OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Inomjon Abdiyev. Termit o‘zi ko‘chmaydi...ko‘chiradi (2008)

Yaqinda bir tanishim, to‘­satdan, yangi hovliga ko‘chayapman, deb qoldi. Rosti hayratga tushdim. Vaholanki, uning eski uyi ham bor-yo‘g‘i uch-to‘rt yilcha oldin qurilgandi. Boisini so‘raganimda “E, nimasini so‘raysan, vahmak deganlari uydagi hamma yog‘ochni yeb bitirishiga oz qoldi. Ustimizga ustun sinib tushmasdan boshqa joyga ko‘chishga qaror qildim”, dedi afsuslanib.

Ilmiy nomi “termit” bo‘lgan qishloq odamlarini vahimaga soluvchi bu hasharot xalq orasida “sariq chumoli”, “oq chumoli”, “vahmak”, “ovsizuv” nomlari bilan ma’lum. Termitlar Markaziy Osiyo respublikalarida, ayniqsa, ko‘p uchraydi. Jumladan, O‘zbekistonning Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ancha keng tar­qalgan. Qishloq sharoitida uy solish uchun yog‘och mahsulotlari qanchalik zarurligini inobatga oladigan bo‘lsak, vahmak kishilar uchun shunchalik “bosh og‘rig‘i”ga aylanayotganligini tushunish mumkin. Odamlarning unga binolarni xarobaga aylantiruvchi, mahv etib bo‘lmas dushman sifatida qarashi ham bejiz emas.

— Xalq orasida vahmak yo seni ko‘chiradi, yo o‘zi ko‘chadi, degan gap yuradi, — deydi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Shirkent qishlog‘i fuqarosi Erkin Jo‘raev. — Biroq shu gap ham aslida haqiqatga uncha to‘g‘ri kelmaydi. Chunki vahmak bor joydan odamlar qochib qutulishlari mumkin, ammo uning o‘zi hech qachon ko‘chib ketganini eshitmaganman. Mana, masalan, bizning shirkentliklar shu zararkunandaning dastidan hatto hovlilarimizga qaragimiz kelmay qolgan. Ba’zi uylarning tomi o‘pirilib tushayapti. To‘g‘ri, bu “sariq chumolisimon hasharot” kerosin yoki benzinda osongina o‘ladi. Lekin benzin qur­g‘ur qimmat, buning ustiga ushbu usul bilan ham vahmakning hammasini qirib bitirishning iloji yo‘q. U yana osongina ko‘payib ketaveradi.

— Vahmak juda xavfli zararkunanda, — deydi Shirkent qishlog‘ining yana bir fuqarosi, uy solganidan beri vahmakdan zarar ko‘rib kelayotgan Jamshid Sobirov. — U ko‘pincha odamlarning ko‘ziga ko‘rinmaydi, chunki yer ostida, ancha chuqurda in quradi. Shuning uchun ham aholiga tomorqa uchun ajratilgan yerlar avvalo yaxshilab tekshirib chiqilsa va hasharot borligi aniqlangan taqdirda, chuqur haydalib, ikki-uch marta sug‘orilsa, bu yaxshi samara berishi mumkin. Qolaversa, qushlar, chumolilar ham vahmakning yo‘q qilishda insonning tabiiy yordamchilari hisoblanadi. Lekin, ming afsuski, bu hasharotni baribir yuz foiz yo‘qotib bo‘lmayapti. Yordam so‘rab kimga murojaat qilishni bilmaymiz. Vahmakka qarshi kurashuvchi birorta tashkilot yo‘q ekan. O‘tgan yili bir-ikki kishi yordam beriladi deb, vahmak tushgan uylarni ro‘yxatga olib ketgandi, ammo haligacha o‘sha va’da qilingan yordamdan darak yo‘q.

Vahmak — mittigina sa­riq qurt mahalla va qishloqlarga shu qadar katta zarar keltirar ekan, uni batamom yo‘q qilishga aholi ojizlik qilayotgan ekan, nahotki bu zararkunandaga qarshi kurashuvchi biror-bir mutasaddi tashkilot bo‘lmasa? Bu savol bilan O‘zRFA Zoologiya ilmiy tekshirish instituti laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori, professor Aloviddin Hamroevga murojaat qildik.

