OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qozoqboy Yo‘ldoshev. O‘zgarishlar doimiyligi (2012 yil she’riyati tahlili) (2013)

Tuyg‘u ifodasi bo‘lmish she’rda yaratilgan davr kishisining hissiyoti aks etadi. Hozirgi she’rlarni tuymoq va anglamoq uchun millatning ayni damdagi yetakchi tuyg‘usi nimaligini bilmoq lozim bo‘ladi. Sinchiklab qaralsa, hozir millat miqyosida shiddat bilan individuallashish, shaxslashish jarayoni kechayotgani ko‘rinadi. Odamlarda boshqalarga o‘xshashdan ko‘ra o‘xshamaslikka intilish mayli kuchli. Jamiyatdagi har bir shaxs o‘zini izlay boshlaganda shunday bo‘ladi. Demak, bugungi she’riyatni har biri – shaxslashib, alohidalashib borayotgan millat kishisi ruhiyatining ifodasi, deyish mumkin.

Olam hodisalari kabi odam tuyg‘ulari ham tinimsiz o‘zgarishlar og‘ushida. Intim tuyg‘ularni yashirmay ifodalasa-da, ijodiy kredosini ochiq aytavermaydigan shoir Abdulla Sher bir she’rida “To‘rt-besh so‘zga berib atay zeb, Gap topolmay, sizga aytarlik, “She’r yozaman o‘zim uchun”, – deb, Men qilmayman soxta kamtarlik!” – deydi.

Shoir she’rxonni shunchaki bir iste’molchi emas, balki jonkuyar qismatdosh, ijodkor sherik bo‘lishga chorlaydi: “Siz ham dadil She’rga qo‘l bering, Derazangiz chorlasin oyni. Xayolingiz bilan to‘ldiring, Varag‘imda qolgan oq joyni”. She’riyat bilan orolangan uchqur xayol kishini yuksaltiradi. Soxta ko‘tarinkilikdan xoli, samimiy bu satrlar salmoqli ijtimoiy yuk tashiydi.

Chog‘dosh o‘zbek she’riyati yaltiroq g‘oyabozlik va quruq chaqiriqdan qutilib bormoqda. Bu hol katta avlodga mansub shoirlar ijodini ham yashartib, ingichkalashtirayotir. Oydin Hojievaning o‘tgan yilgi she’rlarida tashqi dunyoning holati emas, balki shoira ichki olamining nozik va o‘zgaruvchan manzaralari chiziladi. Shoira teran mazmun bilan birgalikda ifodalar injaligiga alohida e’tibor qaratmoqda. “Manzara” she’ridagi: “Kovushchalar to‘la keng ayvon Tunni haydab, turadi ushlab. Tun xonaga kirolmay hayron, Sahargacha chaladi hushtak”. Bu to‘rtlikdagi har bir so‘z o‘ziga xos majoziy vazifa tashiydi. Ayvonning “kovushchalar to‘la”ligi tasviri ko‘p bolali o‘zbek oilasini, ayvonning tunni uyga kiritmay, haydashi xona ichidagi chiroqdan boshqa yorug‘ligi bo‘lmagan qishloq sharoitini, tunning sahargacha uyga kirolmay, hushtak chalishi izil­lagan qish izg‘irinini tuydiradi. Aytmay bildirish usuli she’rning ta’sir kuchini oshirib, unga samimiyat bag‘ishlagan.

Mavjud poetik an’analar soyasida qolib ketmaslikka urinish zamonaviy she’riyatning yetakchi xususiyatidir. Hozirgi shoirlar birov u yoqda tursin, hatto, o‘zini-da takrorlab qo‘ymaslikka intiladi. Usmon Qo‘chqor o‘z she’rlarida eskidan eskiroq bo‘lgan ishq tuyg‘usini ohorli ifodalaydi:

Men ishq degan qismatning og‘ir
Kiprigida yoshga aylandim.
Tomchi-tomchi tomdimu oxir,
Oxir, gulim, toshga aylandim.
Men tosh edim, o‘tlar – sharorlar
Ushatmadi, ushatolmadi.
Kuzlar, qishlar, yozlar, bahorlar
Yumshatmadi, yumshatolmadi.

