovozi ham nafis bo‘lib, betakror joziba bilan yo‘g‘rilgan. Hamisha jiddiy bo‘lib, asl budda rohiblari singari qaddini g‘oz tutib yurgan.

Syuan Szyan budda matnlarini o‘zlashtirish asnosida sanskritdan tarjima qilish jarayonida qator noaniqliklarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida mavhumliklar mavjudligini, shuningdek, qo‘lyozmalarning bir necha sahifalari yo‘qligini payqagan. Shu bois yosh rohib Shimoliy Hindistonga, butparastlik ta’limoti yuzaga kelgan va uning asoschisi yashagan muqaddas joylarni ziyorat etishga ahd qilgan. Safar asnosida asl budda ta’limoti bayon qilingan kitoblarni olib kelishni mo‘ljallaydi.

Mazkur ezgu safarga xufyona, ya’ni yarim kechada otlanadi, chunki imperatorga bu g‘oya yoqmaydi. Qahramonimiz shu tariqa 629 yili Sian viloyatini tark etib, Xitoyning g‘arbiy viloyatlari tomon yo‘lga tushadi. Buyuk Ipak yo‘lining karvon so‘qmoqlari bo‘ylab poyonsiz cho‘l-biyobonlardan o‘tar ekan, yo‘l-yo‘lakay ochlik va tashnalikdan jon taslim qilgan odamlaru jonivorlarning ustunxonlariga duch keladi. Ziyoratchi Xitoy saltanati sarhadlarini bildiruvchi beshta soqchilik minorasi yonidan o‘tib, xitoyliklar “Qum ummoni” deb ataydigan Takla-Makon cho‘lini kesib o‘tadi. Biyobon cho‘l garmseli so‘qmoqni zumda g‘oyib etar, shu bois to‘g‘ri yo‘l topib yurish oson emasdi. U bir necha marta qaroqchilar hujumiga uchraydi, o‘zini yo‘lboshlovchi qilib ko‘rsatgan, aslida qotil kimsa qo‘lida jon taslim qilishiga sal qoladi. Ko‘zasi qo‘lidan tushib ketib sinadi-da, cheksiz sahroda bir tomchi suv topolmay tashnalik azobini tortadi. Vafodor oti sayyoh joniga ora kiradi – aqlli jonivor uni chashma qoshiga eltadi.

 Xaritaga, nazar tashlaydigan bo‘lsak, sayohatchi Syuan Szyanni na Gobi sahrosi, na Takla-Makon cho‘llari qo‘rqita olganiga guvoh bo‘lamiz. Himolay tog‘larini oshib o‘tish imkoni bo‘lmagan. Hindistonga eltadigan to‘g‘ri yo‘l yo‘q edi. Shu bois osmono‘par tog‘ cho‘qqilarini shimoli-g‘arbdan, Markaziy Osiyo orqali aylanib o‘tish talab etilardi. Shunga qaramay, ayni yo‘nalishda ham bir necha baland tog‘ dovonlaridan oshishga to‘g‘ri keladi.

Ziyoratchi, nihoyat Tangritog‘ etagidagi Xomi o‘lkasiga yetib keladi. Syuan Szyan ro‘parasida oppoq qor bilan qoplangan yuksak tog‘ cho‘qqilari yuksaladi. Yuksak qoyalardan tushgan tog‘ jilg‘alari bilan obod vohadan o‘tadigan Buyuk Ipak yo‘lining Shimoliy shaxobchasi bo‘ylab sayohatchi rohib Turfon shahriga yetib keladi.

Syuan Szyanning tashrifidan xabar topgan Turfon hukmdori mash’ala bilan peshvoz chiqib kutib oladi. Sayohatchi sharafiga katta hurmat-ehtirom bilan ziyofat uyushtiriladi. Bir necha kun hordiq chiqargandan keyin yirik karvon va soqchilar, muhofaza maktubi va boshqa davlatlarning sultonlariga hadyalaru ehsonlar bilan yana yo‘lga tushadi. Syuan Szyan hamrohlari bilan Turfondan chiqib, Qashqar zamini bo‘ylab Tangritog‘ tizmalariga ro‘para bo‘ladi. Ular Xontangri uzra qor bilan qoplangan dovondan oshadi. Mazkur xatarli sayohat chog‘ida Syuan Szyan hamrohlarining qariyb uchdan bir qismidan ayriladi, o‘nlab otlari nobud bo‘ladi.

Son jihatdan ancha g‘ariblashgan karvon Issiqko‘l bo‘yida chodir tikadi. Syuan Szyan mazkur “iliq ko‘l”ning “suvini rangi ko‘kimtir-qora, ta’mi achqimtil va sho‘rroq” ekanini ta’kidlaydi. G‘arbiy Turk hoqonligining xoni Issiqko‘l sohilidagi qarorgohida qishlab, yozni qadimiy Shoshda o‘tkazishi shohidi bo‘ladi.

Syuan Szyan turk xoqoni bilan 630 yil qish fasli oxirlarida To‘qmoqda uchrashadi. Ovdan qaytgan xoqon sayyohni ehtirom bilan qabul qiladi. “Xon sabzarang zarboft to‘n kiygan, boshiga bog‘langan shoyi dastor peshi orqasiga tashlangan. Atrofida ikki yuztacha a’yonlari bo‘lib, ular ham shohona zarboft to‘n kiygan, ularning boshida ham salla bo‘lgan. Xonning o‘ng va so‘l tomonidagi soqchilar mohirona to‘qilgan movut va mo‘yna kiyimda bo‘lib, tuyalar va otlar uzra qo‘llarida nayzalar va tug‘lar ushlagancha salobat bilan o‘tirishgan. Ularning hisobini bir qarashda chamalash mushkul edi”. Syuan Szyan Turk xoqoni bilan ilk uchrashuvini ana shunday bayon etadi.

