OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sayfiddin Rafiddin. Adabiyotda qalandarlik (2013)

Qalandariya (qalandariylik, qalandarlik) tariqati XI-XII asrlardan e’tiboran shakllana boshlagan. Ilmiy manbalar bu tariqatning asoschisi Jamoliddin Soviy (vaf. 1232) ekanligini ta’kidlaydi. Qalandariya o‘ziga xos urf-odatga ega bo‘lgan tariqat bo‘lib, ko‘p olimlar uni malomatiylikdan ajaralib chiqqanligini e’tirof etishgan. Moskvadan chiqqan "Islom qomusiy lug‘atida" ham shunday deyilgan. (Islam. Entsiklopedicheskiy slovar. – M.: "Nauka", 1991, 129-130 str.). Qalandariylikning paydo bo‘lishi va kelib chiqishi haqida turli-tuman fikrlar yo‘q emas. Qalandarlik – tasavvufga aloqasi bo‘lmagan, tashkillashgan bir jamoadir, degan olimlar ham bor. Qalandarlik tarixiga nazar solsak, dastlabki davrlarda uyushgan va ma’lum qonun-qoidalar asosida qurilgani, a’zolarining maxsus liboslar kiyib yurgani ma’lum bo‘ladi.

Qalandarlar orasida diyonatlilari ham giyohvandlari ham bo‘lgan. Ularning ko‘pi mujarrad, ya’ni bo‘ydoq yurgan. Qalandarlar aynan mana shu uylanmasliklari va tilanchilik qilishlari uchun ba’zi mutasavviflar tomonidan tanqid ostiga olingan. Chunki Islom dinida uylanmaslik ham, tilanchilik orqasidan kun ko‘rish ham gunoh sanalgan. Davrlar o‘tishi bilan ularning qonun-qoidalarida, liboslarida va qalandarxonalardagi tartiblarida o‘zgarishlar ro‘y bergan.

Qadimgi lug‘at va ilmiy manbalarda qalandar atamasining bir necha ma’nolari berilgan. Jumladan: "eshik tez ochilib ketmasligi uchun orqasidan qo‘yiladigan tarashlanmagan (yo‘nilmagan) yog‘och"; "diniy g‘azallar o‘qib, ham dinni targ‘ib qiluvchi, ham darbadar kezuvchi darvesh"; ko‘chma ma’noda "dunyodan voz kechgan, tarki dunyo qilgan kishi, zohid"; "o‘zbek xalq kuylaridan birining nomi"; "erkaklarga qo‘yiladigan nom". Qalandarbachcha – qalandarning shogirdi. Qalandarxona – qalandarlar yig‘iladigan va tunaydigan joy.

Sayyid Ja’far Sajjodiy degan Eron olimining fikriga ko‘ra: "Qalandarlikdan maqsad, ikki dunyodan o‘zini yiroq tutish va ikki olam uyidan chetga, uzlatga ketish. Qalandar biror mansab, maqomga ega bo‘lmagan, dunyoning ortiqcha g‘am-tashvishlaridan forig‘ bo‘lgan kishidir. U jamiyatga ichdan emas, tashqaridan ta’sir ko‘rsatadi, joriy urf-odatlarni buzadi. Shu sababdan ayrim manbalarda ular "so‘fiyoni xorij", ya’ni tasavvufdan, jamiyatdan tashqarida bo‘lgan so‘fiylar, deb nomlangan. So‘fiy, malomatiy va qalandar orasidagi qisqacha farq shunday: so‘fiyning qalbi xalq bilan emas, doim Haq bilan bog‘liq bo‘ladi; Malomatiy qilgan ibodatini xalqdan yashiradi, xalqning ta’nayu malomatidan cho‘chimaydi, hazrat Muhammad alayhissalomni malomatiylarning sardori biladi; qalandar esa xalq urf-odatlarini oshkora buzadi. Faqat majburiy farz amallarini bajarib, ortiqcha toat-ibodatga mayl ko‘rsatmaydi. Qalandar va qalloshni tajrid va tark ahli, deydilar".

