OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Suyun Qorayev. Toponomik so‘z tanlashda adashmaylik (2008)

Yer-suv nomlari yoki geografik nomlar, ilmiy til bilan aytganda toponim so‘zlar hisoblanadi. Ular aniq joyning iqtisodiy va tabiiy geografik xususiyatini yoki shu yerda bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni ifodalaydigan atoqli otlardir.

Toponim so‘zlar xalq ijodi mahsuli o‘laroq shu yerda yashaydigan xalq tilida va sheva leksikasi yordamida hamma uchun tushunarli so‘zlardan tarkib topsa ham shahar-qishloqlarga, ko‘cha-ko‘ylarga nom qo‘yish o‘ta mas’uliyatli yumush. Chunki hamma so‘zlardan ham joy nomi yasalavermaydi, bosh­qacha aytganda toponim so‘z tanlaydi va kitobiy so‘zlarni xush ko‘rmaydi. Joy nomlari xalq ijodi samarasi va xalq kabi oddiydir. Falsafadagi zamon va makon tushunchalari joylarga, jumladan, ko‘chalarga nom qo‘yishda bosh printsip bo‘lmog‘i kerak. Yana ham aniqroq aytganda, shu yerdagi real haqiqatdan, o‘tmishdan, kundalik hayotdan, mavjud tabiiy va iqtisodiy voqelikdan kelib chiqib, nom tanlash kerak. Sobiq ittifoq davrida urf bo‘lgan aholi punktlariga, ko‘cha-ko‘ylarga balandparvoz nomlar qo‘yish, qo‘shib yozish, mafkuraviy lof urish singari ko‘zboylag‘ich siyosat o‘zini umuman oqlamasligini eng oliy hakam — vaqt bugun ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘ydi. Shuning uchun hamma toponimlar ham chiroyli bo‘lishi shart emas, ammo real voqelikni aks ettirishi lozim.

Fanda, jumladan, kartografiya­da, inchunun toponimikada generalizatsiya printsipi, ya’ni xususiylikdan umumiylikka o‘tish, bosh­qacha aytganda umumlashtirish printsipi qo‘l keladi. Masalan, Osiyo, Avstraliya, Pomir kabi makrotoponimlar dastlab kichkina bir geografik hududning, nuqtaning nomi bo‘lgan va odamlarning geografik tasavvuri kengaya borgan sari ular butun bir o‘lkaning nomiga aylangan.

Biror qishloq yoki mahallaga nom berayotganda yoki nomi o‘zgartirilayotganda o‘sha qishloq yoki mahalla uchun shu hududda uchraydigan qadimiy quduq, kichikroq ariq, eski ko‘prik o‘rni yoki jarlikning nomini, shuningdek, qishloq yoki mahalla ahlining asosiy kasb-korini asos qilib olsa bo‘laveradi.

O‘rta Osiyoda, jumladan, yurtimizda joylarga buyuk kishilarning nomlarini qo‘yish qadimdan rasm bo‘lgan emas. Shuning uchun respublikamiz hududida Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ zotlarning nomlari bilan ataladigan hududlar kam uchraydi. Aksincha, ariq qazgan, ko‘prik qurgan, masjid ko‘targan va boshqa qurilishlar qilgan kishilarning nomlari o‘zlari qurdirgan inshootlarga bog‘liq holda toponimik so‘zlar hosil qilib, tarix zarvaraqlari silsilasiga muhrlanib qolgan.

Joy nomi ko‘pincha ikki komponentdan, ya’ni tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi. Chunki birgina so‘z turdosh ot, aytaylik, ijtimoiy-iqtisodiy termin toponim rolini bajara olmaydi. Masalan, Baxt, Visol, Izzat, Mahorat, Odob kabi so‘zlar aniq joyning o‘ziga xos xususiyatini aks ettirmaydi. Agar shunday so‘zlardan toponim yasash shart bo‘lsa shu terminlar yonida ikkinchi bir aniqlovchi so‘z yoki qo‘shimcha bo‘lmog‘i kerak. Toponimning o‘zagi otdan, ikkinchi tarkibiy qismi esa sifatdan — Oqtepa, Kattaqir yoki sondan iborat bo‘lishi mumkin — Uchtepa, Beshtol kabi. Bundan tashqari grammatik qo‘shimcha oladi — Qumloq, Terakli, Pichoqchi, Sovungarlar, Ko‘kcha singari. Biroq Do‘rmon, Nayman kabi urug‘-aymoq nomlari atoqli ot bo‘lganidan mustaqil toponim funktsiyasini bajaradi. Aslida dastlabki paytlarda bu toponimlarning yonida qo‘shimchasi bo‘lgan bo‘lsa ham (Do‘rmontepa, Naymanqishloq) ke­yinchalik bu nomlar ixchamlashib Do‘rmon, Nayman shaklini olgan.

Respublikamizdagi katta-kichik geografik ob’ektlarni eng mukammal topografik kartalardan aniqlab bo‘lsa edi, bir necha million toponim chiqqan bo‘lardi. Yaxshiyamki, tosh, tog‘, suv, soy, ariq, quduq, jar, ko‘prik kabi geografik terminlar ko‘plab joy nomlari tarkibida uchraydi. Shuning uchun birgina toponim muayyan hududda bir necha marta takrorlanadi. Masalan, Qumloq, Toshloq, Oqtepa, Qorapeta, Oqtog‘, Qoratog‘, Ko‘ksuv, Qorasuv kabi... Bunday hollarda katta-kichik, yangi-eski, yuqori-pastki kabi sifatlar ish beradi.

Shuningdek, mamlakatimiz hududida bizlar uchun hozircha tushunarsiz yoki noaniq bo‘lgan ko‘hna nomlar ham ­bisyor.

Aholi punktlariga, tog‘u toshlarga va boshqa ob’ektlarga to‘g‘ri nom qo‘yish, shuningdek, tarixiy toponimlarning ma’nosini ta’birlash uchun toponimika fanining sir-asrorlaridan xabardor bo‘lmoq kerak. Buning uchun esa toponimikaning qonuniyatlaridan bahs etadigan qo‘llanmalar, risolalar va salmoqli ilmiy asarlar nashr qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Suyun Qorayev,

geografiya fanlari doktori

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.