Rohib Turfon hukmdorining maktubi va sovg‘alarini xonga hadya qiladi. O‘z navbatida ziyofatga taklif qilinadi. “Xon chodiri ko‘zni qamashtiradigan zarrin matolar bilan bezatilgan. Barcha a’yonlar uzun bo‘yralardan joy olishgan. Ularning egnidagi shoyi kiyimlar ham ko‘zni qamashtirgan. Xonning xos soq-chisi orqasidan joy oldi, u ko‘chmanchilar hukmdori bo‘lsa ham atrofida belgilangan tartib hukm surardi”, deya hayrat bilan bayon etadi rohib sayyoh.

Dasturxonga hil-hil pishgan qo‘y va mol go‘shtlari mo‘l-ko‘l tortiladi. Syuan Szyandan bo‘lak barcha bo‘zayu sharoblarni bearmon ichib, musiqa sadolari ostida niholday tebranib, ayshu ishrat qiladi. Go‘sht yemaydigan rohibni guruch non, qaymoq, qimiz, qandu novvot, asal va kishmish bilan siylaydilar. Turk xoqoni bilan suhbat asnosida Syuan Szyan barcha jonzotlarni e’zozlash zarurligiga urg‘u berib, pirovard-natijada, najot keltiradigan diniy ta’limot haqida so‘zlaydi.

Syuan Szyan bu joydan jangchi hamyurti bilan xonning o‘z vassali – Gand-har hukmdoriga muhofaza maktubi bilan yo‘lga chiqadi. G‘arbiy xoqonlik sultoni esa unga ellik toy shoyi va qizg‘ish-qoramtir atlas to‘n hadya qiladi.

G‘arbiy xoqonlik poytaxti Shosh shahrida qisqa muddat hordiq chiqargach, Syuan Szyan safarining eng g‘arbiy nuqtasiga – mashhur Samarqand zamini tomon yuzlanadi.

“Shimoli-g‘arbda kimsasiz cho‘l bo‘ylab yo‘l yurdik. Na oqar suv, na buloq, na o‘t-o‘lan o‘sadigan dashti biyobon bo‘ylab yo‘l topib yurish azob. Faqat har tomonga sochilgan ustunlarni mo‘ljal qilib arang yo‘l yurdik. Yuzlab chaqirimlik kimsasiz masofani ming azobda bosib o‘tdik”. Syuan Szyan qadimiy Mirzacho‘l bo‘ylab safarini shunday ta’riflaydi.

Jahongashta rohibni qadimiy Samarqand nozu ne’matlar, ulkan qozonlarda qaynayotgan sho‘rvalarning xushbo‘y hidi bilan qarshi oladi. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand shahri bozorlaridan, Syuan Szyanning aytishicha, “ko‘plab mamlakatlardan keltirilgan ashyolarni topsa bo‘ladi, samarqandlik hunarmandlar mahorati esa boshqa mamlakatlardagi kasbdoshlaridan ortiq bo‘lsa ortig‘u aslo kam emas”. Hindistondan kelgan boy karvon Xitoydan kelgan karvon bilan shu shahri azimda uchrashadi.

Syuan Szyan markazi Samarqand bo‘lgan Shimoliy Sharqdagi Chu daryosi vohasidan Janubiy Sharqdagi “Temir darvoza”gacha bepoyon o‘lkani So‘g‘d deb ataydi. Bu davrda so‘g‘d savdogarlari Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab qizg‘in savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. O‘rta Yer dengizi havzasidagi mamlakatlarga, Vizantiyaga, Markaziy Osiyo va Hindistonga Xitoydan shoyi, birinj buyumlar, atir-upa kabi bezak ashyolari, guruch, bo‘yoq ayni shu yo‘l orqali olib o‘tilgan. Bu mamlakatlardan Xitoyga shisha buyumlar, quruq mevalar, sarxil sabzavot va mevalar, paxta, zotli otlar, xilma-xil antiqa ashyolar tashilgan. So‘g‘ddan bo‘rdoqi qo‘chqorlar, ovchi tozilar, qimmatbaho feruza va tog‘ billuri olib borib sotilgan.

Jahongashta rohib Samarqand shahrini, hosildor zaminini, mevali bog‘-rog‘lariyu gulzorlarini hayrat bilan tasvirlaydi. Samanqandliklar mahoratli tujjorlar ekanini ta’kidlaydi. Suvi xushta’m, havosi mo‘‘tadil ekaniga urg‘u beradi. Aholisining mehnatsevarligiyu mardona ekani e’tiborini tortadi. Samarqand hukmdoriga yon-atrofdagi o‘lkalar beklari itoat qilishlarini yozadi.

Budda rohibi bilan suhbatlardan ilhomlangan Samarqand hukmdori 631 yili Xitoyga elchilar jo‘natadi va tez orada ikki mamlakat o‘rtasida diplomatiya va savdo munosabatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Sayyoh Samarqanddan janubga – Shahrisabz sari buriladi. Keyin esa Hisor tog‘lari bo‘ylab “Temir darvoza” nomini olgan dovondan oshib, Darband yaqinidagi daradan chiqadi.