Sevgining toshday qattiq yurakni-da yumshata oladigan qudrati she’rda: “Sen keldingu evrildi dunyo” tarzida ifoda etiladi. Usmon she’rlaridagi “Zoriqar, zo‘riqar, chingillar yodim” yoxud “Qahqaha borligin angladi bulut, Quyosh borligini angladi olam. Ko‘ngillar angladi dardning dardligin... Og‘ochlar angladi gullash shartligin, Qaytish lozimligin angladi qushlar” kabi jono‘rtar satrlar o‘qirman tuyg‘ularini tozalaydi.

Eshqobil Shukur she’rlarida hayot chigalligini anglashga, kirlangan dunyoda ko‘ngilga dog‘ tushirmay yashashga intilish tuyg‘ulari tasvirlanadi. “Qamishzorda kechgan tun” she’rida tabiatni yuragiga ko‘chirgan shoir ruhiyatining tovlanishlari jonli aks etgan. Dastlabki bandning ilk ikki qatorida o‘qirman e’tiborini tortishi zarur bo‘lgan so‘zlar alohida misrada qaytarilishi orqali tabiatning jozibali tasviri beriladi:

Qamishzorda kechayotir tun,
 Tun.
Oy nurida yarqiraydi ko‘l,
 Ko‘l.

Bandning keyingi starlarida tasvir odamga ko‘chirilib, tabiat shaxslantiriladi:

Uvatlarga to‘kilgan shudring –
 Sen.
Qamishzorni kesib o‘tgan yo‘l –
                              Men.

Ushbu she’r fidoyi oshiq holatining samimiy ifodasi ekanidan tashqari, ichki va tashqi, birlamchi va ikkilamchi qofiyaga egaligi bilan yodda qoladi.

Qo‘chqor Norqobilning ko‘ngil holatlarini tabiat manzaralariga singdirib yuborgan she’rlari tobora yolg‘izlanib borayotgan zamondoshimiz ruhiyatining badiiy ifodasi o‘laroq ijtimoiy qimmatga ega: “So‘nmasa, bas, qalbing shafqati, Goho ma’yus, goho erkaman. Yolg‘izlikka yo‘qdir toqatim, Yolg‘izlikdan, jonim, qo‘rqaman” misralarida shoir chog‘doshimizning ana shu tuyg‘ularini aks ettirgan.

Inson ruhiyatidagi inja holatlarning ingichka tasvirini berishga mohir shoira Xosiyat Rustamova she’rlarida ko‘ngil manzaralari vositali manzaralashtiriladi. Uning “Har tun kunlaringni yoyaman yuvib, Gunohkor bandaday egilar simdor. Hech kimsa ko‘rmasdan qolsaydi qurib, Hech kimsa ko‘rmasdan ketsaydi g‘ubor” satrlarida to‘kis baxtni yaqinlar o‘rtasidagi munosabatlar g‘uborsizligida ko‘rgan ayol ruhiyati ifodalanadi. Yorning kunlari dog‘li ekani bois simdor egiladi. Eng yaqin kishisida dog‘lar bo‘lmasligini orzulagan shoira o‘zbekning qizi sifatida bu dog‘lar o‘zgalar ko‘ziga tashlanmasligini istaydi.