Qalandariylik, – deydi tojik olimi Qurbon Vose’, – malomatiy ta’limi asosida o‘sib, rindlik, javonmardlik va hurufiylikka bir qadar hamohangligi (monandligi, uyg‘unligi) bo‘lgan. Bu hamohanglikni hammadan oldin rasmiy islom va tasavvufga bo‘lgan munosabatda ko‘rish mumkin.

Malumki, darveshlik tariqatlari orasida qalandariylik ham o‘z uyushmasiga ega bo‘lib, ular odamlarning xayr-ehsoni hisobiga yashar edilar.

Turkistonda rasmiy islom dini bilan bir qatorda tasavvuf ham keng tarqaldi, ommalashdi. Yassaviylik, naqshbandiylik, kubraviylik, qodiriylik kabi mashhur tariqatlarning falsafasi, axloqi va qonuniyatlari halqqa yaqin bo‘lganligi uchun butun xalq ommasini o‘ziga jalb etdi. Qalandariylikning bir qator qonuniyatlarini xalq o‘ziga singdirolmagani uchun ham bu tariqat xalq orasida ommalashmagan.

Tarixiy va ilmiy manbalarning guvohlik berishicha, qalandariylik Eronda XVI asrning oxirlarigacha mavjud bo‘lgan. Safaviylarning siyosatdon diniy vakillari tariqat a’zolarini Turkiya va Hindistonga ko‘chirib yuboradilar. Turkiyada esa bu tariqat XIII asrning birinchi yarmida paydo bo‘lib, to XVIII asrning oxiriga qadar faoliyat ko‘rsatgan. Qalandariya Hindistonda XIII asr boshlarida paydo bo‘lib, uning ba’zi tarmoqlari XX asrga qadar yetib kelgan. Tariqatning G‘arbda Siriyadan to Marokkogacha, Sharqda Hindistongacha hamda Movarounnahr va Xuroson o‘lkalarida yoyilganligi tasavvuf tariqatlari ichida o‘z mavqei borligidan dalolat beradi.

Qalandarlik ta’limoti ayrim xususiyatiga ko‘ra boshqa musulmon tariqatlari nazariyalaridan biroz farq qiladi. Unga budda va moniylik an’analarining jiddiy ta’sir etganligi haqida ham fikrlar bildirilgan.

Tasavvufiy manbalarda aytilishcha, datlabki qalandarlar faqirona hayot kechirib, xayru sadaqa evaziga kun ko‘rar edilar. Muayyan manzil-makonlari bo‘lmay, ko‘pincha, ko‘chib yurishardi. Bu ta’limot asosida foniy dunyodan bezish tuyg‘usi, botiniy qanoat, o‘zni ko‘z-ko‘z qilmaslik, shuhratparastlikni qoralash, joriy urf-odat va rasmu rusumlarni buzish, xayru sadaqa yig‘ishda haddan oshmaslik, nafs pokligiga, ruh hotirjamligiga erishish, har bir amalda ixlos qilish kabi qator tushunchalar yotadi.

Ular islomning majburiy farz amallarini bajarib, nafl (qo‘shimcha toat-ibodat)ni bajarishga e’tibor bermasdilar. Jamoat namozlariga, shuningdek, Ramazon oyida o‘qiladigan "tarovih" namoziga ham qatnashmas edilar. 30 kunlik farz ro‘zani, ko‘pincha, ado qilmas, nafl ro‘zalarini tutishdan umuman bosh tortardilar. Arzimas narsalarni, buyumlarni hisoblamaganda, boylikka hirs qo‘yish ularga yot odat edi. Qalandarlarning bir qismi mujarrad (bo‘ydoq) yashash uchun ahdu paymon qilishardi va uylanmaslik, vasvasaga berilmaslik choralarini izlashardi. Dunyoni o‘tkinchi va nisbiy bilib, ruhiy erkinlikka intilgan qalandarlar malomatiylarga aks tarzda xulq-atvorini qanday bo‘lmasin namoyish qilish, ko‘z-ko‘zlash ishtiyoqida bo‘lishgan, malomatga qolish payida jamiyat hayotining, axloqning belgilangan normalarini buzish uchun oshkora bahona izlaganlar. Jamolparastlik va ishqbozlikni haddidan oshirganlar.