Syuan Szyan Amudaryo bo‘yidagi qadimiy Termiz shahrida ham, albatta, to‘xtab o‘tadi. Mazkur shahardagi butparastlar jamoasi, butxonalaru ibodatxonalar unga manzur bo‘ladi.

“G‘arbiy o‘lkalar bo‘ylab sayohat bitiklari”ni o‘rgangan zamonaviy tadqiqotchilar Surxondaryoda qator arxeologik kashfiyotlar qilgan. Ular butparastlik Markaziy Osiyoga Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab kirib kelganini tasdiqlaydi. Jumladan, Ko‘hna Termiz yaqinidagi Qoratepa va Fayoztepada topilgan butxonalar Syuan Szyanning “Bitiklari”da qayd etilgan. Budda, Bodhisatva, Kushon davlati ravnaq topgan davrlarda yashagan shahzodalaru saroy a’yonlarining haykallari jahon madaniyati xazinasini boyitdi. Dalvarzintepa shahristonida 36 kilogrammli oltin xazinasining topilishi ilmiy doiralarida kutilmagan favqulodda voqea bo‘ldi. Dalvarzintepadagi qazilma ishlari o‘zbek va yapon olimlari tomonidan davom ettirilmoqda.

O‘z davrida Iskandar Maqduniyning qarorgohi bo‘lgan Balx shahri ham budda rohibida katta taassurot qoldiradi. Syuan Szyan mazkur sayohati asnosida budparastlik ta’limotini yoyishda savdo aloqalari katta ahamiyatga molik ekaniga ishonch hosil qiladi. Jahongashta savdogarlar yangi e’tiqod targ‘ibotchilari vazifasini o‘tagan.

Syuan Szyan shundan so‘ng Hindikush tog‘lari orqali Bomiyon tomon otlanadi. Tog‘ dovonidan oshishda qor bo‘ronlari safarni yana ham mashaqqatli etadi. Ziyoratchining o‘zi bu borada shunday yozadi: “Bu tog‘ dovoni juda baland, jarlari esa tubsiz, shu bois yo‘l yurish o‘ta xatarli. Shamol va qor bo‘ronlari tinmaydi, yoz faslida ham juda sovuq. Tubsiz jarliklarni qor uyumlari to‘ldirgani bois to‘g‘ri yo‘l topib yurish mushkul. Yo‘ldan adashtiradigan saroblarni aytmaysizmi. Boz ustiga har qadamda kallakesar qaroqchilarga duch kelish mumkin”.

Syuan Szyan karvoni yo‘l mashaqqatlarini mardona yengib, qaroqchilarning hujumlariga chap bergan holda Bomiyonga – Buyuk Budda vodiysidagi voha-shaharga yetib keladi. Yo‘lovchilar ro‘parasidagi adirliklar poyonida yuksak qoyalar qad rostlaydi. Qoyaga o‘yib ishlangan bir juft ulkan Budda haykali ularni hayratga soladi. Mazkur haykallarning yirik o‘lchamlari keyinchalik Xitoy va Yaponiyada shunday mahobatli haykallar yaratishda andoza vazifasini o‘taydi. Bomiyondagi mazkur ulug‘vor haykallar oradan asrlar o‘tib, diniy aqidaparastlar tomonidan “majusiylik asoratlari” sifatida portlatilishi o‘sha paytda budda rohibining hatto xayoliga ham kelmagan bo‘lsa kerak!

 Syuan Szyan Bomiyonga tashrif buyurganda shahar hokimi unga peshvoz chiqadi va saroyga shaxsan o‘zi boshlab keladi. Rohiblar keyinchalik uni vodiy bo‘ylab sayohatga olib chiqadilar va Syuan Szyan o‘nlab butxonalarni ziyorat qilib, minglab rohiblar bilan uchrashadi.

Jalolobod Budda to‘g‘risidagi afsonalar bilan bog‘liq shaharlardan biri hisoblanadi. Shahar atrofidagi Soyalar g‘orida Budda shaxsan bo‘lgan va uning soyasi saqlanib qolgan, degan rivoyat ta’sirida Syuan Szyan mazkur g‘orni ziyorat qiladi. G‘or yaqiniga yetib kelishganda tish-tirnog‘igacha qurollangan qaroqchilar uning va hamrohi yo‘lini to‘sadi. Qilich yalang‘ochlagan qaroqchilar hamlasidan o‘zini yo‘qotmagan ziyoratchi: “Budda qadamjosini ziyorat qilishga qat’iy ahd qilganman. Shu bois yirtqichlar yo‘limni to‘sganiga ham parvo qilmayman. Sizlar esa qaroqchi bo‘lsangiz ham biz singari insonlarsiz”, deya ularning ko‘ngliga yo‘l topadi. Ziyoratchining jasoratidan hayratlangan qaroqchilar unga yo‘l beradilar.

Syuan Szyan zim-ziyo g‘orga kiradi. Dastlab hech vaqo ko‘rmaydi. Tiz cho‘kib tavallo qilib ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kib, gunohlari uchun tavba-tazarru qiladi, muqaddas bitiklarni o‘qiydi. Nihoyat, g‘or devorida shu’la paydo bo‘ladi. Bu bilan qanoatlanmagan Syuan Szyan yana tiz cho‘kib, tavalloga beriladi.