Salim Ashur masnaviy yo‘lidagi “Titroq” she’rida tabiat va ruhiyatdagi inja titramalarni aks ettiradi: “Novdalar uchida titraydi bahor, Havoda titraydi eng oxirgi qor. Og‘ochlarda balqqan ranglarda titroq, Qaydadir kapalak titroqqa mushtoq. So‘qmoqlar tit­raydi jon kirgan kabi, Titraydi soylarning sehrli labi. Ey, ayol, ne uchun joniningda titroq, Nahot, shunday damda sayr etasan toq?” Bu misralarda taqdir tomonidan titroqqa yo‘liqtirilgan ayol va bundan hayratga tushgan shoir tuyg‘ulari aks etadi.

Bu olamda tasavvur va kayfiyatgina haqiqatdir. Ko‘ngli yuksalgan odamning ko‘zini cho‘l ham quvontiradi, g‘amga botgan kishining ko‘ziga chaman sahroday tuyuladi. Ibodat Rajabova onasidan ayrilgan oiladagi muztar kayfiyatni shunday ifodalaydi:

Dasturxonning bir chekkasi bo‘sh
Bo‘m-bo‘sh uyda hayron tuttaroq.
Ona, sizsiz otam hovlisi –
O‘rtasidan yirtilgan bayroq.

Onasizlik o‘rni to‘lmas musibatdir. Shoira shunday holatga tushgan shaxs ruhiyatini dasturxonning bo‘sh cheti, keraksizligidan hayron tuttaroq holati, qimmati butunligida bo‘lgan bayroqning yirtilgani tasviri orqali nozik ifodalaydi. Aytishdan ko‘ra, ishora qilish ma’qul ko‘rilgan “Qumbostida o‘rik gulladi, Tomlar o‘sib ketdi bir quloch” satrlari ko‘klamda o‘rik gullab, tomlar ustidagi maysalar avjlanib, qizg‘aldoq gurkirashi holatini tasavvurda jonlantirishga xizmat qiladi.

Shoira Jumagul Suvonova mohiyat ko‘ngilda ekani, olamni obod ko‘rmoqchi bo‘lgan odam dilni tozalashi zarurligini:

Noilojlik ichra iloj qidirib,
Qayta to‘ldirmoqchi bo‘laman dilni.
Buning uchun avval yuvib, tozalab,
Oftobda quritish kerak ko‘ngilni

tarzida aks ettiradi. Moddiylashayotgan ruhiyat ifodasi bo‘lmish bu satrlar o‘qirmanni sergak torttiradi.

Yo‘ldosh Eshbek tabiat hodisalarini jonlantirar ekan, ularga shokir insonga xos xususiyatlar baxsh etadi:

Yalpizlar pichiri taralar,
tog‘lar bir qayrilib qo‘yadi.
Havoni ohangdor arilar
muattar izlar-la bo‘yadi.

Shoir she’rlaridagi “Tog‘lar ko‘k qog‘ozga o‘xshab ko‘rinar, lolalar erigan alvon bo‘yoqdir. Archa tushaman deb, pastga urinar, do‘ppisin tushirgan momoqaymoqdir” yoki “Shamol soyasiga o‘xshagan xayol, tebratib turadi mudragan cholni. Anhor asta turtib o‘tadi xiyol, O‘zin tutib kulgan dol majnuntolni” satrlarida tabiat zimmasiga odamga xos vazifa yuklanadi. Odamning tabiatday tabiiy bo‘lishini orzu qilgan Yo‘ldoshning: “Osmon sig‘ar ko‘ngilga, ko‘ngilli bo‘lib ketar” singari kutilmagan ifodalari insonni toza va ko‘ngilli ko‘rish ishtiyoqi mahsuli sifatida yodda qoladi.

Ulkan shoirimiz Usmon Azim bir she’rida:

Chopar shamol tovonlari ho‘l,
Chopar shamol ming oyoq, ming qo‘l.
Silkinadi har daraxt, har o‘t,
Bu tulporga baribir o‘ng-so‘l.
Yo‘lsizlik ham unga yo‘ldir yo‘l,
Yo‘qolmasa basdir harakat.

tarzida shamolning g‘oyat jonli timsolini chizadi. Lekin shoir uchun shamolning holatini ko‘rsatishning o‘zi maqsad emas, balki barcha ezguliklarning asosi harakatda ekanini bildirish vositasidir.