— Keyingi yillar ichida respublikamizda termitlarga qarshi kurashda e’tibor biroz susaygani tufayli ularning tarqalishi va zarari tez sur’atlarda kuzatila boshladi, — deydi A.Hamroev. — 1992 yili termitlar mamlakatimizning 3200 aholi xonadonlariga tarqalgan bo‘lsa, 2008 yilga kelib bu raqam 18000 dan oshib ketdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri va uning atrofida yashaydigan 2,5 mingdan ortiq xonadon termitlardan zararlangan, To‘rtko‘l tumanida esa ana shu ofat keltiruvchi zararkunandalar hatto ombordagi don va poliz mahsulotlariga ham ziyon yetkazmoqda. Eng achinarlisi, hatto Xo­razm­dagi Ichan qal’a tabiat muzeyida joylashgan 57 ta madaniy tarixiy yodgorliklarning 31 tasida termitlarning zarari aniqlangan. Shuningdek, termitlardan Termiz shahridagi aeroport hududi va binolari ham ziyon ko‘rgan. Qashqadaryoda esa 3,5 ming xonadon vahmakning zararidan aziyat chekmoqda. Faqatgina Kitob shahrida termitlarning zarari hozircha kuzatilmadi. Bunday ko‘ngilsiz jarayonlarning oldini olish maqsadida viloyatlar va tumanlarda jami 42 ta guruh faoliyat tuzilishi rejalashtirilgan edi. Ammo...

Vahmakdan asosan poydevorsiz qurilgan, ko‘proq yog‘och va somon ishlatilgan imoratlar katta zarar ko‘radi. Chunki bunday binolarda zararkunandalarning yashab, ko‘payishi uchun qulay shart-sharoit mavjud bo‘ladi. Buning oldini olish uchun uy qurayotgan vaqt­da bino poydevorlarini betondan yoki pishiq g‘ishtdan qurish lozim. Inshoot ustiga qo‘yiladigan yog‘ochning devor qismida qo­ladigan har ikki tarafiga solyarka yonil­g‘isi shimdirilishi kerak va devorning barcha qismini qum aralash tsementli qorishma bilan suvoq qilish maqsadga muvofiq. Shunda yer ostidagi termitlar poydevor orqali naychasimon yo‘l yasay olmay, nobud bo‘ladi. Ba’zilar ushbu usuldan foydalanadilaru, pol ostiga ham pishiq g‘ishtdan tirgak qo‘yish kerakligini unutadilar. Bu ham vahmakning umr­guzaronlik qilishi uchun qulay zamin hozirlaydi.

Olimning ta’kidlashicha, unga qarshi kurashishda kimyo­viy kurash usullaridan foydalanish ham mumkin. Jumladan, dursban preparati hamda zaharli yem-xo‘rakdan foydalanish ayni muddao. Bu mahsulotlar kimyo­viy va patogen mikroorganizmlar asosida tayyorlanadi. Zaharli yem-xo‘rak binoning zararlanish holatiga qarab, pol ostiga, devor orasiga, shift to‘sinlarga va boshqa joylarga qo‘yiladi. “Brommetil” gazi ham ancha foydali hisoblanadi. Lekin, afsuski, u juda qimmat va o‘ta zaharli bo‘lganligi tufayli hozir ishlatilmaydi. Vahmakdan qutulishning yana bir ishonch­li yo‘li — barqaror qurilish materiallarini yaratishdir.

Sir emas, odamlar shaxsiy uy-joy qurish uchun ko‘p yillar davomida yemay-ichmay pul yig‘ishadi. Keyin ming mashaqqatlar bilan binoni ko‘tarishadi va xonadonlarini ko‘ngildagidek ko‘rinishga keltirish uchun millionlab pul sarflashadi. Ammo vahmak deb ataluvchi bu baloi bad uyni, millionlarni, unga qo‘shib, xonadon sohibining ne-ne orzu-udidlarini ham bir necha yil ichida yeb tugatishi mumkin. Demak, vahmak aholining turmush farovonligi, qolaversa, mintaqa iqtisodiyotiga zilzila, sel va boshqa tabiiy ofatlar singari ziyon keltiradi. Shunday ekan, termitlarga nafaqat uyiga vahmak tushgan kishilar, balki tegishli mutasaddilar ham obdon bosh qotirishlari kerak. Vahmak balosiga duch kelgan odamlarni bu muammo bilan yakkama-yakka qoldirmaslik lozim. Ularga vahmakka qarshi kurashishda kimyoviy hamda biologik usullarni qo‘llashda ko‘maklashish talab etiladi. Imkoni bo‘lsa, uylarni vahmak tushishdan sug‘urtalash, ba’zi bir hududlarda esa vahmakni yo‘q qilish bo‘yicha hatto majmuaviy das­turlarni ishlab chiqish va amalga oshirish zarur. Vahmak alohida bir uyga emas, balki butun hudud iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan zararkunanda sifatida ta’riflanishi va shunga munosib tarzda choralar ko‘rilishi talab etilayotir. Chunonchi, keyingi o‘n yil ichida vahmakdan aziyat chekayotgan xonadonlar soni qariyb olti barobarga ko‘paygani ham bugungi hafsalasizlik ertaga yanada achinarli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan dalolat berib turibdi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.