Daf’atan g‘or ravshanlashadi va devorda Buddaning soyasi jilva qiladi. Arang ko‘zga tashlanadigan ulug‘vor taxt uzra o‘tirgan Budda egnida qizg‘ish-sariq libos bo‘lib, chehrasidan nur taralardi...

Syuan Szyanning ezgu orzusi ushalib, Hindiston zaminiga qadam qo‘yadi. Budda asarlarini o‘rganib, budparast rohiblaru olimlar bilan suhbatlashib, mamlakatning turli chekkalaridan sanskrit qo‘lyozmalarni qidirib, o‘n yil shu diyorda qoladi. Yuzlab butxonalarda bo‘lib, budda bitiklarini to‘playdi. Hindistonda qolishni undan qattiq iltimos qiladilar. Bunga javoban shunday deydi: “Oftob nima uchun jahon bo‘ylab sayru sayohat qiladi? Soya-ko‘lankalarga izn bermaslik uchun!”

Xitoyga qaytish fursati yetganda, Shimoiy Hindiston hukmdori Xarsh rohibga hamroh qilib o‘nlab jangchilar, to‘plagan haykallaru qo‘lyozmalarni eltish uchun otlar beradi. Ziyoratchiga esa fil sovg‘a qiladi. Bunga qadar oddiy rohibga fil sovg‘a qilinmagan edi. Boz ustiga yo‘l xarajatlari uchun uch ming tilla tanga va o‘n ming kumush tanga tortiq qiladi, shuningdek, boshqa mamlakatlar hukmdorlariga muhofaza maktubi ham yozdirib beradi.

G‘arbga yashirin safarga otlangan Syuan Szyan o‘n olti yil o‘tib, Xitoyga qaytadi. Safardan ko‘plab budparastlik qo‘lyozmalari, nodir hujjatlar, safar qaydlari bilan qaytib keladi.

“G‘arbiy o‘lkalar bo‘ylab, sayohat bitiklari”ni yaratish ustida esa bir yildan ortiq vaqt ter to‘kadi. So‘g‘d, Farg‘ona vodiysi, Ukshona, Kesh va Tohariston, Hindiston kabi betimsol o‘lkalarning tasviri, mazkur mamlakatlarning betakror tabiati, el-elatlarning urf-odatlari bayoni, savdo va iqtisodiy munosabatlarning sharhlari, diniy-falsafiy mulohazalar mazkur kitobni bebaho tarixiy-abadiy yodgorlikka aylantirgan. Tarixchilarning baholashlaricha, “yalan-g‘och sanalaru hukmdorlarning shunchaki ismi shariflariga va quruq rasmiy ma’lumotlarga Syuan Szyan afsungar qalami bilan mangu hayot baxsh etgan”.

Jahongashta rohib umrining qolgan qismini budda matnlarini xitoy tiliga tarjima qilishga baxsh etdi. Bu borada bironta xitoylik olim unga tenglasha olmaydi. U 664 yil 5 fevralda vafot etadi. Syuan Szyanning ismi sharifi jasoratli sayyoh, nazokatli diplomat, yirik faylasuf va tilshunos olim, ezgu g‘oyaga sadoqatli diniy namoyanda sifatida bashariyat xotirasiga mangu muhrlangan.

Temuriylar xizmatida

Navqiron Iogann fon Shiltberger ritsar Leongard Rixadtingar yaroqbardori bo‘lgan. Boyazid Yeldirim lashkari bilan jangda Rixadtingar halok bo‘ladi va yaroqbardori asir tushadi. Yosh Iogann shu asno yetti uxlab tushiga kirmagan qismatni boshdan kechiradi va ularni “Sarguzashtlar kitobi”da bayon etadi.

Iogann Shiltberger o‘n to‘rt yashar o‘smirligida Bavariyadan 1394 yili nasroniylar qadamjolarini xalos etish uchun salib yurishi qatnashchilari bilan jangga otlanadi. Sulton Boyazid qo‘shinlari tomonidan salb yurishi qatnashchilari Dunayga quyiladigan Shil daryosi bo‘yida tor-mor qilingach, Nikopol qal’a-shahristonida ostonasidagi jangda turklarga asir tushadi.

1396 yil 15 sentyabrda ro‘y bergan mazkur qirg‘in-barot haqida u shunday yozadi: “Qirol Sigizmund qochganini ko‘rgan ritsarlar va boshqa jangchilar ham Dunay daryosi tomon qocha boshladilar va ularning ayrimlari kemaga chiqishga ulgurdi. Kemalarda joy bo‘lmagani uchun qochishga uringanlarning qo‘llarini chopib tashladilar va ular cho‘kib ketishdi. Mening valine’matim Leongard Rixadtingar va boshqa bo‘linmalarning qo‘mondonlari olishuv qurboni bo‘ldi. Halok bo‘lganlarga nisbatan ko‘p jangchilar asir olindi. Ular orasida Burgundiya gertsogi, ikki fransuz aslzodasi va yana ko‘plab boshqa taniqli shaxslar, ritsarlar, jangchilar bor edi”.