Istasa, tom intim tuyg‘ulargada teran ijtimoiy ma’nolar yuklashga mohir Usmon Azim “Dunyo tushunsin deb takroru takror O‘zimning rolimni etaman ijro” tarzida o‘zini jamiyat bag‘rida ko‘rishga mahkum shaxs sezimlarini ifodalaydi.

Ikrom Otamurodning she’rlarida dunyo mohiyatini anglashga intilayotgan shaxs ko‘ngil kengliklaridagi ziddiyatlar aks etadi: “Daryoday oqar ichimda dard, Dard ichimda qurir daryoday”. Dardning oqishi bilan qurishi holati ma’no nuqtai nazaridan bir-biriga qanchalik zid bo‘lsa, shu jarayon tufayli tug‘ilgan og‘riqlarni ifodalashda shunchalik uyg‘undir. Baytning birinchi satrida dardning ko‘lami, ikkinchi satrida shu dard bergan azobning darajasi aks etadi. So‘zning ma’no tovlanishlarini teran his qilgan shoir zo‘riqqan tuyg‘ularning dinamik harakatdagi jonli manzarasini chizadi: “Qoyaday o‘sar ichimda dard, Dard ichimda cho‘kar qoyaday”. Shoir yurakdagi dard haqida o‘qirmanga quruq axborot berib qolmay, “Daraxtday yashnar ichimda dard, Dard ichimda chirir daraxtday” shaklida dard chekayotgan qalb holatini ko‘rsatgani uchun she’rxon muallifning emotsional sherigiga aylanadi. She’rdagi “o‘sar”, “cho‘kar”, “yashnar”, “chirir” so‘zlari o‘zaro zidlash ma’nosidan tashqari dardmand ko‘ngilning turli holatlarini anglatadi.

Tursun Ali she’rlariga azaldan ko‘ngilda portlash darajasida kechayotgan ekstremal holatlarni ko‘rsatish xos. Lekin uning bitiklaridagi ruhiy portlashlar tasviri o‘zga shoirlarnikiga sira o‘xshamaydi. Uning bitiklaridagi portlashda hodisa bor-u, shovqin yo‘q. Tursun Alining ko‘ngli tovushsiz, xo‘rsinib portlaydi. Bu hol “Avtoportretga chizgilar” she’rida: “Hali uyg‘onmasdan yangroq tovushim, ichimda uyg‘onar xo‘rsiniq. Uyg‘onar ichimda momaqaldiroq” tarzida ifodalanadi. Tursun Ali she’rlarining lirik qahramoni yo‘qni yo‘ndirguvchi faol shaxs emas. U − ko‘proq bardoshli o‘ylar suruvchi xayol kishisi. Shoirning ko‘ngil holati “Yomg‘ir soyasida kutyapman seni, bo‘shangan bulutlar ustimdan yuzar. Tegramda sabolar girdi kapalak. ...Yuragimda bardosh qo‘shiqlar kuylar” singari satrlarda yorqin namoyon bo‘ladi.

O‘ziga xos shoir Aziz Said ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng “Suvdagi izlar” deb atalgan she’rlar turkumini e’lon qildi. Turkumni kompozitsion jihatdan milliy she’riyatimizdagi yangilik, deyish mumkin. Negaki, qofiyasiz, faqat teskari ma’no va ichki mantiqiy ohangga tayanilgan uch yoki to‘rt qatorlik she’rning ilk ikki yoxud uch satrida muayyan bir holat ifodalanadi, oradan bir satr tashlab bitilgan uchinchi yoinki to‘rtinchi ozod misrada o‘sha holatni keltirib chiqargan hayotiy asos aks etadi.