Ularning tashqi ko‘rinishi va kiyim-kechagi ham g‘ayrioddiy edi. Soch, soqol-mo‘ylov hatto qoshlarini ham qirtishlab yurardilar (ba’zilari mo‘ylovni qirtishlamasdan qoldirishardi). O‘ziga xos to‘n, hirqa, pahmoq yungli kuloh, har xil jez bezaklar-munchoqlar, halqalar, bilaguzuklar, uzuklar taqib olishardi. Qo‘lda aso, belda kachkul bilan qalandarona mavzudagi g‘azallarni o‘qib yurishardi.

Alisher Navoiy "Mahbub ul-qulub" asarida zohiran qalandar, aslida insoniy g‘ururini oyoq osti qilib tilanchilik va gadolik bilan mashg‘ul bo‘luvchi kimsalarni nafrat bilan tilga olib, odamshavandalikdan yiroq, hayvonsifatlar, deb baholaydi: "Bular orasida o‘ziga qalandar ot qo‘yg‘on mal’un odamiylig‘din mag‘bun. Va dev va shayton olida mat’un. Insoniyat va musulmonlikdan yiroq, to‘ng‘uz va ayiq odamiylig‘da alardin yaxshiroq. Shakl tag‘yiri bila odamiylig‘din karona, po‘stin evura kiymaklari hayvonlig‘ va sabu’iyatdin nishona. Ulug‘ kichikdin har turlukda gadoyi muvahish fosil xavotirdek sofiy ko‘ngulga mushavvash". Bobur esa "Boburnoma"da xalqni din yo‘lidan chalg‘itishga uringan Shahboz qalandarning qabrini tekislab tashlagani haqida yozadi. Abdurahmon Jomiy ularni: "Islom kamandini bo‘ynidan olib tashlagan soxta qalandarlar" deb atasa, eronlik olim doktor Ali Asg‘ar Halabiy qalandarlarni sharobxo‘rlik va qoradori iste’mol qilishda ayblaydi.

Islomda tilanchilik qilish va shu asosida kun ko‘rish qattiq qoralangan. Shuning uchun qalandarlar tanqid ostiga olingan. Chorimizning rus istilochi qo‘shinlari bilan birga qo‘shilib O‘rta Osiyoga kelgan musavvir V.V.Vereshagin "Iz Orenburga do Tashkenta" degan kitobida (SPB. "Vsemirnogo puteshestvennika", 1874, 46-56) Toshkentda qalandarxonalarni ko‘rgani va ulardagi bangi, ko‘knorixo‘r qalandarlarning kulgili va ayanchli ahvollarini tasvirlab beradi.

Mumtoz adabiyotda obraz sifatida kelgan qalandarlar esa bu boshqa gap. Ba’zi tadqiqotlarda ta’kidlanishicha, mumtoz adabiyotimizda qalandar lirik qahramon sifatida bir necha ma’naviy qiyofalarga ega bo‘ladi: Birinchisi – oshiq qalandarlar. Bular chinakam Haq oshiqlari. Botinni obod kilish uchun zohirning xarob bo‘lishiga parvo qilmaydigan, shafqat va muruvvat sohiblari. Ikkinchisi – majzub qalandarlar. Bular qissa, manoqib, tazkira va ayrim she’riy asarlarda ta’rifu tavsif etilgan valiysifat zotlar. Uchinchisi – ujb va riyodan poklana olmagan, adab talablaridan chekingan, tilanchilik bilan kun ko‘rishni odatga aylantirgan qalandarlar.