Oltmish asir bilan birga navqiron yigitcha ham Boyazid lashkari tomonidan saltanat markazlaridan Bursaga olib ketiladi va olti yil shu shaharda bo‘ladi. Bir guruh nasroniylar bilan qochishga ham urinadi, biroq izidan tushgan usmoniy jangchilar tomonidan yana qo‘lga olinadi. Boshi omon qolgan Shiltberger to‘qqiz oy muddat zindonband qilinadi. Keyinchalik sulton nazariga tushadi va saroy xizmatiga olinadi. U shunday hikoya qiladi: “Sulton Boyazid Bobil va Fors sultonlariga, Oq O‘rdayu Buyuk Armaniston va boshqa o‘lkalar hukmronlariga asirlarni hadya qilardi. Meni Turk sultoni saroyiga xizmatga olishdi va o‘sha paytdagi tamoyilga binoan boshqalar bilan birga sultonning oldida yugurib yurishim talab qilinardi. Olti yil mobaynida xizmatimni sidqidildan ado etganim uchun sulton a’yonlari bilan bir safda otda yurishimga ijozat berishdi”.

Shiltberger xizmati mobaynida nasroniylik e’tiqodiga sodiq qolgani holda dini islom qoidalariga ehtirom bilan munosabatda bo‘ladi. Jumladan, “Muhammad s.a.v. tavalludi va islom dini to‘g‘risida”, kuniga besh marta o‘qiladigan nomoz, musulmonlar masjidlariyu madrasalar haqidagi hikoyatlarni yozib boradi. Shu bilan birga Ramazon va Qurbon hayiti ommaviy nishonlanishini batafsil bayon etadi. Qurbon hayiti munosabati bilan qo‘chqorlar va bo‘rdoqilar qurbonliq qilinishi, ularning ma’lum qismi faqirlarga ulashilishi, Makkai mukarramadagi muqaddas Ka’baning tavofi asnosida haj ziyoratlari ado etilishi haqida ham to‘xtaladi. Musulmonlar Muhammad pay-g‘ambar s.a.v. bilan bir qatorda Ibrohim alayhissalom, Isoyi Masih kabi nabiylarni ham g‘oyat ehtirom qilishlariga alohida urg‘u beradi.

Usmoniy turklar Yaqin Sharqda hukmronlik qilish uchun Amir Temir bilan raqobatga kirishadi. To‘xtamishxon ustidan 1395 yili zafar qozongach, Sohibqiron qo‘shinlari yana ham o‘zgacha kuch-qudrat kasb etadi. Misr mamluklari bilan bitim tuzgan Sulton Boyazidga iltimosiga ko‘ra sulton Sayfiddin Barkuk madad sifatida yigirma ming kishilik lashkar yuboradi. Mazkur harbiy yurishda “Sarguzashtlar kitobi” muallifi ham ishtirok etadi. Amir Temir qo‘l ostidagi Kichik Armanistonga Sulton Boyazid hujum qilib, Savastiya shahrini qo‘lga kiritadi. Temurning vassali bo‘lgan bek Otman shahardan quvib chiqariladi. Uning da’vatiga “Labbay!” deb javob bergan Sohibqiron bosqinchiga qarshi jangga otlanadi va 1402 yil 20 iyulda Anqara yaqinida bo‘lgan jangda Sulton Boyazid qo‘shinlarini yengadi. Boshqalar qatori Shiltberger ham asir olinadi va Amir Temir xizmatiga yollanadi.

Sohibqiron lashkari bilan harbiy yurishlarda ishtirok etgan Shiltberger Turkiya va Ozarbayjondan Eron va Damashqqacha, Bobildan Hindistongacha o‘lkalarni kezadi.

Shiltberger bitiklarida sohibqiron Amir Temir Hindistonda to‘rt yuz ming kishilik lashkari bilan qilgan yurishi chog‘ida suvsiz dasht-biyobonlardan qanday qiyinchiliklar bilan o‘tganini qayd etadi. Shundan so‘ng mashaqqatli tog‘ dovonlaridan sakkiz kun davomida yo‘l yurishga to‘g‘ri kelganini, tik tog‘ yo‘llaridan tushishda “tuyalar va otlarni taxtalar bilan bog‘lashga to‘g‘ri kelgani”ga urg‘u beradi.

Hind sultonining jangovar fillariga qarshi Amir Temir ishlangan harbiy san’at sohibqiron g‘alabasini ta’minlagani, natijada juda katta o‘lja qo‘lga kiritilgani Shiltberger bitiklarida alohida tilga olinadi.

Sohibqiron yarim dunyoni zabt etgan jahongir bo‘lishi barobarida ilm va adabiyot ravnaqiga ham alohida ahamiyat bergani ham uning bitiklarida ta’kidlangan. Amir Temir zabt etgan o‘lkalarda shaharsozlik va me’morchilikka alohida e’tibor qaratgani, Shahrisabzda Oq Saroy, olis Turkistonda esa Ahmad Yassaviy qabri uzra maqbara barpo etgani hayratomuz bunyodkorlik sifatida ta’riflanadi.

Sohibqiron xizmatida bo‘lgan Shiltberger, shubhasiz, Samarqand zaminiga ham qadam qo‘yadi. U mazkur ko‘hna shahri azim - zamin sayqalini “Chig‘atoy o‘lkasining poytaxti”, deya ta’riflaydi. Ko‘p ming kishilik aholisining jasoratli ekani, yarmi forsiyzabon, yarmi esa turkiyzabon ekani ham e’tiboridan chetda qolmaydi. Samarqand poytaxt sifatida Amir Temir saltanatining kuch-qudrati timsoli ham bo‘lgani e’tirof etiladi. Shahar ulkan muhofaza devori bilan o‘ralgani, olti darvozasi bo‘lgani, markazda esa muhtasham Ko‘ksaroy qad rostlaganini bitiklar muallifi hayrat bilan yozadi. Shahar atrofidagi bog‘-rog‘larda ham son-sanoqsiz shohona ko‘shklar barpo etilgani muallif e’tiboriga sazovor bo‘ladi. O‘sha paytda shahardagi qurilish ishlari nechog‘ jadallik bilan olib borilganini Shiltberger alohida ta’kidlaydi.