So‘zga aylana olmay qiynalar
Rangli sharlar ichidagi
Nafasim
yoxud
Tuyoq tozalayotgan shaharlik ayol
Qo‘llariga yopishib qolar
Olis yaylovdagi maysalar sasi.

Borlikdan ko‘ra yo‘qlikka yovuqroq yurak titroqlari va ko‘ngil tovlanishlari qolipga sig‘maydi. O‘zini tinimsiz tekshirib, ruhiyatidagi evrilishlar mohiyatini anglashga urinayotgan davr kishisi, ayniqsa, ijodkor o‘zi va zamondoshlarining suvdagi mavj, qumdagi yozuv singari noturg‘un va o‘zgaruvchan ko‘ngil holatlarini kutilmagan yo‘sinda ifodalashga urinadilar. Go‘zal Begim to‘rt maktubdan iborat bir she’rini “Qummaktublar” deb atabdi. Garchi, o‘zgachalikning o‘zi ham ba’zan san’at darajasiga ko‘tarilsa-da, bu shunchaki o‘zgacharoq ko‘rinish istagi emas. Qumdagi imorat omonatligi, undagi tasvir lahzalik bo‘lgani kabi qummaktublarda ham odamning soniya sayin o‘zgarib turadigan, o‘zga tugul, o‘zi ham anglab yetishi mushkul tuyg‘ulari aks etadi. Shoira na bosh harf va na tinish belgilari bor she’rida o‘z sezimlarini shunday ifodalaydi:

yugurib yugurar bo‘g‘zimda hovur
sanchilib og‘riydi barmog‘imda baxt
ipak gulkosada yovqur tabassum
og‘ir hislarimga to‘kilar
bosh chayqaydi tasvirim
sog‘inch

Bu she’rni shunchaki o‘qigan kishi chigal ruhiy holat ifodasini tuya olmaydi. Muallifga tuyg‘udosh bo‘lib, estetik iste’molchidan ijodkor maqomiga yuksala bilgan o‘qirmangina bu mavhum tasvirlar zamiridagi konkret holat ifodasini ilg‘ashi mumkin.

Habib Abdunazar odamning xayol ilg‘amas sezimlarini tasvirlashga intiladi. Uning she’rlari xayol va kechinmalarning o‘zi kabi tinimsiz o‘zgarib turadi. Shoir bir she’rida tong otib, xayolkash tundan kunduzga o‘tish holatini: “Bildirmayin kirdi tunga, Kunduz shomlarga botib. Ovchimidi tun ko‘zi-la Qo‘ydi xayolni otib?” tarzida ifodalaydi. Shoir nazarida, xayoldan ayrilish, hayotdan ayrilishday... Sezimlari chigal lirik qahramon ruhiy holatini Habib: “Endi yurak yumshoq havo, Toliqtirar yurak ham. Dilni esa tark etmadi Chehralari ochiq g‘am” shaklida ifodalaydi. G‘amning ochiq chehrali ekani o‘qirmanda unga nekbin qarash, g‘amsizlikning o‘zi g‘am degan tuyg‘u paydo qiladi.

Behzod Fazliddin qush kabi erkin, nur singari yog‘duli va ko‘lankasiz hayotni “Uzun orzu” qilib: “Birdan qanot o‘sib chiqsa yelkamdan, Uchsam, hammasini unutsam, ketsam. Asar ham qolmasa shum ko‘lankamdan, Armon yetolmagan manzilga yetsam”, – deydi. Shoir kirlangan dunyoning ko‘lankasi ham tegmaydigan pokiza ma’volarni orzulaydi. Lekin u lomakonda emas, ezgulashgan, o‘zganing o‘zgachaligidan malollanmaydiganlar orasida yashashni istaganidan: “Uchishim hech kimga kelmasa malol”, – deydi. Bugungi shoirlarni ulkan ijtimoiy muammolardan ko‘ra, alohida bir odamning kechinmalari ko‘proq o‘ylantiradi. Zamondosh shoir o‘qirmanga o‘git bermaydi, u insonni yaxshiroq tushunish, tuyish yo‘lini izlaydi. O‘zgani va olamni bilish o‘zini tanishdan boshlangani uchun ham bugungi shoir uchun Musallambonu aytmoqchi: “Eng katta muammo – bu mening O‘ZIM!” O‘zini tekshirayotgan, ko‘ngil holatlarini ilg‘amoqchi bo‘layotgan ijodkorga o‘zini kavlashtirish bilan ovora deb qaramaslik, uning o‘zligi puchmoqlarida hamisha boshqalar ham borligini hisobga olish lozim.

