OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alisher Nazar. Obi rahmatsiz bulut (2001)

Matbuot – muqobilsiz kuch

Dunyo o‘zgardi. U shu qadar o‘zgardiki, ko‘z o‘ngimizda hech narsa bu qadar o‘zgarmaydi. Axir bundan atigi yigirma yil ilgari “Bir kuni SSSRdek mamlakat tariqdek sochilib ketadi” degan gap eng xayolparast odamning ham xayoliga yo‘lamasdi. “Berlin devori” bir kuni dunyoni larzaga solib qulab tushadi, degan fikrdan ahmoqning ham labiga uchuq toshardi. Aslida biz o‘sha xayol surib, labimizga uchuq toshib yurgan zamonlarda, nazdimizda mangu barqaror turadigan Qizil imperiyaning surobi to‘g‘rilanib, “Berlin devori”ga darz ketayotgan ekan. Oradan 4-5 yil o‘tib, 1985-86 yillarda esa Qizil imperiyaning “o‘lishi” haqida xayol surish mumkin bo‘lib qoldi. “Berlin devori”dagi darz esa uzoq-uzoqlardan ham ko‘rina boshladi.

O‘sha dolg‘ali yillarda tilimiz tagida maddalab yotgan gaplar bosh ko‘tara boshlagan edi. bu holatni ko‘pchilik “tepa”dan berilgan oshkoralikning mo‘‘jizasi deb qabul qildi. Aslida bugun tarixni varaqlab chiqqan kishi shu narsaga amin bo‘ladiki, bu mo‘‘jiza emasdi. Bu – yetilib kelgan VAZIYaT edi. Buning uchun Gorbachyovga rahmat aytishning hojati yo‘q. Chunki Gorbachyov “marhamat, gapir” degani bilan nimani gapirishni ham bilish kerak edi. Odamlarning ko‘pchiligi esa nimani gapirishni yaxshi bilardi. Ular bu jur’atni g‘oyibdan olmagan edi. Aksincha, mavjud og‘ir ijtimoiy-siyosiy vaziyatning yillar davomida bergan mahsuli edi bu jur’at. Kim bilsin, ehtimol sobiq hukumat o‘zini G‘arbga demokrat qilib ko‘rsatish uchun bergan ozgina imkoniyat bu darajada xalqning ayanchli hayot tarzini ochib tashlashiga ishonmagan chiqar. Ayniqsa, fikr hurriyati – “qizillar”ning har qanday xavfli qurolidan-da kuchliroq ekanini kutmagandir.

Sobiq, ittifoqning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida ana shunday inqilobiy jarayonni kuchaytirayotgan bir manba bor edi. Bu – matbuot edi. Matbuot jamiyatda muqobilsiz kuch ekanligni ana shunday dolg‘ali yillarda yana bir karra namoyon qilgandi. Bu kuch yillar davomida ayiqdek panjasini so‘rib uxlab yotganlarning tinchini buza boshlagan edi. Oddiy  biz maktab o‘quvchilari gazeta, jurnal sahifalarida “O‘rta Osiyo Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgan”ligini inkor qiluvchi qator maqolalarni o‘qiy boshlagan edik. Albatta, bu fikrlarni dastlab tarix o‘qituvchimiz safsataga chiqardi. Ammo bu xil “safsatalar” kundan-kun shunday ko‘payib bordiki, natijada bir-ikki o‘quvchi o‘sha tarix o‘qituvchisiga bir savolni berishdan o‘zlarini tiya olmay qoldilar: “Tarixda biron davlat, biron millat o‘z ixtiyori bilan boshqa bir davlatga qo‘shilib, qaram bo‘lganmi?”

Bu savol uyg‘onishning ibtidosi edi. Vaqt o‘tgan sari bu xil savollar ulkanlasha bordi. U shu qadar ulkanlashdiki, uning haybatidan mudrab yotgan idroklarimiz mutlaqo uyg‘ona boshladi. Biz o‘zimizni taniy boshladik. Avval qarashlarimiz mustaqil  bo‘ldi. So‘ngra davlat mustaqilligiga erishdik. Shuning uchun ham mustaqillikni e’lon qilganimizda: “Endi ittifoqsiz nima qilamiz?” degan savollarga deyarli ro‘baro‘ bo‘lmagan edik. Chunki xalqning fikri ana shu jahonshumul voqeaga tayyor edi. Mahalliy matbuot xalqdagi bu fikrni imkon qadar shakllantira olgandi.

Bu jarayondan bir xulosa qilish mumkin. Har qanday jamiyatda matbuotning muqobili yo‘q. Matbuotchalik xalqni fikrlashga undaydigan vosita yo‘q.