Amir Temir vafotidan keyin Shiltberger sohibqiron o‘g‘li Shohrux Mirzo ixtiyoriga o‘tadi. Sohibqiron vasiyatga ko‘ra, Tabriz Mironshoh Mirzo ixtiyoriga o‘tishi kerak edi. Biroq Yusuf Turkman uni o‘zboshimchalik bilan egallab oladi. Shiltbergerning yozishicha, Mironshoh Mirzo yordam so‘rab, Shohrux Mirzoga murojaat qiladi. Shu asno aka-uka temirzodalar Tabrizni Yusuf Turkmandan tortib oladi. Shohruh Mirzo yordam tariqasida Mironshoh Mirzoga yigirma ming kishilik lashkar qoldiradi. Shiltberger ham ayni lashkar tarkibida Mironshoh Mirzo tasarrufiga o‘tadi.

Shiltberger keyinchalik Mironshoh Mirzoning o‘g‘li amirzoda Abu Bakr qo‘l ostida to‘rt yil xizmat qiladi.

Amirzoda Abu Bakr saroyida Oltin O‘rdadan shahzoda Chakra istiqomat qilardi. Unga Oltin O‘rda taxti taklif qilinib, olti yuz kishilik xos soqchilar beriladi. Ular tarkibida Shiltberger ham Dashti Qipchoq sari yo‘l oladi.

Iogann Shiltberger o‘z bitiklarida ko‘chmanchilarning antiqa turmush tarziga oid noyob fikrlarni qayd etadi: “Boshoqli ekinlardan asosan tariq ekishadi. Nonni kam iste’mol qilishadi va sharobni ham ko‘p ichishmaydi. Asosan biya, tuya suti va eti bilan oziqlanib, qimiz asosiy ichimlik vazifasini o‘taydi. Xon ham, a’yonlari ham yozu qishda bola-chaqalariyu bor-budini karvonlarga ortib, poda-otarlari bilan yaylovdan yaylovga ko‘chib yuradi”.

Sinchkov va qiziquvchan Iogann Shiltberger Dashti Qipchoq aholisining hayotiga xos oddiy jihatlarni ham e’tibordan qochirmaydi: “Yeguliklar muammo bo‘lgan kezlarda otning tanasiga bigiz tiqib, qonini ichaklarga to‘ldirib, qaynatib iste’mol qilganlarini ko‘rdim. Shoshilinch safar qilish zaruriyati paydo bo‘lsa, go‘shtni tasmaday bo‘laklarga bo‘lib, egarning tagiga bosadilar. Egar ostida ezilib seli oqadi va qurishi asnosida ot tanasining harorati bilan go‘sht mayinlashadi. Oldindan tuzlangan bunday go‘sht go‘yo maxsus pishirilganday juda xushta’m bo‘ladi. Ular chordona qurgan holda ovqatlanadilar va ichimlik ichadilar”.

Dashti qipchoq jangchilarining o‘ta jasoratli ekaniga Iogann Shiltberger bitiklarida alohida urg‘u beradi. U bir necha janglarda ishtirok etadi, yarador bo‘ladi. Turli o‘lkalar bo‘ylab harbiy safarda ishtirok etish asnosida taqdir taqozosi bilan Kavkazga, Mingreliyaga borib qoladi. Shu yerda besh nasroniy bilan “har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham o‘z ona yurtimizga qaytamiz”, deya ahd qiladi. Ular Kafu, Batumi, Sinop kabi birnecha ko‘hna shaharlar bo‘ylab o‘z yurtiga qaytadi.

Iogann Shiltberger Bavariyaga 1427 yili, qirq yetti yoshida qaytib keladi. Jahongashta Shiltberger muqaddas qadamjoylarni qilich bilan emas, chinakam ziyoratchi singari aso bilan tavof qilish zarur, degan xulosaga keladi. Hayotining so‘nggi o‘n yilini sarguzashtlari va sayohatlari bilan bog‘liq xotiralarni yozishga baxsh etadi.

Turkiya, Bolqon oroli mamlakatlari, Oltin O‘rda, eng muhimi ona vatanimiz O‘zbekistonning o‘rta asrlarga oid tarixini o‘rganuvchi tadqiqotchilar uchun Iogann Shiltbergerning “Sarguzashtlar kitobi” o‘ziga xos dasturilamal vazifasini o‘taydi.

Qadimiy tamaddunlar shaydosi

Jahongashta sayyohlar orasida amerikalik Rafael Pampellining alohida o‘rni bor. Nyu-York shtatining Ovego shahrida 1837 yil bankir oilasida tug‘ilgan Pampelli vatanida akademiyada tahsil olgach, Fransiya va Germaniyada geologiya va tog‘-kon ilmini chuqur o‘rganadi. Korsikadagi geologiya-razvedka ishlarida ishtirok etadi, Arizona shtatidagi kumush konlarida ter to‘kadi, Yaponiya hukumatining taklifi bilan mazkur mamlakatda ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanadi.