Zebo Rahimova so‘zga qo‘shimcha ma’no yuklab, misralarda uni o‘zgacha tovlantira biladi. U: “Shodlik nuqtasida uchrashamiz biz, G‘urbat ko‘chalari kimsasiz, g‘arib. Hayot – kun ketidan kun tilagan qiz, Bu umr uzayib borar qisqarib”, satrlarida o‘tayotgan umrning uzayishi, qolayotgan umrning qisqarishi ekanini kutilmagan yo‘sinda aks ettiradi.

Mehrinoz Abbosova Yaratganga astoydil intilish odamga cheksiz imkoniyatlar berishi, unga bo‘lgan muhabbat oldida boshqa har qanday tuyg‘u hechligini: “Odimlasam faqat Sening yoding-la, Tikon ham yanchildi gul kabi yumshoq”, deydi. Boshqa bir she’ridagi “Huzurlar behuzur qiladi meni, Noqulay bo‘laman qulayliklardan” singari misralar Mehrinozning olam hodisalari va odam sezimlariga o‘zgacha nazarda qaray olishini ko‘rsatadi.

Tarovatli she’r yuqumli hamdir. Shu sabab sog‘inch tuyg‘usi teran ifodalangan she’r o‘qirman yuragini sog‘inchdan orziqtiradi: “Sog‘indim, onajon, sog‘indim biram, Dimoqqa urilgan oqquray totin. Ko‘zimning oldidan ketmas sirayam, Poxol chayla, bola, o‘roqchi xotin”. Akmal Sayyidning “Sog‘inch” she’rida aks etgan bu manzara yodga muhrlanib qolgan, biri eslanganda ikkinchisi “chaqiriladigan” xotiralardir. Shoirning: “Kampirning qo‘lida zarang tayog‘i, Qochib tomga chiqib olar bolalik!” satrlari o‘qirmanga o‘tmishdagi sho‘x bolaligini eslatadi.

Umumlashtirib aytganda, bulturgi o‘zbek she’rlariga xos asosiy xususiyatlar quyidagilardan iborat deyish mumkin:

2012 yildagi she’rlar shaxslashayotgan va shu sabab o‘zini tanishga intilgan zamondosh ruhiyati tovlanishlarini ko‘rsatishga bag‘ishlangan;

Bugungi o‘zbek she’riyatida o‘zidan qoniqmaganidan tafakkuri va ruhiyati puchmoqlarini tinimsiz taftish qilayotgan ko‘ngil kishisi holatlarini tasvirlash ustuvorlik qiladi;

Zamonaviy she’riyatda vatan va millat tushunchalariga moddiydan ko‘ra, ko‘proq ma’naviyatga doir ruhoniy tuyg‘u sifatida yondashish yetakchi;

Hozirgi she’rlarda yirik ijtimoiy muammolardan ko‘ra, alohida bir shaxs tafakkuri va ruhiyatidagi muammolarni tasvirlashga e’tibor kuchaygan;

Bu she’riyatda chog‘doshlarimiz tafakkuri, ruhiyati va amallaridagi umumiy jihatlardan ko‘ra, ulardagi qaytarilmas o‘ziga xoslikni ko‘rsatishga ko‘proq e’tibor qaratilgan.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.