Abdurauf Fitratning yozishicha: "Qalandarlik musulmon tasavvufining sho‘‘basidir. Bu maslak bizning o‘lkamizda so‘ng kunlargacha davom etdi". Shunga diqqat qilaylikki, o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotda tasvirlangan qalandarlar ko‘p jihatdan ibratli zotlardir. Masalan, "Alpomish", "Shirin bilan Shakar", "Rustamxon", "Orzigul", "Malikai ayyor" kabi dostonlardan o‘rin egallagan qalandarlar yaxshilik va ezgulikka sodiq, karomat sohibi sifatida xalqning xohish va istaklarini, ideal orzu-umidlarini yuzaga chiqaruvchi qahramonlar sifatida namoyon bo‘ladi. Yozma adabiyotda oshiq qalandar yoki qalandar oshiqlarning maqomlari yanada yuksak. Shu bois qalandarlarning tashqi ko‘rinishini xarakterlaydigan "kuloh", "aso", "janda", "kamar" kabilar ham ichki ma’noga ega poetik timsollarga aylangandir.

Navoiyga qadar yashab o‘tgan turkiy adabiyot vakillari ijodida qalandariylik ta’siri keng miqyosda bo‘lmasa-da, mavjud. Hofiz Xorazmiy, Xo‘jandiy, Yusuf Amiriy Sayyid Ahmad, Sayyid Qosimiy, Haydar Xorazmiy, Lutfiy, Gadoiy, Atoyi singari shoirlar asarlarida qalandarona ruh va ohanglar bilan sug‘orilgan baytlar talaygina. Ular qalandarlik tariqati haqiqatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri targ‘ib qilmasalar-da, ruh hurligi, faqru fanolik, analhaqlik, ishq iztiroblarining zavqu hayajonli manzaralarini qalandarona usulda tasvirlab berganlar. Hofiz Xorazmiy g‘azallaridan birida yozadi:

Hofizo, rindu qalandarvashu qallosh o‘lg‘il,
 Chun bu atvorda yo‘q mansabsanji islom.

Alisher Navoiy esa qalandarlik haqiqati va timsollariga keng ahamiyat bergan. Ulug‘ shoir qalandarlik maslagi talablarini naqadar teran mushohada etgan bo‘lsa, uning odobu shartlariga ham alohida e’tibor bilan qaragan. Navoiyning "Badoe’ ul-vasat" devonidan joy olgan "Qirqib erdi qoshin ul bodaparast xudroy" satri bilan boshlangan g‘azali boshdan-oxir qalandarlik istilohi va tushunchalari asosida yozilgan. Tasavvuf ta’limoti, qalandarlik odoblarini yaxshi bilmagan kishining ushbu g‘azaldagi nozik ma’no va ishoralarni ilg‘ab olishi maholdir. Shoirning ishq ta’rifida qalandarliqdan ham bahs yuritishi bejiz emas:

Ishq aro poku qalandarlik kerak,
 Shu’la bahrida samandarlik kerak.

Qalandarona ishqu oshiqlikning yirik namoyandalaridan biri – Boborahim Mashrab. Uning g‘azallarida qalandarona ruh yetakchilik qiladi. Shoir bir muxammasida: “Kulohu jandani kiygil, qalandarlikni xo‘ qilgin”, deb yozadi. Uning "qalandar bo‘l" radifli maxsus g‘azali ushbu bayt bilan boshlanadi:

 Murodingga yetay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l,
Sitam ahlin yutay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Mazkur g‘azalda "og‘izdan dur sochmoq", "sharobi ishq ichmoq", "yomonlardan qochmoq", "fasod ahlin quvmoq", "jahonni sayr etmoq", "razolatni kuydurmoq", "haqiqatni ochmoq", "hammani kuldurmoq" uchun qalandar bo‘lmoqqa da’vat qilinadi. Zero, shoir Haqni talab qilish yo‘lini qalandarlikda ko‘radi:

Nigorim vaslini izlab talabda bir qalandarman,
 Kechib dunyoi foniydin talabda bir qalandarman.