 

Soyalar ortidagi tafakkur

Mustaqil bo‘ldik!

Endi o‘ylab ko‘rsak, mustaqillik oshini yeb, choyini ichib yotish emas ekan. Mustaqillik – mas’uliyat ekan. Biz buni endi tushundik. Afsuski, boshimiz devorga “taq” etib urilgandan so‘ng tushundik. Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi?

Buning asosiy sababi shu ediki, xalq fikr oladigan, ma’rifat oladigan manbalardan biroz uzoqlashib qoldi. Deyarli hammamiz bab-baravar bozor iqtisodiyotiga sho‘ng‘idik. Endi dunyoning barcha zavq-shavqini bozor orqali ko‘ra boshladik. Yashash go‘yo oshqozondangina iborat bo‘lib qoldi. Hamma toshbaqadek o‘z kosasiga bekinib, sen menga tegma, men senga tegmayman qabilida umrguzaronlik boshlandi.

Albatta, bu jarayon ham tabiiy edi. Bu umrguzaronlik ochlikdan emas, erkin bozor, erkin iqtisodiyot qarshisidagi hayajonlanish edi. Endi iqtisodiyotning militsiya qarshisida tizzasi qaltiramasligi odamlarni bozorga maftun qilib qo‘ygan edi. buni qarang-a, mehribon ota-onalar endi bolasi bir necha kunlab uyiga qadam ranjida qilmasa ham ajablanmaydigan bo‘lib qoldilar. Sababi – tijorat.

Shunday qilib, ma’naviy hayot bozordan keyingi o‘ringa tushdi. Natijada ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘ldi. Ana endi devor ortida payt poylayotgan dahshatli viruslarning xuruji boshlandi. Xo‘sh, endi bu ofatni qanday mahv qilish mumkin? Bu “kasallik”ni davolashning bitta usuli bor: bizga antibiotik fikr kerak! G‘oyaga qarshi g‘oya kerak. Bugun xalqqa fikr beradigan manbalar – OAVning soni emas, sifati kerak. Bugun xalqqa kap-katta gazetalarda ko‘tarilayotgan “qishloq to‘ylarida o‘rtakashlar ko‘payib ketyapti” yoki “men falonchini sevib qoluvdim, u meni tashlab ketdi” singari muammolar emas, “nima uchun kecha biz bilan osh yeb o‘tirgan birodarimiz bugun tog‘larda miltiq ko‘tarib yuribdi?” degan savollarning javobi kerak.

Men yuqorida odamlar so‘nggi paytlarda ma’rifat oladigan manbalardan uzoqlashib qolganligini aytdim. Chunki bugun mamlakatimizda eng nufuzli gazetalarning adadi ham 50 mingga yetmaydi. Odamlar esa gazeta-jurnallarga mutlaqo obuna bo‘lishmayapti. Xo‘sh, nega bugun matbuotning xaridori kam?

Ba’zilarimiz bu holatni har doim iqtisodiy taqchillikka yo‘yib keldik va hanuz shu fikrda sobitmiz. Aslida unchalik emas. Axir biz 30-yillarning qonli qilichi soyasida mahalla-mahalla bo‘lib “O‘tgan kunlar”ni o‘qigan xalqmiz. Qolaversa, nima uchun har kuni 200 so‘mga sigaret olib chekadigan odam shu zormandaning yonida turgan 30 so‘mlik(!) gazetani olib o‘qimaydi? Demak, bu odamning shu gazetaga bitta sigaretchalik ehtiyoji yo‘q.

Men bu bilan bugungi gazetalarimizda kishini qoniqtiradigan maqolalar mutlaqo yo‘q demoqchi emasman. Bor.

Rosti, bizning bir guruh ziyolilarimiz andak ehtiroslarga berilib ketishdi. So‘nggi yilarda matbuotimiz mustaqillikka hamdu sanolar aytishdan nariga o‘tmay qoldi. Va bu jarayon hamon davom etmoqda. Bugun insof bilan aytganda, o‘zbek matbuotidan bir-ikkita informatsiya olish mumkin, xolos. Sahifalardagi bir-biridan siyqa sarlavhali maqolalarni esa hech kim o‘qimaydi. Bugun matbuotda fikr kam! Bori ham shu qadar bir-biriga o‘xshashki, biz shu qadar bir yoqadan bosh chiqarib fikrlayapmizki, bu holatni nima deb atashga ham hayronsan, kishi. Bu bir xil libos kiygan siyqa jumlalar galasi esa tahririyatma-tahririyat ko‘chib yurgani-yurgan. Oltinni qancha qo‘lda ko‘tarib yursang, shuncha qadri ketadi. Biz ana shu oltinday noyob tuyg‘ularni, Ozodlikdek ulug‘ so‘zlarni bo‘lar-bo‘lmasga yozaverib siyqalashtirib qo‘ydik. Istiqloldek ulug‘ kalomni hissiz va iztirobsiz bir jumlaga aylantirib tashladik. Hatto shu darajaga bordikki, mana oddiy surat tagiga yozilgan so‘zlarni o‘qiymiz: “Istiqlol zamonasiga ming shukrkim, vatanimizda... nuroniy otaxon va onaxonlarimiz juda ko‘pchilikni tashkil qiladi” (“Qishloq hayoti” gazetasi, 19 oktyabr).