Pampelli Yaponiyadan Xitoy, Mo‘g‘uliston va Sibir orqali qaytishga qaror qiladi. U boshchilik qilgan tadqiqotchilar guruhi yo‘lining ma’lum qismi qadimiy Buyuk Ipak yo‘li orqali o‘tadi. Kimsasiz cho‘lu biyobonlardagi geologik namunalar juda qimmatli bo‘lgani uchun mazkur mashaqqatli yo‘l tanlanadi. Mo‘g‘uliston past tekisligi bo‘ylab qishki safar, ayniqsa, mashaqqatli kechadi.

Qo‘shma Shtatlarga qaytib kelgan Pampelliga Osiyoga takroriy safar uyushtirish niyati tinchlik bermaydi. XIX asrning o‘rtalarida oriylar irqi kelib chiqqan joy masalasi aksariyat olimlar uchun muhim muammoga aylanadi. Shunga oid qator hujjatlarni sinchiklab o‘rgangan Pampelli oriy irqiga mansub millatlar va elatlar vatani Markaziy Osiyo bo‘lishi mumkin, deya taxmin qiladi. Shu maqsadda Markaziy Osiyo bo‘ylab tegishli ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanadigan tadqiqotchilar guruhi tashkil qiladi. 1903 yil Karnegi instituti oriylarning asl vatanini izlab topish ishlariga Pampelli shaxsan rahbarlik qilishi sharti bilan tegishli mablag‘ ajratadi.

Rafael Pampelli, uning o‘g‘li Veles Pampelli, professor M.Deyvis va assistent E.Xangtingtondan iborat tadqiqotchilar guruhi Boku shahridan safarni boshlaydi. Kaspiy dengizidan kechasi suzib o‘tadilar. “Tong yorishayotganda kema palubasida edim, – deb yozadi hayajon bilan Pampelli. – Nurafshon Sharq osmoni ko‘zimga qadimiy sirli olam darvozasiday ko‘rindi. Jamiki millatlar va elatlar, Tangrilar va afsonalarning vatani og‘ushiga chorlayotganday entikdim”.

Sayyohlar hozirgi Turkmaniston zamini bo‘ylab safar qilar ekan, geologik nuqtai nazardan qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ladilar. Ayni paytda tuproqqo‘rg‘onlar, maqbaralar singari tarixiy obidalar ularning e’tiborini tortadi.

Ilmiy tadqiqotchilar Ashxoboddan bir necha chaqirim sharqda joylashgan Anau shahristoni vayronalarini ko‘zdan kechiradi. Shahriston yonida ikkita yirik qo‘rg‘on bo‘lib, ulardan biri xazina qidiruvchilar tomonidan chuqur qazilgan bo‘lib, bir necha madaniy qatlamlarga ega ekani bilan ularni qiziqtiradi.

Bayram Ali shahri yaqinida joylashgan qadimiy Marv shahri vayronalarini ham ular katta qiziqish bilan tomosha qiladilar. Mo‘g‘ul bosqinchilari tomonidan vayron qilingan mazkur shaharda Sulton Sanjar maqrabasini sinchiklab ko‘zdan kechiradilar. Pishiq g‘ishtdan tiklangan mazkur maqbara o‘ziga xos me’moriy ulug‘vorligi, sharqona bezaklari bilan tadqiqotchilarda alohida qiziqish uyg‘otadi.

Toshkentga kelgach, tadqiqotchilar ikki guruhga ajraladi. M. Deyvis va E. Xangtington Qashqar va Issiqko‘l tomon yo‘l oladi. R.Pampelli va uning o‘g‘li esa Marg‘ilon, Andijon va O‘sh orqali Pomir tog‘larini mo‘ljallab yo‘lga tushadi.

Pampelli o‘z o‘g‘li bilan Andijon shahri yaqinida poezddan tushishga majbur bo‘ladi. Ularning tashrifidan bir necha oy muqaddam ro‘y bergan dahshatli zilzila qadimiy shaharni salkam yer bilan yakson qilgandi.

Pampelli o‘z o‘g‘li bilan Pomir tog‘lari uzra “Dunyo tomi”ga yuksaladi va Qorako‘l ko‘li vohasiga enadi. Ularning nigohi qarshisida o‘ziga xos yalang muzlik namoyon bo‘ladi. Havo haroratining tez o‘zgarishi natijasida hatto tog‘lar ham yemirilishini qayd etadilar.

“Bu tasavvurga sig‘maydigan manzara edi, – deb yozadi R. Pampelli. – O‘g‘lim ikkimizdan bo‘lak zog‘ ham uchmaydigan kimsasiz dashtda muzliklar bilan qoplangan qoyalar va cho‘qqilarga hayratlanib tikilardik. Kechasi shunday sukunat hukm surdiki, biz o‘zimizni cheksiz koinot bag‘rida kichikdan ham kichik zarra singari his etdik.

Oriylar irqi kelib chiqishi xususida shuni aytish mumkinki, bu joy biron tamaddun beshigidan ko‘ra, qabristonga ko‘proq o‘xshardi. Lekin yuksak Pomir tog‘ining yon bag‘irlarida oriylar tiliga yaqin lahjada gapiruvchi elatlar istiqomat qiladi. Ular turli bosqinchilarning hujumlaridan jon saqlash maqsadida mana shu joylardan boshpana topgan qabilalarning qodiqlari bo‘lishi ehtimoldan holi emas”.