Manbalardan ma’lumki, Mashrab tug‘ma valiy, orif va yurt kezgan qalandar shoir bo‘lgan. Ishoq Bog‘istoniyning "Tazkirai qalandaron" asarida Mashrabning shogirdi Pirmat Setoriy va qirq qalandar bilan qilgan sayohatlari tasvirlanadi. Shoirning qalandarligi – oddiy tilanchilik, darbadarlik emas. Balki dunyo sevgisidan kechib, tajrid ahlidan bo‘lish, "Bir Xudodan o‘zgasini g‘alat bilib", faqat Haqni sevish, visol umidida ikki dunyoni "pushti po urish", chinakam ruh erkinligiga erishishdan iborat edi. Mashrabning qalandarona ruhdagi she’rlari ishq va jununning yoniq ehtiroslari bilan sug‘orilgan.

Shoir Ibrohim Adham va Mansuri Halloj timsoliga ko‘p murojaat qiladi. Bu ikki Haq oshig‘ining hurligi, ishqdagi kamolot va imkoniyatlaridan bahs yuritadi, mohiyatan insonni o‘zligini anglashga, anglatishga undaydi. Uning isyonkor va shakkoklikka o‘xshab ketadigan she’rlarida insonning "mukarram"ligi va Ollohning unga in’om etgan sharofati, ma’shuqi azal tomonidan oshiqning ham sevilishi, oshiq va ma’shuqlikning asl mohiyati ko‘rsatib beriladi. Shoir chin oshiqlarga xos hamma ham tushunavermaydigan tavhid, "visol", "analhaqlik", "faqru fanolik" kabi asl haqiqatlardan gapiradi. Mashrabning she’riy salohiyatini, Xoliq va mahluqotga bo‘lgan munosabatini, axloqiy-ma’rifiy qarashlarini ochib berishda qalandarlik maslagining o‘ziga xos o‘rni bor. Masalaning diqqatga molik yana bir jihati shundaki, qalandarlik maslagi faqat shoirlarimizni emas, balki shoiralarimizni ham ilhomlantirgan. Mohlaroyim Nodira shunday shoiralardan edi. U "qalandar" radifli g‘azalida:

Mehri Xudo – rafiqi, Haq yodi – oshnosi,
 Dunyo muhabbatidin begonadur qalandar, –

deb yozadi. Shoira "dunyodan begonalar", "Haq yodi bilan yashash" tuyg‘usini forscha g‘azallarga ham singdirdi:

 Kisvati ishq dar baram, toji murod bar saram,
Gardishi charx sog‘aram, rindi qalandar omadam.

Ya’ni: Egnimda – ishq libosi, boshimda – murod toji, qadahim – charx gardishi, rind, qalandar bo‘lib keldim kabi baytlaridan Nasimiy, Rumiy, Mashrab g‘azallarining o‘tli nafasi ufurib turadi. Shoira Haq va haqiqat ko‘yidagi oshiqona tuyg‘ularini qalandarlik maslagi orqali ro‘yobga chiqarishga intiladi. Turkiy devonining «Debocha»sida qayd etilganidek, uning she’rlari "shavq g‘alabasi va junun tug‘yonida aytilgan, ba’zisi bexudlik va ba’zisi behushlik ifrotida yozilg‘on". Shuning uchun ham Nodira g‘azallari ishq iztiroblari, qalb kechinmalari, ilohiy tuyg‘ularga boy. U g‘azallarida irfoniy sirlarni ochishga urinadi. Shoiraning falsafiy xulosalaridan ma’rifatli o‘zbek ayoliga xos bo‘lgan komillikka intilish, ziyoga tashnalikni his qilamiz. Nodira ijodining eng muhim qiymati ham ana shunda.

Qalandarlik g‘oyasini Huvaydo, Sufiy, Qalandar, Xarobotiy, Qoriy, Majzubi Namangoniy, Azim Xoja Eshon (Azimiy) va boshqa bir qator shoirlar davom ettirdilar.

Tasavvuf falsafasi va axloqi mumtoz adabiyotimizga uzoq davrlardan beri ta’sir o‘tkazib kelgan, xalq ruhi va ma’naviyatidan chuqur joy olgan. Shu bois har bir tariqat va uning mumtoz adabiyotimizga ko‘rsatgan ta’sir doirasini aniqlash va baholash adabiyotning bugungi va kelgusi rivojida alohida o‘rin tutadi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.