Bugun milliy g‘oya, milliy mafkura masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ana endi matbuotni ko‘rmaysizmi? Mafkura so‘zi shiorga aylanib ketdi. Har ikkita jumlaning bittasi mafkura bo‘libqoldi. Milliy mafkura kerak, deb nasihat qilgan bilan u shakllanib qolmaydi. Biz esa shu darajaga bordikki, endi oddiy aktyorga ham shunday savol bera boshladik: “Milliy tarbiya, milliy mafkura masallari, umuman XXI asr O‘zbekiston hayotida teatrning o‘rnni qanday tasavvur qilasiz?”(“Ma’rifat gazetasi, 7 oktyabr).

Bunday misollarni bugun istagan gazetadan izlamasdan topish mumkin. Va matbuot haqidagbu fikrlar respublika televideniesi va radiosi uchun ham birdek tegishlidir. Ayniqsa, bugun bozor iqtisodiyoti sharoitida televidenie bilan radioga chiqib qo‘shiq aytishdan osonroq ish qolmadi. Bunga faqat sizda istak bo‘lsa bo‘ldi. U yerdan bir shingil, bu yerdan bir shingil musiqa o‘g‘irlaysiz, tamom. Topildig‘ingizga munosib so‘z axtarishning ham keragi yo‘q. Qarabsizki, siz televideniega, radioga, ya’ni ulkan sahnalarga chiqqan  “san’atkorsiz”.

Birodarlar, axir bu betakror mumtoz san’atimizn, qolaversa, SO‘Zdek ulug‘ ne’matni xo‘rlash emasmi?

Bundan ikki-uch yil ilgari televidenieda “Tog‘lik kuyov”, “Tohir va Zuhra” kabi filmlar namoyish etildi. Men bu filmlar haqida o‘zimga tegishli bir fikrni aytmoqchiman: “Kelinglar, hech bo‘lmasa ota-bobolarimizdan meros qolgan ming yillik an’analarimizni o‘z mezonlariga solib bunchalik bachkanalashtirmaylik”.

Yana bir gap. so‘nggi paytlarda bir-biridan bachkana, xususiy radiokanallar “bolalab ketyapti”. Ertadan kechgacha davom etadigan tuturuqsiz savol-javoblar, kuy-qo‘shiqlar yoshlarimizni “gipnoz” qilib qo‘yganga o‘xshaydi. Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

Umuman olganda, haqli bir savol tug‘iladi. Bugun jurnalistika to‘rtinchi hokimiyat bo‘ldi. Ya’ni, o‘z maqomini o‘zgartirdi. Xo‘sh, mohiyatini-chi? Menimcha, mohiyat deyarli o‘zgarmadi. To‘g‘ri, bugungi jurnalist til bilishi mumkin, zamonaviy texnika bilan ishlashni bilishi mumkin. Lekin bu jurnalistikaning asosi emas-ku!

Jurnalistikaning asosi yozishni bilish va mavjud voqeaga – sharoitga nisbatan o‘z nuqtai nazaridan turib fikr ayta olishdir.

Darhaqiqat, bugun mustaqillikni mafkuraviy himoya qilish zarurati paydo bo‘ldi. Chunki ayni kunda dunyoning eng xavfli quroli g‘oya bo‘lib qolmoqda. Bugun g‘aflatda yotgan odam dunyo o‘zgarishlari ostida toptalib qolayapti. Eng yomoni, ana shu odamdan xohlagan shakldagi qurolni “yasab olish” mumkin. Va bunday xavfli qurollarni allaqachon kimlardir “yasab oldi” va uning kuchini o‘zimizga qarshi sinab ham ko‘rdi.

Shunday ekan, bugun tafakkurimizni ziyodan to‘sib turgan bulutlarni “haydashimiz” kerak. Harqalay, bu bulutdan obi rahmat yog‘maydi.

“Mohiyat” gazetasi, 2001 yil 5 yanvar

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.