Pomir safari muhim geologik ma’lumotlarni qo‘lga kiritishda alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, kamida uchta Muzlik davri ro‘y bergan, degan xulosaga kelindi.

Pomirdan qaytish asnosida tolmas sayohatchi Namangan shahri yaqinidagi Axsikent shahri vayronalari bilan qiziqib, ma’lum muddat qazilma ishlari bilan shug‘ullanadi. Axsikent XSh asrga qadar Farg‘ona vodiysining yirik shaharlaridan biri bo‘lib, Samarqand, Buxoro bilan bir qatorda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan savdo markazi bo‘lgan.

Sayohatchilar Samarqand shahrida ham ma’lum muddat bo‘lgach, Buxoro xonligida ham bo‘ladilar. Tolmas tarixshunos bo‘lgan Pampelli qadimiy Poykent shahri vayronalarini ham ko‘zdan kechiradi. Mazkur shahar eramizgacha birinchi asrda Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab joylashgan yirik markazlardan biri bo‘lgan. Sharqqa Xitoy tomoniga va G‘arbga Yevropaga eltadigan karvon yo‘llarini qum barxanlari ko‘mib yuborishi, eng muhimi esa Zarafshon daryosi sathining pasayishi oqibatida mazkur qadimiy shahardagi hayot zavol topadi.

Mazkur safar natijasida to‘plangan ma’lumotlar Markaziy Osiyoda qadimiy tamuddunlarni qidirib topishda muhim ahamiyatga ega obidalar mavjudligi yana bir marta oydinlashadi.

Osiyo bo‘ylab bearmon safar qilgan Pampelli Buxoroni go‘zal shaharlardan biri sifatida e’tirof etadi.

“Minorai Kalon haqida juda ko‘p eshitgandim, nihoyat salkam ellik metr-lik mazkur minora mahobatini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish baxtiga musharraf bo‘ldim. Mazkur betakror me’moriy obida Buxoro o‘tmishda naqadar buyuk shahar bo‘lganidan shohidlik berardi.

Buxoro shahrining ulkan bozoridagi tartib lol etdi. Tor ko‘chalarning barchasi usti yopilgan. Mazkur Timlar ostidan joy olgan do‘konlardan istalgan narsangizni xarid qilishingiz mumkin. Buxorolik chevarlar tomonidan tikilgan zardo‘zlik kiyim-kechaklari, kamalakday tovlanadigan gilamlar mahliyo qildi. Ularning ayrimlaridan xarid qildik. Bu sharqona bezaklardan ko‘proq xarid qilmaganimiz uchun keyinchalik afsuslandik”.

Olim va uning hamrohlari buxorolik mansabdorlardan birining uyida ziyofatda bo‘ladi. Kechki payt esa ko‘hna shahar faxri Labi hovuzni ziyorat qilishadi.

“Labi hovuz atrofida boy-faqirligidan qat’i nazar butun Buxoro ahli to‘plashining guvohi bo‘ldik, – deb yozadi Pampelli. – Ayrim buxoroliklar boshdan-oyoq zarboft kiyimlar bilan bezangan bo‘lsa, ayrim qashshoqlar egniga duch kelgan uvadani ilib olganday tuyulardi. Meshkobchilar hovuzdan suv olishar, bir qancha kishilar esa hovuz zinalarida ularni biz singari tomosha qilishardi”.

Safar qatnashchilarida Samarqand shahri ham katta taassurot qoldiradi. Pampelli mazkur shahar qadimda Maroqand deb atalganini ham qayd etadi:

“Samarqand azal-azaldan kengligi jihatidan ham, aholisining ko‘pligi borasida ham, farovonlik nuqtai nazaridan ham buyuk shahar bo‘lib kelgan. Ko‘hna shahar hamon betakror tarixiy obidalari, so‘lim xiyobonlari va to‘kin bog‘-rog‘lari, sarvqad terakzorlari bilan rom etadi”.

Pampelli Samarqand shahrining tarixiy muhtasham obidalari, Afrosiyob shahristonini katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirganini o‘z esdaliklarida alohida ta’kidlaydi.

Mazkur ko‘hna shaharda ekspeditsiya qatnashchilari yana ikki guruhga ajraladi. Rafael Veles bilan Xomer Kidder Zarafshon va Pomir tog‘lari orqali Qashqarga yo‘l oladi. Ikkinchi guruh esa Xiva shahri ziyorati sari yo‘lga tushadi. Rafael Pampelli o‘z yurtiga yo‘l olar ekan, kelasi yili Markaziy Osiyoga yana qaytib kelishga qat’iy ahd qiladi.

Yangi ilmiy safar uchun barcha hozirliklar ko‘riladi va 1905 yil navbatdagi safarni boshlash mo‘ljallanadi. Biroq Rossiyada boshlangan inqilobiy voqealar. Turkiston o‘lkasi bo‘ylab esa o‘ta yuqumli kasallik tarqalgani bois safar qoldiriladi. Professor R.Pampelli qadimiy tamuddunlar va ularning Sharq bilan aloqasi masalasini Yevropa va Amerikada ham o‘rganishni davom ettiradi. Olimning o‘g‘li, tog‘ muhandisi R.V.Pampelli esa Amerikaga qaytgach, fermerlik bilan shug‘ullanadi. Lekin maftunkor Osiyoni hech qachon yoddan chiqarmaydi. O‘zining yirik go‘zal bog‘-rog‘ini qadimiy va hamisha navqiron shahar – “Samarqand” nomi bilan ataydi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.